Kuni kecha dunyo afkor ommasining butun e'tibori O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75-sessiyasida so'zlagan nutqiga qaratildi, desak mubolag'a bo'lmaydi.
Chunonchi, davlatimiz rahbari oliy minbardan turib: “Mamlakatimizda diniy erkinlik borasida ham vaziyat keskin yaxshilandi. Millatlararo totuvlik va dinlararo bag'rikenglikni yanada mustahkamlash biz uchun doimiy muhim vazifadir”, deya ta'kidladilar.
Darhaqiqat, so'nggi bir yilda mamlakatimizda 15 dan ziyod yangi jome masjid ochilib, shu bilan masjidlar soni 2070 dan oshib ketdi. O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O'zbekistondagi islom tsivilizatsiya markazi, Tasavvuf, Fiqh, Aqida maktablari ish boshlagani haqida to'xtalib o'tirmoqchi emasmiz.
Aslida, 130 dan ziyod turli millat va elat vakillari bir diyorda tinch-totuv yashayotganining o'zi diniy bag'rikenglikning amaldagi in'ikosidir. “Diniy bag'rikenglik” tushunchasi kecha yoki bugun paydo bo'lgan so'z emas. Islomning ilk davrlaridayoq ushbu tushunchaga asos solindi. Ahmad Lutfiy Qozonchining Islom tarixini go'zal tarzda yoritib bergan “Saodat asri qissalari” kitobida bunday ma'lumotlar keltiriladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madina xalqini, ya'ni musulmoniyu musulmon bo'lmagan barchasini bir tan, bir jon etmoqqa niyat qildilar. Bu bilan tashqaridan kutilayotgan hujumlarga qarshi Madinaga kuchli ichki osoyishtalik o'rnatilishi mumkin edi. Yahudiylarning kattalari bilan uchrashdilar. Ikki tomonga foyda beradigan bir shartnoma ularga ham lozim edi. Bu shartnomada: “Musulmonlar va yahudiylarning o'z dinlarida erkin bo'lishlari; shaharni har qanday hujumlardan birgalashib mudofaa etishlari; bir-birining dushmani bo'lgan biron qabila bilan shartnoma tuzmasligi; qurayshliklarga yordam berilmasligi; zulm va haqsizlik qilganlarni himoya etmasligi; biron kelishmovchilik chiqsa, Rasulullohga murojaat etishlari lozim, degan muhim moddalar bor edi. Madina kechagi kunga nisbatan yanada quvvatli, yanada osoyishta holatga keldi. Makkaliklar bilan madinaliklar o'rtasida do'stlik vujudga kelishi bilan musulmon bo'lmagan madinaliklar yahudiylar orasiga solishi mumkin bo'lgan fitna-fasodning oldi olingan bo'lsa, butun Madina xalqi qattiq e'tibor bergan bu shartnoma tufayli tashqi munosabatlarda ham mavqelari xiyla ko'tarildi” .
Ushbu voqeadan bilinadiki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o'zlari yashab turgan yurtni himoyasi, taraqqiyoti va osoyishtaligi uchun go'zal bir jamiyatni shakllantira boshladilar. O'sha joyda yashaydigan barcha insonlarni dini, irqi, jinsi va millatidan qat'i nazar, o'zaro mehr-muhabbatli, bag'rikeng bo'lishga chaqirib, ularning kattalari bilan shartnoma tuzdilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ushbu tadbirlari tufayli vujudga kelgan holatni keltirilgan iqtibosdan bildik.
Ha azizlar! Islom – bag'rikeng din. Bag'rikenglikka targ'ib qilgan din. Islomda har bir maxluqotning o'z haqqi bor. Bu huquqlar din va millat tanlamaydi. Islom musulmon kishi uchun har bir insonni haqqini ado qilishga buyuradi. Unga nisbatan go'zal muomalada bo'lishga chaqiradi. Bu behikmat emas, albatta. Bunday muomalaning hikmati va foydalarini Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning, sahobalarning hayotini o'qigan kishi yaxshi biladi. O'sha paytda judayam ko'p ahli kitoblarning Islomga kirishiga aynan bag'rikenglik, ularga nisbatan qilingan go'zal muomala, adolatli qarorlar sabab bo'lgan.
Bugun biz yashayotgan diyor ham turli din, turli tuman millat vakillaridan tashkil topgan. Bu jamiyatda yashayotgan har bir musulmon ularga nisbatan xuddi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam va sahobalar tutgan yo'lni tutmog'i lozim. Ulamolar aytadilar: “Kitobiya ayol bilan bir tom ostida yashashni man qilmagan Islom, o'zga din vakili bilan bir osmon ostida yashashga monelik qilishi mumkin emas”.
Afsuski, ba'zida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan yaxshiroq bo'lmagan kishilar, madinalik yahudiylardan ko'ra yomonroq bo'lmagan boshqa din vakillariga qo'pol munosabatda bo'lishlari bilan Payg'ambarimiz asos solgan “Diniy bag'rikenglik” qonunini buzmoqdalar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qurib ketgan tinchlik, birdamlik, mehr-oqibat binosining g'ishtlarini bitta-bitta ko'chirmoqdalar.
U zot yopib tashlagan, uni ochmaslikni qattiq tayinlaganlari fitnalar, fasodlar, nizolar hamda adovat eshiklarini birma-bir ochmoqdalar. Ularning bu qilmishlari oqibatida musaffo Islom diniga har xil tana va tuhmat toshlari otilmoqda. Bunday harakatdan judayam ehtiyot bo'lmoq kerak. Bu yo'lda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashmoqlik manfaatlidir.
Chunki Rabbimiz bizlar uchun: «(Ey mo'minlar!) sizlar uchun Alloh va oxirat kunida umidvor bo'lgan hamda Allohni ko'p yod qilgan kishilar uchun Allohning Payg'ambari (iymon e'tiqodi va hulq atvori) da go'zal namuna bordir,” (Ahzob surasi, 21-oyat) deb marhamat qilgan.
Muxtasar aytganda, muhtaram Yurtboshimizning BMTning 75-sessiyasidagi nutqi avvalgisi, ya'ni 2017 yildagi 72-sessiyasidagi nutqining mantiqiy davomi sifatida ko'plab tashabbuslarga, takliflarga boyligi bilan butun dunyoda alohida e'tirof etilmoqda. Nutqda O'zbekistondagi diniy bag'rikenglikning e'tirof etilishi dinimiz ravnaqiga xizmat qiladi, inshoalloh.
Nuriddin domla HOLIQNAZAROV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati