Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Safar oyi haqida islomiy haqiqatni etkazaylik!

21.09.2020   3358   19 min.
Safar oyi haqida islomiy haqiqatni etkazaylik!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Safar oyi hijriy-qamariy taqvim bo'yicha yilning ikkinchi oyidir.

Odatda, bu oy yaqinlashishi bilan kishilar orasida turli savollar ko'paya boradi. Safar oyida safar qilib bo'lmasmish. Safar oyida to'y qilib bo'lmasmish va hokazolar. Ushbu gaplar diniy ma'noda bo'lishi ham turgan gap. Chunki, o'sha gaplarning tagida Safar oyida safar qilsa safarida ofatga duchor bo'ladi va to'y qilsa, oilasi baxtsiz bo'larmish, degan e'tiqod uchrab turadi.

Bu gaplarni kichiklikdan eshitib kelaman. Dastlab, Safar oyida safar qilib bo'lmasmish, degan gapni eshitganimda nomi safar bo'lgani uchundir, deb xayol qilgan edim. Keyin bilsam, oy nomi safar emas, «sofar» ekan. Bu oyning nomining safarga hech aloqasi yo'q ekan. Faqat bizda alifbomiz o'zganikiga almashtirilganda ularning alifbosi kambag'allik qilib shu xato yuz bergan ekan.

Otamiz rahmatli bu oy to'g'risidagi odamlar ichida tarqalib qolgan gapu so'zlar noto'g'ri ekanligini aytib berar edilar. Albatta, boshqa ahli ilmlar ham haqiqatni xalqqa etkazar edilar. Ammo omma ichida baribir Safar oyidan shumlanish ma'nosidagi gaplar davom etaverardi.

Safar oyi haqidagi noxush tushuncha va e'tiqodlar hozir ham davom etmoqda. Yaqinda yozuv ishlari bilan mashg'ul bo'lib o'tirsam, bolalar huzurimga kelib, qo'shnilarimizdan bir yo'qlayotganining xabarini berishdi.

Salom-alik, duo-fotihadan keyin muhtaram qo'shni maqsadga ko'chdilar. O'g'illariga yaxshi joydan kelin topilgani, bugun quda tarafga borishlari va maslahat qilishlari haqida so'zladilar.

–Shu munosabat bilan bir katta savol paydo bo'lib qoldi, dedilar qo'shni.

–Qani, eshitaylikchi, qanday savol ekan? – dedim, savol nimaligini darhol tushungan bo'lsam ham.

–To'yning Safar oyiga to'g'ri kelib qolishining ehtimoli ham bor ekan. Shu gap chiqishi bilan desangiz, ayollar bir dunyo gapni gapirib tashlashdi. To'xta, bularning hammasini janoblaridan bir so'rab olay, hali qudanikiga borganda ham bu mashmashalar bo'lishi mumkin, dedim o'zimga va vaqtingizni olsam ham oldingizga keldim, -dedilar qo'shni kulib.

Qo'shnining savoliga qo'ldan kelganicha javob berdim. Bu gaplar eskidan borligini, yana davom etayotganini va ularga faqat ilm orqaligina barham berilishi mumkinligini aytdim. Shu maqsadda oylik kitobcha chiqarish niyatida ekanligimizni, o'shanda shunga o'xshash masalalarga ham e'tibor qaratish niyatidaligimizni aytib, duo qilib turishlarini so'radim.

O'sha kuni peshindan keyin dinu diyonatini mahkam tutgan ziyolilarimizdan biri keldi. U kishi bilan rejalashtirib qo'ygan ilmiy suhbat va savol-javobimiz ancha davom etdi. Suhbatga oid varaqlarni yig'ishtirib bo'lgan muxlis ziyoli yonidan yangi bir varaq olib xontaxtaga yoydi-da:

–«Endi oilaviy masalalarga o'tamiz. Sizga aytadigan bo'lsam, o'g'ilni uylantiradigan bo'lib qoldik. Odob-axloqli, ibodatdagi kelin topilib qoldi. To'y haqida bir necha savollarimizni yozib keldim, - dedi kulib.

–Muborak bo'lsin! Alloh xayrli qilsin! Yoshlarimiz baxtli bo'lsinlar! Qani, savollarni eshitaylik-chi?!, dedim.

Tabiiyki, savollar ichida: «Safar oyida to'y qilsa bo'ladimi», ham bor edi. Qo'shniga aytilgan gaplarni yana takrorladim. Mehmonni kuzatib qo'yib, oylik kitobcha chiqarish zarur ish ekanini yana bir bor ko'ngildan o'tkazdim. Bir masalani odamlarga bittadan tushuntirishdan ko'ra ilmiy asosda kitob orqali ommaviy bayon qilib berish qanchali ahamiyatli ekanini yodga oldim. Og'zaki gap esdan chiqishi mumkinligi bilan har safar yangidan takrorlanishi lozim. Kitob esa doim turadi. Esidan chiqargan odam qaytadan o'qib olishi, boshqalarga o'qitishi, bolalari va nabiralariga meros qoldirishi mumkin.

So'ngra Safar oyi haqidagi ma'lumotlarimni xayoldan o'tkaza boshladim. Bu jarayon davomida agar Safar oyi haqida biror narsa yozadigan bo'lsak, qo'shni va muxlis ziyoliga aytilgan gaplar hech narsa bo'lmasligi qayta-qayta fikrdan o'tdi. Bu masala bo'yicha biror to'liqroq narsa o'qimaganim yoki eshitmaganim aniq bo'ldi. Safar oyi haqida qayerda va qanday ma'lumotlar borligi haqida o'ylay boshladim.

Kitoblarni qarab chiqdim. Hech birida bizni qiziqtirayotgan masala bo'yicha qoniqarliroq ma'lumot topa olmadim. Bir necha kunlar o'tganidan keyin, o'zimiz urinar ekanmiz-da, degan fikrga keldim. Alloh taolodan yordam so'ragan holda mazkur fikrni amalga oshirishga qo'l urdim. Haq taoloning O'zi oson va foydali qilsin!

Qur'oni karimda Safar oyiga oid ma'lumot bormi? Bu savolga javob topish borasida olib borilgan harakatning natijasi yilning boshqa oylari qatori Safar oyi ham Qur'oni karimda o'z nomi ila tilga olinmagan degan xulosa bo'ldi. Ammo Qur'oni Karim oyatlarini tafsir qilish va ulardagi ishoralarni anglab etish uchun keltiriladigan ma'lumotlarda Safar oyi borligi ayon bo'ldi.

Alloh taolo «Tavba» surasida:

«Albatta, «nasiyu» kufrda ziyoda bo'lishdan o'zga narsa emas. Bu bilan kufr keltirganlar zalolatga ketkazilurlar. Alloh harom qilgan narsaning adadiga moslash uchun uni bir yil halol qilurlar, bir yil harom qilurlar. Bas, bu bilan Alloh harom qilgan narsani halol qilurlar. Ularga amallarining yomonligi ziynatlandi. Alloh kofir qavmlarni hidoyat qilmas», degan (37-oyat).

Oyati karimadagi «nasiyu» so'zi lug'atda ortga surish ma'nosini ifoda qiladi. Johiliyat ahlida urush harom qilingan oyning hukmini boshqa, keyin keladigan oyga surish odati urf bo'lgan edi. Ya'ni, arab mushriklari ham to'rt oy — Muharram, Zulqa'da, Zulhijja va Rajab oylari harom oylar ekanligini aytar edilar. O'sha oylarda urush tamoman to'xtar edi. Agar biror kishi shu oylarda otasini o'ldirgan odamni uchratib qolsa ham, unga tegmasdi. Ammo bordiyu, urushni xohlab qolsalar, aslida harom bo'lgan oyning haromligini orqaga surib qo'yib, urush qilaverar edilar.

Misol uchun, Muharram harom oy, ammo shu oyda urush qilgilari kelib qolsa, bu yil uning haromligini Safar oyiga surdik, o'sha oyda urush qilmaymiz, deb Muharramda urush qilar edilar. Safarda esa, urush qilishmasdi. Yanagi yili aksincha bo'lardi. Ular bir yilda to'rt oy urushmasak bo'ldi-da, qaysi oyda bo'lishining nima farqi bor, degandek ish qilishar edi.

Bu ma'noda Safar oyi johiliyat ahli tomonidan Muharram oyi o'rniga vaqtincha qo'yilib turadigan oy bo'lganligi bilan ajralganini bilib oldik.
Johiliyat ahli Safar oyini Muharramga yana boshqa bir maqsadda ham almashtirar edilar. Ularning bu ishini quyidagi rivoyatdan bilib olamiz.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Quraysh va uning dinini tutganlar haj oylaridagi umrani er yuzidagi eng katta fujurlardan biri deb bilar edilar. Ular Muharramni Safar qilar edilar va «Qachonki, tuyaning yarasi bitsa, izlar yo'qolsa, Safar oyi tugasa, umra qiluvchiga umra halol bo'lur», der edilar.

Bas, Nabiy sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobalari to'rtinchi kuni ertalab hajga ehrom bog'lab keldilar. Bas, u zot ularga uni umra qilishni amr qildilar. Bas, u ularga katta bo'lib ko'rindi va ular:

«Ey Allohning rasuli! Halollikning qaysisi?» dedilar.

«Halollikning barchasi», dedilar».

Uchovlari rivoyat qilgan.

Johiliyat ahlining bunga o'xshash o'zlaricha joriy qilib olgan noma'qul ishlari juda ham ko'p edi. O'sha ishlardan biri ularning haj oylaridagi umrani er yuzidagi eng katta fujurlardan biri deb bilishlari edi.

Islom johiliyatning barcha johilliklarini to'g'riladi. Jumladan, umrani har doim qilish mumkinligini joriy qildi. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam o'zlarining vidolashuv hajlarida sahobai kiromlardan qurbonlik haydab kelmaganlariga haj niyatlarini umraga aylantirishni maslahat berdilar.

Johiliyat o'z nomi o'zi bilan johillikdan iboratdir. Islomdan oldingi johiliyatda ham johillikning turli-tuman ko'rinishlari mavjud edi. Jumladan, turli oy va kunlarga oid masalalarda ham johiliyatning johilliklari to'lib-toshgan edi. Islom boshqa ko'pgina narsalar qatori ana shu narsalarni ham muolaja qildi. Ularni qandoq qilib to'g'ri yo'lga solishni tushuntirdi.

Islomdan oldingi johiliyat davrida Safar oyidan shumlanish odati ham bor edi. Ular Safar oyida yangi ish boshlab bo'lmaydi, nikoh aqdi qilib bo'lmaydi, ayoli bilan birga oilaviy hayotni boshlab bo'lmaydi, safarga chiqib bo'lmaydi kabi bir qancha xurofotlar asosida bu oydan shumlanishar edi. Ularning fikricha, bu oy xosiyatsiz bo'lib, unda turli yomon mavjudotlar er yuzida tarqalar va mazkur ishlarni qilgan odamlarga zarar etkazar edilar.

Barcha noto'g'ri e'tiqodlar qatori dinimiz bu kabi xurofotdan iborat fikrlarni ham to'g'riladi. Payg'ambarimiz alayhissolatu vassalom bu borada bir qancha hadislar aytdilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasalam: «Kasallik yuqishi yo'q, boyqush yo'q, nav'u yo'q va safar yo'q», dedilar».

Uchovlari rivoyat qilishgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinayotgan bu hadisi sharifda johiliyatning to'rtta johilligi inkor qilinmoqda.

1. «Kasallik yuqishi yo'q». Johiliyat ahlida: xastaliklarda o'ziga yarasha quvvat bor, ular bir kishidan ikkinchisiga o'sha quvvat ila o'tadi, degan e'tiqod bor edi. Hozir ham xuddi shunga o'xshash e'tiqod bor. Undoq bo'lsa «xastalik yuqishi yo'q-mi?» degan savol berilishi turgan gap. Bunga javob shuki, xastalik Alloh iroda qilsagina yuqadi. Huddi shu ma'no Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisi shariflarida va bunga o'xshash boshqa hadisi shariflardagi «kasallik yuqishi yo'q» degan gaplarida mujassam bo'lgandir.

Dunyodagi har bir narsa faqatgina Alloh taoloning irodasi bilan bo'ladi. Jumladan, xastalik yuqishi ham. Odamlardan johiliyat e'tiqodlarini ketkazish uchun shunga o'xshash hassos narsalarga alohida e'tibor berilgan.

2. «Boyqush yo'q». Johiliyat davrida turli narsalardan shumlanish mavjud edi. Bu narsa ularning e'tiqodiga aylanib qolgan edi. Jumladan, qayerga boyqush qo'nsa, o'sha erda yomonlik va xarobchilik bo'ladi, degan e'tiqod bor edi. Islom bu narsani ham inkor etdi. Birovga ko'ngilsizlik yoki yomonlik etadigan bo'lsa boyqush yoki boshqa qush qo'ngani sababli emas, Alloh taoloning irodasi ila bo'ladi. Alloh iroda qilsa, har qanday holatda ham bandaga xastalik oriz qilganidek, boyqush qo'nsa ham, qo'nmasa ham yomonlik va xarobachilikni voqe' qilishi mumkin.

3. «Nav'u yo'q». «Nav'u» johiliyat ahli yomg'ir yog'diradi deb e'tiqod qiladigan yulduz. Ular o'zlaricha yomg'irni o'sha yulduz yog'diradi, deb aytishar edi. Albatta, bu ham noto'g'ri. Yomg'irni faqatgina Alloh taoloning O'zi yog'diradi.

4. «Safar yo'q». Johiliyat ahlining Safar oyi to'g'risida ham bid'at-xurofotdan iborat aqiydalari bor edi. U oyda safar qilib bo'lmaydi, u bo'lmaydi, bu bo'lmaydi, deyishar edi. Ularning bu haqdagi e'tiqodlarini yuqorida aytib ham o'tdik. Islom bundoq bo'lmag'ur e'tiqodlarni ham rad etdi. Oylarning hammasi Alloh taoloning oylari, kunlarning hammasi Alloh taoloning kunlari ekanini e'lon etdi.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kasallik yuqishi yo'q, g'ul yo'q va safar yo'q», dedilar».

Imom Muslim va Abu Dovud rivoyat qilgan.

Bu hadisi sharifda avvalgi bayoni kelgan narsalarga «g'ul» ham qo'shilmoqda.

«G'ul» johiliyat ahli tasavvuridagi bir jin bo'lib, ular uni turli shakllarga kira oladi, odamlarni adashtirib ketib turli balolarga uchratadi, degan e'tiqodni qilishar edi. Islom bu noto'g'i e'tiqodni ham rad etdi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kasallik yuqishi yo'q, qushla fol ochish yo'q, boyqush yo'q va safar yo'q. Va moxovdan, xuddi arslondan qochganingdek qochgin», dedilar».

Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

Ushbu hadisi sharifda Safar oyiga oid shumlanish bilan birga qush ila fol ochish hamda kasal yuqishi masalasi bayon qilinmoqda. Biz «qushla fol ochish» shaklida tarjima qilgan ibora arabchada «tiyara» deyiladi. Bu ibora «toir» – qush so'zidan olingandir. Qushning fol ochishga nima daxli bor yoki hozirdagi ba'zi folchilarga o'xshab qushga xatni torttirib fol ochish avvallari ham bo'lganmi, degan savol paydo bo'lishi mumkin.

Ha, qush bilan fol ochish avvallari, johiliyat davrida ham bo'lgan-u, boshqacha uslubda bo'lgan. Johiliyat ahlidan birortasi bir ishni qilish-qilmaslikda ikkilanib qolsa, qushni qo'lda tutib turib uchirgan. Agar qush o'ng tomonga uchsa, o'sha ishni qilgan. Agar qush chap tomonga uchsa, u ishni qilmagan. Agar qush to'g'riga uchsa, yana boshqa qush uchirgan. Ular bu ishni ko'p qilganidan umuman fol ochishga ham «tiyara» iborasi ishlatiladigan bo'lib ketgan. Islom dini bu bemazagarchilikni ham rad etdi.

Bu fasldagi ushbu hadisi sharifgacha bo'lgan rivoyatlarning ba'zisida kasallik yuqishi yo'qligi, ba'zisida kasallik yuqishidan ehtiyot bo'lish kerakligi aytilgan bo'lsa, bu hadisi sharifda mazkur ikki masala ham zikr qilinmoqda. Shu bilan kasallik o'zicha yuqmasligi e'tiqod masalasi ekanligi, kasallik yuqishidan ehtiyot bo'lish esa dinimiz amal qilishni bizdan talab qilgan narsa ekanligi ta'kidlanmoqda.

Moxov xastaligi ham yuqumli ekani hozirda hammaga ravshan haqiqatdir, Islomda esa bu xastalikka uchragan odamdan arslondan qochgandek qochish kerakligi o'n besh asr ilgari ta'kidlangan.

O'rni kelganda kasalning yuqishini ilmiy ravishda birinchi bor isbot qilganlar ham musulmon tabiblar ekanligini aytib o'tmoq burchimizdir. Bu haqiqatni biz emas, g'arbliklar e'tirof qilganlarini ta'kidlash esa vazifamizdir.

Ming afsuslar bo'lsinki, johiliyatning johil e'tiqodlaridan bo'lmish Safar oyidan shumlanish ba'zi sabablarga ko'ra hozirgacha oramizda saqlanib kelmoqda. Tariximizning turli bosqichlarida ulamolarimiz bu masalaga murojaat qilganlarini ko'ramiz.

Hanafiylarning eng mashhur fatvo majmualaridan biri bo'lmish «Fatavoyi Olamgiriya» va shar'iy odoblar bo'yicha mazhabimizning asosiy manbalaridan bo'lmish «Bariyqai Muhmudiya sharhi Toriyqai Muhammadiya» nomli kitoblarda Safar oyiga oid quyidagi ma'lumotlarni o'qiymiz:

«Safar oyida safar qilmaydigan, nikoh va duxulga oid va boshqa ishlarni boshlamaydigan, Nabiy alayhissalomdan rivoyat qilinadigan «Kim menga Safar chiqqanining bashoratini bersa, men unga jannatning bashoratini beraman» gapni mahkam tutib olgan kishilar haqida so'radim. Bu rivoyat o'zi to'g'rimi? Safar oyida baxtsizlik va mash'umlik bormi? U oyda bir ish qilishdan qaytarish bormi?» deb so'radim. U kishi quyidagi javobni berdi:

«Safar oyi haqida aytgan gaplari (johiliy) arablarning gapidir. Nabiy sollallohu alayhi vasallamga nisbat berib aytgan rivoyatlari qip-qizil yolg'ondir». («Javohirul fatavo»dan).

Safar oyidan shumlanishga qarshi faqat tushuntirish ishlari olib borish bilan kifoyalanib qolinmadi. Balki amaliy va namunali ishlar ham qilindi.

Johiliyat ahlining Safar oyidan shumlanishiga tamoman zid o'laroq bu oy Islomda «Safarul xayr» – «Safar yaxshilik» deb nomlandi.

Johiliyat ahlining Safar oyida ish boshlab bo'lmaydi, degan xurofotiga zid o'laroq Islomda ko'pgina ishlarni aynan Safar oyida boshlandi.

Masjidi nabaviyning qurilishi birinchi hijriy sananing aynan Safar oyida bo'ldi.

Johiliyat ahlining Safar oyida safarga chiqib bo'lmaydi, degan e'tiqodiga zid o'laroq musulmonlar xuddi boshqa oylardagi kabi bemalol safarlarga chiqdilar. Payg'ambar alayhissalom Safar oyida safarga chiqib Haybarni fath qildilar.

Johiliyat ahlining Safar oyida nikohlanib bo'lmaydi, degan safsatasiga qarshi o'laroq musulmonlar bu oyda nikohlarini o'tkazdilar. «Tuhfatul Muhtoj fii sharhil Minhoj» nomli kitobda va boshqa manbalarda imom Zuhriyning rivoyatlari asosida keltirilishicha, Payg'ambarimiz alayhissalom aynan Safar oyida o'z qizlari Fotimai Zahroni Ali roziyallohu anhuga nikohlab berdilar. O'shanda hijratning ikkinchi yili edi.

Avval bilmasak, endi bilib oldik. Safar oyidan shumlanishni yig'ishtiraylik. Bilmaganlarga ham bu oy to'g'risida o'zimiz bilgan islomiy haqiqatni etkazaylik.

 

islom.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Jannat ne’matlari haqida o‘ylaganmisan?!

8.01.2025   12808   14 min.
Jannat ne’matlari haqida o‘ylaganmisan?!

Jannat ahliga va’da qilingan abadiy ne’matlar haqida ham uzoq fikr et, qalbing umidga to‘lsin. Nafsingni xavf qamchisi bilan haydab, umid bilan jilovla va sirotul mustaqimga yo‘lla. Ana shunda buyuk mulkka yetasan, alamli azobdan xalos bo‘lasan.

Ahli jannat xususida, ularning yuzlarida aks etgan ne’matlar jilvasi, mushk bilan muhrlangan may ila qondirilishlari haqida o‘ylaganmisan?! Jannat ahli oq durdan tikilgan chodirlar ichida, qizil yoqutdan bo‘lgan minbarlarda, yashil bolishlar va gilamlar ustida, may va asal oqayotgan daryolar bo‘yida qurilgan so‘rilarda yastanib o‘tirurlar. Ularning atrofida xizmatga hozir g‘ulomlar va hech qachon qarimaydigan bolalar bo‘lur. Jannat ohu ko‘zli, xushxulq va go‘zal yuzli ayollar bilan ziynatlangan. Yoqut va marjondek nafis bu bokiralarga ilgari na bir ins va na bir jin tegingan...
Ularning egnidagi oppoq ipak ko‘zlarni qamashtiradi. Boshlaridagi inju va marjonlar qadalgan tojlari undan-da nurafshon. Ishvalari sokinlik va osudalik bilan bezangan yuzlar qarib qolish kabi noqisliklardan xoli. Ular jannat bog‘chalarining o‘rtasida yoqutdan bunyod etilgan chodirda yolg‘iz bo‘lurlar.

Ularning huzurida borlig‘i hayo bilan to‘silgan musaffo ohu ko‘z hurlar bor. Ustlarida esa mangu yosh bolalar oqar chashmadan qadahlarni, ko‘zalarni va kosalarni aylantirib tururlar. Yana ular uchun xuddi sadaf ichida yashirib qo‘yilgan gavhar misoli ohu ko‘z hurlar bordir. Bu hurlar jannat ahlining dunyo hayotida qilib o‘tgan solih amallarining mukofotidir. Ular jannatning chashmalar, daryolar oqib turgan emin maqomida, Qodir Podshoh huzuridagi rozi bo‘lingan o‘rinda Malikul Karim Parvardigorining jamoliga boqadilar. Ularning yuzlarida ne’matlar jilvasi porlaydi. Ularga na bir zaiflik, na bir xorlik yetadi. Balki ular Parvardigori tomonidan yog‘dirilayotgan turli ne’matlardan baxtiyor, o‘zlari istagan maskanda abadiy qolguvchidirlar. Ularga u yerda na bir xavf, na bir hazinlik yetmas, balki baloyu falokatlardan omondadirlar.

Ular jannat taomlaridan yeydilar. Sut, may, asal to‘la daryolardan ichadilar. U daryolarning yerlari kumushdan, toshlari marjon, tuprog‘i mushk, o‘tlari za’farondir. Quyuq kofur aralashgan oq atirgul suvlariga to‘la bulutlardan yomg‘irlar yog‘adi. Jannat ahliga asli kumushdan bo‘lgan, dur, yoqut, marjonlar bilan ziynatlangan qadahlar, shuningdek, ichida muhrlangan may, aralashmasi chuchuk salsabil bo‘lgan maykosalar keltiriladi. U maykosalardan nur porlaydi. Ularning sofligi shu darajadaki, mayning mayinligi va qirmizi ranggi kosaning tashqari tomonidan bilinib turadi. Chunki, bu odamzodning san’ati emas, u bunday go‘zallikdan ojiz. Maykosalar chehrasidan nur yog‘ilayotgan xodimlar kaftida (jannat ahliga uzatilgan holda) turadi.

Ha, xodimlarning nur porlayotgan yuzlari quyoshga o‘xshaydi, faqat, u yuzlardagi halovat, u ko‘zlardagi husnu malohat quyoshda ne qilsin!
Ajabo! Oxirat diyorining bu sifatlariga, bu diyor ahlining o‘lmasligiga va jannat ahlining kutilmagan o‘zgarish, ofat-balolardan omonda ekanligiga aniq ishongan kishi, qanday qilib, oxiri xarobalikka yuz tutuvchi bu o‘tkinchi dunyoni o‘ziga do‘st bilishi mumkin?! Qanday qilib, u diyor lazzatini, bu dunyo lazzatiga almashtirish mumkin?!

Allohga qasamki, agar jannatda sihat-salomatlik bilan birga o‘lim, ochlik, tashnalik kabi ofatlardan omonlik bo‘lsa-yu, boshqa hech narsa bo‘lmasa, faqat shu sababning o‘zi ham bu dunyodan yuz o‘girishga arziydi. Nega endi oxirat diyori bu dunyodan ustun qo‘yilmasin? Axir, jannat ahli har qanday xavfdan omon podshohlardir. Ular turli-tuman ne’matlar ichida shod-xurram, xohlagan ne’matlari oldida muhayyo! Ular har kuni Arsh yonida hozir bo‘lib, Allohning diydoriga nazar soladilar...
Abu Hurayra Rasuli akram alayhissalomning bunday deganlarini rivoyat qiladi: «Munodiy nido qiladi: "Ey jannat ahli! Endi siz hamisha sog‘lomsiz, hech qachon dardga chalinmaysiz, hamisha tiriksiz, hech qachon o‘lmaysiz. Doimo yoshsiz, hech qachon qarimaysiz. Albatta, siz saodatli bo‘lasiz, hech qachon baxtsizlikka yo‘liqmaysiz"» (Muslim rivoyati).
Alloh taolo deydi: «Qilib o‘tgan (yaxshi) amallaringiz sababli sizlarga meros qilib berilgan jannat mana shudir» (A’rof, 43-oyat).

Jannat sifatlari bilan tanishmoqchi bo‘lsang, Qur’on o‘qi. Jannat haqida Alloh taoloning bayonidan ulug‘roq bayon bormi?!

«Parvardigori (huzurida) turishidan (ya’ni, Parvardigor oldida turib, hayoti dunyoda qilib o‘tgan barcha amallariga javob berishidan) qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir» (Rahmon, 46) oyatidan to sura oxirigacha, shuningdek, Voqea va boshqa suralarni ham o‘qi, jannat haqidagi xabarlarning tafsilotiga boq! Avvalo, jannatning soni bilan bog‘liq jihatlarga e’tiboringni qarat. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Rahmon surasidagi «Parvardigori (huzurida) turishidan qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir» oyati xususida deydilar: «Ikki jannat bor, u yerning idishlari va boshqa barcha narsalari kumushdan. Ikki jannat bor, u yerning idishlari va boshqa barcha narsalari oltindan. «Adn» deyilmish mangu jannatda ahli jannat va Parvardigorining orasida kibriyo ridosigina bo‘lur» (Muttafaqun alayh).

Keyin jannat eshiklarini tasavvur qil. Ularning soni toatingga yarasha. Ya’ni, qaysi mo‘minning Alloh taologa itoati ko‘p bo‘lsa, unga ochiladigan jannat eshiklari ham shunchalik ko‘p bo‘ladi. Jahannam eshiklarining soni ham kishining ma’siyatiga muvofiq bo‘ladi. Ya’ni, inson Alloh taologa qancha ko‘p itoatsizlik qilsa, unga shuncha ko‘p do‘zax eshiklari ochiladi.
Abu Hurayra Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini rivoyat qiladi: «Kimki Alloh yo‘lida o‘z molidan bir juft narsani infoq qilsa, u jannatning barcha eshiklaridan chorlanadi. Jannatning sakkizta eshigi bor. Kimki ahli namoz bo‘lsa, «Bobus solat» (Namoz eshigi)dan, ro‘za ahli «Bobus siyam» (Ro‘za eshigi)dan, ahli sadaqa bo‘lsa, «Bobus sadaqa» (Sadaqa eshigi)dan, ahli jihod bo‘lsa, «Bobul jihod» (Jihod eshigi)dan ichkariga chorlanadi». Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu:
– Allohga qasamki, bu eshiklarning bittasidan chaqirilgan kishi najot topadi. Jannat eshiklarining barchasidan chorlanadigan kishi ham bormi?
Ha, sen o‘shalardan biri bo‘lishingni umid qilaman, dedilar Nabiy alayhissalom» (Muttafaqun alayh).

Osim ibn Zamra Ali karramallohu vajhahudan rivoyat qiladi: «Hazrati Ali do‘zaxni eslatdi. Shunday bir qo‘rqinch bilan eslatdiki, uning dahshatidan hozir qo‘rqinchdan boshqasi xotirimdan ko‘tarildi. Keyin shu oyatni o‘qidi: «Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar esa to‘p-to‘p holda jannatga kiritiladilar. Qachonki ular darvozalari ochilgan holdagi (jannatga) kelib yetganlarida va uning qo‘riqchilari: «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz» deganlarida (ular behad shodlanurlar)» (Zumar, 73-oyat).

So‘ngra keyingi chashmaga borib, u bilan poklanadilar. Ularga ne’matlar jilvasi yog‘iladi. Badandagi tuklardan mudom xush bo‘ylar taraladi. Sochlar go‘yo atirli moy surilgandek bir tekis, tartibli. Keyin ular jannatga yetib keladilar. Jannat qo‘riqchilari ularga: «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz» – deyishadi.
So‘ng vildon – mangu yosh bolalar ularni qarshi olishib, atrofida aylanishadi, bamisoli, dunyo bolalari uzoq vaqt ko‘rmagan yaqinlarini sog‘inch bilan kutib olib, atrofida aylanishganlari kabi. Ular ahli jannatga: «Quvoning, shodlaning! Qarang, Alloh taolo sizga shunchalik ne’matni ato qilibdi!» – deya suyunchilashadi».

Roviy deydi: «Mangu yosh bolalardan biri jannat ahli zavjalaridan bo‘lgan ohu ko‘z hurlardan biriga: «Falonchi keldi!» deb u jannatiyning dunyoda chaqirilgan ismini aytadi. Shunda ohu ko‘z hur:
– Sen uni aniq ko‘rdingmi? – deb so‘raydi.
– Ha, aniq ko‘rdim, mana u izimdan kelyapti, – deydi u. O‘shanda u hur sevinchdan shu darajada yengillashib ketadiki, bir zumda jannat eshigi bo‘sag‘asida hozir bo‘ladi. Jannatiy banda o‘z maskaniga yetib, marjonlardan iborat sohil ustiga qurilgan qizil, sariq, yashil kabi turfa rangda tovlanayotgan ko‘shkka nazari tushadi. Boshini ko‘tarib, chaqmoqdan chaqnayotgan ko‘shkning shiftiga asta qaraydi. Agar Alloh taoloning taqdiri bo‘lmaganida bu yorqinlik uning ko‘zini ko‘r qilgan bo‘lar edi. Ko‘zini shiftdan olar ekan, qoshida zavjalarini, buloq bo‘yiga qo‘yilgan qadahlarni, tizib qo‘yilgan yostiqlarni va to‘shalgan gilamlarni ko‘radi. So‘ngra ularga suyanib: «...Bizlarni bu (ne’matlarga) yo‘llagan Zot-Allohga hamdu sano bo‘lgay. Agar bizni Alloh hidoyat qilmaganida hargiz yo‘l topa olmas edik...» – deydi (A’rof, 43-oyat).
Keyin munodiy nido qiladi: «Mangu hayotsiz, hargiz o‘lmaysiz. Doimo bunda muqimsiz, hech qachon ketmaysiz. Hamisha salomatsiz, hech qachon xastalanmaysiz».
Rasuli akram alayhissalom dedilar: «Qiyomat kuni jannat eshigi oldida hozir bo‘laman, uning ochilishini so‘rayman. Shunda jannat qo‘riqchilari:
– Kim u? – deydi.
– Muhammad! – deyman.
Sizdan oldin birorta kishiga eshikni ochmaslikka buyurilgan edim, – deydi u» (Muslim rivoyati).
Jannatdagi ko‘shklar, u yerda darajalarning farqlanishi to‘g‘risida ham fikr et. Chunki, oxirat daraja jihatidan eng yuksak, afzalligi jihatidan eng ulug‘ mezondir. Odamlar toatlarning zohiriy ko‘rinishida va botiniy xulqda bir-biridan farqlangani kabi amallariga ko‘ra taqdirlanishda ham farqlanadilar. Agar yuksak darajalarni ko‘zlayotgan bo‘lsang, jiddu jahd qil, toki Olloh taologa itoat qilishda hech kim sendan o‘zib ketolmasin. Axir, Olloh taolo ayni shu maydonda senga musobaqa va raqobatni buyurgan-ku!
«(Ey insonlar), Parvardigoringiz tomonidan bo‘ladigan mag‘firatga hamda Olloh va Uning payg‘ambarlariga iymon keltirgan zotlar uchun tayyorlab qo‘yilgan, kengligi osmon va yer kengligi kabi bo‘lgan jannatga shoshilingiz...» (Hadid, 21-oyat).
«U (may)ning muhri mushk bo‘lur. Bas, bahslashguvchi – musobaqa qilguvchi kishilar (mana shunday mangu ne’matga yetish yo‘lida) bahslashsinlar – musobaqa qilsinlar» (Mutaffifun, 26-oyat).
Ajabo! Yaqinlaring yo qo‘shnilaringdan birortasi boyib ketsa yoki imoratini baland qilib ko‘tarsa, siqilasan, qiynalasan. Hasad tufayli hayoting achchiq zardobga aylanadi. Lekin eng oliy qarorgohda, jannatda shunday yaqinlaring yoki qo‘shnilar borki, ular o‘z fazilatlari bilan allaqachon sendan o‘zib ketdi. Bu fazilatlarga dunyo va undagi jamiki narsalar ham bas kelolmaydi.
Abu Said Xudriy Payg‘ambar alayhissalomning shunday deganlarini rivoyat qiladi: «Ustma-ust, darajama-daraja joylashgan ko‘shk ahli jannatiylarga, bamisoli uzoq ufqlarda mag‘ribu mashriqqa sochilib, bir-biri bilan musobaqalashayotgan yulduzlardek bo‘lib ko‘rinadi.
– Ey Ollohning rasuli, ular payg‘ambarlardan o‘zgasi yetolmaydigan manzilmi? – deya so‘rashdi.
– Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, u Ollohga iymon keltirgan va mursallarni tasdiqlagan kishilarning manzillaridir» (Muttafaqun alayh).
Rasuli akram bu haqda yana shunday deganlar: «Jannatdagi baland daraja egalarini ulardan quyidagilar xuddi osmon ufqlarida porlagan yulduzlarni ko‘rganday ko‘radilar. Abu Bakr va Umar shulardandir...» (Termiziy rivoyati).
Jobir Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bunday rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar alayhissalom bizga:
Sizlarga jannat ko‘shklarining xabarini beraymi? – dedilar.
– Ota-onamiz Sizga fido bo‘lsin, yo Allohning rasuli, xabarini bering, – dedik.
Jannatda hamma tomoni gavhardan bunyod qilingan ko‘shklar bor. Bu ko‘shklar shu darajada shaffofki, tashqarisidan ichi, ichidan tashqarisi ko‘rinib turadi. Ko‘shk ichkarisida na ko‘z ko‘rgan, na quloq eshitgan, na inson xotiriga kelgan bir ne’mat, tuganmas lazzat, adoqsiz surur bor, – dedilar.
– Yo Allohning rasuli, bu ko‘shklar kim uchun hozirlangan? – so‘radim.
– Shunday bir kishi uchunki, u salomni yoyadi, taom yediradi, davomli ro‘za tutadi, tunda odamlar uyquga g‘arq paytda namoz o‘qiydi, – dedilar.
– Yo Allohning rasuli, bularni kim bajara oladi? – dedik.
– Ummatim bu ishlarni bajarishga qodir. Ular haqida sizlarga xabar berayinmi? Kim birodariga yo‘liqqan paytda salom bersa yo alik olsa, demak u salomni yoygan bo‘ladi. Kimki ahli oilasini to‘yguncha oziqlantirsa, taom yediruvchilar jumlasidan bo‘ladi. Kimki ramazon oyida va har oyning uch kunida ro‘zador bo‘lsa, davomli ro‘za tutgan hisoblanadi. Kimki xufton va bomdod namozini jamoat bilan ado qilsa, tunda odamlar ya’ni, yahudiylar, nasoralar va majusiylar uyquda paytda namoz o‘qigan bo‘ladi, – dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam» (Abu Naim rivoyati).

Alloh taoloning: «...abadiy jannatlardagi pokiza maskanlarga kiritur» (Saf, 12) oyati haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘rashdi. Rasuli akram dedilar: «Pokiza maskanlar – marjonlardan bunyod qilingan qasrlardir. Har bir qasrda qirmizi yoqutdan bo‘lgan yetmishta hovli, har hovlida yashil zumraddan bo‘lgan yetmishta uy, har uyda bir taxt, har taxtda barcha ranglardan uyg‘un yetmishta to‘shak, har to‘shakda ohu ko‘zli hurlardan bir jufti halol bor. Har uyda yetmishta dasturxon, har dasturxonda yetmish xil taom bor. Har uyda yetmishta xodima bor. Mo‘min kishiga har kuni ertalab shunday bir quvvat beriladiki, kun davomida xodimlarning barchasi bilan qo‘shilishga qodir bo‘ladi» (Abu Shayx rivoyati).

Abu Homid G‘azzoliy "Ihyo ulumud din (So‘nggi manzil zikri)" kitobidan