frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Dunyo osmonida yangragan tilim!

27.09.2020   2771   5 min.
Dunyo osmonida yangragan tilim!
Prezidentimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasida so'zlagan nutqi bugun o'zbekman, o'zbekistonlikman degan har bir insonni to'lqinlantirgani, yoshu keksaning qalbini g'urur-iftixorga to'ldirgani, shubhasiz.
 
Ha, jahonning eng katta minbaridan o'zbek tilining yangrashi ulkan tarixiy hodisadir!
 
Ayniqsa, Prezident nutqidan o'rin olgan Markaziy Osiyo mintaqasining qadimiy va boy madaniy merosini asrab-avaylab, butun insoniyatga etkazish, uning qadr-qimmatini kelajak avlodlarga ham tushuntirish borasida 2021 yilda YuNYeSKO bilan hamkorlikda ko'hna Hiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon tsivilizatsiyalari chorrahasida” mavzuida xalqaro forum o'tkazish taklifi muhim ahamiyat kasb etadi. Binobarin, Horazm o'lkasining ushbu xalqaro tadbir uchun tanlanishi ham bejiz emas. Hususan, Horazm zaminining jahon tamaddunida tutgan o'rni va ahamiyatini ilmiy-nazariy jihatdan mukammal o'rganish ishlarining amalga oshishida ushbu taklif g'oyat muhimdir.
 
Shuningdek, qo'shni Afg'onistondagi tinchlik va barqarorlik masalasida O'zbekiston yil sayin bir-biridan muhim, ulkan ishlarning samarali amalga oshishida alohida jasorat va fidoiylik ko'rsatib kelmoqda. Afsuski, shuncha urinishlarga qaramay, qo'shni Afg'onistonning tinch-totuvligi mudom dunyo hamjamiyati diqqat markazida asosiy masala bo'lib qolmoqda.
 
Davlatimiz rahbari o'z nutqida: “Bu borada “Beqaror va vayronkor vaziyatdan – tinchlik va bunyodkorlik sari” degan tamoyil asosida ish olib borish muhimdir” dedi va BMT huzurida afg'on xalqining dardu hasratiga malham bo'ladigan, ularni tinglaydigan va muntazam faoliyat ko'rsatadigan qo'mita tashkil etish taklifini ilgari surdi.
 
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti nutqining yana bir yo'nalishiga ko'ra, Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e'lon qilish orqali Orol og'riqlarini engillatish va bu borada BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi berildi. Ayni muhim hujjat qabul qilingan sanani esa Halqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash ushbu dardli muammoga nisbatan jahon hamjamiyatining e'tiborini yanada kuchaytiradi.
 
Prezidentimiz so'zining oxirida bugungi kunda inson hayoti uchun muhim masalalardan biri – qashshoqlik va kambag'allikka qarshi kurashish g'oyasini BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash masalasini ko'tardi hamda ushbu og'riqli mavzuga bag'ishlangan global sammit o'tkazish taklifini kiritdi.
 
Bugungi kunda o'ta dolzarb bo'lgan ushbu og'riqli masalaga jahon hamjamiyati bilan birgalikda choralar ko'rish, qilinayotgan ishlardan ko'ra yana samarador yo'llarni izlash, jahon tajribasini qo'llashdek tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo qiladi. Bir necha yuz yillardan buyon dunyoning barcha nuqtalarida beayov hukm surayotgan qashshoqlik va kambag'allik muammosini shu kunga qadar hech qaysi davlat rahbari bunchalik jiddiy ko'tarmagan edi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti ushbu muammoni ochiq va dadil ko'tarib chiqar ekan, boshqa mamlakatlarni ham bu masalaga qat'iy e'tibor berishga va uning echimini topish yo'llarini izlashga chaqirdi.
 
Ta'kidlash kerakki, O'zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan qator tashabbus va takliflar dunyo hamjamiyati tomonidan keng qo'llab-quvvatlanib, hayotga tatbiq etib kelinmoqda. Bu galgi taklif va tashabbuslar ham shu kunning o'zidayoq ko'pchilik tomonidan ma'qullandi va amalga oshirilishi hayotiy zarurat bo'lgan ishlar sifatida keng e'tirofga sazovor bo'ldi. Albatta, ushbu tashabbus va takliflarning hayotga tatbiq etilishida aynan BMTning qo'llab* quvvatlashi, hamfikrligi va ko'magi juda muhimdir. Shuning uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining muvofiqlashtiruvchi xalqaro tuzilma sifatidagi markaziy o'rnini yanada kuchaytirish zarurligi alohida qayd etildi.
 
Barchamizni behad quvontirib, qalbimizni g'urur-iftixorga to'ldirgan va jahon minbarida turib aytilgan bu ezgu taklif va g'oyalar o'zbek tilida jarangladi! Ha, bu tarixiy nutq o'zbekman, o'zbekistonlikman degan har bir insonni to'lqinlantirdi.
 
Ozoda Bekmurodova,
Yashnobod tumani hokimining til bo'yicha maslahatchisi
O'zA
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Watan” gazetasi: Kitoblarda o‘qiganlarimizni O‘zbekistonda haqiqatda boshdan kechiramiz

03.08.2026   43251   2 min.
“Watan” gazetasi: Kitoblarda o‘qiganlarimizni O‘zbekistonda haqiqatda boshdan kechiramiz

Saudiya Arabistonining nufuzli “Watan” gazetasida “Kitoblarda o‘qiganlarimizni O‘zbekistonda haqiqatda boshdan kechiramiz” sarlavhali keng maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Arab dunyosi o‘quvchilari e’tiboriga taqdim etilgan ushbu materialda O‘zbekistonning boy islom sivilizatsiyasi va madaniy merosi Markaziy Osiyo tarixi hamda zamonaviy taraqqiyotida tutgan o‘rni atroflicha yoritilgan.

Maqola muallifi ta’kidlaganidek, globallashuv va raqamli texnologiyalar asrida haqiqiy hayrat va noyoblikni his qilish murakkablashib borayotgan bir paytda, O‘zbekistonga qilingan tashrif insonga tarixiy manbalarda o‘qilgan bilimlarni aynan hayotda, ko‘z oldida qayta kashf etish imkonini beradi.

“O‘zbekistonda siz shunchaki tarixiy bilimlarni yodga olmaysiz, balki moziy va kelajak o‘rtasidagi xayoliy vaqt mashinasida yashaysiz. Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlarda kitoblarda o‘qilgan nomlar — Movarounnahr, Shosh, Farg‘ona vodiysi, Jayhun va Sayhun kabi geografik tushunchalar muhtasham me’moriy obidalar va tirik madaniyat ko‘rinishida namoyon bo‘ladi”, — deb yozadi muallif.

Nashrda Toshkentda Islom ta’limi, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) hamda Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida o‘tkazilgan anjumanga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Unda hazrati Usmon Mus'hafining Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanayotgani, shuningdek, Samarqanddagi Imom Buxoriy va Imom Moturidiy majmualari, Registon va Shohi Zinda obidalari, Hazrati Qusam ibn Abbos maqbarasi va Amir Temur maqbarasining betakror me’moriy go‘zalligi yuqori baholangan.

Muallif, shuningdek, Buxoroda tug‘ilib, butun islom dunyosiga dovrug‘ solgan Imom al-Buxoriy, matematika va astronomiya asoschisi Muhammad al-Xorazmiy, Imom at-Termiziy kabi buyuk allomalarning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini alohida e’tirof etgan. Farg‘ona vodiysi shaharlari — Andijon, Namangan, Marg‘ilon va Qo‘qonning tarixiy ahamiyati hamda ularning Arab yarim oroli va islom dunyosi bilan ko‘p asrlik madaniy-ilmiy aloqalari ko‘rsatib o‘tilgan.

Maqola yakunida O‘zbekistonda yosh avlodning, xususan, universitet talabalari va volontyorlarning arab tilini mukammal egallab, zamon bilan hamnafas holda o‘z milliy va islomiy merosi bilan faxrlanib yashayotgani, mehmonlarni “Xush kelibsiz, Imom Buxoriyning mehmonlari!” deya samimiy kutib olishlari Saudiya Arabistoni delegatsiyasida alohida va chuqur taassurot qoldirgani ta’kidlanadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari