Sayt test holatida ishlamoqda!
12 May, 2025   |   14 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:08
Peshin
12:24
Asr
17:23
Shom
19:35
Xufton
21:03
Bismillah
12 May, 2025, 14 Zulqa`da, 1446

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etgan kun (1-qism)

23.09.2020   3176   8 min.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etgan kun  (1-qism)

 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Agar birontangizga musibat etsa, mendan (judo bo'lgandagi) musibatini eslasin. Zero, bu eng katta musibatdir", deganlar (Imom Dorimiy rivoyati).

O'n birinchi hijriy sana, o'n ikkinchi robi'ul avval, dushanba kuni. Oysha roziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quduqdan keltirilgan mesh bilan o'zlarini g'usl qildirishimizni buyurdilar. Shunday qildik, u zot alayhissalom biroz orom oldilar. Masjidga chiqib, odamlarga namoz o'qib berdilar. Uhud ahliga mag'firat tilab, ularning haqqiga duo qildilar. Ansorlarga vasiyat qilib, dedilar:

– Ey muhojirlar jamoasi! Ansorlar menga boshpana bergan, ishonchimni qozongan kishilardir. Bas, hurmat egalarini, ya'ni ularning muhsinlarini e'zozlanglar, xatolarini kechiringlar.

– Bir bandaga yo dunyoni yo Alloh huzuridagi narsalarni tanlash ixtiyori berildi. U Alloh huzuridagi narsani ixtiyor qildi. Shunda Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu yig'ladilar, Alloh rasulining bu so'zlari u zotning vafotlariga tegishli ekanini bilar edilar”(Imom Dorimiy rivoyati).

Said ibn Abdulloh otasidan rivoyat qiladi: «Ansorlar Payg'ambar alayhissalomning ahvoli og'irlashganini ko'rishgach, masjid atrofida to'plana boshlashdi. Abbos roziyallohu anhu Payg'ambar alayhissalomning oldilariga kirib, u zotga tashqarida ansorlar payg'ambarining holidan tashvish chekib qayg'urayotganlarini bildirdi. Honaga keyinroq kirgan Fazl va undan so'ng kelgan Ali roziyallohu anhu ham shu xabarni etkazdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo'lini uzatdilar. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qo'lidan ushladilar.

– Nima deyapsiz? – dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam.

– O'lib qolishingizdan qo'rqyapmiz, – dedik.

Payg'ambar alayhissalomning uylari tevaragida to'planayotganini ko'rgan ayollar nimanidir sezib, baqirib yig'lashardi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'rindan qo'zg'aldilar, Ali va Fazlga suyanib xonadan chiqdilar, oldda Abbos yo'l boshlab bordi. Payg'ambar alayhissalom oyoqlarini zo'rg'a sudrab bosardilar, to minbargacha bordilar va birinchi zinaga o'tirdilar. Odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam atrofiga jamlanishdi.

Payg'ambar alayhissalom so'zlarini Alloh taologa hamdu sano aytish bilan boshlab dedilar:

«Ey insonlar! Aytishlaricha, menga yuzlangan o'limdan qo'rqayotgan ekansiz. Sizning bu ishingiz go'yo o'limni inkor qilish kabidir. Payg'ambaringizning o'limini tan olmayapsiz. O'zimga va sizlarga etadigan o'limning xabarini bermadimmi? Ajabo! Mendan oldin yuborilgan payg'ambarlarning birortasi ummati orasida mangu yashab qolganmi, men orangizda abadiy qolsam?!

Ogoh bo'ling! Albatta men Robbimga qaytuvchiman, sizlar ham unga qaytuvchisiz.

Ogoh bo'ling! Albatta men sizdan avval borguvchiman. Sizlar ham menga etib olasiz.

Ogoh bo'ling! Va'dalashgan joyimiz havzi Kavsardir... Kavsarning suvi sutdan oq, qaymoqdan yumshoq, asaldan shirindir. Undan ichgan odam hech qachon chan-qamaydi. Havzi Kavsarning toshlari marvarid, o'zani mushkdir. Kimki ertaga (mahshar kunida) bu erga kelishdan mahrum bo'lsa, demak u barcha yaxshiliklardan mahrum bo'libdi.

Ogoh bo'ling! Kimki ertaga bu manzilda bo'lishni istasa, tilini va qo'lini yomonlikdan tiysin».

Nabiy sollallohu alayhi vasallam o'lim to'shagida yotarilar ammo shunday holatlaridan ham ummatlarini o'ylar, ularning xolidan xavotir olardilar. Shunda Jabroil alayhissalomdan:

Mendan so'ng ummatimning ahvoli qanday bo'ladi? deb so'radilar.

Shunda Alloh taolo Jabroil alayhissallomga vahiy nozil qildi: “Habibimga xushxabar ber. Ummati ichida uni uyaltirmayman. Hashr kunida u qabrdan eng avval chiqadigan insonlardan bo'ladi va Mahshargohda to'planganlarning sayyidi qilinadi. To uning ummati kirmagunicha boshqa ummatlarga jannatga kirish haromdir”. U zot alayhissalom:

Ana endi ko'zim quvonchga to'ldi, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Oysha roziyallohu anho dedilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening xonamda jon taslim qilgan edilar. Rasululloh yonlarida turgan suvli idishga qo'llarini tiqib: “Allohdan o'zga iloh yo'q! Albatta o'lim talvasasi, o'limning achchig'i bor”, dedilar. Keyin qo'llarini yuqoriga ko'tarib:

– Rafiqul a'lo, Rafiqul a'lo, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Oysha roziyallohu anho deydilar: «Vafotlaridan sal avvalroq, ya'ni o'sha kuni ertalab Rasululloh sollallohu alayhi vasallamda bir engillik paydo bo'ldi. Sahobalar bu o'zgarishdan quvonchga to'lib, uylariga, ishlariga tarqaldilar. Alloh rasulini ahli bayti bilan xoli qoldirdilar. Biz ham bu holdan boshimiz osmonga etdi. Misli ko'rilmagan sevinch va umid bilan quvondik. Kutilmaganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga:

Meni xoli qoldiring. Bu farishta huzurimga kirishga izn so'rayapti, – dedilar.

Mendan boshqa barcha ayollar xonadan chiqdi. Rasulullohning boshi tizzamda edi. O'tirib oldilar. Men uyning bir burchagiga borib turdim. Farishta bilan uzoq suhbatlashganlaridan so'ng meni chaqirib, boshini tizzamga qo'ydilar va ayollarga huzuriga kirishni buyurdilar. Keyin men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga:

– Bu Jabroil alayhissalomga o'xshamayapti? – dedim.

Ha, ey Oysha. Bu o'lim farishtasidir.

U: “Ulug' va qudratli Alloh sizdan izn bo'lmaguncha huzuringizga kirmasligimni buyurdi. Agar izn bermasangiz qaytaman. Izn bersangiz, huzuringizga kiraman. Alloh taolo: “To Muhammadning o'zi ixtiyor etmaguncha jonini olma”, deb buyurdi. Ayting, nimani xohlaysiz”, dedi.

“Men: Jabroil alayhissalom kelgunicha menga tegma. Mana hozir uning keladigan vaqti bo'ldi”, dedim.

Jabroil alayhissalom kelganini his etdim. Ahli bayt uydan chiqdi. Jabroil alayhissalom uyga kirib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga dedi:....

(Davomi bor)

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar

1446 yil avval aytilgan haqiqat

08.05.2025   7092   1 min.