O'zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi Muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga ukalari Badriddinxon Temirxon o'g'lining vafoti munosabati bilan chuqur ta'ziya izhor etadi.
Alloh taolo oxirat safariga kuzatilayotgan marhumning chekkan zahmatlari, tortgan dardlarini gunohlariga kafforat qilib, barcha solih amallarini o'zlariga hamroh aylab, O'z mag'firatiga olsin.
Haq taolo marhumning ahli-ayoli, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarga ajru mukofotlar ato etsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o'qituvchi-mudarrislari nomidan muftiy hazratlariga va marhumning yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji'uun.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarimiz bilan doimiy muloqotni qo‘llab-quvvatlab turish, ularning haq-huquqlarini himoyalash, huquqiy ongini oshirish, ma’rifatini ziyoda qilish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasining Tatariston va Boshqirdistonga xizmat safari uyushtirildi.
Prezident Administratsiyasining topshirig‘i ijrosiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O. Abdullayev boshchiligida yurtimizning Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi B.Asadov, Bosh konsuli M.Xayriddinov va bir qator tegishli tashkilotlar vakillaridan tashkil topgan delegatsiya tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon Inomov ham ishtirok etdi.
Vatandoshlarimiz bilan “Ota-onani rozi qilish – farzandlik burchi”, “Halol kasb – baraka kaliti”, “Milliy va diniy qadriyatlarimiz”, “Oilada farzand tarbiyasi”, “Aqidada adashmaylik!”, “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi”, “Islomda bag‘rikenglik”, “Islomda vatanparvarlik tushunchasi” mavzularida suhbatlar o‘tkazildi. Har qanday diniy mavzudagi ma’lumotlar borasida O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tegishli rasmiy internet tarmoqlardan foydalanish tavsiya etildi. Turli diniy oqimlardan ehtiyot bo‘lish zarurligi – ham shariat ko‘rsatmasi, ham zamon talabi ekani ta’kidlandi.
Rossiya musulmonlari markaziy diniy idorasi raisi, muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazrat delegatsiya a’zolarini qabul qilib, O‘zbekiston xalqiga mehri o‘zgacha ekanini bildirdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining salomi esdalik hadyalari taqdim etildi. Muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazrat mehmonlarni Diniy idora va uning qoshidagi Rossiya islom universiteti bilan tanishtirib chiqdi.
Xizmat safari davomida vatandoshlarimiz bilan bo‘lgan suhbatlarda bugun mamlakatimizda qilinayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalinib, yurt tinchligi, xalq farovonligi va salomatligi, dinimiz ravnaqi yo‘lidagi islohotlar, yangiliklar haqida ham aytib o‘tildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati