G'arb davlatlarining birida g'aroyib an'ana bor ekan. Unga ko'ra, ko'chalardagi afishalarga, e'lonlar osiladigan joylarga “Haqiqiy sevgi hali oldinda” degan yozuvlar yopishtirib qo'yilarkan. Bu yozuvlar katta hayotga endi qadam bosayotgan yosh qizlarga qaratilgan bo'lar ekan. Ya'ni ularni iffatlarini saqlashga, iboli, hayoli bo'lishga chaqiriq hisoblanarkan. Chunki ko'pgina qizlar hali etarlicha hayotni anglaydigan, yaxshi bilan yomonni ajrata oladigan yoshga etmasdan aldoqchi yigitlarning yolg'on va'daliriga ishonib hayotlarini barbod qilishadi.
Sevgi-muhabbat munosabatlariga erta kirishish oqibatida yosh qizlarning xayoli keraksiz narsalar bilan band bo'lishi, ularning ongida ilm olishga bo'lgan ishtiyoq so'nib qolishi, ertayu kech o'tkinchi hoyu havaslarning domiga asir bo'lishlari oqibati yaxshilik bilan tugamasligi kundek ravshan va ko'pgina hayot tajribalarida ham isbotlangan haqiqatdir.
Qizlarni ogohlikka chaqirishda katta yozuvli e'lonlardan tashqari ishqiy munosabatlarni erta boshlab, hayotda pand egan ba'zi ayollar tarafidan yosh qizlarga barvaqt boshlangan sevgi boshga balo bo'lishi haqida tushuntirish ishlari ham olib borilar ekan.
O'sha suhbatlarda ayollar bunday munosabatlar yoshlikni zoye qilishini, ilm oladigan, katta-katta ishlarni amalga oshiradigan davrda arzimas o'yin-kulgu bilan vaqtni o'tkazib yuborilishi, qolaversa, bu ishlarning oqibatida iffatning buzilishi, nomusning toptalishi, qalb xotirjamligining yo'qolishi, hattoki erga tekkandan keyin ham bu narsa davom etishi haqida gapirib, qizlarga “Haqiqiy muhabbat hali oldinda” degan yozuv bitilgan bilakuzuklar hadya qilishar ekan.
Qiz bola har safar biror yigit bilan shunday munosabtga kirishmoqchi bo'lganda shu yozuvga ko'zi tushib bu yo'ldan qaytishi, bu yo'lning oxiri voy bo'lishini eslashi uchun shunday odat yo'lga qo'yilgan ekan.
Bugungi kunda biz musulmonlar bu kabi xayrli tadbirlarni amalga oishirishga har qachongidan ko'ra muhtojmiz. Zero, millatning, xalqning yuksalishi ayollarning islohi ila amalga oshiriladi. Agar ayol gul bo'lsa, millat ham guldek o'sib yashnaydi. Millat o'z gullarining, gulzorlarining payhon qilinishiga yo'l qo'yib bergan kuni kafanga o'ralgan kuni bo'ladi.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
"Farzand tarbiyasida 700 ta saboq" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
Bir ayol Lays ibn Sa’ddan ozroq asal berishini iltimos qildi. Lays unga bir mesh asal olib kelishlarini buyurdi. Atrofidagilardan biri: “Nima uchun bu ayolga buncha asal beryapsiz? Axir u sizdan ozgina asal so‘radi, xolos”, dedi. Laysning javobi mana shunday bo‘ldi: “U bizdan o‘ziga keragini so‘radi, biz esa unga Alloh taolo bizga bergan ne’matlari miqdoricha beramiz”.
Lays ibn Sa’d har kuni uch yuz oltmish bechoraholga sadaqa ulashmasidan burun birov bilan gaplashmas ekan. Biz-chi, biz?! Har kuni yarimta xurmo bo‘lsa-da, sadaqa qilyapmizmi?! Agar mol-dunyoingiz yetarli bo‘lsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Mol-dunyo sadaqa sababli kamaymaydi”[1] degan gaplarini esingizdan chiqarmang!
Aliy roziyallohu anhu bir kuni yig‘ladilar. U kishidan: “Yig‘ingizning boisi ne?” – deb so‘rashganida, “Mening oldimga mana yetti kundirki mehmonning qadami yetmadi. Alloh meni xor qilyaptimikan deb xavfsirab qoldim”, degan ekanlar.
Birovga ehson berar ekansiz, chehrangiz ochiq bo‘lsin. Yaxshilik qilayotgan kishingizning qarshisida qovog‘ingizni uymang.
Shoir aytadi:
Faqir dargohiga har dam chehrang ochib bor,
O‘zingni past tutib, kibru havodan qochib bor.
Bergan narsalaringizni minnat qilishdan saqlaning, yo‘qsa amallaringiz chippakka chiqadi. Alloh taolo aytadi: «Yaxshi so‘z va kechirish ortidan ozor keladigan sadaqadan ko‘ra yaxshiroqdir. Alloh behojat va halimdir»[2]. Yana Alloh taolo minnatchilikdan ogohlantirib, shunday deydi: «Ey iymon keltirganlar! Molini odamlar ko‘rsin deb beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o‘xshab, (bergan) sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang!..”[3].
Bir kishi do‘stining oldiga keldi. Do‘sti unga: “Nima gap, tinchlikmi? Biror ishing bo‘lsa ayt”, dedi. U: “Mening to‘rt yuz dirham qarzim bor, beray desam bir dirham ham pulim yo‘q”, dedi. Do‘sti unga to‘rt yuz dirham berdi-da, ko‘zlarida yosh ila uyiga kirdi. Ayoli: “Axir yig‘lar ekansiz, nimaga berdingiz?” – dedi. Shunda u: “Xudo haqqi, men bu uchun yig‘layotganim yo‘q. Meni yig‘latgan narsa, nahot yaqin do‘stimning bu holidan bexabar qoldim, axir do‘stim eshigimgacha kelibdi. Shuning xijolatidan yig‘layapman”, debdi.
Yaqinlarimiz, qarindosh-urug‘, do‘stlarimiz holidan xabar olayapmizmi?!
Ularga biror narsa bergudek bo‘lsak, ularning hojatlari miqdoricha berayapmizmi yoki bizga ato qilingan ne’matlar qadarmi?!
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy rivoyat qilgan.
[2] Baqara surasi, 263-oyat.
[3] Baqara surasi, 264-oyat.