frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Makedoniyada islom

18.09.2020   2727   5 min.
Makedoniyada islom

Joylashuvi. Janubiy Yevropada, Bolqon yarim orolining markaziy qismida joylashgan davlat. Janubda – Gretsiya, sharqda – Bolgariya, shimolda – Serbiya va Chernogoriya, g'arbda – Albaniya bilan chegaradosh.

Tarixi. Makedoniya eramizdan avvalgi V-II asrlarda Bolqon yarim orolida vujudga keldi. Filipp II Makedoniya erlarini birlashtirdi. Uning o'g'li Aleksandr ko'p erlarni bosib olib, ulkan hokimiyatga asos soldi. VII asrda Makedoniya hududiga slavyanlar kelib o'rnashdi. XIV asrga kelib bu o'lka Usmonlilar imperiyasi tarkibida bo'ldi. XX asrga qadar makedoniyaliklar tinch-omon yashashdi, mamlakatda ilm-fan, madaniyat gullab yashnadi. Buni barpo etilgan o'nlab maktab-madrasalar, shifoxona, kutubxonalar, ko'rkam va muhtasham masjidlar ham isbotlaydi. Birinchi jahon urushidan so'ng Usmonlilar saltanati parchalanib ketgach, Makedoniya Serbiya, Gretsiya va Bolgariya tomonidan bo'lib olindi.    

1945 yilda Sotsialistik Yugoslaviya tarkibiga kirgan Makedoniya Respublikasi Ittifoqi tashkil topdi. 1991 yilda Makedoniya mustaqil davlat deb e'lon qilindi. Mamlakat 1993 yildan BMT a'zosi. 1991 yil 4 dekabrda O'zbekiston Respublikasi suverenitetini tan oldi.

Iqtisodi. Makedoniya iqtisodi sust rivojlangan agrar-industrial davlatdir. Mamlakatda ko'mir, qo'rg'oshin, rux, temir va nikel rudalari qazib olinadi va qayta ishlanadi. Mashinasozlikda sanoat uskunalari, elektr asboblar, qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqariladi. Kimyo-farmatsevtika, yog'ochga ishlov berish ancha rivojlangan. Asosiy qishloq xo'jalik ekinlari — bug'doy, makkajo'xori, meva va sabzavotlar. Chorvachilik tog'-yaylov qo'ychiligiga ixtisoslashgan.

Ta'lim va madaniyat. Mamlakatda 7-15 yoshdagi bolalar uchun 8 yillik majburiy boshlang'ich ta'lim joriy etilgan. Shuningdek, gimnaziya va kasb-hunar maktablari ham faoliyat yuritadi. Skop'eda 1949 yilda tashkil qilingan yirik o'quv yurti, pedagogika akademiyasi, Makedoniya fan va san'at akademiyasi, milliy tarix instituti, Oxrid shahrida gidrobiologiya instituti, Strumitsa shahrida paxta instituti, bundan tashqari, turli yo'nalishlardagi 20 ga yaqin ilmiy tadqiqot markazlari bor. Poytaxtda Davlat kutubxonasi, arxeologiya, tarix, etnologiya muzeylari, rasmlar galereyasi joylashgan.

Dini. Makedoniya ko'p millatli davlatdir. Aholining 67 foizini makedonlar, qolgan qismini albanlar, turklar, serblar va slavyanlar tashkil etadi. Dindorlarning 59 foizi pravoslav, 35 foizi musulmon, 4 foizi katolik, 1 foizi protestant.

Makedoniyada Islom dini Usmonlilar hukmronlik qilgan yillari paydo bo'la boshladi. Aynan shu yillar mamlakatda ilk masjid va madrasalar barpo etildi. Musulmonlarning aksariyati hanafiylik mazhabiga e'tiqod qiladi. Mamlakat muslmonlarining diniy-e'tiqodiy ishlariga Makedoniya Islom birligi kengashi rahbarlik qiladi.

Makedoniyada 1000 ga yaqin jome masjidlari musulmonlar xizmatida. Ularning aksariyati XV va XVI asrlarda barpo etilgan. Skop'e shahridagi “Mustafo Poshsho” va “Sulton Murod” jome masjidlari, Bitoladagi “Ishoq”, Tetovodagi “Sharen” va “Saat” jomelari, Shtip shahridagi “Kadn” va “Hon” masjidlari, Oxriddagi “Ali Poshsho” kabi jome masjidlar Makedoniyadagi eng qadimiy va yirik masjidlar hisoblanadi.

Mamlakatda islomiy ilmlarni o'qitish bo'yicha o'ziga xos tizim joriy etilgan. Bolqon yarim orolidagi eng qadimiy diniy ta'lim dargohlaridan biri “Isobek” madrasasi o'n beshinchi asrdan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Madrasa o'rta-maxsus ta'lim muassasasi maqomida bo'lib, o'z davrida hatto oliy o'quv yurti darajasigacha ko'tarilgan. O'quv dargohi huzurida kutubxona va masjid ham bor. Ushbu masjid 1475 yilda barpo qilingan. Ikkinchi jahon urushidan so'ng ushbu madrasa 1979 yilga qadar o'z faoliyatini to'xtatdi. 1984 yildan boshlab madrasa yana talabalarni qabul qila boshladi.

2000 yil mamlakatdagi Islom jamiyati tashabbusi bilan Skop'e shahrida oliy diniy ta'lim muassasasi ochildi. Ushbu dargoh nafaqat madrasa talabalariga, balki ko'plab xorij mamlakatlari talabalari uchun ham Islom ilmlari bo'yicha oliy ma'lumotga ega bo'lish imkoniyatini berdi. 

Mamlakatdagi eng qadimiy va jozibador “Mustafo Poshsho” jome masjidi poytaxt Skop'e shahrida joylashgan. U 1492 yil Sulton Salim I ning vaziri Mustafo Poshsho tashabbusi bilan barpo etilgan. Masjid yaqinida Mustafo Poshshoning qabri bor. Jome 1968 yil davlat muhofazasiga olingan.

Bitola shahridagi 1558 yil qurilgan “Yeni” masjidi (Yangi masjid) hashamatli bezaklari bilan alohida ajralib turadi. U to'g'ri to'rtburchak shaklida bo'lib, 40 metr uzunlikdagi minorasi bor. Makedoniya Islom hamkorlik tashkilotining a'zosi hisoblanadi.

Davron NURMUHAMMAD

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

Siz eng boy odamsiz!

10.08.2026   25211   1 min.
Siz eng boy odamsiz!

Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.


Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...


Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
 

Akbarshoh RASULOV