Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan sermahsul islohotlar nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro maydonda ham faol qo'llab-quvvatlanmokda. Bu islohotlar, bu o'zgarishlar yangi O'zbekistonni Renessans bosqichiga olib chiqadi.
So'nggi yillarda mamlakatimizda diniy sohada amalga oshirilayotgan yangiliklar buyuk allomalarimiz merosini ilmiy asosda chuqur o'rganish imkoniyatini yaratmoqda. Mana shunday tom ma'nodagi islohotlardan biri Samarqandda, Imom Buxoriy maqbarasining yonginasida Hadis ilmi maktabining tashkil etilgani bo'ldi. Bu erda yaratilgan imkoniyatlar dunyoning rivojlangan davlatlari nufuzli universitetlaridagi sharoitlardan ustun bo'lsa borki, aslo qolishmaydi. Hadis ilmi maktabida darslar mamlakatimiz va xorijning etakchi ulamolari tomonidan olib boriladi.
Bu yil Hadis ilmi maktabi talabasi bo'ldim. Bu maktabda ta'lim olish ham yuksak sharaf, ham ulkan mas'uliyatdir. Buyuk ajdodlarimizning islomiy merosini tiklash, xalqimizga etkazish, ilm, odob va aqlu zakovatda o'rnak bo'lishni zimmamizdagi burch deb bilaman. Menga bildirilgan ishonchni, albatta, oqlayman.
Azimjon Shermatov,
Hadis ilmi maktabi 1-bosqich talabasi
So'nggi yillarda O'zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib borayotganiga guvoh bo'layapmiz. Prezidentimiz tomonidan 2017 yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida bildirilgan dolzarb takliflar amaliyotga tatbiq etilgani O'zbekiston tashabbuslarining nechog'lik muhim va hayotiy ekanini ko'rsatib beradi.
Ana shunday takliflardan biri – “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” to'g'risidagi rezolyutsiyaning qabul qilinishi edi. Haqiqatda, bugungi kunimizning o'tkir muammosi bo'lgan jaholatga qarshi kurashish uchun birinchi galda zarur bo'lgan omil bu – ilm-ma'rifatni keng yoyish, bag'rikenglik g'oyalarini hayotga tatbiq etish, do'stlik-birodarlik muhitini yanada mustahkamlash hisoblanadi.
Samarqandda tashkil etilgan Hadis ilmi maktabi ham ma'rifat tarqatuvchi muhim ilm maskan ekani bilan alohida ahamiyatga ega. Men bu yil og'ir saralash bosqichlaridan o'tib talabalikka qabul qilinganimdan juda ham xursandman. Kelajakdagi maqsadim, ajdodlarimiz tarqatgan islom ma'rifatini chuqur o'rganib, islom ilohiyoti sohasida etuk kadr bo'lib etishish hisoblanadi. Hadis ilmi maktabida esa buning uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan.
Azamat Ubaydullayev,
Hadis ilmi maktabi 1-bosqich talabasi
Davlatimiz rahbari joriy yil 31 avgust kuni O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to'qqiz yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqlarida O'zbekistonda yangi bir uyg'onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilayotgani, bugungi O'zbekiston – kechagi O'zbekiston emasligi, bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emasligini qayd etib, xalqimizni bugungi murakkab davrda kelajakka ishonch bilan o'z oldiga qo'ygan maqsad sari dadil qadam tashlashga undadilar.
Ha, O'zbekiston yangi bir uyg'onish davrini boshlamoqda. Mamlakatni yangi taraqqiyot bosqichiga ko'tarish uchun, avvalo, yangi avlod kadrlarni tayyorlash zaruratidan kelib chiqib, yurtimizda yangi toifadagi maktablar – Prezident maktablari, ixtisoslashgan va ijod maktablarini barpo etish, soha ehtiyojlaridan kelib chiqib o'rta maxsus va oliy ta'lim muassasalarini tashkil etish borasidagi ishlar uzluksiz davom ettirilmoqda.
Jumladan, Prezidentimiz tashabbuslari bilan Samarqandda Hadis ilmi maktabining tashkil etilishi biz yoshlar tanlagan mutaxassisligimiz bo'yicha professonal ta'lim olishimiz uchun katta zamin bo'lishiga xizmat qiladi.
Albatta, ushbu islohotlarning zamirida “Jaholatga qarshi - ma'rifat” shiori asosida xalqimizning boy tarixi, ilmiy, ma'naviy merosini har tomonlama o'rganish, eng muhimi, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish g'oyasi mujassamdir.
Azimjon Shermatov,
Hadis ilmi maktabi 1-bosqich talabasi
Manba: “Yangi O'zbekiston” gazetasi
2020 yil 7 oktyabr', 191-son
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati