Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyul, 2025   |   24 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:27
Quyosh
05:06
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:56
Xufton
21:27
Bismillah
19 Iyul, 2025, 24 Muharram, 1447

Qur'onning eng avval va eng oxirgi nozil bo'lgan oyatlari

05.10.2020   5390   17 min.
Qur'onning eng avval va eng oxirgi nozil bo'lgan oyatlari

Qur'oni karim yigirma uch yil davomida parcha-parcha holatda nozil bo'ldi. Tarixchi Ibn Sa'd rohimahullohning rivoyatiga ko'ra Qur'on nozil bo'lishining boshlanishi Payg'ambar alayhissalom tug'ilganlarining qirq birinchi yili, Ramazon oyining o'n ettinchi dushanba kuniga to'g'ri keladi. Bu voqea Hiro g'orida sodir bo'lgan edi. O'shanda Jabroil alayhissalom tushib Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni uch marta siqib qo'yib yuborganlari, u kishiga: “O'qing”, deb buyurganlari, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning “Men o'qishni bilmayman”, deganlari va nihoyat uchinchi martasida:

اقْرَأْ بِاسْمِ رَبِّكَ الَّذِي خَلَقَخَلَقَ الْإِنْسَانَ مِنْ عَلَقٍاقْرَأْ وَرَبُّكَ الْأَكْرَمُالَّذِي عَلَّمَبِالْقَلَمِعَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَمْ

ya'ni: O'qing (ey, Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo'lmish Rabbingiz ismi bilan! (U) insonni laxta qondan yaratdi.O'qing! Rabbingiz esa karamlidir.U insonga qalam bilan (yozishni ham) o'rgatdi. U insonga bilmagan narsalarini bildirdi(Alaq surasi, 1-5-oyatlar) deganligini Imom Buhoriy rahmatullohi alayhi o'z kitoblari bo'lmish “Jome' as-sahih”ning “Vahiyning qanday boshlanganligi haqidagi bob” qismida Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilib keltirganlar. Oisha raziyallohu anho va jumhur ulamolarning so'zlariga qaraganda yuqoridagi beshta oyat Qur'onning birinchi nozil bo'lgan oyatlaridir.

         Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhuning fikrlaricha, birinchi nozil bo'lgan oyat:

يَاأَيُّهَا الْمُدَّثِّرُ

ya'ni: Ey, (liboslariga) burkanib olgan kishi (Muhammad!)(Muddassir surasi, 1-oyat)dir. Ammo yuqoridagi birinchi fikr to'g'riroq. Chunki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning “Men o'qishni bilmayman”, degan so'zlari bu voqeadan oldin hech nima o'qimaganliklari, vahiy nozil bo'lmaganligini ravshan ko'rsatib turibdi.

Bundan tashqari yana Jobir raziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg'ambar alayhissalom shunday deganlar: “Boshimni osmonga ko'tarib qarasam tepamda Hiro g'orida oldimga kelgan farishta turibdi. Darhol uyimga qaytib kelib, meni o'rab qo'yinglar, ustimni berkitib qo'yinglar, dedim. Shunda Alloh taolo: “Ey, liboslariga burkanib olgan zot” oyatini nozil qildi”. Ushbu hadis “Muddassir” surasini “Iqro” oyatidan so'ng nozil bo'lganligiga yaqqol dalil bo'ladi.

Shuning uchun ham ulamolar Jobir raziyallohu anhu bilan jumhur ulamolarning fikrlarini muvofiqlashtirib bir nechta fikrlarni aytishgan va bu fikrlarning barchasi ham ikkala toifaning so'zlarini kelishtirishga salohiyatlidir.

  1. “Muddassir” surasi vahiy kelishi to'xtab qolganidan keyin birinchi bo'lib nozil bo'lgan suradir.
  2. “Muddassir” Qur'ondagi boshidan oxirigacha to'liq nozil bo'lgan suralarning birinchisi.
  3. “Muddassir” surasi Qur'ondagi suralarning ichida dinga da'vat qilishga buyurgan suralarning birinchisi. Chunki, unda:

قُمْ فَأَنْذِرْ

ya'ni: Turing-da, (insonlarni oxirat to'g'risida) ogohlantiring(Muddassir surasi, 2-oyat) jumlasi bor. Ammo, “Alaq” surasidagi “o'qing” so'zi payg'ambarlikni tasdiqlashga ishora qilgan birinchi suradir.

Ulamolar Qur'onning eng oxirgi nozil bo'lgan oyati qaysi ekanligi haqida ixtilof qilganlar. Bu ixtiloflarning eng mashhurlarini quyida keltiramiz.

Ba'zi ulamolar oxirgi nozil bo'lgan oyat:

الْيَوْمَ أَكْمَلْتُ لَكُمْ دِينَكُمْ وَأَتْمَمْتُ عَلَيْكُمْ نِعْمَتِي وَرَضِيتُ لَكُمُ الْإِسْلَامَ دِينًا

ya'ni: Ana, endi bugun, diningizni kamoliga etkazdim, ne'matimni tamomila berdim va sizlar uchun Islomni din bo'lishiga rozi bo'ldim(Moida surasi, 3-oyat) deb aytishgan. Barro ibn Ozib raziyallohu anhuning so'zlariga qaraganda, eng oxirgi nozil bo'lgan oyat “Niso” surasidagi “kalola” oyatidir:

يَسْتَفْتُونَكَ قُلِ اللَّهُ يُفْتِيكُمْ فِي الْكَلَالَةِ إِنِ امْرُؤٌ هَلَكَ لَيْسَ لَهُ وَلَدٌ وَلَهُ أُخْتٌ فَلَهَا نِصْفُ مَا تَرَكَ وَهُوَ يَرِثُهَا إِنْ لَمْ يَكُنْ لَهَا وَلَدٌ فَإِنْ كَانَتَا اثْنَتَيْنِ فَلَهُمَا الثُّلُثَانِ مِمَّا تَرَكَ وَإِنْ كَانُوا إِخْوَةً رِجَالًا وَنِسَاءً فَلِلذَّكَرِ مِثْلُ حَظِّ الْأُنْثَيَيْنِ يُبَيِّنُ اللَّهُ لَكُمْ أَنْ تَضِلُّوا وَاللَّهُ بِكُلِّ شَيْءٍ عَلِيمٌ

ya'ni: (Ey, Muhammad!) Sizdan fatvo so'raydilar. Ayting: Alloh sizlarga otasi ham, farzandi ham bo'lmagan odam to'g'risida (shunday) fatvo beradi: agar farzandsiz bo'lgan bir erkak halok bo'lsa (o'lsa), agar singlisi (qolgan) bo'lsa, qoldirgan merosning yarmini olur. Agar singlisining farzandi bo'lmasa, u (akasi) merosxo'r bo'lur. Agar (singillar) ikkita bo'lsa, ularga (aka) qoldirgan narsaning uchdan ikkisi (tegur). Agar (merosxo'rlar) aka-uka va opa-singillar bo'lsa, (har) bir erkakka ikki ayol hissasi (berilur). Yanglishib ketmasliklaringiz uchun Alloh sizlarga (meros hukmlarini O'zi) bayon etadi. Alloh har bir narsani biluvchi zotdir(Niso surasi, 176-oyat).

Imom Muslim rohimahullohning Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha, oxirgi nozil bo'lgan oyat “Nasr” surasining oyatlaridir.

إِذَا جَاءَ نَصْرُ اللَّهِ وَالْفَتْحُوَرَأَيْتَ النَّاسَ يَدْخُلُونَ فِي دِينِ اللَّهِ أَفْوَاجًافَسَبِّحْ بِحَمْدِ رَبِّكَ وَاسْتَغْفِرْهُ إِنَّهُ كَانَ تَوَّابًا

ya'ni: (Ey, Muhammad!) Qachonki, Allohning nusrati (madadi) va g'alaba kelganida,odamlar to'p-to'p bo'lib, Allohning dini (Islom)ga kirayotganlarini ko'rganingizda,darhol Rabbingizga hamd bilan tasbeh ayting va Undan mag'firat so'rang! Zero, U tavbalarni qabul etuvchi zotdir(Nasr surasi, 1-3-oyatlar).

Bu xususda eng e'tiborga loyiq so'z Ibn Abbos raziyallohu anhuning yana bir boshqa so'zlari bo'lib, unda eng oxirgi nozil bo'lgan oyat “Baqara” surasining 281-oyatidir, deganlar.

وَاتَّقُوا يَوْمًا تُرْجَعُونَ فِيهِ إِلَى اللَّهِ ثُمَّ تُوَفَّى كُلُّ نَفْسٍ مَا كَسَبَتْ وَهُمْ لَا يُظْلَمُونَ

ya'ni: (Barchangiz) Allohga qaytariladigan kundan (qiyomatdan) qo'rqingiz! So'ngra har bir jon (egasi)ga qilgan amallariga yarasha narsa (mukofot yoki jazo) berilur va ularga adolatsizlik qilinmas”.

Mana shu gapga binoan Imom Buxoriy rohimahullohning Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilgan yana bir boshqa so'zlarini, ya'ni “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga eng oxirgi nozil bo'lgan oyat “ribo” (sudxo'rlik) (Baqara surasi, 275-oyat) oyatidir”, degan so'zlarini quyidagicha ta'vil qilish lozim. Ya'ni, bu oyat ribo oyatlarining eng so'nggisidir. Shunda ko'pgina rivoyatlarda aytilgan (Baqara surasi, 281-oyat) oyati Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga vidolashuv hajidan so'ng nozil bo'lgan, degan so'zga muvofiq keladi. Bu oyatda Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning vafotlari yaqinlashganlikka ishora qilingan. Rivoyatlarga qaraganda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu oyat nozil bo'lganidan keyin to'qqiz kecha yoki etti kecha yashaganlar. Boshqa rivoyatda esa, yigirma bir kun yashaganlar, deyilgan. Bu oyat nozil bo'lishidan oldinroq, tashriq kunlarida “Nasr” surasi nozil bo'lgan va bundan ham Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o'zlarining vafotlari yaqinlashganligini tushunganlar.

Ammo, “Moida” surasining 3-oyati esa, ulamolarning ittifoqiga ko'ra vidolashuv hajida Arafa kuni, “Nasr” surasi va “Baqara” surasining 281-oyati nozil bo'lmasidan avval nozil bo'lgan. Shunga ko'ra “Moida” surasining 3-oyatini eng oxirgi nozil bo'lgan oyat deb bo'lmaydi, balki uni dinning komil bo'lganligini, Allohning ne'matlari to'la-to'kis berilganligini bayon qiluvchi eng so'nggi oyat deyish to'g'ri bo'ladi. As-Suddiy rohimahullohning so'zlariga binoan bu oyatdan keyin halol va harom hukmlarni bayon qilgan hech qanday oyat nozil bo'lmagan. Ammo, undan keyin va'z-nasihat oyatlari nozil bo'lishiga hech qanday mone'lik yo'q, huddi “Nasr” surasi va “Baqara” surasining 281-oyatlari kabi.

Ammo “kalola” oyatiga kelsak, bu oyat “Moida” surasidagi oyatdan oldin nozil bo'lgan. Uning haqida aytilgan gap esa, ahkom oyatlaridan eng oxirgi nozil bo'lgan, degan ma'noga yo'yiladi.

Qur'onning etti xil qiroatda nozil bo'lishi

Qur'on etti xil qiroatda nozil bo'lgan edi. Bu haqda Payg'ambar alayhissalomning shunday so'zlari vorid bo'lgan:

إِنّ هَذَا الْقُرْآنَ أُنْزِلَ عَلَى سَبْعَةِ أَحْرُفٍ

ya'ni: “Ushbu Qur'on etti xil qiroatda nozil bo'lgan” (Muttafaqun alayhi).

Ulamolar ushbu qiroatlardan murod nima ekanligi haqida turli fikrlar bildirishgan. Ba'zilar: u – etti xil ma'no bo'lib, Qur'on oyatlari mana shu ma'nolar bilan chambarchas bog'liqdir. Ular – amr, nahiy, va'd, va'id, ibohat, irshod, e'tibor, deyishgan. Ba'zi ulamolar esa, u – qiroat qilishdagi ettita qoidadir. Ular – idg'om, izhor, tafxim, tarqiq, imola, ishbo', mad va qasr, tashdid va taxfif, talyin va tahqiq, deyishgan.

Bu masaladagi eng to'g'ri so'z shundan iboratki, etti xil qiroat degani – arab tilidagi ettita lahja demakdir. Arablar o'rtasida eng mashhur va keng tarqalgan, shuningdek eng shirin lahjalar: Quraysh, Huzayl, Tamim, Al-Uzd, Robi'a, Havozin, Sa'd ibn Bakr lahjalaridir. Bu so'zning to'g'ri ekanligini Imom Bayhaqiy tasdiqlagan, Ibn Atiya ham shu gapni ixtiyor qilganlar. Tilshunos olimlardan Sa'lab, Abu Ubayd va Azhariylar ham shu gapni aytganlar.

Qur'on etti xil qiroatda nozil bo'ldi, degani undagi har bir kalima ham etti xil qiroatda o'qiladi, degani emas. Balki, Qur'on nozil bo'lish jihatidan arablarning etti xil lahjasidan tashqari chiqmaydi, deganidir. Masalan, bir kalima Quraysh tilida bo'lsa, ikkinchi kalima boshqa qabila tilida bo'ladi. Chunki, Qur'on oyatlari arab tili lahjalarining eng fasohatli va shirin so'zlaridan tashkil topgandir, ya'ni birorta so'z qaysi lahjada yaxshi ifoda qilinsa, oyatda o'sha so'z ishlatilgandir. Imom Buxoriy rohimahulloh rivoyat qilishlaricha: “Usmon raziyallohu anhuQur'oni karimni Mushafga ko'chirish uchun Zayd ibn Sobit raziyallohu anhuva boshqa sahobalarni to'plagan vaqtlarida, ularga: Agar Qur'onning biror oyati ustida tortishib qolsalaringiz, u holda uni Quraysh tilida yozinglar, chunki Qur'on ularning tilida nozil bo'lgandir”, deganlar.

Endi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning “Qur'on etti xil lahjada nozil bo'lgan”, degan so'zlari bilan Usmon raziyallohu anhuning: “Qur'on Quraysh tilida nozil bo'lgan”, degan so'zlarini qanday tushunish mumkin? – degan savol tug'iladi. Bu savolga ikkiyoqlama javob berish mumkin:

  • Usmon raziyallohu anhu Qur'onning ko'pgina qismi quraysh tilida nozil bo'lganligini nazarda tutganlar.
  • Qur'on birinchi galda Quraysh tilida nozil bo'lgan. Vorid bo'lishicha, Jabroil alayhissalom Qur'onni Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga har gal bittadan lahjada o'qitar va shu tariqa etti xil tilda o'rgatar edilar. Imom Buxoriy rohimahulloh Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Jabroil birodarim menga Qur'onni bir qiroatda o'qitgan. Men undan yana o'qitishini so'raganimda, menga boshqa qiroatda o'qitdi. Shu tariqa etti qiroatni o'rgatdi”, deganlar.

Ba'zi kalimalarni ettitadan ham ortiqroq qiroatda o'qiladi-ku, deyish to'g'ri emas. Chunki, so'zni ettitadan ortiq vajhda o'qilishi, qiroatning ko'pligidan emas, balki u qiroat qoidasidagi hilma-hillikdan (masalan: mad, imola va hokazo) kelib chiqadi.

Imom Suyutiy rohimahulloh yuqoridagi gapga e'tiroz bildirib: Umar ibn Hattob raziyallohu anhu bilan Hishom ibn Hakam raziyallohu anhu ikkovlari ham Qurayshlik bo'lishlariga qaramay qiroatda kelishmovchilikka borganlar. Bundan ko'rinadiki, demak etti xil qiroatdan murod etti xil lahja emas ekan, deganlar.

Bunga javoban aytish mumkinki, Qur'onning etti lahjada nozil bo'ldi begani, Payg'ambar sallallohu alayhi vasallam Qur'on oyatlarini o'rgatayotganlarida har bir qabila uchun aynan o'sha qabilaning lahjasida ta'lim bermaganlar. Ko'pincha Payg'ambar alayhissalomning huzurlarida bir nechta qabilaning kishilari jam bo'lishar, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ularga etti qiroatning bittasinigina tilovat qilib berar edilar. Shunda, o'sha erda o'tirgan barcha qabila kishilari bitta qiroatni yodlab olar edilar. Qur'onni bitta qiroatda yodlash uchun bitta qabila kishilari to'planishlari shart emas. Demak, shunga binoan, Umar ibn Hattob raziyallohu anhu Hishomning eshitmagan qiroatlarini bilishlari mumkin bo'ladi. Chunki, Hazrati Umar raziyallohu anhu bu qiroatni Hishom ishtirok etmagan boshqa majlisda eshitgan bo'ladilar. Ular ikkovlarining ham bir qabiladan bo'lishlari bunga mone' bo'la olmaydi.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi

raisining birinchi o'rinbosari

Homidjon Ishmatbekov

https://t.me/tuhur

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

16.07.2025   7874   5 min.
O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlari uchun namuna – Butunjahon Islom uyushmasi rahbari

Saudiya Arabistonining Makka shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov hamda Butunjahon Islom uyushmasi Bosh kotibi Shayx Muhammad bin Abdulkarim al-Issa  ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv va tashrif Butunjahon Islom uyushmasi taklifiga binoan amalga oshirildi. Unda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi favqulodda va muxtor elchisi Nodir Turg‘unov ham qatnashdi.

Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.

– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.

Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi  qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:

– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga   tayyormiz.

Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari  va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi. 

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu  masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi. 

Islom sivilizatsiyasi markazi

Dunyo yangiliklari