Bozordan biror bemaza meva harid qilsak yo sifatsiz kiyim sotib olsak darhol sifatlisiga almashtirib olamiz. Ota-ona nobakor farzandni voyaga etkazdi yoki o'qituvchi quloqsiz, beuquv, dangasa shogird etishtirdi. Bunday farzand yoki shogirdni yaxshisiga almashtirishning hecham iloji yo'q. Shunday emasmi?
Dinimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom beqiyos. Muallimlik, murabbiylik ‒ buyuk sharaf. Zero, bashariyatning eng afzal vakillari payg'ambarlar ham muallim va murabbiy qilib yuborilganlar.
O'qituvchilik kasbi vakillari jamiyatga suv va havodek zarur. Bu muhtaram zotlarni quyoshga o'xshatish mumkin. Quyosh nuridan barcha birday manfaat ko'rganidek, ustozlarning ma'rifati butun bashariyatga naf keltiradi. Bejiz Abdurahmon Jomiy hazratlari:
Ustoz, murabbiysiz qolganda zamon,
Zulumotdan qora bo'lardi jahon, demagan.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam butun bashariyatga ustoz qilib yuborilganlar. Bu haqda Qur'oni karimda: «U (Alloh) omilar (savodsiz kishilar) orasiga o'zlaridan bo'lgan, ularga (Uning) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob (Qur'on) va Hikmat (Hadis)ni o'rgatadigan (bir) payg'ambarni (Muhammadni) yuborgan zotdir. Haqiqatan, (ular payg'ambar kelishidan) ilgari aniq zalolatda edilar» (Jum'a surasi, 2-oyat), deb marhamat qilingan.
Hadisi sharifda: “Alloh meni qiynovchi va qiyinlashtiruvchi qilib emas, balki muallim va osonlashtiruvchi qilib yubordi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Bir alloma ustozi haqida: “Otam meni ko'kdan erga tushishimga sababchi bo'lgan, ustozim esa erdan ko'kka ko'tarilishimga sababchidir”, degan ekan. Ota-ona insonning jismini tarbiya qiladi, muallim esa insonning ruhini tarbiyalaydi.
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam odamlarga ezgulik va yaxshilikni o'rgatadigan kishilarni maqtab, bunday deganlar: “Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru er ahli, inidagi chumoli, hattoki dengizdagi baliq ham odamlarga yaxshilikni ta'lim beruvchining haqqiga duo qiladilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Abu Hanifa No''mon ibn Sobit shogirdlari bilan ketayotgan edi. Yo'ldan cho'pon podani haydab o'tib qoldi. Shunda Abu Hanifa otdan tushib, cho'ponga salom berib, tavoze ko'rsatdi. Cho'pon ketgach, shogirdlari: “Ustoz, siz Kufada, Basrada dong'i ketgan olimsiz, oddiy cho'ponga bunchalik tavoze ko'rsatishingizning bosi nedir?” deyishdi. Abu Hanifa: “Bu cho'pondan hayvonlar haqida savol so'ragandim. U menga ustozlik qilgan edi. Muallimga tavoze ko'rsatish go'zal fazilatdir”, dedilar.
Huddi shunday Alisher Navoiy mulozimlari bilan ketayotib, nogoh ko'zlari yo'l bo'yida o'tirgan o'smir bolaga tushdi. Hazrat otdan tushib, bolakay salom berib, oldiga bordi va: “Bu yigitcha ustozimizning nabirasi. Biz unga e'tibor qaratib, ustoz xotiralarini shod ayladik”, degan.
Islom ta'limotiga ko'ra, ustoz nafaqat dunyoda izzat-hurmatda bo'ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta'lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o'zgalarning foydalanishi tufayli nomai a'moliga savob to'xtovsiz borib turadi. Hadisi sharifda: “Inson vafot etganda uning amali to'xtaydi, faqat uch narsa tufayli (uning nomai a'moliga savob yozilib turadi): sadaqai joriya, foydali ilm, duoi xayr qiluvchi solih farzand” (Imom Muslim rivoyati).
O'tkir Hoshimov “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”ida ustozni charxpalakka, shogirdni esa suvga o'xshatadi. Charxpalak o'zining parraklari orqali suvni yuqoriga ko'taradi. Yuqoriga chiqib olgan suv ortga qaytmaydi. Charxpalak esa bundan ranjimaydi, yana boshqa suvni yuqoriga ko'taraveradi.
Mirodil MIRJALILOV,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi o'rinbosari
Shu yilning 12 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat va taklif-mulohazalarini tingladi.
Mazkur qabul jarayonida fuqarolar tomonidan bildirilgan shar’iy masalalar, masjidlar qurish, haj va umra, ishga joylashish, oilaviy munosabatlar, kitob chop etish, moddiy yordam va sohani rivojlantirishga oid masalalar atroflicha o‘rganilib, mas’ullarga qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan topshiriq berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati