Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Mart, 2025   |   13 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:20
Quyosh
06:38
Peshin
12:37
Asr
16:41
Shom
18:30
Xufton
19:43
Bismillah
13 Mart, 2025, 13 Ramazon, 1446

Yoriqlar o'rni to'larmikin yoki ilm ahli orasidagi ulkan yo'qotishlarimiz

4.10.2020   2597   4 min.
Yoriqlar o'rni to'larmikin yoki ilm ahli orasidagi ulkan yo'qotishlarimiz

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Bugunning gapi

Son-sanoqsiz ne'matlar ichida insoniyatning boshqa maxluqotlardan ajralib, yuqori martabalarda turishiga sabab bo'ladigan ne'matlardan biri, shubhasiz, uning ilm sohibi bo'lishidir. Chunki ilm rag'bat qilingan narsalarning eng sharaflisi, orzu etilishidan tashqari, qo'lga kiritilishi uchun jiddu jahd qilishga undalgan narsalarning eng ustuni va erishilgan narsalarning eng foydasi ko'prog'idir.

2020 yil ulkan yo'qotishlar yili bo'lmoqda. kecha zabardast olim, ko'plab ulamolar ustozi Dovudxon domla, Qur'on hofizi, o'n xil qiroat sohibi, ustoz Zayniddin qori, avvalroq imom Hayrulloh domla, murabbiy, ustoz Olimxon domla, Alixon qori Zohidxon, bir necha imom domlalar, yoshgina qori yigitlar, dunyo miqyosida taniqli alloma, shayx, muhaddis Nuriddin Itr rahimahulloh va yana ko'plab olimlar, ulamolar birin-ketin bu yorug' olamni tark etib, oxirat sari ketmoqdalar. Mubashshir domla aytganidek, «Keyingi kunlarda ko'p olimlardan ayrilib qolyapmiz. Bu juda qo'rqinchli».

Ijtimoiy tarmoqlarda kunda-kunora ta'ziya e'lonlarini ko'raverib, to'g'risi internetni ochishdan cho'chib qoldi kishi. Yaxshi insonlar, solih kishilar, ustozlar tark etishyapti bizni. Yoshi ulug'lari ham, endigina 40 yoshni nari berisidagi yoshga kirganlari ham bor. Allohning taqdiri, qazosi. Uning qazoi qadarini rozilik ila qarshi olgan barcha yaqinlariga Alloh taolodan go'zal sabr tilaymiz.

Shu o'rinda ushbu hadis yodga keladi.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh ilmni odamlardan bir sug'irish ila sug'irib olmaydi. Lekin ilmni ulamolarning (jonini) qabz qilish ila changallab oladi...».

Ikki Shayx va Termiziy rivoyat qilishgan.

O'zini bilgan har bir millat o'zidan etishib chiqqan ulamolarni e'zozlay oladi. Haqiqiy olimlaridan dinu-diyonat, iymon-e'tiqod, elu yurt foydasi uchun foydalana oladi. Chunki, bunday odamlarning borligi har bir xalq, har bir millat uchun katta baxtdir. Ular olamdan o'tishlari bilan bu baxt ham ketadi.

«Mavtul olimi - mavtul olami» (ya'ni, olimning o'limi-olamning o'limi) deyilgan. Shu bilan birga o'zini bilgan har bir millat doimo o'z ehtiyojlarini qondiradigan darajada, sifatda va sonda ulamolarni bo'lishi uchun qo'lidan kelgan har bir ishni qiladi.

Ilmning ko'tarilishi, ulamolarni vafotlari borasida Shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh shunday deydilar: «Olim kishining o'limi Islom devoridagi bir yoriqdir. Tun-u kun o'zgarar ekan, uning o'rnini biror narsa berkita olmaydi». (Hasan Basriy).

Musulmonlar har kuni Islom devorida yangi yoriq paydo bo'layotganini guvohi bo'lishmoqda. Oralaridagi ilmiga amal qiladigan ulamolar bilan vidolashmoqdalar. Bugun musulmonlarning zimmasida bu bo'shliqni to'ldirish uchun Islomiy ilmlarga yuzlanishlari va doimo bu borada solih ulamolarning o'rnini to'ldira oladigan avlodni etishtirishni fikr qilmoqliklari lozimdir! Zero, musulmonlarning solihlar o'rnini to'ldira oladigan avlodni etishtirishni kechiktirishlari olimni yo'qotishdagi musibatlaridanda ko'ra og'ir musibatdir!

«Atrofimizdagi yaqinlarimiz o'taverib biz ham oxirat kishilariga aylanib qoldik. Alloh hammamizni hidoyatda muqim qilsin! Oxir amallarimiz solih va so'zlarimiz rost bo'lsin!» (Mubashshir Ahmad).

«Sabrlilarga xushxabar beringki, ular o'zlariga musibat etganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», deganlardir».

Bobur Ahmad tayyorladi

Manba: https://islom.uz

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Rasululloh ﷺ qanday qiroat qilardilar?

12.03.2025   2926   3 min.
Rasululloh ﷺ qanday qiroat qilardilar?

Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiroat qilganlarida oyatlarni ajratib-ajratib o‘qirdilar” (Imom Abu Dovud, Imom Ahmad rivoyati).

Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam qiroatalarini oyat-oyat qilib ajratardilar: «Alhamdu lillahi Robbil-’alamin» deb, so‘ng vaqf qilardilar, «Arrohmanir-Rohiym» deb, so‘ng vaqf qilardilar» (Imom Termiziy, Imom Hokim rivoyati).

Ya’lo ibn Mamlakdan rivoyat qilinadi: «U Ummu Salama roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning namozlari haqida so‘radi. Shunda u kishi: «Sizlar qayoqdayu, u zotning namozlari qayoqda?! U zot namoz o‘qir, so‘ng namoz o‘qiganchalk uxlar, so‘ng uxlaganlaricha namoz o‘qir, so‘ng namoz o‘qiganlaricha uxlar edilar. To tongacha shunday bo‘lar edi», dedi-da, u zotning qiroatlarini maqtay ketdi. U zotning qiroatlarini maqtay turib: «Harfma-harf, aniq-aniq o‘qirdilar», dedi» Abu Dovud, Termiziy va Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan.

Qatodadan rivoyat qilinadi: «Anasdan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari qanday edi?» deb so‘raldi. Shunda u: «Cho‘ziq edi», dedi-da, keyin «Bismillahir-Rohmanir-Rohiym»ni «Bismillah»ni cho‘zib, «Ar-Rohman»ni cho‘zib, «Ar-Rohiym»ni cho‘zib o‘qib berdi». Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mad – cho‘ziq unli bor o‘rinlarda madni aniq cho‘zib o‘qir edilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Abdulloh ibn Abu Qaysdan rivoyat qilinadi: «Men Oisha roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari haqida: «U zot qiroatni ichlarida qilarmidilar yoki jahriy (oshkora) qilarmidilar?» deb so‘radim. U: «Har qaysisini ham qilardilar. U zot (qiroatni) gohida ichlarida, gohida oshkora qilardilar», dedi» (Muttafaqun alayh).

Ummu Honiydan rivoyat qilinadi: «Men tunda yopig‘im ustida turib olib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ka’ba oldidagi qiroatlarini eshitar edim» (Nasoiy va Ibn Moja rivoyat qilgan).

Jubayr ibn Mut’im roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamnig shom namozida Tur surasini o‘qiyotganlarini eshitdim. «Yoki ular, hech narsadan hech narsa yo‘q, o‘zlari yaralganlarmi?! Yoki ular yaratuvchilarmi?» oyatiga kelganda qalbim uchib ketay dedi» (Imom Buxoriy rivoyati).

Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning xuftonda «Vattiyni vaz-zaytun»ni o‘qiyotganlarini eshitdim. Biror kishidan u zotning ovozlaridan ko‘ra chiroyli ovoz eshitmaganman» Muttafaqun alayh.

Abdulloh ibn Mug‘affaldan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning tuyalarida Qur’on o‘qib ketayotganlarini ko‘rdim. Fath surasini mayin qilib o‘qib ketayotgan ekanlar. Ohang qilib o‘qib ketayotgandilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

Avs ibn Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimizga kech qolib chiqdilar. Biz: «Yo Allohning Rasuli, kech qolib ketdingizmi?» dedik. Shunda u zot: «Qur’ondan hizbim[1] qolib ketgan edi, o‘shani tugatmasdan chiqishni istamadim», dedilar. Keyin biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning as'hoblaridan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’onni qanday hizbga ajratar edilar?» deb so‘radik. Ular: «Uchta, beshta, yettita, to‘qqizta, o‘n bitta, o‘n uchta (sura) va «Mufassal» hizbi», deyishdi» (Tabaroniy va Tahoviy rivoyati).

Davron NURMUHAMMAD


[1] Hizb – bo‘lak degani bo‘lib, Qur’ondan har kun uchun vazifa sifatida ajratib olingan bo‘lakka nisbatan ishlatilgan. Mufassal – Qur’onning Hujurot surasidan boshlab oxirigacha bo‘lgan qismi.