Bolaligimizda ertaklardagi g'ayritabiiy hodisa yoki ishlardan hayratlanganmiz va ularga ishonganmiz. Yoshimiz ulg'aygach, ularning barini cho'pchak, ya'ni to'qima deb o'ylaganmiz. Aslida ham shundaymi?
Tadqiqotlarga ko'ra, barcha ertaklar ham to'qima emas. Ulardagi hodisalar o'tmishda bo'lib o'tgan voqealarning o'zgartirilgan talqinidir. Bu hodisalar vaqt o'tishi bilan og'izdan og'izga o'tib, ertagu afsonalarga aylangan. Ularda uchrovchi ba'zi g'ayrioddiy syujetlar, qahramonlar, tilsimlar va buyumlar asosida din bilan bog'liq voqeliklar mujassam. Faqat ular badiiy to'qimaga aylanib, xalq og'zaki ijodida bo'y ko'rsatgan, xolos.
E'tibor qaratilsa, ertaklardagi qahramonning g'ayrioddiy qobiliyati yoki ishlari, boshdan kechirganlari, boshqalarga o'xshamasligi bilan payg'ambarlar hayotiga o'xshab ketadi. Uni qiyin vaziyatda qo'llab turuvchi homiylari yoki biror kuch beradigan buyumi bo'lishi ham. Halq esa mana shunday shaxslar orqali o'z qahramonlarini tasavvur etib, ular haqida rivoyatu ertaklar to'qishgan. Ular vositasida o'z orzularini bayon qilganlar.
Alloh taolo Sulaymon alayhissalomga payg'ambarlik va podshohlikni berib, uning payg'ambarligini isboti uchun ko'plab mo''jizalarni ato etgan. U kishiga butun hayvonlarning tilini o'rgatib, jinlarni, shamollarni xizmatlarida hoziru nozir qilib qo'ygan.
Bu haqda Qur'oni karimning bir qancha suralarida bayon qilingan.
Naml surasida: «Sulaymon (payg'ambarlik va podshohlikda) Dovudga voris bo'ldi va aytdi: “Ey odamlar! Bizga qushlar tili va boshqa narsalar bildirildi. Albatta, bu aniq fazlning o'zidir”. Sulaymon (xizmati) uchun jin, ins va qushlardan iborat lashkarlari to'planib, tizilgan hollarida turdilar» (16–17-oyatlar).
Sod surasida: «Unga shamolni beminnat xizmatkor qilib qo'ydik, uning amri bilan u iroda qilgan tomonga mayin esaveradi. Yana barcha binokor va g'avvos shaytonlarni ham. Boshqalarini ham kishanlangan holda to'plab (bo'ysundirdik)» (36–38-oyatlar).
Saba' surasida: «...va Sulaymonga shamolni (berdik). Uning (shamolning) ertalab ketishi bir oylik, kechqurun qaytishi bir oylik yo'l edi. Unga mis bulog'ini oqizib qo'ydik va jinlardan Rabbining izni ila uning huzurida ishlaydiganlari bor edi...» (12-oyat).
Qur'on tafsirlarida kelishicha, Sulaymon alayhissalomga jinlar tilla va ipakdan katta gilam to'qib bergan. Uning o'rtasida tilla taxt ustiga o'zi, atrofidagi tilla va kumushdan yasalgan kursida odamlar, ularning atrofida jinlar o'tirar, osmonda qushlar qanoti bilan soya solib turar, shamol gilamni ko'tarib, aytilgan joyga eltar ekan. Shu bilan birga, shamol ertalabdan tushgacha bir oylik yo'lni, tushdan kechqurungacha yana bir oylik yo'lni bosib o'tar, bir kunda ikki oylik yo'lni yurib qo'yar ekan1.
Demak, ertaklarda kelganidek, o'zi uchar gilamlar bo'lmagan. Balki shamollar o'sha gilamni uchirib, Sulaymon alayhissalomni xohlagan joyiga eltgan. Huddi shunday jinlar ham Sulaymon alayhissalomga Allohning izni bilan xizmat qildirib qo'yilgan. Ular, xuddi ertaklarda qayd etilganidek, ko'plab ishlarga qodir bo'lgan.
Bunday o'xshashlikni o'zbek xalq ertagi “Ernazar bilan Kimyonazar” hamda “Ming bir kecha” ertaklaridagi “Alouddinning sehrli chirog'i”dagi tilsimlarda ko'rish mumkin. Ernazarning tilsimi pichoqdagi Kimyonazar nomli yordamchi bo'lsa, Alouddinning ko'makchisi chiroqdagi dev. Ikkisining ham so'zi: “Hizmatingizga tayyorman”. Istalgan joyga ko'z ochib yumguncha etkazish, qirq quloqli qozonni olib kelish, bir zumda ulkan saroylar tiklash va shu kabi keng tarqalgan syujetlar Sulaymonning xizmatiga shay turgan jinlarni eslatadi.
Yana bir o'xshashlik Iso alayhissalom bilan bog'liq. Alloh taolo unga osmondan moida (dasturxon) tushiradi. Bu voqea Qur'oni karimning Moida surasi 112–115-oyatlarida bayon etiladi: «Havoriylar: “Ey Iso ibn Maryam! Rabbing bizga osmondan bir dasturxon nozil qila oladimi?” deganlarida, (Iso): “Agar mo'min bo'lsangiz, Allohdan qo'rqingiz!” deganini (ham) eslang! Ular dedilar: “Biz undan (ziyofatdan) eb, ko'nglimiz xotirjam bo'lishini va sening rostgo'yligingni bilib, (so'ngra) unga (dasturxonga) guvohlik berishni istaymiz”. Iso ibn Maryam dedi: “Ey Rabbimiz – Alloh! Bizga osmondan (bir) dasturxon tushirginki, u avvalu oxirimiz uchun bayram hamda Sendan (bizga) mo''jiza bo'lsin. Bizni (undan) rizqlantir! Sen rizqlantiruvchilarning yaxshisidirsan”. Alloh dedi: “Men uni sizlarga tushiruvchiman. (Lekin) kimki (shundan) keyin (ham) kufrga ketsa, uni shu qadar azoblaymanki, butun olamda hech kimni unday azoblamagan bo'lurman».
Iso alayhissalomning duosi qabul bo'ldi va mo''jiza sodir bo'lib, osmondan egulik to'la dasturxon tushdi. Bu hodisaga guvoh bo'lgan insonlar orzusidagi to'kin dasturxonga ega bo'lishgan. Bu voqea “Ur, to'qmoq” ertagidagi “ochil dasturxon”ni yodga solishi tayin. Demak, ochil dasturxon badiiy to'qima sifatida bugungacha yashab kelmoqda.
Bunday o'xshashliklarni ertaklarda yana ko'plab uchratish mumkin.
Jamila ASQAROVA,
tadqiqotchi
Bir o‘smir “ulg‘ayib, boy bo‘lsam hammaga yordam beraman” deb yurar edi. U boylik bo‘lsagina odamlarga yordam berish mumkin, degan fikrda ekan, bir kuni Payg‘ambar alayhissalomning bir xurmoni yarmini sadaqa qilib bo‘lsa ham do‘zaxdan saqlanish lozimligi haqidagi hadisini eshitib qoldi. Bir kichik xurmoning yarmi qancha bo‘lardi, deb tasavvur qilolmadi.
Ertasiga ko‘chaga chiqish oldidan bir xurmoni cho‘ntagiga solib oldi. Yo‘l bo‘yda tilanib turgan otaxonning yonidan o‘tarkan, cho‘ntagiga qo‘lini tiqib, beixtiyor kechagi hadisni esladi. Xurmoni olib, yarmini otaxonga uzatdi. Shunda otaxonning ko‘zlari quvonchdan porlab ketdi. O‘smir yigit o‘yladiki, “hatto ko‘p pul berilsa ham bu qadar xursand bo‘lmasdi”, deb o‘yladi. Qilgan ishidan o‘ziyam shodlandi. Angladiki, otaxon o‘ziga berilgan narsaning qiymatidan emas, o‘ziga berilgan e’tibor va baham ko‘rishdan nihoyatda shodlangandi.
Yigitcha bu ishidan keyin yuqoridagi hadisning hikmatini tushunib ketdi. Endi u bir ko‘ngilni obod qilish uchun boy bo‘lishni kutib yurmaslik kerakligini bildi. Zero, ko‘ngil Xudoning nazargohidir. Uni quvontirgan kishini Alloh quvontirishi shubhasizdir.
Akbarshoh Rasulov