Ikkinchi fasl
Musulmon bo'lmaganlarni qatl qilishda ekstremistik jamoalarning iddaolari
Ekstremistik jamoalar iddaosicha, ularning siyosiylashgan g'oyalari hamda qonun va me'yorlar ta'rifidagi yanglish tor tushunchalari bo'yicha go'yoki islom ummati (ulamolar va boshqaruv tizimi) Alloh taolo yuborgan asosdan uzoqlashib, uning shariatini o'zgartirgan emish. Ularning fikricha, bugun butun boshli ummat ko'rlarcha jaholatga g'arq bo'lgan bo'lib, bunda musulmonlar ham, musulmon bo'lmaganlar ham barchasi barobardir. Shuning uchun ham ekstremistik jamoalar “kimnidir kofirga chiqarish, birovning qonini to'kishni halol deyish” da'vosini musulmonu g'ayridinlarga birdek qo'llamoqdalar. Ular mazkur fikrlardan kelib chiqib milliy mansublikni ham, jamiyat a'zolarini bir jamiyatda tinch-totuv yashashga qaratilgan urinishlarini ham inkor qilmoqdalar. Ular yolg'onning yaxlit tizimini tashkil qilib uning taqozosiga ko'ra harakat qilmoqdalar. Pirovard natijada esa shaharlar vayron bo'lib, nohaq qonlar to'kilmoqda. Tabiiyki, bu ish ortidan musulmon bo'lgan yoki bo'lmagan barcha jamiyatlar global muammolarga duch kelmoqdalar. Chunki bunday muammolarga duch kelgan biror jamiyatda tinchlik va xavfsizlik kafolati bo'lmaydi. Jamiyat a'zolari orasida nafrat va adovat hukm suradi.
Mana shuning uchun ham biz, terrorizm va qirg'inbarot yo'lidan yuradigan, g'ayridinlar bilan hamjihat bo'lib yashashni-da istamaydigan bu kabi ekstremistik jamoalarning yolg'on va shubhaga to'yingan g'oyalarini chuqur va atroflicha tekshirishimiz zarur. Ularning fikricha, urush o'chog'iga aylangan o'lkalarda senga topshirilgan har qanday shaxsning qoni sen uchun halol bo'ladi. Holbuki bu halollik da'vosi uchun sabab va joizlik dalili kerak. Biz quyida ularning shubhali dalillarini tahlil qilib chiqamiz.
Birinchi : Jihod mavzusidagi yanglish fikrlar
Bugun biz duch kelayotgan eng muhim masalalardan biri Alloh yo'lida jihodga chiqish borasidagi fikrlardir. Ushbu fikrlar ko'proq g'arb davlatlarida yashayotgan g'ayridinlarga nisbatan tajovuzkorona harakatlar qilishga yo'naltirilgan.Chunki ekstremistik jamoalar jihodni ayni shu ma'noda talqin qiladi. Unga ko'ra, musulmonlar uchun g'ayridinlar tomonidan xavf-xatar bo'ladimi yoki bo'lmaydimi, baribir ularga qarshi kurashish zarur. Tabiiyki, bu fikrlar ularni qatl qilish mumkin, degan xulosaga olib keladi.
Shuning uchun ham Islom dinida shariatga kiritilgan jihodning farz bo'lish mavzulari va sabablarini anglab etish bugunning zaruriyatiga aylandi. Chunki bu mavzuning sabab va ahkomlarini tushunib etishimiz turli ekstremistik jamoalar nazaridagi jihod da'vosini to'g'ri talqin qilishimizni ta'minlaydi.
Ulamolarimiz o'zaro qon to'kilishiga olib keladigan jihodning farz bo'lishi asosi borasida ixtilof qildilar. Demak, musulmonlarga boshqalar tomonidan bo'ladigan ehtimoliy hujum xavfi jihodga asos bo'ladimi yoki g'ayridinlarni kufrda bo'lishlarining o'zi unga asosmi?
Hanafiy, molikiy, hanbaliy va shofeiy mazhabi ulamolarining ko'pchiligi “jihod farz bo'lishi uchun g'ayridinlar tomonidan musulmonlarga qarshi jang qilinishi kerak”, deydilar.
Ammo Ibni Hazm va imom Shofeiyning o'zlari yana bir fikrida “kufr sifatining o'zi ham musulmonlar zimmasiga jihodni farz qiladi”, deydi.
Jumhur (ko'pchilik) ulamolarning fikriga qarasak, islomda jihod o'zining himoyasi uchun yoki amalga oshirilishi aniq bo'lib qolgan dushman hujumini qaytarish uchun joriy bo'ladi.
Ibni Hazm va imom Shofeiyning ikkinchi fikriga ko'ra esa, jihod bu Islom dinini boshqalarga ham etkazish harakati bo'lib, doim ham amalga oshirilaveradi.
Jumhur ulamolarning dalillari quyidagilar:
“Alloh yo'lida sizlar bilan urush qilgan kishilar bilan urush qilinglar. Haddingizdan oshmanglar. Alloh haddidan oshgan kishilarni yaxshi ko'rmas.” (Baqara, 190)
“Ular bilan toki, fitna bo'lmasligi uchun urush qilinglar. Va din Alloh uchun bo'lgunicha kurashinglar. Agar ular urushdan to'xtasalar, ularga nisbatan dushmanlik yo'qdir. Ammo zolimlar bundan mustasnodir”. (Baqara, 193).
Kotib Hanzaladan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytiladi: “Biz rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga g'azotga chiqdik. U erda qatl qilingan bir ayol kishini oldidan o'tib qoldik. Uni tepasida odamlar to'planib olgan edilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, “bu ayol o'zaro jang qilayotganlar bilan urishmagan edi”, dedilar. Keyin bir sahobaga: “Holid ibni Validning oldiga borib, Rasululloh senga yosh bolalar va cho'ri-qullarni o'ldirmanglar deb topshiriq berdilar, deb etkizgin”, dedilar.
Abu Dovuddan keltirilgan hadisda shunday deyiladi:
“Sizlar Allohning ismi bilan yurish qilinglar. Allohning nomi va rasulullohning millati bilan! Keksa-qariyani, yosh bola va go'daklarni, ayollarni o'ldirmanglar. Ularni zanjirband qilmanglar. O'ljalaringizni o'rtaga yig'inglar. Isloh va yaxshilik qilinglar”.
Yuqoridagi oyatlarda kelgan “ qitol ” so'zini mulohaza kilsak ham bu so'z ikki guruh orasida sodir bo'ladigan “qitol” yani urush ma'nosini anglatadi. Demak oyatdagi “qital” so'zi “qotala”, “yuqotilu” fe'lining o'zagi bo'lib ma'nosi “urushmoq, jang qilmoq” deganidir. Ammo “qatl” ya'ni o'ldirmoq ma'nosini bermaydi. Chunki gohida tomonlar o'rtasida urush bo'lsa-da, ammo qurbonlar bo'lmasligi mumkin.
Shuningdek mazkur oyati karimalar tajovuz, kelishuv va o'zaro ahdnomalarni buzish, iymondan qaytish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshchiliklaridagi barcha musulmonlarni vatanlaridan chiqarib yuborish kabi g'ayridinlar tomonidan sodir etiladigan ishlarni ham “muqotala” (tomonlar o'rtasidagi urush ) tarifida bayon qilmoqda. Shu bilan birga ushbu oyati karimalar musulmonlarni o'zlari bilan tinch-totuv yashayotgan, ularga nisbatan yuqorida sanab o'tilgan dushmanliklarni qilmaydiganlarga yaxshilik qilish va aloqalar o'rnatishdan qaytarmaydi. Holbuki, oyatda aytilgan kufr iborasi ularga ham tegishli edi.
Hadisi shariflarda kelgan nabaviy ko'rsatmalarni o'rganib chiqsak ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarni musulmonlarga qarshi urush qilmagan g'ayridinlarni qatl qilishdan, garchi ularda kufr sifati bo'lsa-da qaytardilar. Ikkinchi tomonning ta'biri bo'yicha musulmonlarga nisbatan tajovuz va adovatda bo'lmagan g'ayridinlarni kofir bo'lishining o'ziyoq ularga qarshi jihod qilishga asos bo'lganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga qarshi jang qilish yoki aloqalar o'rnatish orasini ajratmagan bo'lardilar.
Bu masalani yanada aniq tushunish uchun faraz qilamiz. Bir ayol kishi va keksa odam o'zaro urush to'htatilgan maydonidan urush bo'layotgan maydonga o'tsalar va o'zaro urushda qatnashsa, ularni o'ldirish joizdir. Ayni masala yuzasidan Qarobiy, jang maydonida musulmonlarga qarshi kurashib asir tushgan ayolni ham o'ldirish joizdir, deydilar.
Yuqorida keltirilgan oyati karima, hadisi shariflar va ular asosidagi mantiqiy yondashuvlar jumhur ( birinchi fikr zgalari) ulamolarni so'zini quvvatlaydi.
(Davomi bor)
“Ekstremistik g'oyalarni inkor qilishda shar'iy dalillar” kitobidan.
Tarjimon: Tohir Vohidov.
"AlQuran.uz" portali rahbari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi boshlig‘i Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdumning singlisi, "AlQuran.uz" portali xodimi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumning opasi, shuningdek, "AlQuran.uz" ilmiy xodimi Abdusamad qorining zavjalari vafoti munosabati bilan marhumaning yaqinlariga ta’ziya bildiramiz.
Marhuma al-Azhar universiteti talabasi bo‘lib, Osim qiroatining Hafs va Shu’ba rivoyatlari hamda "al-Muqaddima al-jazariyya", "Tuhfatul-atfol" va "al-Arba’iyn an-nabaviyya" kabi ko‘plab asarlar bo‘yicha ijoza sohibasi sifatida 20 yildan beri Qur’onga xizmat qilib kelayotgan edi. Xususan, Qur’on ta’limi yo‘lida samarali mehnat qilib, ko‘plab shogirdlarni yetishtirdi.
Shuningdek, "AlQuran" mobil ilovasidagi "Al-Fatiha online" dasturining uztozalaridan bo‘lib, ko‘plab ayollarning qiroatini to‘g‘rilashga o‘z hissasini qo‘shganini alohida e’tirof etish lozim.
Turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori bilan birga uch nafar qiz farzandni tarbiyalab, barchalarini hofizi Qur’on qilib yetishtirdi.
Uzoq vaqt og‘ir dard bilan kurashganiga qaramay, Qur’on xizmatida bardavom bo‘ldi. Bemorlik mashaqqatlariga sabr qilib, Allohdan savob umidida ilm tarqatishdan to‘xtamadi. Shubhasiz, bu go‘zal xotima, ya’ni shahidlikning bir belgisi. Zero, hadisi sharifda bunday deyilgan: "Kim bemor holatda vafot etsa, shahid holda vafot etadi, qabr fitnasidan saqlanadi va ertayu kech jannatdan rizqi kelib turadi" (Ibn Moja rahimhulloh rivoyati).
"Muslim.uz" portali marhumaning akasi Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum va ukasi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumga, shuningdek, turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori va barcha oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.
Alloh taolo marhumaning Qur’on yo‘lida qilgan xizmatlarini qabul aylab, Barzax hayotida va oxiratda Qur’oni karim shafoati bilan mukofotlasin! Qur’on bilan jannatdagi darajalarini yuksak qilsin! Bemorlikda chekkan mashaqqatlari jannatdagi martabasining baland bo‘lishiga sababchi bo‘lsin!
Janoza marosimi ertaga seshanba 22 iyul kuni asr namozida, soat 17:45 da Ustoz Shayx Alijon qorining Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Boylarovul qishlog‘idagi xonadonida bo‘lib o‘tadi.
Alloh taolo musibat ahliga sabri jamil ato qilsin! Qazo va qadarga rozi bo‘lishlarida Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin!
Marhumaga quyidagi hadisda zikr qilingan ulug‘ darajalarni tilaymiz: "Qur’on sohibiga o‘qi va ko‘taril va dunyoda tartil qilganing kabi tartil qil. Albatta, sening manziling oxirgi o‘qigan oyatingdadir", deyiladi" (Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rahimahulloh rivoyati).