Alloh taoloning zotini tanishda Alloh taologa makon isbot qilish masalasi ahli sunnaga ziddir. Vaholanki ahli sunna val jamoa aqidasini mukammal bayon qilingan aqida kitoblari matnlarida Alloh taologa makon isbot berilmaydi. Bunga barcha ahli sunna ulamolari ittifoq qilishgan. Imom Taxoviy o'zlarining aqida matnlarida bu borada
تعالى عن الحدود والغايات والاركان والاعضاء والادوات لا تحويه الجهات الست كسائر المبتدعات
U zot chegaralar, nihoyalar, arkonlar, a'zolar va asboblardan oliydir. U zotni boshqa paydo bo'lgan nasralar kabi olti taraf o'rab olmagan.
Sahobalar davrida Allohning sifatlari Qur'on va sunnatda kelganidan ortiqcha bahs qilinmaganiga guvoh bo'lamiz. Ammo keyinchalik paydo bo'lgan karromiya, mushabbiha va najjoriya kabi firqalar Alloh taoloning sifatlari haqida turli noto'g'ri da'volarni qilishdi. Ularning shunday da'volaridan biri Allohga makon isbot qilish bo'lgan. Shundan keyin Allohning makonlardan holi ekani haqida chuqur bahs qilishga ehtiyoj tug'ilgan. Ahli sunna val-jamoa ulamolari esa bu firqalarning da'voyu fitnalariga Qur'on va sunnat asosida keskin raddiyalar berganlar.
Karromiya va Mushabbiha firqalari: “Alloh taolo maxsus makonda, ya'ni Arshda”, - deydilar. Najjoriya firqasi: “Alloh taolo barcha makonda”, - deydilar.
Ahli sunna val-jamoa: “Alloh taolo biror makonda o'rin olishdan holidir”, - deydilar (Badul a'moliyning o'zbekcha sharhi – e'tiqod durdonalari).
Alloh taolo biror zamonda ham, makonda ham emas. Chunki makonni ham, zamonni ham Alloh yaratgan va U zotga nisbatan qayerda, va qachon degan savollar ishlatilmaydi. Imom Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Alloh qayerda deb so'ragan kishiga javoban: “Qayerdani tayin qilgan zotga nisbatan qayerda deyilmaydi”, deganlar. Keyin yana aytganlar: “Biror makon yo'qligida ham Alloh bor edi”. Avval qanday bo'lgan bo'lsa hozir ham shundaydir. Yana u kishiga aytildi: “Alloh qayerda? degan savolga qanday fikrdasiz?”. Unga aytiladi: “Alloh taolo xalq yaratilishidan oldin va biror makon yo'qligida ham bor edi. U har bir narsani Yaratuvchisidir". Imom Shofe'iy rahimahulloh: “Alloh biror makon yo'qligida ham bor edi, so'ng makonni yaratdi”. U azaliy sifatlarida makonni yaratishidan oldin qanday bo'lsa o'shanday. U zotga zoti va sifatlarida o'zgarish joiz emas. Imom Izz ibn Abdussalom aytdi: “Alloh makon va zamonni paydo qilishidan avval ham bor edi”. Hozir ham avval qanday bo'lsa shunday. Ibn Hojib “Aqiydati Izz ibn Abdussalom” kitobiga yozgan sharhida: “Ibn ibn Abdussalom aytgan gap haq yo'ldir, albatta, salaf va halaf ulamolari ham shu fikrda bo'lganlar”. Ularga faqatgina bir toifagina xilof qilgan. U toifa o'z yo'llarini yashiradilar va qo'rqitish bilan ilmi va aqli zaif bo'lgan kimsalarga fitna qiladilar”. Hashaviyya degan toifa ham Alloh makonda deb aytadi.
Imom Navaviy aytadi: “Albatta Allohga o'xshagan biron narsa yo'q. Alloh jismlanishdan, boshqa maxluqotlarni sifatlariga ko'chishdan va taraflarga bo'linishdan pokdir”. Imom Qorrofiy aytadi: “Haq taolo taraflarda emas, U biron tarafda bo'lmagan holda biz uni ko'ramiz” (Imom G'aznaviyning “Aqiydatut Tahoviy” ga yozgan sharhi).
Mashhur vatandoshimiz Umar Nasafiy rahimahulloh: “Aqoidun Nasafiy” asarida bu haqda quyidagicha yozgan: “U zot biror bir makonda o'rin olmaydi”. Ya'ni biror makondan o'rin olish boshqa makonga nisbatan uzoqda bo'lish hisoblanadi. Bir-biridan uzoq yoki yaqin masofada bo'lish esa jismlarning xususiyatlaridir. O'ng, chap, tepa, past, oldi va orqa tomonlarning birortasi Alloh taoloni o'z ichiga qamrab ololmaydi. Chunki borliqdagi barcha narsalarni, olti taraflarni ham Alloh taolo yo'qdan bor qilgan. Yo'qdan bor qilingan narsalar esa ularni yaratgan Zotni o'z ichiga ololmaydi. Alloh bunday nuqsonli xususiyatlardan xolidir. (Badul amoliyning o'zbekcha sharhi – e'tiqod durdonalari).
Bu zamon avvaldan bor bo'lmaganligi Alloh taologa zamon nisbatini berib bo'lmasligiga dalil bo'ladi. Zero, Allohdan o'zga har bir narsa keyin paydo bo'lganiga dalil bor. Agar Alloh keyin paydo bo'lgan va Allohga zamonni ta'siri bor deydigan bo'lsak, U avvalda bo'lmay so'ng paydo bo'lgan degan tushuncha hosil bo'lib qolardi. Lekin bu xato tushuncha. Shunday ekan Alloh taologa zamonni ta'siri bo'lishligi ham xatodir. Ya'ni, Allohni mavjudligini zamonga daxli yo'q. Imom Sa'd “Sharhul aqoid” kitobida aytdilar: “U zotga vaqtning ta'siri yo'q. Chunki zamon o'zgarib, yangilanib turadi. Alloh taolo esa bundan mutloq pokdir” (Imom G'aznaviyning “Aqiydatut Tahoviy” ga yozgan sharhi).
Shunga ko'ra, firqalarning gaplari ta'vil qilish imkoni bo'lmaydigan darajada ochiq-oydin aytilsa, masalan, “Alloh osmonda joylashgan”, yoki “Arsh ustiga o'rnashgan” deyilsa, Alloh taologa nuqsonni nisbat berish deb qaralgan. Nuqsonni nisbat berishni esa barcha ulamolar kufr sanashgan.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Uning mislidek biror “shay” yo'qdir va U o'ta eshitguvchi zotdir”(Shuro surasi, 11-oyat).
Rasululloh sollallohu alahyi vasallam aytadilar:
تفكروا في خلق الله ولا تفكروا في الله فتهلكوا
“Alloh yaratganlari borasida fikr qilinglar, Alloh borasida esa fikr qilmanglar, halok bo'lasizlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Demak, Ahli sunna val-jamoa va mazkur adashgan firqalar orasidagi asosiy farq “Alloh taolo makondan holi”, deb e'tiqod qilish lozimligida bo'ladi (Badul a'moliyning o'zbekcha sharhi – e'tiqod durdonalari).
So'zimizning oxirini So'fi Ollohyorning “Sabotul Ojizin” da keltirgan baytlari bilan tugatmoqchimiz. U kishi aqoid masalalarida ham durlardek nazm bilan aytadilar:
Erur hozir hamisha, yo'q makoni,
Anga qilg'on emas sabqat zamoni.
Udur hokim ki hukmin o'zga etmas,
Aning zotig'a hech kim aqli etmas
Ko'ngulda kechsa ko'zga tushsa har shay
Erur andin munazzah xoliqu xay.
Farishtalar, nabilar etmadilar,
Bo'ysundilaru fikr etmadilar.
Vale fikr et, Hudoning qudratig'a,
Ajoyib ishlarig'a, san'atig'a.
Davron ABDUQODIROV,
“Imom Faxriddin Roziy” o'rta maxsus islom bilim yurti mudiri.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Shuncha mo‘jizalarni ko‘rib ham ba’zi odamlar iymon keltirmaydilar. Ayrimlarga dinga bo‘yin egish yoqmaydi. Hamma narsa o‘zining xohishicha bo‘lishini istaydi. Alloh taolo o‘rnatgan adolat hammaga ham yoqavermaydi.
Iymon keltirmaydiganlar boshqalarning haqqini tortib olish evaziga bo‘lsa-da, huzur qilib qolishni ma’qul ko‘radilar. Buning uchun esa o‘zlariga mos qonun-qoidalar o‘ylab topadilar. O‘zlariga barcha imtiyozlarni berib, qolganlardan tortib olishga harakat qiladilar. Buning uchun esa avvalo Allohning borligini inkor etishlari kerak bo‘ladi.
Ayrimlar ne’matlarga ko‘milib yashasalar ham ne’mat bergan Zotni unutadilar. Mol-dunyolari qayerdan, qanday keldi, bu haqida o‘ylab ham ko‘rmaydilar. Nafs balosi ko‘zlarini ko‘r qilib qo‘ygan bo‘ladi. Ular o‘zlariga ato qilingan ne’matlarning shukrini ado qilmaydilar, buni inkor etadilar.
Hamma narsaga o‘z kuchlari bilan erishganlarini, shuning uchun ham xohlagancha sarf qilishlarini aytib, aslida haqiqiy in’om qiluvchi bo‘lgan Allohni inkor etadilar. Ular moddiyatchi bo‘lsalar ham ularga aytadigan gapimiz bor: sizlar hech bir narsa o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi deysizlar. Qo‘llaringizdagi mol-dunyoni o‘zingiz qo‘lga kiritganingizni aytasizlar. O‘z-o‘zidan mol-dunyo paydo bo‘lmaydi deysizlar. Lekin nega shu e’tiqodingiz butun borliqqa kelganda oqsaydi? Nega butun borliq ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi mumkin emasligini anglamaysizlar? Aksincha borliqni shunchaki tasodifan paydo bo‘lib qolgan deysizlar.
Bunday kimsalar boshlang‘ich moddadan butun olam yaralgan va rivojlangan deydilar. Biroq o‘sha moddani kim yaratganini, qaysi kuch uni harakatga keltirganini o‘ylab ham ko‘rmaydilar.
Undaylar ko‘z o‘ngida ilohiy mo‘jiza sodir bo‘lsa ham iymon keltirmaydilar. Hatto g‘arb mamlakatlarida bugungi kunda ilm-fan bilan dinni ajratish holatlari kuzatilmoqda. Buning sababi uzoq davom etgan nasroniylik dinining ilm-fan bilan chiqisha olmagani bo‘lishi ham mumkin.
Cherkovlar yaqin-yaqingacha odamlarni ilm-fandan to‘sib kelgan. Hatto yahudiylarning muqaddas kitobida kelishicha Odam alayhissalom yeb qo‘ygan meva ma’rifat daraxtining mevasi bo‘lib, undan yeyish jinoyat sanalgan. Ya’ni ilm-fan bilan shug‘ullanish ularda gunoh sanalgan. Biror ilmiy kashfiyot qilganga Allohning qahri keladi deb bilishgan.
Mana shunday qarashlar sabab cherkov va olimlar o‘rtasida uzoq davom etgan va hozirgacha ta’siri bilinib turadigan urushlar yuzaga kelgan. Yevropada o‘n beshinchi asrlarda yerning sharsimon ekanligini aytgan odamlarni tiriklayin yoqishga hukm qilingan.
Ammo, Islom dinida bunday emas. Odam alayhissalom jannatda shaytonning vasvasasi bilan taqiqlangan mevani yeb qo‘yganlar. Natijada u yerdan quvilganlar. Shayton hozir ham dunyo matohlarini insonlarga ziynatlab ko‘rsatadi.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan