Haq yo'lida kim sanga bir harf o'qitmish ranj ila,
Aylamak bo'lmas ado oning haqin ming ganj ila.
Hazrat Navoiyning bu so'zlarida hech qanday mubolag'a yo'q. Darhaqiqat, ustozlarimizning bizdagi haqi beqiyos. Ular ma'naviyat bog'ining bog'bonlaridir. Biz ularni qancha ko'p ulug'lasak, e'zozlasak, shuncha oz. Inson kim bo'lishidan qat'iy nazar, qaysi soha vakili bo'lmasin, bilim olish uchun ustozga muhtoj.
Insoniyat tarixida faqat payg'ambarlargina muallimdan dars olmaganlar. Chunki ularning ilmlari vahiy orqali hosil bo'lgan. Payg'ambarlardan boshqa hamma insonlar ilm hosil qilish uchun muallim ostonasini o'tgan.
Ustoz deganda faqat diniy bilimlarni ta'lim bergan kishilarni emas, balki har qanday foydali ilm o'rgatuvchi shaxs nazarda tutilishini unutmasligimiz lozim. Sababi dinimizda ilmlar diniy dunyoviyga ajratilmaydi. Balki foydali va foydasizga taqsimlanadi. Insoniyat uchun foydali bo'lgan har qanday ilm Islomda ardoqlanadi.
Alloh taolo Qur'oni karimning bir necha oyatlarida insoniyatni dunyoni obod qilish uchun yaratganini bayon qilgan va kishilarni borliq haqida tafakkur qilishga, uni o'rganishga targ'ib qilgan.
Shu bois har bir musulmon kishi dunyoda yaxshi hayot kechirishi, oxiratda saodatga erishishi uchun ularga taalluqli bo'lgan ilmlarni o'rganishi lozim. Shuningdek, har bir foydali ilm dunyoviy va uxraviy manfaatlarga ega. Uning qaysi tarafi ustun kelishi insonning o'zi va niyatiga bog'liqdir.
Demak, har qanday insonga manfaatli bilim o'rgatuvchi kishi muallim deyiladi va dinimizda ko'rsatilgan haq-huquq va e'zozlarga sazovor hisoblanadi. Ulug' muhaddis, hofiz Shayx Aydarus ibn Umar alHazramiy “Uqudul laal fi asanidir rijal” nomli kitobida bunday deydi: “Mashoyixlarimiz aytar edilar: “Kimga Alloh taolo ustozlardan ta'lim olish ne'matini nasib etsa, unga ularni doimo yodda tutish, ularning fazilatlari va foydalarini ommaga etkazish, haqlariga duo qilish, Allohdan ular uchun rozilik so'rash kabi ishlar bilan shukr bajo keltirish lozim bo'ladi. Bu – shogird zimmasidagi eng muhim vazifalardandir. Zotan, ustoz unga otasi bergandan ko'ra, afzalroq bo'lgan abadiy saodatga etkazuvchi narsani taqdim etgandir. Binobarin, ustozning hurmati otaning hurmati kabi, balki undanda yuksakroqdir. Shu bois har bir tolibdan ustozi va unga taalluqli barcha narsalarni ehtirom qilishi, ulug'lashi va unga nisbatan ulamolarimiz bayon qilgan odoblar bilan munosabatda bo'lishi talab qilinadi”.
Imom Suyutiy “Jomi'us sag'iyr”da keltirishicha, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasalam: “Ilm olinglar va ilm uchun viqor va sokinlikni o'zlashtiringlar hamda muallimlaringizga tavozuye'li bo'linglar”, deganlar. Bu hadisni Imom Tabaroniy va Ibn Adiylar Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilishgan.
Alloma Munoviy ushbu hadisning sharhida jumladan shunday deydilar: “Chunki ilmga tavoze' va qunt ila tinglash orqali etiladi. Tolibi ilmning ustozga tavoze'si oliylikdir, unga bo'lgan xokisorligi izzatdir, unga bo'yin egishi faxrdir. Islom madaniyati bu borada faqatgina nazariy ko'rsatma va tavsiyalar taqdim etibgina qolmay, yuksak darajadagi amaliy namunalarni ham ko'rsatib bergan. Ulug' sahoba, etuk olim Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhumo buyuk martaba Rasulullohga qarobat sohibi bo'lishiga qaramay, Zayd ibn Sobit raziyallohu anhuga otining uzangini tuta turib “Ulamolarimizga shunday ehtiromda bo'lishga amr qilinganmiz”, dedilar. Shunda Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu Ibn Abbos raziyallohu anhuning qo'llarini o'pdi va: “Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasalamning ahli baytiga shunday muomalada bo'lishga buyurilganmiz”, dedilar.
Muvaffaq Horazmiyning “Imom Abu Hanifa manoqiblari” nomli kitobida keltiriladi: “Abu Hanifa rahmatullohi alayhi: “Men ustozim Hammodning hurmatidan uning uyi tomonga hech ham oyog'imni uzatmadim. Uning uyi bilan mening uyim orasida ettita ko'cha bor edi. Hammod vafot etgandan buyon qachon namoz o'qisam, albatta, otam bilan uning haqiga istig'for aytaman. Zotan, men doimo menga ta'lim bergan yoki biror narsa o'rgatgan kishi uchun istig'for aytaman”, degan ekanlar.
Abu Yusuf rahmatullohi alayhi: “Men ota-onamdan oldin Abu Hanifaning haqiga duo qilaman”, der edilar. Imom Shofe'iy rahmatullohi alayhi: “Men Molikning huzurida unga eshitilmasin deb kitobni ohistalik bilan varaqlar edim”, deganlar. Imom Shofe'iyning shogirdi Rabiy rahmatullohi alayhi: “Allohga qasamki, Shofe'iy qarab turgan bo'lsa, suv ichishga jur'at qila olmadim”, degan edi. Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi shunday degan edilar: “O'ttiz yildan beri Shofe'iyning haqiga duo qilib, istig'for aytmay turib uyquga yotmadim”. Ulug' muhaddis, hofiz Ibn Hajar Asqaloniy doimo ustozining ismini aytmay, uni Imomlar imomi, Buyuk Ustoz kabi nomlar bilan tilga olar edi.
Islom tarixi oltin sahifalariga zarxal harflar bilan bitilgan bu satrlar afsona emas, balki ayni voqeiy haqiqatdir. Shuningdek, bu aytganlarimiz ummondan bir qatra, xolos.
Alloh taolodan o'tgan azizlarimizni O'z rahmatiga olsin, bizni ularga munosib avlod bo'lishimizni nasib etsin.
Uchqun Rahimov,
Imom Faxriddin ar-fRoziy o'rta maxsus islom
bilim yurti mudir o'rinbosari
1. Diniy ibodatlarni bajarish
1.1. Namozlarni o‘z vaqtida o‘qish. Ibodatlar ichida eng afzali – vaqtida o‘qilgan farz namozi sanaladi.
1.2. Ro‘za tutish. Qazo va nafl ro‘zalarni tutish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qish kunidagi ro‘za qiyinchiliksiz topiladigan g‘animat (o‘lja)dir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
1.3. Qur’on o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimning eng afzal ibodati Qur’onga qarab tilovat qilishdir”, deganlar. Qur’onni yoddan o‘qishdan ko‘ra, unga qarab o‘qish afzaldir. Chunki Qur’onga qarash ham ibodatdir.
1.4. Tahajjud namozlarini o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
1.5. Duo va zikrni ko‘paytirish. “...Allohni ko‘p zikr qiling. Shoyadki, zafar topsangiz” (Juma surasi, 10-oyat).
2. Oilaga yaxshilik qilish
2.1. Ota-onaga yaxshilik qilish. O‘z vaqtida o‘qilgan farz namozdan keyin eng afzal amal bu – ota-ona xizmatida bo‘lish sanaladi. Zero, “Robbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi” (Isro surasi, 23‑oyat).
2.2. Farzand va ahli ayolga xursandchilik ulashish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshi muomala qilganingizdir. Men o‘z ahliga yaxshi muomala qiluvchirog‘ingizman”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
3. Ilm olish, kitob o‘qish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmon zimmasiga farzdir”, deganlar.
4. Tafakkurga vaqt ajratish
Hasan rahmatullohi alayh aytadilar: “Bir soat tafakkur qilish bir kechani bedor o‘tkazishdan yaxshidir”.
5. Muhtojlarga yordam berish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo‘minning bitta dunyoviy tashvishini aritsa, Alloh taolo uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi. Kim qiynalgan kishiga yengillik keltirsa, Alloh taolo unga dunyoyu Oxiratda yengillik beradi” (Imom Muslim rivoyati).
6. Silai rahm qilish
Dam olish kunlari qavm-qarindoshlar holidan hech bo‘lmasa telefon orqali bo‘lsada xabar olish uchun qulay fursat. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimni rizqi keng, umri uzoq bo‘lish xursand etsa, silai rahm qilsin (qarindoshlik rishtalarini mustahkamlasin)” (Imom Buxoriy, imom Termiziy rivoyati).
7. Sport bilan shug‘ullanish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kuchli mo‘min Alloh huzurida kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va mahbubroqdir”, deganlar.
8. Do‘st va yaqinlar holidan xabar olish
Hazrat Ali roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni: “Qaysiki musulmon boshqa bir musulmonni ertalab ziyorat qilsa, to kech kirgunicha unga yetmish ming farishta salavot aytadi. Agar kech kirganida ziyorat qilsa, to tong otgunicha yetmish ming farishta unga salavot aytadi. Unga jannatda bir bog‘ bo‘ladi”, deb aytganlarini eshitdim (Imom Termiziy rivoyati).
Dam olish kunlaringiz xayrli va barakali o‘tsin!
Davron NURMUHAMMAD