Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446

Tavhid kalimasi tahlili

20.10.2023   1130   4 min.
Tavhid kalimasi tahlili

Islom ta'limotining asosiy mazmun-mohiyatini ifodalovchi “Laa ilaaha illalloh” (“Allohdan o'zga iloh yo'q”) kalimasi diniy adabiyotlarda “tavhid” kalimasi nomi bilan zikr etilgan. Mazkur kalima sharhiga bag'ishlangan ko'plab adabiyotlar bor.

Mahmud Zamaxshariy ham shahodat kalimasiga bag'ishlangan mo''jaz “Al-mas'ala fi kalimatish shahada” asarini yozgan. Uning yagona qo'lyozmasi Berlin shahridagi qo'lyozmalar fondida saqlanadi. Asar qisqa hajmli risola bo'lib, unda olim Islom dinining tayanch tushunchalaridan hisoblangan “Laa ilaaha illalloh” jumlasini grammatik tahlil qiladi. Dastlab Zamaxshariy oldingi ulamolarning bu jumla borasidagi fikrlarini bayon qiladi. Ularning fikricha “Laa ilaaha illalloh” jumlasi to'liq ma'no ifodalamagan. Zamaxshariy esa bu kalimani tugal ma'noga ega mustaqil jumla deb sharhlaydi.

Mazkur kalimaning ikki holatda bo'lishi ta'kidlanadi. Birinchisi, asl mustaqil jumla holati, ikkinchisi, jumlani sharhlab va ta'kidlab keluvchi qo'shimchali holat. Bu holatlarga Zamaxshariy arab tilidagi “Ma jaa fi rojulin” – “Noma'lum kishi kelmadi” jumlasini misol keltiradi.

Agar bu jumla ma'nosidagi noaniqlikni ketkazish istagi bo'lsa, unga “Ma jaani min rojulin bal rojulani” (“Mening oldimga bir kishi emas, balki ikki kishi keldi”) mazmunida qo'shimcha qilish zarur bo'ladi.

Olim bu fikriga Qur'oni karimdan: “(Ey Muhammad,) Alloh tomonidan bo'lgan bir marhamat sababli ularga (sahobalaringizga) yumshoq so'zli bo'ldingiz. Agar qo'pol, qattiq dil bo'lganingizda edi, albatta atrofingizdan tarqalib ketgan bo'lar edilar” – (Oli Imron surasi, 159-oyat); «So'ngra ahdu paymonlarini buzganlari, Allohning oyatlarini inkor qilganlari, payg'ambarlarni nohaq o'ldirganlari va “Dillarimiz qulf” deganlari sababli (Biz ularni la'natladik)» (Niso surasi, 154-oyat) oyatlarini misol qilib keltiradi. Oyatlardagi sabablar “fabirahmatin” (“yumshoq so'zli bo'lish”), “fabinaqdihim” (“la'nat bo'lishi”) ma'nolarini ifodalaydi.

Muallif har ikkala oyatdagi “fa” yuklamasidan so'ng “ma” yuklamasining kelishi tufayli yumshoqlik Allohning marhamati bilan, la'nat esa, qilingan ahdning buzilishi natijasida bo'lganini ta'kidlaydi. Shu kabi, shahodat kalimasidagi sintaktik qo'shimcha jumladagi ma'noni ta'kidlab keladi.

Zamaxshariy bu grammatik holatni “Jaani Zaydu” gapi asosida tushuntiradi. Gap “Zayd keldi” ma'nosini ifodalaydi. Lekin mazmun-mohiyatda “Zayddan o'zga kimsa kelmagani” qat'iy tushunilmaydi. “Zayddan o'zga kelmagani”ni ta'kidlash ma'nosida yuqori holatdagi shakl qo'llanilishi kerak bo'ladi. Shu maqsadda gapni “Ma jaani illa Zaydu” tarzida tuzish ma'noni to'liq anglatadi.

Shahodat kalimasidagi “Laa ilaaha” jumlasi “Zayd muntaliqun” (“Zayd ketdi”) jumlasi bilan grammatik jihatdan teng hisoblanadi. Muallif “Laa ilaaha” jumlasiga “illalloh”ni qo'shish bilan birinchidan, uluhiyatni Alloh taologa nisbat berish, ikkinchidan, uni boshqa barcha narsalardan ajratish ma'nosini ko'rsatadi. Shunga ko'ra “Laa ilaaha” jumlasi ismiy gapning kesimi bo'lib, “illalloh” gapning egasi vazifasini bajaradi. Chunki arab tilida gap tuzish qoidalariga ko'ra ismiy gapning egasi doim aniq, kesimi esa, noaniq holda bo'lishi talab etiladi.

Risolada “Laa ilaaha illalloh” deyilishi “barcha iloh deb nomlanganlarning sifati bekor qilinib, ilohlik faqat Allohga xos”ligini bildirishi aytiladi. Buni ta'kidlash uchun Abdulloh ibn Mas'ud va Jobir ibn Abdulloh Ansoriydan rivoyat qilingan hadis keltiriladi: «Uhud kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Laa sayfa illa Zulfiqor va laa fatan illa Ali” (“Zulfiqor qilichidan boshqa qilich va Alidan boshqa yigit yo'qdir”), dedilar». Ya'ni, shahodat kalimasi yuqoridagi hadis matni bilan qiyoslansa, kesimning egadan oldin kelishi mumkinligi isbotlanadi va jumla mazmuni ravshan bo'ladi.

Zohidjon ISLOMOV,
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi
prorektori, filologiya fanlari
doktori, professor

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yolg‘iz qolganda ham Allohdan hayo qiling!

18.06.2025   826   3 min.
Yolg‘iz qolganda ham Allohdan hayo qiling!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hayo – iymondandir. Iymon jannatdadir. Fahsh qabohatdandir. Qabohat esa do‘zaxdadir” [1], deganlar.

Ka’b hazratlarining bir gaplari bor: “Hammaning oldida odamlardan uyalganingiz singari yolg‘iz qolganda ham Alloh taolodan hayo qilinglar”.

Bizlar omma oldida uyatchan bo‘lganimiz qadar maxfiy paytlarda Alloh taolodan hayo qilayapmizmi?! Hammaning oldida biror xato qilib qo‘ygudek bo‘lsak, odamlar bizni gap-so‘z qilishlaridan qo‘rqib yurganimiz kabi hech kim ko‘rmagan paytda Alloh bizni ko‘rib turganini his qila olyapmizmi?! 

Ulug‘lardan biri bunday deydi: “Hammaning oldida qilishdan uyaladigan ishini yashirincha qilgan odamning qadri yo‘qdir”.

Alloh taoloning nazdida beqadr bo‘lishimiz va odamlar orasida hurmatimizni yo‘qotishimiz qay birimizga yoqadi?! Mana bu misralar juda to‘g‘ri yozilgan:

Gar hayo pardasi sitilsa nogoh,
Qo‘rquv ham solmasa ish nihoyasi,
Istagan narsangni qilaver gumroh,
Bexayr hayotning shudir doyasi.
Iffat tark aylasa insonni agar,
Ortidan ketgaydir xayru halovat.
Ko‘zlaring ochibroq solsang-chi nazar:
Po‘stloq turar ekan, novda salomat!

 Lekin hayo bobida uyalmaslik kerak bo‘lgan amallar ham borki, bu ishlarni hikmat va odob ila ado etmog‘imiz lozim. Ulug‘lardan biri: "Uch narsa borki, ulardan uyalma:

1. Ilm izlash. Bir so‘rab, bir so‘ramay yuradigan bo‘lsang, u holda hech qachon ilmga erisha olmaysan.

2. Badan kasalligi. Alloh taolo seni birorta kasallik bilan sinasa, o‘z qobig‘ingga o‘ralib olib, odamlardan ajralma.

3. Kambag‘al yaqin qarindosh. Bu mening amakimning o‘g‘li yoki tog‘amning o‘g‘li deyishdan uyalma”, deydi.

Hayo martabalarining eng yuqorisi banda Robbisidan hayo qilishi va U Zotga osiylik qilmasligi, ibodatlarida kamchilikka yo‘l qo‘ymasligidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh taolodan hayo qilsa, boshni va u qamrab olgan narsalar (ko‘z, quloq kabi a’zolar)ni  saqlasin, qorin va u qamrab olgan narsalar (farj kabi a’zolar)ni ehtiyot qilsin. O‘lim va chirishni yodga olsin. Oxiratni istagan kishi dunyo ziynatlarini tark qiladi, kim ularni qiladigan bo‘lsa, Alloh taolodan haqiqiy ma’noda hayo qilgan bo‘ladi”, [2] dedilar.

Alloh taolo bergan ne’matlarini va U Zotning haqqini ado etishda kamchilikka yo‘l qo‘yayotganingizni ko‘ra olishingiz hayodandir. Alloh taologa itoat qilib, Unga osiylik qilmasangiz qiyomat kunida bandaga amallari ko‘rsatilganida Alloh taolo u bandani azoblashdan hayo qiladi.

Rivoyat qilinishicha, Misr azizi (shoh yoki xazinabon)ning ayoli Yusuf alayhissalomga ko‘ngli tushib buzuq ishni qilmoqchi bo‘lganida, uyning burchagida turgan butning yuzini yopib qo‘yadi. Shunda Yusuf alayhissalom: “Nima qilyapsan?” – deb so‘raydi. Ayol javoban: “Undan hayo qilyapman”, deydi. Yusuf alayhissalom esa: “Men Allohdan hayo qilishga haqliroqman”, deydi.

 

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Termiziy rivoyat qilgan va “Hasan sahih” qaror bergan.
[2]  Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyati.

 

Maqolalar