1123 yil (bundan 897 yil oldin) – buyuk faqih Ali ibn Abu Bakr ibn Abdul-Jalil al-Farg'oniy ar-Rishtoniy al-Marg'inoniy tavallud topdi (vafoti 1197 yil). Ilmiy adabiyotlarda ul zotning tug'ilgan yili borasida ixtiloflar mavjud. Ayrim adabiyotlarda bu sana milodiy 1117 yil qilib ko'rsatilsa, ayrimlarida 1118 hamda 1123 yillar qayd etiladi. Bu o'rinda “Ma'naviyat yulduzlari” kitobining 1999 yilgi nashri asos qilib olindi.
Burhoniddin Marg'inoniy Qur'oni karim, hadis, fiqh ilmlarini chuqur va mukammal o'rganganligi va bu borada o'z davrining etuk peshvosi bo'lgani bois Burhoniddin, ya'ni “din isboti”, “din dalili” ismi bilan mashhur bo'lgan. Mashhur fiqhshunos olimning bizgacha 4 asari etib kelgan, xolos. U olijanob insoniy fazilatlariga ega, kamtarin va xokisor zot bo'lgan. O'zining “Kitob al-mashoyix” asarida 40 nafar ulamo, olimlarni o'ziga ustoz deb ko'rsatadi. Allomaning qator salohiyatli shogirdlari bo'lgan.
Burhoniddin Marg'inoniy musulmon dunyosiga buyuk fiqhshunos olim sifatida tanilib, uning “Hidoya” asari bir necha asrlar davomida jamiyatda huquqiy normativlarni o'rganishda katta rol' o'ynagan. Buyuk fiqhshunos olim, ulug' vatandoshimiz xotirasiga ulkan ehtirom ko'rsatilgan holda 2000 yil mamlakatimizda hijriy sana bo'yicha uning 910 yilligi keng nishonlandi.
Alisher Egamberdiyev
tayyorladi
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘qituvchilari Misrdagi Al-Azhar xalqaro imom va voizlar tayyorlash akademiyasida malaka oshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Delegatsiya a’zolari ikki haftalik o‘quv dasturi davomida misrlik islomshunos olimlar bilan arab tilini o‘rganish, ta’lim tizimida innovatsion texnologiyalardan keng foydalanish, islomshunoslik yo‘nalishidagi yangi yondashuvlar va ko‘nikmalar xususida fikr-mulohazalar almashdi.
Malaka oshirish kurslari doirasida Al-Azharda faoliyat yurituvchi taniqli imomlar tomonidan ma’ruzalar tashkil etildi. Xususan, professor Ahmad at-Tayyib turli mamlakatlardan kelgan ulamolar, tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro ilmiy-akademik hamkorlikni mustahkamlash borasida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Dastur davomida arab tilini o‘qitishning zamonaviy strategiyalari, ilg‘or pedagogik yondashuvlar va til ko‘nikmalarini amaliyotga samarali tatbiq etish masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar hamda seminarlar ham o‘tkazildi.
O‘quv dasturi so‘nggida Al-Azhar xalqaro akademiyasi prezidenti, professor Hasan as-Sag‘ir hamda O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi vakili tinglovchilarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi va faolligini yuqori baholab, ushbu kurs xalqaro miqyosda ilmiy va da’vat salohiyatini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Uchrashuvda kurs davomida tayyorlangan eng yaxshi amaliy loyihalar mualliflari alohida e’tirof etildi. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘qituvchilariga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati