Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Avgust, 2025   |   13 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:53
Quyosh
05:24
Peshin
12:34
Asr
17:28
Shom
19:37
Xufton
21:01
Bismillah
07 Avgust, 2025, 13 Safar, 1447

O'zbekistonda Imom Buxoriy, Imom Termiziy asarlari chop etiladi va keng ommaga etkaziladi

02.10.2020   3937   4 min.
O'zbekistonda Imom Buxoriy, Imom Termiziy asarlari chop etiladi va keng ommaga etkaziladi

Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning O'qituvchi va murabbiylar kuniga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ma'lum qilindi.
Uning so'zlariga ko'ra, biz keng ko'lamli demokratik o'zgarishlar, jumladan, ta'lim islohotlari orqali O'zbekistonda yangi Uyg'onish davri, ya'ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni o'zimizga asosiy maqsad qilib belgiladik. Bu haqda gapirar ekanmiz, avvalo, uchinchi Renessansning mazmun-mohiyatini har birimiz, butun jamiyatimiz chuqur anglab olishi kerak.
“Tarixga nazar solsak, Buyuk ipak yo'lining chorrahasida joylashgan ona zaminimiz azaldan yuksak tsivilizatsiya va madaniyat o'choqlaridan biri bo'lganini ko'ramiz. Halqimizning boy ilmiy-madaniy merosi, toshga muhrlangan qadimiy yozuvlar, bebaho me'moriy obidalar, nodir qo'lyozmalar, turli osori atiqalar davlatchilik tariximizning uch ming yillik teran ildizlaridan dalolat beradi. Men yuqorida Aristotelning fikrlarini bejiz eslamadim. Hammangizga yaxshi ma'lum, antik davrda Yunonistonda yongan ilm mash'alasi to'qqizinchi – o'n ikkinchi asrlarda Markaziy Osiyo hududida qayta porladi. Bu davrda yurtimiz hududida birinchi Renessans yuzaga keldi va u butun dunyo tan oladigan mashhur daholarni etishtirib berdi. Hususan, Muhammad Horazmiy, Ahmad Farg'oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamahshariy singari o'nlab buyuk allomalarimizning jahonshumul ilmiy-ijodiy kashfiyotlari umumbashariyat taraqqiyoti rivojiga beqiyos ta'sir ko'rsatdi”, - ta'kidladi Mirziyoev.
Uning fikriga ko'ra, “Islom madaniyatining oltin asri” deb e'tirof etiladigan bu davrda ona zaminimizdan etishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg'inoniy, Abul Mu'in Nasafiy kabi ulug' ulamolar butun musulmon olamining faxru iftixori va cheksiz g'ururi hisoblanadi.
“O'n beshinchi asrda Sohibqiron Amir Temur bobomiz asos solgan va uning munosib avlodlari davom ettirgan muhtasham saltanat, yurtimizda ikkinchi Uyg'onish, ya'ni ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi. Bu davrda Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug'bek, G'iyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari benazir olimlar, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Horazmiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi. Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Hondamir kabi tarixchilar, Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod singari musavvirlar, ko'plab xattot va sozandalar, musiqashunos va me'morlarning shuhrati dunyoga yoyildi. Donishmand xalqimiz har ikki Renessans davrida jahonning eng ilg'or, taraqqiy etgan xalqlari qatorida bo'lgani barchamizga ulkan g'urur va iftixor bag'ishlaydi. Bir o'ylab ko'raylik, ajdodlarimiz bunday yuksak cho'qqilarga qanday erishganlar? Ular, eng avvalo, jaholatga qarshi ma'rifat bayrog'ini baland ko'tarib, o'z aql-zakovati va salohiyatini bashariyat yaratgan ilm-fan yutuqlarini chuqur o'rganish va boyitishga bag'ishlaganlar. Tan olish kerakki, biz ana shunday bebaho merosga ko'pincha faqat tarixiy yodgorlikka qaraganday munosabatda bo'lib kelmoqdamiz. Bunday tengsiz boylikni amaliy hayotimizga tatbiq etishda beparvolik va e'tiborsizlikka yo'l qo'ymoqdamiz. Vaholanki, bunday noyob meros kamdan-kam xalqlarga nasib etgan. Birgina Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti fondlarida saqlanayotgan 100 mingdan ortiq nodir qo'lyozmalarga dunyo ahli havas qiladi. Biz bu haqiqatni har tomonlama teran anglashimiz zarur. Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-ma'naviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu o'lmas meros hamisha yonimizda bo'lib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bag'ishlashi lozim. Avvalambor, milliy ta'lim tizimini ana shunday ruh bilan sug'orishimiz kerak. Buning uchun olim va mutaxassislarimiz, hurmatli ulamolarimiz bu ma'naviy xazinani bugungi avlodlarga sodda va tushunarli, jozibali shakllarda etkazib berishlari zarur.

Shu munosabat bilan Fanlar akademiyasi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Musulmonlar idorasi, Halqaro islom akademiyasi, Islom tsivilizatsiyasi markazi buyuk mutafakkirlarimizning ilmiy-ma'rifiy va madaniy merosini fundamental asosda nashrga tayyorlash, chop etish va keng ommaga etkazish, shuningdek, uni o'rganish metodikasini ishlab chiqib, amalda qo'llash chora-tadbirlarini ko'rsin. Bu masalaga Bosh vazir o'rinbosari B.Musayev mas'ul etib belgilanadi”, - o'z so'zini yakunladi davlat rahbari.


O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Dunyo tashvishlari sizni “mast” qilmasin!

06.08.2025   2021   2 min.
Dunyo tashvishlari sizni “mast” qilmasin!

O‘tgan solihlardan biri Alloh taoloning ushbu: ...Mast holingizda, to aytayotgan gapingizni biladigan bo‘lmaguningizcha, namozga yaqinlashmang... (Niso surasi, 43-oyat) oyatini eshitib, bunday dedi: Qanchadan-qancha namozxonlar borki, ular xamr ichmaganlar, lekin dunyoning mashg‘ulotlari ularni mast qilib qo‘yganidan namozida nima deyayotganini bilmaydi.

 

Izoh: Demak, inson nafaqat aroq yoki boshqa mast qiluvchi ichimliklardan, balki dunyoning ko‘plab chalg‘ituvchi, o‘ziga tortuvchi ishlari, tashvishlari va ularni hal qilishga bo‘lgan harakatlar natijasida ham “mast” bo‘lishi mumkin ekan.

Ya’ni, inson shunchalik ko‘p dunyoviy ishlarga sho‘ng‘ib ketadiki, ular uning fikri-yodini egallab oladi va oqibatda u Allohga ibodat qilayotganida ham dunyoni o‘ylayveradi, namozida nima deyayotganini tushunmay qoladi.

Shuningdek, dunyoga bo‘lgan haddan tashqari muhabbat va u bilan band bo‘lish insonning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini, natijada ibodatlarning qadri va mohiyati ham yo‘qolib qoladi.

Xuddi mast inson kabi, bunday kishi ham o‘zining holatini to‘liq anglab yetmaydi va ibodatning haqiqiy huzuridan mahrum bo‘ladi.

 

Eslatma: Qur’oni karimdagi: Mast holingizda, to aytayotgan gapingizni biladigan bo‘lmaguningizcha, namozga yaqinlashmang.. oyati ichkilik xususida nozil bo‘lgan ikkinchi oyatdir.

Agar birinchi oyatda (Baqara surasi, 219-oyat) ichkilikda ko‘p foyda va zararlar bor, ammo uning zarari foydasidan ko‘proq, deyilgan bo‘lsa, bu yerda musulmonlar uchun eng ulug‘ maqom bo‘lgan namoz o‘qish paytida mast holda bo‘lmaslikka buyurish bilan Qur’on uning harom narsa ekanligiga ishora qilib, unga nisbatan mo‘minlarda nafrat uyg‘otmoqda.

Navbatdagi ichkilik to‘g‘risida keladigan oyatda uni harom, deb e’lon qilinadi. Shariatning barcha hukmlari ana o‘sha so‘nggi oyatga asoslanadi.