Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Aprel, 2025   |   29 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:26
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
27 Aprel, 2025, 29 Shavvol, 1446

Qur'on karimning etti xil qiroati

07.10.2020   5109   5 min.
Qur'on karimning etti xil qiroati

Qur'on etti xil qiroatda nozil bo'lgan edi. Bu haqda Payg'ambar alayhissalomning bunday so'zlari vorid bo'lgan:

إِنّ هَذَا الْقُرْآنَ أُنْزِلَ عَلَى سَبْعَةِ أَحْرُفٍ

ya'ni: “Ushbu Qur'on etti xil qiroatda nozil bo'lgan” (Muttafaqun alayhi).

Ulamolar ushbu qiroatlardan murod nima ekanligi haqida turli fikrlar bildirishgan. Ba'zilar: u – etti xil ma'no bo'lib, Qur'on oyatlari mana shu ma'nolar bilan chambarchas bog'liq. Ular – amr, nahiy, va'd, va'id, ibohat, irshod, e'tibor, deyishgan. Ba'zi ulamolar esa, u – qiroat qilishdagi ettita qoidadir. Ular – idg'om, izhor, tafxim, tarqiq, imola, ishbo', mad va qasr, tashdid va taxfif, talyin va tahqiq, deyishgan.

Bu masaladagi eng to'g'ri so'z shundan iboratki, etti xil qiroat degani – arab tilidagi ettita lahja demakdir. Arablar o'rtasida eng mashhur va keng tarqalgan, shuningdek, eng shirin lahjalar: Quraysh, Huzayl, Tamim, Al-Uzd, Robi'a, Havozin, Sa'd ibn Bakr lahjalaridir. Bu so'zning to'g'ri ekanligini Imom Bayhaqiy tasdiqlagan, Ibn Atiya ham shu gapni ixtiyor qilganlar. Tilshunos olimlardan Sa'lab, Abu Ubayd va Azhariylar ham shu gapni aytganlar.

Qur'on etti xil qiroatda nozil bo'ldi, degani undagi har bir kalima ham etti xil qiroatda o'qiladi, degani emas. Balki, Qur'on nozil bo'lish jihatidan arablarning etti xil lahjasidan tashqari chiqmaydi, deganidir. Masalan, bir kalima Quraysh tilida bo'lsa, ikkinchi kalima boshqa qabila tilida bo'ladi. Chunki, Qur'on oyatlari arab tili lahjalarining eng fasohatli va shirin so'zlaridan tashkil topgandir, ya'ni birorta so'z qaysi lahjada yaxshi ifoda qilinsa, oyatda o'sha so'z ishlatilgandir.

Imom Buxoriy rohimahulloh rivoyat qilishlaricha: “Usmon raziyallohu anhu Qur'oni karimni Mushafga ko'chirish uchun Zayd ibn Sobit raziyallohu anhu va boshqa sahobalarni to'plagan vaqtlarida ularga: Agar Qur'onning biror oyati ustida tortishib qolsalaringiz, u holda uni Quraysh tilida yozinglar, chunki Qur'on ularning tilida nozil bo'lgandir”, deganlar.

Endi Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning “Qur'on etti xil lahjada nozil bo'lgan”, degan so'zlari bilan Usmon raziyallohu anhuning: “Qur'on Quraysh tilida nozil bo'lgan”, degan so'zlarini qanday tushunish mumkin? – degan savol tug'iladi. Bu savolga ikkiyoqlama javob berish mumkin:

- Usmon roziyallohu anhu Qur'onning ko'pgina qismi quraysh tilida nozil bo'lganligini nazarda tutganlar.

- Qur'on birinchi galda Quraysh tilida nozil bo'lgan. Vorid bo'lishicha, Jabroil alayhissalom Qur'onni Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga har gal bittadan lahjada o'qitar va shu tariqa etti xil tilda o'rgatar edilar. Imom Buxoriy rohimahulloh Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Jabroil birodarim menga Qur'onni bir qiroatda o'qitgan. Men undan yana o'qitishini so'raganimda, menga boshqa qiroatda o'qitdi. Shu tariqa etti qiroatni o'rgatdi”, deganlar.

Ba'zi kalimalarni ettitadan ham ortiqroq qiroatda o'qiladi-ku, deyish to'g'ri emas. Chunki so'zni ettitadan ortiq vajhda o'qilishi, qiroatning ko'pligidan emas, balki u qiroat qoidasidagi hilma-hillikdan (masalan: mad, imola va hokazo) kelib chiqadi.

Imom Suyutiy rohimahulloh yuqoridagi gapga e'tiroz bildirib: Umar ibn Hattob raziyallohu anhu bilan Hishom ibn Hakam raziyallohu anhu ikkovlari ham Qurayshlik bo'lishlariga qaramay qiroatda kelishmovchilikka borganlar. Bundan ko'rinadiki, demak etti xil qiroatdan murod etti xil lahja emas ekan, deganlar.

Bunga javoban aytish mumkinki, Qur'onning etti lahjada nozil bo'ldi degani, Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam Qur'on oyatlarini o'rgatayotganlarida har bir qabila uchun aynan o'sha qabilaning lahjasida ta'lim bermaganlar. Ko'pincha Payg'ambar alayhissalomning huzurlarida bir nechta qabilaning kishilari jam bo'lishar, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ularga etti qiroatning bittasinigina tilovat qilib berar edilar. Shunda o'sha erda o'tirgan barcha qabila kishilari bitta qiroatni yodlab olar edilar. Qur'onni bitta qiroatda yodlash uchun bitta qabila kishilari to'planishlari shart emas.

Demak, shunga binoan Umar ibn Hattob raziyallohu anhu Hishomning eshitmagan qiroatlarini bilishlari mumkin bo'ladi. Chunki Hazrati Umar raziyallohu anhu bu qiroatni Hishom ishtirok etmagan boshqa majlisda eshitgan bo'ladilar. Ular ikkovlarining ham bir qabiladan bo'lishlari bunga mone bo'la olmaydi.

 

 Homidjon Ishmatbekov,

O'zbekiston musulmonlari idorasi

raisining birinchi o'rinbosari

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Haqqingizga yetmish ming farishta duo qilishini istaysizmi?

25.04.2025   6287   1 min.

Zayniddin domla Eshonqulov 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari