“O'zarxiv” agentligi axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev xabar berishicha, Mir Arab madrasasi Sulton Muhammad Shayboniyxonning (1451-1510) jiyani Ubaydullohxon (1486-1540) hukmronligi davrida Naqshbandiya tariqati rivojiga ulkan hissa qo'shgan, xalq tilida “Arab amiri”, ya'ni Mir Arab nomi bilan mashhur bo'lgan shayx, taqvodor olim, ulug' pir, Sayyid Abdulloh Yamaniy (1461-1536) hazratlarining tashabbuslari va homiyligi bilan 1530-1536 (hijriy 936-942) yillar mobaynida qadimiy va navqiron Buxoroyi sharifning Shahriston maydonida – Masjidi Kalon va Minora Kalonning sharqiy tomonida barpo etilgan.
Dunyoga dong'i ketgan ushbu madrasaga oid O'zbekiston Milliy arxivida Mir Arab madrasasiga oid vaqfnoma saqlanmoqda. Hususan, mazkur vaqfnomaning ahamiyati Mir Arab madrasasining ta'sis etilishi hamda ishga tushgandan so'ng to'liq faoliyatining moliyaviy va moddiy ta'minotiga asos bo'lgani bilan qiziqdir.
Ushbu vaqfnoma 1527 yilda (Mir Arab nomi bilan mashhur) Amir Abdullo al-Yamaniy tomonidan Mir Arab madrasasiga atab Shofirkon tumani va Buxoro shahriga yaqin boshqa joylarda joylashgan unumli erlardan jami 2146 (ikki ming bir yuz qirq olti) tanob er vaqf qilib berilganligi haqida qozilar tomonidan tasdiqlangan hujjatdir.
O'rta asrlar Sharq qog'ozida tuzilgan bu vaqfnoma fors tilida yozilgan. Uning uzunligi 6,80 santimetr bo'lib, eni esa 35 santimetrni tashkil qiladi.
O'zA xabariga ko'ra, hujjatning matn tuzilishi an'anaviy tartibda bo'lib, kirish (unvon) bilan boshlangan, muqaddimasida bismilloh, hamdu sano, salovot va salomlardan so'ng sadaqai joriyaning ulug' savob ekani hamda vaqfning joriylanishida jonbozlik ko'rsatgan ulug' zotlar sha'niga maqtovlar aytilgan. So'ng, voqif (vaqf qiluvchi) qayerda va nima mulklarni vaqf qilgani haqida batafsil to'xtalgan.
So'ng, vaqf mulklaridan keladigan daromadlarni qayerga va kimlarga nima shartlar evaziga berishni alohida bandma-band qaydlab o'tgan. Shuningdek, hujjatning so'ngi matnlari qozilarning tasdiqlari bilan muhrlangan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
F.Abduxoliqov mamlakatimiz nomidan JMLning islom olamidagi sa’y-harakati, xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini e’tirof etdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohida o‘tkazilgan Xalqaro islomofobiyaga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan birinchi xalqaro tadbirda Bosh kotib musulmon xalqlari vakili sifatida qilgan ma’ruzasini yuqori baholadi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA