Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Dekabr, 2024   |   20 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:45
Peshin
12:26
Asr
15:16
Shom
17:00
Xufton
18:20
Bismillah
21 Dekabr, 2024, 20 Jumadul soni, 1446

Bugungi otinoyi qanday bo'lishi kerak?

8.10.2020   1709   3 min.
Bugungi otinoyi qanday bo'lishi kerak?

Anbar Otin, Jahon Otin Uvaysiy, Zebuniso, Nodirabegimlar zukko ayollar bo'lishgan. Ular din, dunyo, siyo­sat va madaniyat sohasida ma'rifatli otinlar bo'lib, zamonasining ayol-qizlariga fiqhiy, ijti­moiy masalada yo'l-yo'riq ko'rsatishgan. Nodirai davronning etuk bilimga ega ekani uning asarlarini o'qiganimizda yaqqol ko'zga tashla­nadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalar qatori diniy jabhada ulkan o'zgarishlar amalga oshirilmoqda. Aholining diniy-ma'rifiy saviyasini oshi­rish, bid'at va xuro­fotlarga barham berish, qalblarga sog'lom islomiy aqidani singdirish­ga ahamiyat beril­moq­da. Bu jarayonda diniy soha xodimlari faol ishtirok etishlari lozim.

Otinoyilar ma'suliyatli vazifani tirikchilik manbaiga aylantirib olmasligi kerak. Ular zimmasida ma'raka yo ehsonlarda ikki og'iz duo qilish emas, balki din va jamiyat ravnaqi uchun xolis xizmat qilish bor. Bugungi otinoyidan diniy, dunyo­viy ilmlarni egallash, yangiliklardan xabardor, o'z tarixini yaxshi bilgan, katta tajribaga ega, fidokor, xalq­parvar bo'lish talab etiladi.

Afsuski, nafaqaga chiqib ­zerikib qolgan ham, hayotdan alamzada ayol ham muqaddas dinimizni o'rganmasdan otinoyilikka talabgor bo'lmoq­da. Otin­oyilikka bu tarzda biryoqlama yon­dashish din rivoji va jamiyat taraq­qiyotiga xizmat qilmaydi.

Kechagina turli bid'at va xurofotlarni el orasida yoyib yurib, bugun davralarning to'rida “otin” bo'lib o'tirganlar oramizda yo'q emas. Otinoyi zimmasidagi mas'uliyat birgina ro'mol, go'zal qofiyadosh duo yoki notiqlik san'ati bilan so'z­lash emas, balki xotin-qizlarning e'tiqodini to'g'ri shakllantirishdir. Buning uchun otinlarimiz Islom tarixidan yaxshi xabardor bo'lib, sahobiya onalarimizning hayotlarini chuqur bilishlari kerak.

Shukrki, farovon yurtda, ma'rifatli el orasida yashayapmiz. Bunday sharoitda dinga xizmat qilish ota-bobolarimizning orzusi bo'lgan.

Otinoyilarning bilimlari imtihon qilib ko'rilganda, aksariyatining bilim saviyasi pastligi sezilib qoldi. Ularning bilim va tajribalarini oshirish maqsadida malaka oshirish kurslari tashkil etildi. Bugungi otinoyi nafs balosidan, ilmsizlikdan uzoq bo'lishi, diniy-ma'rifiy tizimga doir qabul qilinayotgan qarorlardan, yangiliklardan xabardor bo'lishi lozim. Otinoyi o'zi o'rganmasa – o'r­gatolmaydi, o'rgatolmasa – faoliyat yuritolmaydi.

Otinoyilarning diniy-­ma'rifiy bilim va ko'nikmalarini shakllantirishda qu­yidagi jihatlarga e'tibor berilsa, maqsadga muvofiq bo'ladi:

  1. Qur'oni karim va tajvid ilmi. Otinoyilarning qiroat ilmidan xabardor bo'lib, suralarni, oyatlarni tajvid qoidalari bilan o'qishi.
  2. Aqoid asoslarini o'qitish. To'g'ri e'tiqodni shakllantirish, shirk va bid'at amallardan voz kechish. Urf-­odatlarni e'tiqodiy masalalar bilan aralashtirmaslik.
  3. Fiqh ilmi. Farz, vojib, sunnat, mustahab, muboh, mak­ruh va boshqa amallar haqida to'liq ma'lumotga ega bo'lish.
  4. Islom tarixi va payg'ambarlar tarixini o'rganish. Maz­hablar va mazhabboshi­lar haqida to'liq ma'lumotga ega bo'lish.
  5. Sunnat, urf-odat va bid'at marosimlarni bir-biridan ajrata bilish.
  6. Diniy ma'naviy-ma'rifiy islohotlardan xabardor bo'lish; notiqlik mahoratini oshirish hamda zamon bilan hamnafas yashash.
  7. Mutolaa bilan doimiy shug'ullanish.

Otinoyi keng diniy va dunyo­viy bilimlarga ega bo'lsagina, insonlarga ma'­rifat ulasha oladi.

 Zilola SUYaROVA

Toshkent islom instituti talaba-qizlar bilan ishlash bo'yicha uslubchi

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Jannatga kirish Allohning rahmati bilan bo‘lishi bayoni

20.12.2024   3992   5 min.
Jannatga kirish Allohning rahmati bilan bo‘lishi bayoni

 

 - 54دُخُولُ النَّاسِ فِي الْجَنَّاتِ فَضْلٌ مِنَ الرَّحْمَنِ يَا أَهْلَ الأَمَالِ
 

Ma’nolar tarjimasi: Ey umidvor bandalar, insonlarning jannatlarga kirishlari Ar-Rohmanning fazlidir.

Nazmiy bayoni:

Jannatga erishmoq Ar-Rohman fazli,
Bu muhim e’tiqod, ey umid ahli.

Lug‘atlar izohi:

دُخُولُ – mubtado.

النَّاسِ – muzofun ilayh.

فِي – jor harfi اِلَى ma’nosida kelgan.

الْجَنَّاتِ – lug‘atda “darxtzor bog‘” ma’nosini anglatadi. Jor majrur دُخُولُ ga mutaalliq.

فَضْلٌ – xabar. Lug‘atda “marhamat” va “muruvvat” kabi ma’nolarni anglatadi.

مِنَ – “tabyiniya” (uqtirish) ma’nosida kelgan jor harfi.

الرَّحْمَنِ – jor majrur فَضْلٌ ga mutaalliq.

يَا – yaqinga ham, uzoqqa ham ishlatiladigan nido harfi.

أَهْلَ الأَمَالِ – muzof munodo. Lug‘atda “umidvorlar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

 

Matn sharhi:

Qaysi bir inson jannatga kiradigan bo‘lsa, albatta, Alloh taoloning lutfu marhamati bilan kirgan bo‘ladi. Shuning uchun U mehribon zotning fazlu marhamatidan umidvor bo‘lib harakat qilish lozim.

Jannatdagi darajalar qilingan amallar e’tiboriga ko‘ra egallansa-da, unga kirish faqat va faqat Alloh taoloning fazlu marhamatiga bog‘liq bo‘ladi. Bu haqiqatni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari alohida ta’kidlaganlar:

عَنْ عَائِشَةَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ سَدِّدُوا وَقَارِبُوا وَاعْلَمُوا أَنْ لَنْ يُدْخِلَ أَحَدَكُمْ عَمَلُهُ الْجَنَّةَ وَأَنَّ أَحَبَّ الْأَعْمَالِ إِلَى اللَّهِ أَدْوَمُهَا وَإِنْ قَلَّ. رَوَاهُ البُخَارِيُّ

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “To‘g‘ri bo‘linglar, g‘uluga ketmanglar, bilinglarki sizlardan birortangizni amali jannatga kiritmaydi, albatta amallarning Allohga sevimlirog‘i oz bo‘lsa-da, davomlirog‘idir”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Ya’ni biror inson ham yaxshi amallari ko‘pligi sababli o‘zining jannatga kirishini naqd qilib qo‘ya olmaydi, balki jannat faqatgina Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘lgan baxtli insonlargagina nasib etadi.

Shuning uchun har bir banda Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lib yashashi lozim. Qur’oni karimda taqvodor bandalarning jonlari olinayotganda farishtalar ularga salom berib, jannat bashoratini berishlari bayon qilingan:

“Qilib o‘tgan amallaringiz bilan jannatga kiringiz!” – derlar”[1].

Ushbu oyati karimadagi ب harfi “sababiya” ma’nosida bo‘lsa ham, “badaliya” ma’nosida bo‘lsa ham, hadisda bayon qilingan ma’noga zid bo‘lib qolmaydi. Agar “sababiya” ma’nosi beriladigan bo‘lsa, “qilib yurgan yaxshi ishlaringiz sababli Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ldingiz, jannatga kiring” degan ma’no tushuniladi. Agar “badaliya” ma’nosi beriladigan bo‘lsa, “qilib yurgan yaxshi ishlaringiz badaliga Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ldingiz, jannatga kiring” bo‘ladi.

Modomiki, barcha Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘lish bilangina jannatga kirar ekan, doimo U zotning rahmatidan umid uzmay amal qilib borish lozim. Ammo umidvor bo‘lish bilan xom xayol surishning orasini ajratib olish kerak. Xom xayol surish – biron ish qilmasdan faqatgina “shirin xayol” surishning o‘zi bo‘lsa, umidvor bo‘lishning o‘ziga yarasha bir qancha shartlari bor.

 

Umidvor bo‘lish va xom xayol surish orasidagi farqlar

Umidvor bo‘lish va xom xayol surish orasidagi farqlar haqida “Talxisu sharhi aqidatit Tahoviya” kitobida quyidagilar aytilgan:

“Kimki bir narsadan umidvor bo‘lsa, uning umidvorligi bir qancha ishlarning bo‘lishi zarurligini keltirib chiqaradi:

1. Umid qilgan narsasiga muhabbatli bo‘lishi;

2. Umid qilgan narsasiga erisholmay qolishdan qo‘rqishi;

3. Umid qilgan narsasiga erishish uchun imkoni boricha harakat qilishi.

Ushbularning birortasiga ham bog‘lanmasdan, umid qilish xom xayol surish bo‘ladi. Umidvorlik va xom xayol surish boshqa-boshqa narsalardir”[2].

Demak, kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga muhabbatli bo‘lishi, uni doimo yodida saqlashi va unga olib boradigan yo‘llardan yurishi lozim.

Kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga erisholmay qolishidan qo‘rqishi, undan ajratib qo‘yadigan narsalardan saqlanib yurishi lozim.

Kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga erishishi uchun unga erishtiradigan barcha omillarni ishga solib imkoni boricha harakat qilishi lozim. Alloh muvaffaq qilsin.

 

Keyingi mavzular:
Ulug‘ hisob-kitob bo‘lishi bayoni.

 


[1] Nahl surasi, 32-oyat

[2] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxiysu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 130.