Savol:Bizda bir “Hizbut-tahrir” nomli jamoa bor. Islom xalifaligini o'rnatish haqida bong urishadi. Ulamolar haqida har xil gaplar gapirishadi. Ularga qanday raddiya qilish kerak? O'zi Islom xalifaligiga qanday yo'l tutilish kerak?
Javob:Alhamdu lillah, vassolatu vassalamu ala rosulillah.
Insonlar jamoalanish bo'yicha ikki jamoaga ajraydilar. Rohmanning jamoasi va Shayton jamoalari. Alloh taoloning jamoasi tarqoq bo'lishi aslo mumkin emas. Alloh taolo aytadi:
إِنَّ الَّذِينَ فَرَّقُوا دِينَهُمْ وَكَانُوا شِيَعًا لَسْتَ مِنْهُمْ فِي شَيْءٍ إِنَّمَا أَمْرُهُمْ إِلَى اللَّهِ ثُمَّ يُنَبِّئُهُمْ بِمَا كَانُوا يَفْعَلُونَ
“Dinlarini (firqalarga) bo'lib, (turli) guruhlarga aylanganlar (uchun) biror narsada (Siz mas'ul) emassiz. Ularning ishi Allohga (havola). So'ngra (U) ularni qilib yurgan amallaridan ogoh qilur” (An'om surasi 159-oyat).
Payg'ambarimiz alayhissalom esa: “Yahudiylar etmish bir yoki etmish ikki firqaga bo'linib ketdi. Nasorolar ham etmish bir yoki etmish ikki firqaga bo'linib ketdi. Mening ummatim esa etmish uch firqaga bo'linib ketadi”, deganlar (Imom Abu Dovud Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar).
Yana Imom Abu Dovud rahimahulloh Muoviya raziyallohu anhudan ham shunga o'xshash hadis rivoyat qilgan. Unda Payg'ambarimiz alayhissalom: “Ularning hammasi do'zaxdadir. Birgina firqa bundan mustasno”, dedilar. Shunda sahobalar: “O'sha bir toifa kimlar, ey, Allohning Rasuli!” deyishdi. U Zot: “Jamoatdir”, dedilar. So'ng yana qo'shimcha qilib aytdilarki: “Albatta yaqin orada shunday qavmlar keladiki, qutirish kasali bemorni qanday egallasa, ularni havoi nafs xuddi shunday egallaydi” – dedilar.
Darhaqiqat, Payg'ambarimiz alayhissalom xabar bergan narsalari voqe'likda sodir bo'ldi. Havoi nafsga ergashish ko'paydi. Firqalar, jamoalar ko'paydi. Holbuki, Alloh taolo o'z kitobida aytadi:
وَاعْتَصِمُوا بِحَبْلِ اللَّهِ جَمِيعًا وَلَا تَفَرَّقُوا وَاذْكُرُوا نِعْمَةَ اللَّهِ عَلَيْكُمْ إِذْ كُنْتُمْ أَعْدَاءً فَأَلَّفَ بَيْنَ قُلُوبِكُمْ فَأَصْبَحْتُمْ بِنِعْمَتِهِ إِخْوَانًا وَكُنْتُمْ عَلَى شَفَا حُفْرَةٍ مِنَ النَّارِ فَأَنْقَذَكُمْ مِنْهَا كَذَلِكَ يُبَيِّنُ اللَّهُ لَكُمْ آَيَاتِهِ لَعَلَّكُمْ تَهْتَدُونَ
“Hammangiz Allohning «arqoni»ni (Qur'onini) mahkam tuting va firqalarga bo'linmang hamda o'zaro adovatda bo'lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo'ygan Allohning ne'matini yodda tuting. Uning ne'mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do'zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo'lni topgaysizlar, deb, Alloh O'z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi” (Oli Imron surasi 103-sura).
Payg'ambarimiz alayhissalom aytadilar: “O'zlaringizdan oldingilar yo'liga xuddi (kamon o'qining) patlari bir xil joylashgani kabi, izma-iz ergashasizlar. Hatto ular zobb (echkiemar)ning iniga kirgan bo'lsalar, sizlar ham albatta kirasizlar. Sahobalar aytdilar: “Ey, Rasulalloh! Yahudlar va Nasorolarmi?” Payg'ambar alayhissalom: “Unda kim?” - dedilar.
Yana Payg'ambarimiz alayhissalom aytdilar: “Mo''min mo''min uchun xuddi bir birini mustahkamlab turuvchi bino kabidir”.
Ammo bu paydo bo'lgan hizblar-jamoalar o'zaro bir-birlaridan tanofurda, nafratdadirlar. Bir birlarini ta'na-ayb qo'yadilar. Hatto bir kishi: “Bu hizblar din dushmanlarining iroda-istaklarini ya'ni ummatni tafriqaga solish, xotirini parishon qilish, alaloqibat ummatni za'iflashtirish kabi ishlarni amalga oshiryaptilar”, desa to'g'ri aytgan bo'ladi.
Hullas, “Hizbut tahrir” jamoasi qattiq adashgan toifalardan. Men so'zimning avalidanoq shu so'zni aytsam balki sizlarga g'arib tuyular. Aslida bu so'zni aytishdan oldin muqaddima keltirishim kerakdir. Masalan quyidagicha: “Ushbu hizbut tahrir jamoasi paskash jamoa bo'lib, Urdunda paydo bo'lgan. “Ixvonul muslimin”dan ajrab chiqqan. Ixvonchilar ularga bu yo'ldan qaytsinlar uchun o'zaro elchilar yuborishgan. Lekin ular qaytishdan bosh tortishgan. Ularning etakchisi Taqiyuddin Nabahoniy edi. Ular aqida masalalarida quyidagilarni aytadilar: aqidaviy hukm faqat aqldan olinadi. Agar sam'iy ya'ni, naqliy dalildan olinsa, u faqat qat'iy dalil bo'lishi kerak.
Shuning uchun ham ular azobi qabrni rad qiladilar, Masihud-Dajjolni chiqishini inkor qiladilar. Fazilatli ahloqlar va ilm o'rgatishga beparvo bo'ladilar. Hizbchilar quruq siyosatdonlikka o'rgatiladigan dinga muxolif jamoadir.
Hizbchilarning etakchisiga: “Nima uchun sizlarda Qur'on yodlatadigan madrasalar ko'rinmaydi?”, deb so'ralganda shunday javob bergan: “Men darveshlar chiqarmoqchimasman”. Ko'rib turganingizdek, ular faqat siyosatga tayanadilar. Ilm, ahloq va qalb tarbiyasi, zuhd, taqvoga sabab bo'luvchi ilmlar ular uchun qiziq emas. Fiqhiy masalalarda ham o'zlariga xos jihatlar bo'lib, ularga ko'ra erkak kishi nomahram ayol bilan qo'l berib ko'rishsa, joiz bo'ladi. Shuningdek, sho'roda kofir inson ham bo'lishi, hamda u umumiy ma'noda voliy, hokim bo'lishi ham mumkin. Shunday qilib, Hizbut tahrir jamoasi eng adashgan toifalardan biridir.
Men Hizbut–tahrirlik bilan faxrlangan, gerdayganlardan taajjubdaman. Barcha mo'min musulmonlarni hizbut-tahrir jamoasidan ogohlikka, ulardan uzoq bo'lishga chaqiraman. Agar biz hizbut-tahrir jamoasini ta'vilchilar, deb hisoblamasak edi, aslida ularni kofir deyishimiz haqli bo'lardi. Chunki ular azobi qabrni inkor qiladilar. Masihud-dajjolni chiqishini inkor qiladilar. Yetakchilari esa: “Talabalariga Qur'onni o'rgatish lozim emas. Ulardan darveshlar etishtirmaslik kerak” – deydi.
Yaman ulamolar kengashi a'zosi
Shayx Muqbil Hodiy Vodiiy
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati