بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ للهِ الذِي أَحَلَّ البَيْعَ والشِّرَاءَ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمَ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الَّذِيعَلَّمَالبَيْعَ
وَحَذَّرَ عَنِ الرِّبَا، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.
ZAMONAVIY SAVDO TURLARI VA ULARGA OID MASALALAR
Muhtaram jamoat! Ma'lumki, bugungi kunda yurtimizda tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Bunday imkoniyatlardan har bir shaxs oqilona foydalanib, dunyo va oxirati uchun zaxira bo'ladigan xayrli ishlarni amalga oshirishi ayni muddaodir. Dinimiz insonlar o'rtasidagi munosabatalarda hamisha adolat, insof, halollik bo'lishini talab etadi va musulmonlarni shunga chaqiradi. Bu munosabatlar orasida savdo-sotiq ham alohida ahamiyatga egadir. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:
وَأَحَلَّ اللَّهُ الْبَيْعَ وَحَرَّمَ الرِّبَا
ya'ni: “Alloh savdoni halol, riboni harom qildi” (Baqara surasi, 275 oyat).
Dinimiz rostgo'y va halol savdogarlarga yuksak martabalarni va'da qilgan. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"التَاجِرُ الصَّدُوقُ تَحْتَ ظِلِّ الْعَرْشِ یَوْمَ الْقِیَامَةِ"
(رَوَاهُ الإمام الدیلمي عن أنس رضي االله عنه)
ya'ni: “Rostgo'y savdogar Qiyomat kunida arshning soyasidadir” (Imom Daylamiy rivoyati).
Savdo-sotiqda rostgo'y bo'lmagan va taqvo qilmagan kimsalar Qiyomat kunida gunohkor holatda tiriladilar. Bu haqda Payg'ambarimiz sallalohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"يَا مَعْشَرَ التُّجَّارِ" حَتَّى إِذَا اشْرَأَبُّوا، قَالَ: "إِنَّ التُّجَّارَ يُحْشَرُونَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فُجَّارًا إِلَّا مَنِ اتَّقَى، وَبَرَّ، وَصَدَقَ"
(رواه الإمام الترمذي عَنِ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ رضي الله عنه)
ya'ni: “Ey, savdogarlar jamoasi!”. Hamma qaradi, shunda U Zot: “Albatta, savdogarlar qiyomat kunida gunohkor holatda tiriladilar, faqat kim (savdoda) Allohdan qo'rqsa, solih amallarni qilsa va rost so'zlasa bundan mustasno”, dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).
Bu hadisi sharifdan tijorat sharafli kasb bo'lishi bilan birga rostgo'y va taqvodor bo'lishni talab qiladigan o'ta mas'uliyatli kasb ekanligi ma'lum bo'lmoqda.
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning Bishr ismli savdoda sheriklari bor edi. Bishr savdo qilish maqsadida Misrga qarab yo'l oldi. Abu Hanifa rahmatullohi alayh unga ipak matodan etmishta kiyim yubordilar. Sheriklariga yuborgan molning ma'lum qismi aybli ekani, ularni sotayotgan
vaqtda oluvchiga aybini aytib sotishi lozimligini tayinlab xat yozdilar. Bishr mollarni hammasini sotib Kufaga qaytdi. Abu Hanifa rahmatullohi alayh undan: “Ipak matoli kiyimlarni aybini aytib sotdingmi”? – deb so'radilar. Ularni aytish yodimdan ko'tarilibdi – dedi Bishr hijolat bo'ldilar. Shunda Abu Hanifa rahmatullohi alayh savdodan tushgan foyda katta bo'lishiga qaramasdan uni hammasini sadaqa qilib yuborganlar.
Mazhabboshimizning bu parhezkorliklari va boshqaning haqqidan hazar qilishlari barchamizga namuna va o'rnak bo'lishi lozim.
Azizlar! Ma'lumki, hozirgi kunda savdo-sotiqni turlari ko'paydi. Quyida ulardan ba'zisini bayon qilamiz:
“Taqsit” savdosi. “Taqsit” so'zi lug'atda “bo'lib-bo'lib to'lash” ma'nosida bo'lib, shar'iy istilohda “savdo molini xaridorga darhol topshirib, bahosini nasiya qilish”ga aytiladi. Masalan, bir kishi 10 mingga mashina sotib olib, ustiga 20% qo'yib, 12 mingga ma'lum bir muddatga nasiyaga sotishi joiz. Bu savdo “Taqsit” savdosi deyiladi.
Bu savdo nasiya bo'lgani uchun tabiiyki naqd savdoga qaraganda bahosi qimmatroq bo'ladi. Bu haqida zamonamizning etuk ulamolaridan fazilatli Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy shunday deydilar:
أَمَّا الْاَئِمَّةُ الْأَرْبَعَةُ وَجُمْهُورُ الْفُقَهَاءِ وَالْمُحَدِّثِيْنَ فَقَدْ اَجَازُوا الْبَيْعَ الْمُؤَجَّلَ بِأَكْثَرَ مِنْ سِعْرِ النَّقْدِ بِشَرْطِ أَنْ يَبُتَّ الْعَاقِدَانِ بِأَنَّهُ بَيْعٌ مُؤَجَّلٌ بِأَجَلٍ مَعْلُومٍ وَبِثَمَنٍ مُتَّفَقٍ عَلَيْهِ عِنْدَ الْعَقْدِ
ya'ni: To'rtala mazhab imomlari va fuqaho muhaddislar jumhuri nasiyani naqdning bahosidan qimmatroq sotish savdosiga ijozat berganlar. Lekin, oluvchi va sotuvchi muayyan muddatga va kelishuv vaqtidagi muayyan narxga uzil-kesil kelishib olishlari shart (“Buhusun fi qozoya fiqhiyya mu'asiro” kitobi).
Bu savdoda agar ikki tomon “Naqdga olsang faloncha, nasiyaga olsang faloncha” deb ikkisidan biriga uzil-kesil kelishib olinmasa, savdo fosid bo'ladi, ya'ni buziladi.
Demak, Taqsit savdosida ham nasiya savdodagi bir nechta shartlarga rioya qilish kerak bo'ladi. Ular quyidagilar:
Nasiya savdo bilan sotib olingan narsa ham to'liq xaridorning mulki va tasarrufiga o'tadi va xaridor sotuvchidan (pulni naqd bermagani uchun) mahsulotning narxiga qarzdor bo'lib qoladi. Bundan keyin sotuvchi xaridordan faqat pulni so'raydi xolos, mahsulotni emas.
Nasiyaga mahsulot sotib olgan musulmon kishi doim qarzini to'lash va vaqtida ado qilish payida bo'lish kerak. Mana shunda Alloh taolo unga yordamchi bo'lib, tez kunda qarzidan qutiladi. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
"مَنْ أَخَذَ أَمْوَالَ النَّاسِ يُرِيدُ أَدَاءَهَا أَدَّى اللَّهُ عَنْهُ وَمَنْ أَخَذَها يُرِيدُ إِتْلَافَهَا أَتْلَفَهُ اللَّهُ"
(رواه الإمام البخاري عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya'ni: “Kim odamlarning molini qaytarib berish maqsadida olsa, Alloh taolo unga yordamchi bo'ladi. Kim odamlarning moliga talofat etkazish (chuv tushirish) uchun olsa, Alloh taolo uning o'zigi talofat etkazadi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Imkoni bo'la turib qarzni cho'zishni Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam “zulm” deb ataganlar:
"مَطْلُ الْغَنِيِّ ظُلْمٌ"
(رواه الامام البخاري عن أَبَي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ)
ya'ni: “Boyning (qarzni bermasdan) cho'zib yurishi zulmdir” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Demak, qarzni uzishga imkon bo'lishi bilan uni uzishga shoshilish lozim bo'ladi. Qarzi bor kishi shuni yaxshi bilishi kerakki, odamlardan qarz olib, uni to'lamasdan (yoki to'laydigan mol qoldirmasdan) dunyodan o'tib ketadigan bo'lsa, Qiyomatda bu qarzni savoblari bilan to'lab beradi. Chunki u erda to'laydigan pul yo'q, savob esa hammaga kerak bo'lib turgan bo'ladi.
Hozirgi kunda ommalashgan iqtisodiy faoliyatlardan yana biri –moliyaviy piramida.Bu faoliyat turining ko'rinishi shundayki, kishi ma'lum miqdorda pul tikib, mazkur tizimga kiradi. Keyin u ushbu tizimga boshqalarni ham jalb qiladi. Jalb qilingan yangi a'zolar ham belgilangan miqdordagi pulni tikib, tarmoqqa qo'shiladilar. Keyin ular ham yangi a'zolarni da'vat qila boshlaydilar. Har bir yangi kirgan a'zoning evaziga uning a'zo bo'lishiga sababchi bo'lgan kishi shirkat tarafidan ma'lum miqdorda mablag' olib turadi. Ko'rinib turibdiki, bu tizim quyidagi shaxslarning yutqazishi evaziga yuqorisidagi kishilarning yutishi, ko'pchilikning kuyishi natijasida ozchilikning gurkirashiga xizmat qiladi.
Bu kabi tizimlarga a'zo bo'lish shar'an man qilingan. Chunki ushbu faoliyatning shariatimizga to'g'ri kelmaydigan jihatlari ko'p. Mazkur yo'nalishdagi shirkatlarda daromad olish tizimi boshqa ishtirokchilarni jalb qilish bilan bog'liq bo'ladi. Agar ishtirokchi talab qilingan adaddagi kishilarni jalb qilsa, ularning hisobidan pul oladi, aks holda puldan mahrum bo'ladi. Bu esa qimordir. Qimor esa haromdir.
Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنَّمَا الخَمْرُ وَالمَيْسِرُ وَالأَنْصَابُ وَالأَزْلَامُ رِجْسٌ مِنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
ya'ni: “Ey, iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho'plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo'ling. Shoyadki, najot topsangiz” (Moida surasi, 90-oyat).
Qolaversa, yangi kirgan a'zoning evaziga uning a'zo bo'lishiga sababchi bo'lgan kishi shirkat tarafidan ma'lum miqdorda muntazam mablag' olib turishi ham shar'an joiz emas.
Ushbu moliyaviy faoliyatning bundan boshqa noshar'iy jihatlari ham bor. Shuning uchun ham ko'zga ko'ringan ko'plab Fatvo uyushmalari va Islom ulamolari bu kabi moliyaviy piramidalar hamda mohiyatan shunga yaqin moliyaviy faoliyatlarni shar'an joiz emasligiga fatvo berishgan.
Hozirgi kundan ommalashgan ishlardan biri – Saytda reklama e'lon qilib, uni orqasidan pul topish.Agar saytda fahsh suratlar, videolar, Alloh harom qilgan mahsulotlarni va inson hayotiga xavf soladigan narsalar reklama qilinmasa, sayt orqali reklama berib, pul topish joiz. Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday marhamat qilgan:
وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَاب
ya'ni: “Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilinglar, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmanglar! Allohdan qo'rqinglar! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Azizlar! Ulamolarimiz inson va inson a'zolarini sotish mutlaq mumkin emasligini takidlaydilar. Bu borada “Raddul-muhtor” kitobida shunday deyiladi:
وَكَذَا بَيْعُ كُلِّ مَا انْفَصَلَ عَنِ الْآدَمِيِّ كَشَعْرٍ وَظُفْرٍ لِأَنَّهُ جُزْءُ الْآدَمِيِّ وَلِذَا وَجَبَ دَفْنُهُ
ya'ni: Shuningdek, odamzotdan ajrab chiqqan soch, tirnoq kabilarni sotish botildir. Chunki ular odamzotning bo'lagi, juzi hisoblanadi. Shuning uchun ham uni ko'mish vojib bo'ladi.
Demak, ba'zi ayollar to'kilgan sochlarini kimlargadir pulga sotishadi yoki har-xil plastmassa yoki temir idishlarga almashishadi. Shu ishlari umuman shariatga ziddir.
Shuningdek, barcha savdolarga tegishli quyida umumiy qoida bor: kishi o'zida bo'lmagan narsani yoki sotib olgan narsasini hali qo'li bilan ushlamasdan turib boshqaga sotishiga shariatimiz ruxsat bermaydi. Bu haqda fiqhiy kitoblarimizda quyidagi jumla keltirilgan:
لاَ يَجُوزُ بَيْعُ الْمَنْقُولِ قَبْلَ الْقَبْضِ، وَيَجُوزُ بَيْعُ الْعَقَارِ قَبْلَ الْقَبْضِ
ya'ni: “Ko'chadigan mahsulotlarni qo'lga kiritishdan avval sotish joiz emas. Ko'chmas mulklarni (masalan, erni) esa qo'lga olmasdan ham sotish joiz” (“Muxtasarul viqoya” kitobi).
Demak, erdan boshqa barcha mahsulotlarni sotishdan oldin sotuvchi mahsulotni qo'lga kiritgan bo'lishi lozim bo'ladi, aks holda oldi-sotdi buziladi.
Har bir narsaning odobi bo'lganidek savdoda ham o'ziga yarasha qonun-qoidasi mavjud. Sotuvchi yolg'on gapirmasligi, xiyonat qilmasligi, tarozi, litr, metr, hajm va donasidan urmasligi, xaridorni hurmat qilishi lozim hamda xaridor kambag'alroq bo'lsa imkon qadar narxdan tushib berishi maqtovga sazovor ishlardandir. Bu haqda Payg'ambarimiz sallalohu alayhi vasallam savdoda saxiy bo'lish haqida shunday deganlar:
"إِنَّ اللهَّ يُحِبُّ سَمْحَ الْبَيْعِ سَمْحَ الْشِرَاءِ"
(رواه الامام الترميذي عن ابي هريرة رضي الله عنه)
ya'ni: “Albatta, Alloh oldi-sotdida qo'li ochiq bo'lganlarni yaxshi ko'radi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Afsuski, hozirgi kunda ba'zi joylarda narxni sun'iy yo'llar bilan ko'tarish va odamlar noroziligiga sababchi bo'lish holatlari uchramoqda. Bu ish og'ir gunoh bo'lib, bunga sababchi bo'lganlarning oxiratdagi ahvoli juda ham ayanchli bo'ladi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"مَنْ دَخَلَ فِي شَيْءٍ مِنْ أَسْعَارِ الْمُسْلِمِينَ لِيُغَلِّيَهُ عَلَيْهِمْ، كَانَ حَقًّا عَلَى الله تَبَارَكَ وَتَعَالَى أَنْ يُقْعِدَهُ
فِي مُعَظَّمٍ مِنَ النَّارِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ"
(رواه الإمام أحمد عن عبيد الله بن زياد رضي الله عنه)
ya'ni: “Kim musulmonlarga qimmatroq bo'lsin deb, ularning narxlariga daxldor bo'lsa, Alloh taborak va taologa qiyomat kuni uni olovning ulkaniga o'tqazish vojib bo'ladi” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Shunday ekan, hozirgi pandemiya sharoitida mo'min-musulmonlar o'zaro elkadosh bo'lib, narx-navo va yo'l haqini ham insof bilan belgilashi, o'zini boshqalarning o'rniga qo'yib ko'rishi ayni muddaodir.
Alloh taolo barchamizga haloldan kasbu kor qilishni nasib aylab, dunyo va oxiratimizni obod aylasin! Omin!
Hurmatli imom-domla! Ma'ruza asnosida namozxonlarga karantin talablariga rioya etish, ijtimoiy masofani saqlash, ayniqsa jamoat va juma namozlarida bunga jiddiy e'tibor qaratish lozimligini eslatib o'ting!!!
Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi “DINIMIZDA MYeROS MASALASI” mavsusida bo'ladi, inshaalloh.
Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.
Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.
Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati