frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

02.10.2020 y. Zamonaviy savdo turlari va ularga oid masalalar

28.09.2020   7702   17 min.
02.10.2020 y. Zamonaviy savdo turlari va ularga oid masalalar

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ للهِ الذِي أَحَلَّ البَيْعَ والشِّرَاءَ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمَ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الَّذِيعَلَّمَالبَيْعَ

وَحَذَّرَ عَنِ الرِّبَا، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.

ZAMONAVIY SAVDO TURLARI VA ULARGA OID MASALALAR

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, bugungi kunda yurtimizda tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Bunday imkoniyatlardan har bir shaxs oqilona foydalanib, dunyo va oxirati uchun zaxira bo'ladigan xayrli ishlarni amalga oshirishi ayni muddaodir. Dinimiz insonlar o'rtasidagi munosabatalarda hamisha adolat, insof, halollik bo'lishini talab etadi va musulmonlarni shunga chaqiradi. Bu munosabatlar orasida savdo-sotiq ham alohida ahamiyatga egadir. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday  marhamat  qilgan:

وَأَحَلَّ اللَّهُ الْبَيْعَ وَحَرَّمَ الرِّبَا

ya'ni: “Alloh savdoni  halol, riboni harom  qildi” (Baqara surasi, 275 oyat).

Dinimiz rostgo'y va halol savdogarlarga yuksak martabalarni va'da qilgan. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

  "التَاجِرُ الصَّدُوقُ تَحْتَ ظِلِّ الْعَرْشِ یَوْمَ الْقِیَامَةِ"

(رَوَاهُ الإمام الدیلمي عن أنس رضي االله عنه)

ya'ni: “Rostgo'y savdogar Qiyomat kunida arshning soyasidadir” (Imom Daylamiy rivoyati).

Savdo-sotiqda rostgo'y bo'lmagan va taqvo qilmagan kimsalar Qiyomat kunida gunohkor holatda tiriladilar. Bu haqda Payg'ambarimiz sallalohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"يَا مَعْشَرَ التُّجَّارِ" حَتَّى إِذَا اشْرَأَبُّوا، قَالَ: "إِنَّ التُّجَّارَ يُحْشَرُونَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فُجَّارًا إِلَّا مَنِ اتَّقَى، وَبَرَّ، وَصَدَقَ"

 (رواه الإمام الترمذي عَنِ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ رضي الله عنه)

ya'ni: “Ey, savdogarlar jamoasi!”. Hamma qaradi, shunda U Zot: “Albatta, savdogarlar qiyomat kunida gunohkor holatda tiriladilar, faqat kim (savdoda) Allohdan qo'rqsa, solih amallarni qilsa va rost so'zlasa bundan mustasno”, dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Bu hadisi sharifdan tijorat sharafli kasb bo'lishi bilan birga rostgo'y va taqvodor bo'lishni talab qiladigan o'ta mas'uliyatli kasb ekanligi ma'lum bo'lmoqda.

Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning Bishr ismli savdoda sheriklari bor edi. Bishr savdo qilish maqsadida Misrga qarab yo'l oldi. Abu Hanifa rahmatullohi alayh unga ipak matodan etmishta kiyim yubordilar. Sheriklariga yuborgan molning ma'lum qismi aybli ekani, ularni sotayotgan

vaqtda oluvchiga aybini aytib sotishi lozimligini tayinlab xat yozdilar. Bishr mollarni hammasini sotib Kufaga qaytdi. Abu Hanifa rahmatullohi alayh undan: “Ipak matoli kiyimlarni aybini aytib sotdingmi”? – deb so'radilar. Ularni aytish yodimdan ko'tarilibdi – dedi Bishr hijolat bo'ldilar. Shunda Abu Hanifa rahmatullohi alayh savdodan tushgan foyda katta bo'lishiga qaramasdan uni hammasini sadaqa qilib yuborganlar.

Mazhabboshimizning bu parhezkorliklari va boshqaning haqqidan hazar qilishlari barchamizga namuna va o'rnak bo'lishi lozim.

Azizlar! Ma'lumki, hozirgi kunda savdo-sotiqni turlari ko'paydi. Quyida ulardan ba'zisini bayon qilamiz:

“Taqsit” savdosi. “Taqsit” so'zi lug'atda “bo'lib-bo'lib to'lash” ma'nosida bo'lib, shar'iy istilohda “savdo molini xaridorga darhol topshirib, bahosini nasiya qilish”ga aytiladi. Masalan, bir kishi 10 mingga mashina sotib olib, ustiga 20% qo'yib, 12 mingga ma'lum bir muddatga nasiyaga sotishi joiz. Bu savdo “Taqsit” savdosi deyiladi.

Bu savdo nasiya bo'lgani uchun tabiiyki naqd savdoga qaraganda bahosi qimmatroq bo'ladi. Bu haqida zamonamizning etuk ulamolaridan fazilatli Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy shunday deydilar:

أَمَّا الْاَئِمَّةُ الْأَرْبَعَةُ وَجُمْهُورُ الْفُقَهَاءِ وَالْمُحَدِّثِيْنَ فَقَدْ اَجَازُوا الْبَيْعَ الْمُؤَجَّلَ بِأَكْثَرَ مِنْ سِعْرِ النَّقْدِ بِشَرْطِ أَنْ يَبُتَّ الْعَاقِدَانِ بِأَنَّهُ بَيْعٌ مُؤَجَّلٌ بِأَجَلٍ مَعْلُومٍ وَبِثَمَنٍ مُتَّفَقٍ عَلَيْهِ عِنْدَ الْعَقْدِ

ya'ni: To'rtala mazhab imomlari va fuqaho muhaddislar jumhuri nasiyani naqdning bahosidan qimmatroq sotish savdosiga ijozat berganlar. Lekin, oluvchi va sotuvchi muayyan muddatga va kelishuv vaqtidagi muayyan narxga uzil-kesil kelishib olishlari shart (“Buhusun fi qozoya fiqhiyya mu'asiro” kitobi).  

Bu savdoda agar ikki tomon “Naqdga olsang faloncha, nasiyaga olsang faloncha” deb ikkisidan biriga uzil-kesil kelishib olinmasa, savdo fosid bo'ladi, ya'ni buziladi.

Demak, Taqsit savdosida ham nasiya savdodagi bir nechta shartlarga rioya qilish kerak bo'ladi. Ular quyidagilar:

  • Nasiya savdoning muddati aniq bo'lishi kerak;
  • Nasiyaga sotilgan mahsulotning narxi aniq bo'lishi kerak;
  • Haridor qarzini kelishilgan vaqtda uza olmasa, yana qo'shimcha narx (ba'zilar buni jarima deydi) qo'shilmasligi kerak.

Nasiya savdo bilan sotib olingan narsa ham to'liq xaridorning mulki va tasarrufiga o'tadi va xaridor sotuvchidan (pulni naqd bermagani uchun) mahsulotning narxiga qarzdor bo'lib qoladi. Bundan keyin sotuvchi xaridordan faqat pulni so'raydi xolos, mahsulotni emas.

Nasiyaga mahsulot sotib olgan musulmon kishi doim qarzini to'lash va vaqtida ado qilish payida bo'lish kerak. Mana shunda Alloh taolo unga yordamchi bo'lib, tez kunda qarzidan qutiladi. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

"مَنْ أَخَذَ أَمْوَالَ النَّاسِ يُرِيدُ أَدَاءَهَا أَدَّى اللَّهُ عَنْهُ وَمَنْ أَخَذَها يُرِيدُ إِتْلَافَهَا أَتْلَفَهُ اللَّهُ"

(رواه الإمام البخاري عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Kim odamlarning molini qaytarib berish maqsadida olsa, Alloh taolo unga yordamchi bo'ladi. Kim odamlarning moliga talofat etkazish (chuv tushirish) uchun olsa, Alloh taolo uning o'zigi talofat etkazadi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Imkoni bo'la turib qarzni cho'zishni Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam “zulm” deb ataganlar:

"مَطْلُ الْغَنِيِّ ظُلْمٌ"

(رواه الامام البخاري عن أَبَي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ)

ya'ni: “Boyning (qarzni bermasdan) cho'zib yurishi zulmdir” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Demak, qarzni uzishga imkon bo'lishi bilan uni uzishga shoshilish lozim bo'ladi. Qarzi bor kishi shuni yaxshi bilishi kerakki, odamlardan qarz olib, uni to'lamasdan (yoki to'laydigan mol qoldirmasdan) dunyodan o'tib ketadigan bo'lsa, Qiyomatda bu qarzni savoblari bilan to'lab beradi. Chunki u erda to'laydigan pul yo'q, savob esa hammaga kerak bo'lib turgan bo'ladi.

Hozirgi kunda ommalashgan iqtisodiy faoliyatlardan yana biri –moliyaviy piramida.Bu faoliyat turining ko'rinishi shundayki, kishi ma'lum miqdorda pul tikib, mazkur tizimga kiradi. Keyin u ushbu tizimga boshqalarni ham jalb qiladi. Jalb qilingan yangi a'zolar ham belgilangan miqdordagi pulni tikib, tarmoqqa qo'shiladilar. Keyin ular ham yangi a'zolarni da'vat qila boshlaydilar. Har bir yangi kirgan a'zoning evaziga uning a'zo bo'lishiga sababchi bo'lgan kishi shirkat tarafidan ma'lum miqdorda mablag' olib turadi.  Ko'rinib turibdiki, bu tizim quyidagi shaxslarning yutqazishi evaziga yuqorisidagi kishilarning yutishi, ko'pchilikning kuyishi natijasida ozchilikning gurkirashiga xizmat qiladi.

Bu kabi tizimlarga a'zo bo'lish shar'an man qilingan. Chunki ushbu faoliyatning shariatimizga to'g'ri kelmaydigan jihatlari ko'p. Mazkur yo'nalishdagi shirkatlarda daromad olish tizimi boshqa ishtirokchilarni jalb qilish bilan bog'liq bo'ladi. Agar ishtirokchi talab qilingan adaddagi kishilarni jalb qilsa, ularning hisobidan pul oladi, aks holda puldan mahrum bo'ladi. Bu esa qimordir. Qimor esa haromdir.

Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنَّمَا الخَمْرُ وَالمَيْسِرُ وَالأَنْصَابُ وَالأَزْلَامُ رِجْسٌ مِنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

ya'ni: “Ey, iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho'plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo'ling. Shoyadki, najot topsangiz” (Moida surasi, 90-oyat).

Qolaversa, yangi kirgan a'zoning evaziga uning a'zo bo'lishiga sababchi bo'lgan kishi shirkat tarafidan ma'lum miqdorda muntazam mablag' olib turishi ham shar'an joiz emas.

Ushbu moliyaviy faoliyatning bundan boshqa noshar'iy jihatlari ham bor. Shuning uchun ham ko'zga ko'ringan ko'plab Fatvo uyushmalari va Islom ulamolari bu kabi moliyaviy piramidalar hamda mohiyatan shunga yaqin moliyaviy faoliyatlarni shar'an joiz emasligiga fatvo berishgan.

Hozirgi kundan ommalashgan ishlardan biri – Saytda reklama e'lon qilib, uni orqasidan pul topish.Agar saytda fahsh suratlar, videolar, Alloh harom qilgan mahsulotlarni va inson hayotiga xavf soladigan narsalar reklama qilinmasa, sayt orqali reklama berib, pul topish joiz. Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday marhamat qilgan:

وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَاب

ya'ni: “Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilinglar, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmanglar! Allohdan qo'rqinglar! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).

Azizlar! Ulamolarimiz inson va inson a'zolarini sotish mutlaq mumkin emasligini takidlaydilar. Bu borada “Raddul-muhtor” kitobida shunday deyiladi:

وَكَذَا بَيْعُ كُلِّ مَا انْفَصَلَ عَنِ الْآدَمِيِّ كَشَعْرٍ وَظُفْرٍ لِأَنَّهُ جُزْءُ الْآدَمِيِّ وَلِذَا وَجَبَ دَفْنُهُ

ya'ni: Shuningdek, odamzotdan ajrab chiqqan soch, tirnoq kabilarni sotish botildir. Chunki ular odamzotning bo'lagi, juzi hisoblanadi. Shuning uchun ham uni ko'mish vojib bo'ladi.

Demak, ba'zi ayollar to'kilgan sochlarini kimlargadir pulga sotishadi yoki har-xil plastmassa yoki temir idishlarga almashishadi. Shu ishlari umuman shariatga ziddir.

Shuningdek, barcha savdolarga tegishli quyida umumiy qoida bor: kishi o'zida bo'lmagan narsani yoki sotib olgan narsasini hali qo'li bilan ushlamasdan turib boshqaga sotishiga shariatimiz ruxsat bermaydi. Bu haqda fiqhiy kitoblarimizda quyidagi jumla keltirilgan:

لاَ يَجُوزُ بَيْعُ الْمَنْقُولِ قَبْلَ الْقَبْضِ، وَيَجُوزُ بَيْعُ الْعَقَارِ قَبْلَ الْقَبْضِ

ya'ni: “Ko'chadigan mahsulotlarni  qo'lga kiritishdan avval sotish joiz emas. Ko'chmas mulklarni (masalan, erni) esa qo'lga olmasdan ham sotish joiz” (“Muxtasarul viqoya” kitobi).

Demak, erdan boshqa barcha mahsulotlarni sotishdan oldin sotuvchi mahsulotni qo'lga kiritgan bo'lishi lozim bo'ladi, aks holda oldi-sotdi buziladi.

Har bir narsaning odobi bo'lganidek savdoda ham o'ziga yarasha qonun-qoidasi mavjud. Sotuvchi yolg'on gapirmasligi, xiyonat qilmasligi, tarozi, litr, metr, hajm va donasidan urmasligi, xaridorni hurmat qilishi lozim hamda xaridor kambag'alroq bo'lsa imkon qadar narxdan tushib berishi maqtovga sazovor ishlardandir. Bu haqda Payg'ambarimiz sallalohu alayhi vasallam savdoda saxiy bo'lish haqida shunday deganlar:

"إِنَّ اللهَّ يُحِبُّ سَمْحَ الْبَيْعِ سَمْحَ الْشِرَاءِ"

(رواه الامام الترميذي عن ابي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Albatta, Alloh oldi-sotdida qo'li ochiq bo'lganlarni yaxshi ko'radi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

            Afsuski, hozirgi kunda ba'zi joylarda narxni sun'iy yo'llar bilan ko'tarish va odamlar noroziligiga sababchi bo'lish holatlari uchramoqda. Bu ish og'ir gunoh bo'lib, bunga sababchi bo'lganlarning oxiratdagi ahvoli juda ham ayanchli bo'ladi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"مَنْ دَخَلَ فِي شَيْءٍ مِنْ أَسْعَارِ الْمُسْلِمِينَ لِيُغَلِّيَهُ عَلَيْهِمْ، كَانَ حَقًّا عَلَى الله تَبَارَكَ وَتَعَالَى أَنْ يُقْعِدَهُ

 فِي مُعَظَّمٍ مِنَ النَّارِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ"

(رواه الإمام أحمد عن عبيد الله بن زياد رضي الله عنه)

 ya'ni: “Kim musulmonlarga qimmatroq bo'lsin deb, ularning narxlariga daxldor bo'lsa, Alloh taborak va taologa qiyomat kuni uni olovning ulkaniga o'tqazish vojib bo'ladi” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Shunday ekan, hozirgi pandemiya sharoitida mo'min-musulmonlar o'zaro elkadosh bo'lib, narx-navo va yo'l haqini ham insof bilan belgilashi, o'zini boshqalarning o'rniga qo'yib ko'rishi ayni muddaodir. 

Alloh taolo barchamizga haloldan kasbu kor qilishni nasib aylab, dunyo va oxiratimizni obod aylasin! Omin!

 

Hurmatli imom-domla! Ma'ruza asnosida namozxonlarga karantin talablariga rioya etish, ijtimoiy masofani saqlash, ayniqsa jamoat va juma namozlarida bunga jiddiy e'tibor qaratish lozimligini eslatib o'ting!!!

 

Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi “DINIMIZDA MYeROS MASALASI” mavsusida bo'ladi, inshaalloh.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

14.08.2026   22853   3 min.
Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

Marg‘ilon – Farg‘ona vodiysining eng qadimiy va o‘ziga xos shaharlaridan biri. Uning tarixini faqat me’moriy obidalar, qadimiy ko‘chalar yoki mashhur hunarmandchilik an’analari bilangina emas, balki asrlar davomida xalq e’zozida bo‘lib kelayotgan ziyoratgohlarsiz ham tasavvur etib bo‘lmaydi, xabar bermoqda O‘zA.

Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.

Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.

Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.

Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.

Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.

Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.

Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari