Bugungi kunda axborot tezligi shuncha rivojlandi-ki, bir paytning o'zida bir voqelikka oid turli yondashuvlarni mutolaa qilish mumkin. Natijada, inson ongi bir-birini inkor etuvchi ma'lumotlar bilan to'lmoqda.
Ayrim internet saytlari va mualliflar bunday nosog'lomlikka o'z “hissa”sini qo'shmoqda. Shunday saytlar bir xabar e'lon qiladi-yu, ketidan “unday emas, bunday ekan” yoki “falon xabar tasdiqlanmadi” yo “anu xato uchun pistonchi ishdan olindi” degan gaplar ila aybini yopmoqchi bo'ladi. Aslida, butun xalqni noto'g'ri xabar bilan aldagani uchun mard bo'lib, uzr so'rashga esa kibri yo'l bermaydi. Bunday nodonlik dinimizda ham, dunyoimizda ham uyda ham ko'chada ham er kishining ishi hisoblanmaydi.
Alisher Navoiy hazratlari:
“Og'ziga kelganni demoq - nodonning ishi,
oldiga qo'yganni emoq - hayvonning ishi”
deganlarida ayni haqiqatni aytgan edilar.
Kuni kecha “Imomlarda so'z erkinligi bormi?” nomli maqola ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Uni o'qib chiqib, muallifda bilim va malaka etishmasligi, jurnalistik tahlil va surishtiruv yo'q ekani hamda imom-xatiblarning faolligi borasida uning mavjud voqelikka nazar solmasdan, bir yoqlama yondashganini ko'rish mumkin.
Muallif ma'lumotni jamoatchilikka etkazishdan oldin vaziyatni to'g'ri baholab, tahlil etadi, ma'lumotlarning haqqoniyligini tekshiradi va axborotni saralaydi va uni to'g'ri uslubda taqdim etadi. Yengil-elpi harakat va tezda mashhurlikka intilish ustoz ko'rmagan shogirdning ishidir. Dono xalqimizda “Ustoz ko'rmagan shogird har maqomga yo'rg'alar” degan purma'no gap ana shundaylarga tegishli, desak xato bo'lmaydi.
Shu o'rinda ta'kidlash zururki, O'zbekiston musulmonlari idorasi – rasmiy faoliyat olib borayotgan islomiy diniy tashkilotlarning yagona markaziy boshqaruv organi bo'lib, musulmonlarning diniy ehtiyojlarini qondirish, islomiy rasm-rusumlarni hanafiy mazhabi asosida o'tkazishga boshchilik qilish va e'tiqodiy birligini ta'minlash bo'yicha o'z faoliyatini olib boradi. Shuningdek, respublikadagi masjidlar va madrasalar faoliyatiga boshchilik qiladi hamda ular mo'min-musulmonlarning diniy ehtiyojlarini qondirish va ahilligini ta'minlash ishlarini amalga oshiradi.
Shu nuqtai nazardan aholining e'tiqodiy birdamligi va o'zaro hamjihatligini ta'minlash, islomiy savodxonligini tizimli ravishda oshirib borish maqsadida har juma kuni masjidlarda juma tezislari asosida mav'izalar o'qilib, mo'min-musulmonlarning diniy-ma'rifiy ongini shakllantirib borish amaliyoti joriy etilgan.
Juma tezislari matni O'zbekiston musulmonlari idorasining Fatvo bo'limi ulamolari tomonidan tayyorlanib, tavsiyaviy shaklda masjidlarga etkaziladi. Imom-xatiblar o'z salohiyatlari darajasida ushbu mavzuni Qur'oni karim oyatlari tafsiri, hadisi shariflar sharhi, ulamolar nasihatlari va hayotiy misollar asosida ta'sirli qilib jamoatga etkazadilar. Zarur holatlarda tezislarga ilovalar tayyorlanib, qo'shilishi ham mumkin. Buni imom domlalarimiz yaxshi biladilar.
Tezislar bir xil bo'lishi imom domlalarning so'z erkinligiga zid keladi, deyish mutlaqo to'g'ri emas. Chunki tezis o'z nomi bilan tezis! Ya'ni, u ma'ruza matni emaski, undan tashqariga chiqish mumkin bo'lmasa. Tezis ma'ruzachi ma'ruza davomida foydalanib turadigan, fikrlarini tartibga keltirib oladigan rejalar majmui.
Juma ma'ruzalarida tezisdan foydalanish hozirgi kunda ko'plab musulmon mamlakatlari Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirligi, Misr Arab Respublikasi va boshqa bir qator mamlakatlarda joriy etilgan.
Shu o'rinda yana bir mulohaza – bugungi kunda imom-xatiblar OAV, televideniya, radio, boshma nashrlarda tinimsiz chiqish qilmoqdalar. Uch yuzdan ortiq imom-xatiblar ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali muntazam chiqishlar qilmoqdalar, onlayn suhbatlar olib borayaptilar. Bularni bilmasdan yoki bilib turib ularga tuhmat qilib “Imomlarda so'z erkinligi bormi”, deb jar solish qaysi mezonga to'g'ri keladi?!
Axborot tarqatish odobi, mezonlari azal-azaldan mavjud. Jurnalistikada haqqoniylik tushunchasi hech bir zamonda, hech bir mamlakatda va holatda o'zgarmaydi. Jurnalist yuksak saviyada ijod qilishi mumkin, lekin haqqoniylikka xilof yo'l tutsa, uning barcha sa'y-harakati chippakka chiqishi muqarrar.
Hulosa o'zingizdan ...
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ayol kishi uyida eriga iqtido qilib namoz o‘qisa bo‘ladimi? Agar joiz bo‘lsa, ayol qayerda turadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, ayollar uyda erlari yoki boshqa erkak mahramlariga iqtido qilgan holda jamoat bo‘lib namoz o‘qishlari joiz bo‘ladi. Bu borada alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh bunday zikr qiladilar:
“Agar imom bilan bir ayol namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, uning orqasida turadi. Chunki ayolni erkak bilan bir safda yonma-yon turishi erkakning namozini buzadi. Agar imomdan tashqari bir erkak va bir ayol bo‘lsa, erkak imomning o‘ng tomoniga va ayol esa, orqasida turadi. Agar imomdan tashqari ikki erkak va bitta ayol bo‘lsa, ikki erkak imomning orqasida va bitta ayol ularning orqasida turadi. Agar erkaklar va ayollar hamda yosh o‘g‘il va qiz bolalar jamoat bo‘lib namoz o‘qimoqchi bo‘lsalar, u holda imomning orqasida dastlab balog‘atga yetgan erkaklar turadi. So‘ng balog‘atga yetmagan yosh o‘g‘il bolalar, so‘ng balog‘atga yetgan ayollar, so‘ng yosh qizlar turadilar” (“Badoyeus-sanoye’” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi