frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Fosiqlar bilan do'stlashish - 51 qism

19.10.2023   4237   4 min.
Fosiqlar bilan do'stlashish - 51 qism

Alloh taoloning taqiq va amrlarini tan olmaydigan, Unga itoat etmaydigan, azobidan qo'rqmaydigan kimsalar bilan do'st bo'lish nafsning dahshatli kasalligidir.

 Muolaja uslubi

Nafsning bu kasalligidan qutilish uchun fojir “do'st”lardan aloqani uzish, ulardan uzoq bo'lish hamda so'zi va amali orqali Alloh taoloning rizoligiga intiladigan solih insonlar bilan do'stlashish lozim. Chunki meva-mevadan rang olganidek, inson do'stidan odob yoki yomon xulqlarni o'rganadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki o'zini biror qavmga o'xshatsa, bas, u o'sha qavmdandir”, deganlar (Imom Ahmad, Imom Abu Dovud, Imom Tabaroniy rivoyati).

Donishmandlardan biri: “Fosiqlar bilan do'st bo'lish solihlarga yomon munosabatda bo'lishga olib keladi”, degan.

Yana bir olim bunday ogohlantirgan edi: “Kimning qalbida Allohning yaqin bandalariga dushmanlik hissi paydo bo'lsa, uning qalbi Allohdan uzoqlashadi”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshi va yomon do'stning misolini go'zal tarzda tavsiflaganlar: “Yaxshi suhbatdosh va yomon hamsuhbatning misoli mushk (xushbo'y narsa) sotuvchi va temirchining qo'rasini puflovchi bosqonga o'xshashdir. Bas, mushk sotuvchi yo senga mushk hadya qiladi, yo sotib olasan, modomiki, olmaganingda ham undan yoqimli hid qoladi. Temirchining bosqonidan esa yo kiyiming kuyadi yoki yoqimsiz hid qoladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Imom Navaviy rahimahulloh “Sharhu Sahihi Muslim” asarida ushbu hadisning sharhida bunday deydilar: Bu hadisda solih va yaxshi amallarni qiladigan odamlar, go'zal axloq egalari bilan birga o'tirishga targ'ib, fosiq va boshqa badxulq ishlar bilan shug'ullanadigan odamlar bilan suhbatdosh bo'lishdan uzoq bo'lish bayon qilingan.

Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshi do'st tanlashga targ'ib qilib, yomon do'stdan ogohlantirganlar: “Kishi do'stining dinidadir, shunday ekan, bas, sizlar kimni do'st tutganingizga qaranglar”, deganlar (Imom Termiziy, Imom Abu Dovud rivoyati).

Ibn Atoulloh Sakandariy rahimahulloh aytdilar: “So'zi sizni to'g'ri yo'lga dalolat qilmaydigan, amali esa Alloh taolo tomon yo'naltirmaydigan kishi bilan do'st bo'lmang!”.

Alloh taolo Qiyomat kuni yomon do'st tanlaganlarning pushaymon bo'lishlarining xabarini bergan: «U Kunda zolim ikki qo'lini tishlab: “Eh, qani edi Rasul bilan bir yo'lni tutgan bo'lsam!” – der. “Evoh! Qani edi, falonchini do'st tutmagan bo'lsam”, – der»(Furqon surasi, 27−29-oyatlar).

Qiyomat kuni Allohning yo'lidan to'sadiganlarni do'st tutganlar pushaymon bo'lib: “Koshki edi, dunyo hayotida solihlar bilan do'st bo'lsaydim deydi”.

Abu Abdurahmon as-Sulamiyning
“Nafs illatlari va ularning muolajasi” kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Anjuman qatnashchilari Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohat qilishdi

20.08.2026   48100   1 min.
Anjuman qatnashchilari Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohat qilishdi

Xabar berganimizdek, 19-20 avgust kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda.

Bugun, 19 avgust kuni ishtirokchilar kutib olinib, ularning Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohati tashkil etildi. Tashrif davomida mehmonlar markazning boy ekspozitsiyalari, Qur’oni karim zali, nodir qo‘lyozmalar hamda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan bo‘limlar bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, zamonaviy multimedia loyihalari va tarixiy eksponatlar ularda chuqur taassurot qoldirdi.

Ustozlar Markazda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar islom ma’rifatini targ‘ib qilish hamda yosh avlodni milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etishdi.

Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham bo‘lishdi. Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishdi.

Oqshomda Islom sivilizatsiyasi markazi binosida ma’rifiy dastur – mapping namoyish qilindi.

Mazkur tadbirlar islom sivilizatsiyasi merosini targ‘ib etish, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirib, yangi bosqichga olib chiqishda salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari