Bugun shunday davrda yashayapmizki, biror tadbir, marosim u yoqda tursin, ba'zan hatto ko'chaga chiqishga ham ikkilanib, hadiksirab qolyapmiz. Buning asosiy sababi barchaga ma'lum – koronavirus. Bu ofat an'anaviy turmush tarzimizni izdan chiqarib yubordi.
Lekin, shunday bo'lsa-da, karantin davrida ham fidoyilik ko'rsatib, xalq, el manfaatini yo'lida xizmat vazifasini sidqidildan bajarayotgan insonlar zamonamizning chinakam qahramonlaridir. Ular – shifokorlar, huquq-tartibot idoralari xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari...
Bunday fidoyi insonlar safida dinimiz jonkuyarlari bo'lgan imom-xatiblar, otinoyilar ham borligi kishini quvontiradi.
Bugun poytaxtimizdagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf majmuasida karantin davrida ham oilalar mustahkamligini ta'minlash, ayol-qizlar o'rtasida muqaddas dinimizning asl mohiyati va ahamiyatini keng targ'ib qilish, ayollarning turli oqimlar ta'siriga tushib aldanib qolishining oldini olishda jonbozlik ko'rsatgan barcha otinoyilarni taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.
Tadbir, tabiiyki, kalomlarning eng ulug'i – Qur'oni karim tilovati bilan boshlandi.
Yig'ilishda faol bo'lgan otinoyilar so'zga chiqib, o'z tajribalari bilan o'rtoqlashdilar.
Tadbir qatnashchilariga Qur'oni karim tuhfa etildi.
Tadbir so'ngida yana Qur'oni karim tilovat qilinib, savobi koronavirus infektsiyasini yuqtirib olib vafot etgan barcha yurtdoshlarimiz, xususan, imom domlalar, otinoyilarning ruhoniyatlariga baxshida qilindi.
T. Nizom
Mol-dunyo masalasida o‘zingizdan pastroqdagilarga qarang, dedik. Lekin dinu diyonat masalasida doim o‘zingizdan oldindagilarga qarang, ulardan ibrat oling, ularga yetib olishga intiling. Dunyo, boylik, sog‘lik va go‘zallik borasida o‘zingizdan quyidagilarga qarab, cheksiz marhamati uchun Allohga shukr qilsangiz, hayotingiz baxt-saodatga to‘ladi, Alloh taolo sizni shukr va sabr qiluvchilar safiga yozib, fazlu marhamati bilan ularga beriladigan mukofotlaridan sizga ham beradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
«Kimda ikki xislat bor bo‘lsa, Alloh uni shukr qiluvchi, sabr qiluvchi deb yozib qo‘yadi. Kimda bu ikki xislat bo‘lmasa, Alloh uni shukr qiluvchi ham, sabr qiluvchi ham deb yozmaydi. Dinu diyonatda o‘zidan yuqoridagilarga qarab, ularga ergashsa; mol-dunyoda esa o‘zidan pastdagilarga qarab, o‘zini ulardan afzal qilgan Allohga hamd aytsa, Alloh uni shukr qiluvchi, sabr qiluvchi deb yozib qo‘yadi. Kim din borasida o‘zidan pastdagilarga, dunyo borasida esa o‘zidan yuqoridagilarga qarab, o‘zi yetisha olmagan narsaga afsuslansa, Alloh uni shukr qiluvchi ham, sabr qiluvchi ham deb yozmaydi» (Imom Termiziy rivoyati).
Uch xil qarash qalbingizdagi mahzunlikni ketkazadi:
- birovlardagi narsalarga rozilik ko‘zi bilan qarash;
- musibatga uchraganlarga ibrat ko‘zi bilan qarash;
- ahvoli sizdan yomonroq, holi xarobroq odamlarga qarash.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.