Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Yanvar, 2025   |   3 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:32
Asr
15:24
Shom
17:08
Xufton
18:28
Bismillah
02 Yanvar, 2025, 3 Rajab, 1446

Ustozlar haqida dinimiz ko'rsatmasi va ulug'lar fikri

3.10.2020   2914   6 min.
Ustozlar haqida dinimiz ko'rsatmasi va ulug'lar fikri

Haq yo'lida kim sanga bir harf o'qitmish ranj ila,

Aylamak bo'lmas ado oning haqin ming ganj ila.

Hazrat Navoiyning bu so'zlarida hech qanday mubolag'a yo'q. Darhaqiqat, ustozlarimizning bizdagi haqi beqiyos. Ular ma'naviyat bog'ining bog'bonlaridir. Biz ularni qancha ko'p ulug'lasak, e'zozlasak, shuncha oz. Inson kim bo'lishidan qat'iy nazar, qaysi soha vakili bo'lmasin, bilim olish uchun ustozga muhtoj.

Insoniyat tarixida faqat payg'ambarlargina muallimdan dars olmaganlar. Chunki ularning ilmlari vahiy orqali hosil bo'lgan. Payg'ambarlardan boshqa hamma insonlar ilm hosil qilish uchun muallim ostonasini o'tgan.

Ustoz deganda faqat diniy bilimlarni ta'lim bergan kishilarni emas, balki har qanday foydali ilm o'rgatuvchi shaxs nazarda tutilishini unutmasligimiz lozim. Sababi dinimizda ilmlar diniy­ dunyoviyga ajratilmaydi. Balki foydali va foydasizga taqsimlanadi. Insoniyat uchun foydali bo'lgan har qanday ilm Islomda ardoqlanadi.

Alloh taolo Qur'oni karimning bir necha oyatlarida insoniyatni dunyoni obod qilish uchun yaratganini bayon qilgan va kishilarni borliq haqida tafakkur qilishga, uni o'rganishga targ'ib qilgan.

Shu bois har bir musulmon kishi dunyoda yaxshi hayot kechirishi, oxiratda saodatga erishishi uchun ularga taalluqli bo'lgan ilmlarni o'rganishi lozim. Shuningdek, har bir foydali ilm dunyoviy va uxraviy manfaatlarga ega. Uning qaysi tarafi ustun kelishi insonning o'zi va niyatiga bog'liqdir.

Demak, har qanday insonga manfaatli bilim o'rgatuvchi kishi muallim deyiladi va dinimizda ko'rsatilgan haq-­huquq va e'zozlarga sazovor hisoblanadi. Ulug' muhaddis, hofiz Shayx Aydarus ibn Umar al­Hazramiy “Uqudul laal fi asanidir rijal” nomli kitobida bunday deydi: “Mashoyixlarimiz aytar edilar: “Kimga Alloh taolo ustozlardan ta'lim olish ne'matini nasib etsa, unga ularni doimo yodda tutish, ularning fazilatlari va foydalarini ommaga etkazish, haqlariga duo qilish, Allohdan ular uchun rozilik so'rash kabi ishlar bilan shukr bajo keltirish lozim bo'ladi. Bu – shogird zimmasidagi eng muhim vazifalardandir. Zotan, ustoz unga otasi bergandan ko'ra, afzalroq bo'lgan abadiy saodatga etkazuvchi narsani taqdim etgandir. Binobarin, ustozning hurmati otaning hurmati kabi, balki undan­da yuksakroqdir. Shu bois har bir tolibdan ustozi va unga taalluqli barcha narsalarni ehtirom qilishi, ulug'lashi va unga nisbatan ulamolarimiz bayon qilgan odoblar bilan munosabatda bo'lishi talab qilinadi”.

Imom Suyutiy “Jomi'us sag'iyr”da keltirishicha, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasalam: “Ilm olinglar va ilm uchun viqor va sokinlikni o'zlashtiringlar hamda muallimlaringizga tavozuye'li bo'linglar”, deganlar. Bu hadisni Imom Tabaroniy va Ibn Adiylar Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilishgan.

Alloma Munoviy ushbu hadisning sharhida jumladan shunday deydilar: “Chunki ilmga tavoze' va qunt ila tinglash orqali etiladi. Tolibi ilmning ustozga tavoze'si oliylikdir, unga bo'lgan xokisorligi izzatdir, unga bo'yin egishi faxrdir. Islom madaniyati bu borada faqatgina nazariy ko'rsatma va tavsiyalar taqdim etibgina qolmay, yuksak darajadagi amaliy namunalarni ham ko'rsatib bergan. Ulug' sahoba, etuk olim Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhumo buyuk martaba Rasulullohga qarobat sohibi bo'lishiga qaramay, Zayd ibn Sobit raziyallohu anhuga otining uzangini tuta turib “Ulamolarimizga shunday ehtiromda bo'lishga amr qilinganmiz”, dedilar. Shunda Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu Ibn Abbos raziyallohu anhuning qo'llarini o'pdi va: “Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasalamning ahli baytiga shunday muomalada bo'lishga buyurilganmiz”, dedilar.

Muvaffaq Horazmiyning “Imom Abu Hanifa manoqiblari” nomli kitobida keltiriladi: “Abu Hanifa rahmatullohi alayhi: “Men ustozim Hammodning hurmatidan uning uyi tomonga hech ham oyog'imni uzatmadim. Uning uyi bilan mening uyim orasida ettita ko'cha bor edi. Hammod vafot etgandan buyon qachon namoz o'qisam, albatta, otam bilan uning haqiga istig'for aytaman. Zotan, men doimo menga ta'lim bergan yoki biror narsa o'rgatgan kishi uchun istig'for aytaman”, degan ekanlar.

Abu Yusuf rahmatullohi alayhi: “Men ota­-onamdan oldin Abu Hanifaning haqiga duo qilaman”, der edilar. Imom Shofe'iy rahmatullohi alayhi: “Men Molikning huzurida unga eshitilmasin deb kitobni ohistalik bilan varaqlar edim”, deganlar. Imom Shofe'iyning shogirdi Rabiy rahmatullohi alayhi: “Allohga qasamki, Shofe'iy qarab turgan bo'lsa, suv ichishga jur'at qila olmadim”, degan edi. Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi shunday degan edilar: “O'ttiz yildan beri Shofe'iyning haqiga duo qilib, istig'for aytmay turib uyquga yotmadim”. Ulug' muhaddis, hofiz Ibn Hajar Asqaloniy doimo ustozining ismini aytmay, uni Imomlar imomi, Buyuk Ustoz kabi nomlar bilan tilga olar edi.

Islom tarixi oltin sahifalariga zarxal harflar bilan bitilgan bu satrlar afsona emas, balki ayni voqeiy haqiqatdir. Shuningdek, bu aytganlarimiz ummondan bir qatra, xolos.

Alloh taolodan o'tgan azizlarimizni O'z rahmatiga olsin, bizni ularga munosib avlod bo'lishimizni nasib etsin.

Uchqun Rahimov,

Imom Faxriddin ar-fRoziy o'rta maxsus islom

 bilim yurti mudir o'rinbosari

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Rajab oyini Rasululloh ﷺ qanday o‘tkazganlar?

31.12.2025   7932   2 min.
Rajab oyini Rasululloh ﷺ qanday o‘tkazganlar?

“Rajab” so‘zi qanday ma’noni anglatadi? 
– Arab tilidagi “rajab” so‘zi o‘zbekchada “ulug‘lash”, “hurmatlash” ma’nolarini ifoda etadi.

Rajab oyi qanday oy? 
– Rajab oyi – Alloh taolo urush qilishni harom qilgan (zulqa’da, zulhijja, muharram, rajab) oylardan biridir. 

Rajab oyining qanday fazilatlari bor? 
– Rajab oyi barakali va ulug‘ oy bo‘lib, undagi ozgina yaxshi amal evaziga ko‘plab ajru savoblar beriladi. Ibodatlar va duolar ijobat bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Besh  kecha  borki,  unda  duolar  rad  etilmaydi: rajab oyining  avvalgi  kechasi; sha’bon oyining  yarmidagi  kecha; juma kechasi; fitr kuni kechasi va qurbonlik kechasi” (Ibn Asokir rivoyati).

Rajab oyini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazganlar?
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rajab oyida ro‘za tutganlar. Usmon ibn Hakimdan rivoyat qilinadi: “Sa’id ibn Jubayrdan rajab oyida turganimizda rajab ro‘zasi haqida so‘radim. U: “Ibn Abbosning: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik”, deyayotganini eshitganman”, dedi”.

– Rajab oyi kirganda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohumma barik lana fi rajabin va sha’bana va ballig‘na ramazona” (Allohim, rajab va sha’bon oylarida bizlarga baraka ato qilgin va bizlarni ramazon oyiga yetkazgin!”) deb duo qilganlar (Imom Bayhaqiy va Imom Tobaroniy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan). 

Ulamolardan biri: “Rajab shamolga, sha’bon bulutga, ramazon yomg‘irga o‘xshaydi. Kimki rajab oyida ekin ekmasa, sha’bon oyida uni sug‘ormasa, ramazon oyida qanday hosil oladi?” degan. 
Shunday ekan, ramazonda olajak hosilimiz mo‘l bo‘lmog‘i uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olgan holda rajab oyida ko‘proq solih amallar bilan birga astoydil duolar qilishni ham unutmaylik! 

G‘aflatda qolmaylik, azizlar, vaqt g‘animat, umr bevafo!

 Davron NURMUHAMMAD