Buxoro viloyat Adliya boshqarmasi “Usmon ibn Affon” masjidini 119-son bilan davlat ro'yxatidan o'tkazib, bu to'g'ridagi guvohnomani jome xodimlariga topshirdi.
Ma'lumot uchun, “Usmon ibn Affon” masjidi Buxoro tumani, “Yangiobod” MFYda joylashgan. Ushbu faoliyat boshlashi bilan Respublikamizda mavjud masjidlar soni 2076 taga, Buxoro viloyatidagi masjidlar soni 106 taga etdi.
Alloh taolo ushbu masjidni xalqimizga, xususan, “Yangiobod” mahallasi ahliga muborak qilsin. Yurtimizda masjidlar ochilishiga sababchi bo'layotgan insonlardan Haq taolo rozi bo'lsin, bunday xayrli ishlarni bardavom aylasin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muborak Ramazon kunlarida ehtiyojmand insonlarga yordam berish, ularni xursand etish Islom dinida buyuk fazilat sanaladi. Shu munosabat bilan Farg‘ona shahrida kam ta’minlangan, yordamga muhtoj insonlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi.
Mehribonlik va saxovat muhiti hukm surgan tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ham ishtirok etib, yig‘ilganlarni muborak oy bilan tabrikladi.
Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi ekani, bu oyda mo‘min-musulmonlar ibodatlarini ziyoda qilib, mustahkam birodarlik va bag‘rikenglik bilan yashashga da’vat etilgani, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash inson uchun ikki dunyo saodatiga eltadigan fazilat ekani ta’kidlandi.
Tadbir davomida mehmonlarga taom tortilib, duolar qilindi va xayrli amallarga targ‘ib etildi. Tadbir ishtirokchilari xayriya iftorligi tashkilotchilariga va saxovatli insonlarga o‘z minnatdorliklarini izhor qildilar. Mana shunday xayrli tadbirlar orqali yurtimizda mehr-muruvvat, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash fazilatlari yanada mustahkamlanishi qayd etildi.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati