بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي جَعَلَ النِّسَاءَ شَقَائِقَ الرِّجَالِ، وَأَكْرَمَهُنَّ أَفْضَلَ الْإِكْرَامِ فِي الْحَالِ وَالْمَآلِ، وَصَلَّى اللهُ وَسَلَّمَ عَلَيَ مُحَمَّدٍ وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ ذَوِي الْفَضْلِ وَالْإِجْلَالِ، أَمَّا بَعْدُ.
ISLOMDA AYoLLARGA MUNOSABAT
Muhtaram azizlar! Halqimiz, millatimizga oid qaysi manbaa, qaysi qo'lyozmaga murojaat etmang ona – ayol shu oilaning muqaddasligini ta'minlovchi, oilaning ahloqiy va ruhiy muhitini yaratuvchi mo''tabar inson sifatida ta'riflanadi. Qur'oni karimda, hadisi sharifda ayollarni, xususan, onani ulug'lash kerakligi haqida ko'plab ibratli ko'rsatmalar bor. Alloh marhamati bilan homilani yuragi ostida ko'tarish, tug'ish, dunyoga kelgan insonga birinchi rizqni berish – emizish, uni tarbiyalash, voyaga etkazish va elga qo'shishda onalarning mehnat va zaxmati benihoyadir. Ona – oilaning ustuni. Onaning farzandini o'stirib, voyaga etkazish yo'lida chekkan riyozati haqqini ado etishi uchun har qanday ranju mehnat kamlik qiladi. Hazrat Navoiy onalar madhini ushbu baytga jamlab bunday deganlar:
Onalarning oyog'i ostidadir,
Ravzai jannatu bog'i.
Ma'lumki, Islom kelishidan oldin johiliyat davrida ayollarning deyarli huquqlari bo'lmagan. Ular nafaqat merosdan mahrum qilingan, balki o'zlari bir buyum sifatida merosxo'rlar o'rtasida taqsimlangan. Insoniyatni zalolatdan hidoyatga olib chiqqan Islom dinimiz, bu masalaga barham berib, ayollarga ham erkaklar singari huquqlar berdi va ayollarga chiroyli muomala qilishga buyurdi. Jumladan, Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:
وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا
ya'ni: Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko'rsalaringiz, (bilib qo'yingki,) balkim sizlar yomon ko'rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko'pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin” (Niso surasi, 19-oyat).
Darhaqiqat, Islom dini o'z ayollariga nisbatan yaxshi munosabatda bo'lgan erkaklarni insonlarning eng yaxshilari qatoriga qo'shadi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:
أَكْمَلُ المُؤْمِنِينَ إِيْمَانًا أَحْسَنُهُمْ خُلُقًا، وَخِيَارُكُمْ خِيَارُكُمْ لِنِسَائِهِمْ"
(رواه الإمام الترمذي عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya'ni: “Mo'minlarni imon jihatidan komilrog'i xulqi yaxshirog'idir. Sizlarning eng yaxshilaringiz – ahli ayoliga yaxshilik qiladiganingizdir” (Imom Termiziy rivoyati).
Shuni ta'kidlash kerakki, ayol kishi taom, ichimlik, libos va shu kabi boshqa moddiy narsalarga ehtiyojmand bo'lgani singari, shirin so'zga, chiroyli tabassumga, go'zal muomalaga va mehrga muhtojdir. U qalbini zavqlantiradigan, g'amni ketkazib, hayotni saodatli qiladigan yoqimli hazil-mutoyibaga ham ba'zi moddiy ta'minotlardan ko'ra ko'proq ehtiyoj sezadi.
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ayollariga go'zal munosabat va samimiy muomalada bo'lganlar. Demak, har bir er ayoli bilan bo'ladigan munosabatlarda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamni o'ziga namuna qilib olmog'i zarurdir.
Ammo afsuski, buguni kunda ijtimoiy tarmoqlarda ayolini xo'rlagan, unga zulm qilib qo'l ko'targan yoki ahli oilasini qiynab, nafaqasini ado etmayotgan erkaklar haqida xabar topib turibmiz.
Dinimiz ta'limotlarida ayolni kaltaklash, yuziga urish, ularga jarohat etkazishga erning aslo haqqi yo'q. Bu bilan kishi qattiq gunohkor bo'ladi. Chunki Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ayollarni urishdan qaytarib bunday deganlar:
"لَا تَضْرِبُوا إِمَاءَ اللَّهِ"
(رَوَاهُ الإمام أَبُو دَاوُدَ عن عبدِاللَّه بنِ أَبي ذُباب رضي الله عنه)
ya'ni: “Allohning cho'rilarini (ya'ni, ayollarni) urmanglar!” (Imom Abu dovud rivoyatlari).
Holbuki, payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ayollarga nisbatan yaxshi munosabatda bo'lishni qayta-qayta vasiyat qildilar. Demak, ummatlikni da'vo qilgan har bir oila rahbari o'z ayoli bilan muomala va munosabatda Payg'ambarimiz alayhissalomni o'ziga namuna va o'rnak qilishi lozim bo'ladi.
Ayol ila go'zal muomala qilish, unga nisbatan husni xulqda bo'lish, undan etgan ozorni ko'tarish erkakning zimmasidagi majburiyatlardandir. Bu haqda Imom G'azzoliy rahmatullohi alayh shunday deganlar:
وَاعْلَمْ أَنَّهُ لَيْسَ حُسْنُ الْخُلْقِ مَعَهَا كَفُّ الْأَذَى عَنْهَا، بَلْ اِحْتِمَالُ الْأَذَى مِنْهَا
ya'ni: “Bilginki, ayolinga ozor berishdan tiyilishing husni xulq emas. Balki, undan etadigan ozorni ko'tarishing husni xulqdir”.
Hakim ibn Muoviya raziyallohu anhu Payg'ambarimiz sallalohu alayhi vasallamga “Ey Allohning Rasuli, bizda xotinlarimizning nima haqi bor?” deb so'raganlarida, U zot shunday dedilar:
"أَنْ تُطْعِمَهَا إِذَا طَعِمْتَ وَتَكْسُوَهَا إِذَا اكْتَسَيْتَ أَوِ اكْتَسَبْتَ، وَلَا تَضْرِبِ الْوَجْهَ وَلَا تُقَبِّحْ
وَلَا تَهْجُرْ إِلَّا فِي الْبَيْتِ"
(رَوَاهُ الإمام أَبُو دَاوُدَ)
ya'ni: “Qachon taomlansang, uni ham taomlantirasan. Qachon kiyim kiysang, uni ham kiyintirasan. Yuziga urmaysan, haqoratlamaysan va bir xonadan boshqa joyda yotog'ingni alohida qilmaysan” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Demak, xotinning erdagi haqlaridan biri – er o'zining iqtisodiy imkoniyatiga qarab, xotinini oziq-ovqat bilan ta'minlab borishidir. Afsuski, ba'zi erlar ulfatlari bilan ko'cha-ko'yda yaxshi va sara taomlarni eb yuradida, uydagi ayoli va bola-chaqasi esa zo'rg'a tirikchiligini o'tkazadi. Bunday qilish oilaga zulm hisoblanib, farzandlar haqqiga xiyonat bo'ladi.
Ming afsuski, ba'zi musulmon erkaklar uyda o'tirib, ayolini pul topishga majburlayotgani, yana ayrim erkaklar xotinini nafaqa bilan ta'minlamayotgani etmagandek, “Sen ham pul topsang nima bo'ladi?”, deb malomat qilayotganini eshitib qolamiz. Ba'zi erlar esa o'zga yurtlarga ketib, uzoq vaqt qaramog'idagilarning nafaqasi va ta'minotidan xabar ham olmay qo'ymoqda. Bu ham bo'lsa, katta zulm va gunohkorlikdir.
Hozirgi kunda shariatdan bexabar ba'zi erlar ayollari bilan munosabatlari buzilsa, “Men endi ayolim bilan yashamayman, uni nafaqa bilan ham ta'minlamayman, talog'ini ham bermayman”, deydi. Bunda ayol na oilali bo'lmay, na eridan ajrala olmay, yillab arosatda qolib ketmoqda. Bu haqda Alloh taolo “Baqara” surasida shunday degan:
...وَلَا تُمْسِكُوهُنَّ ضِرَارًا لِتَعْتَدُوا وَمَنْ يَفْعَلْ ذَلِكَ فَقَدْ ظَلَمَ نَفْسَهُ وَلَا تَتَّخِذُوا آَيَاتِ اللَّهِ هُزُوًا...
ya'ni: “...Ularga zulm qilib, zararlantirish niyatida ushlab turmang! Kim shunday qilsa, demak, o'ziga zulm qilibdi. Allohning oyatlarini hazil bilmangiz!...” (Baqara surasi, 231-oyat).
Ayollarga bunday zulm qilish shariatimizning barcha ko'rsatmalariga ziddir.
Hulosa qilib aytamizki, dinimizda ayollarni qadrlash, ularni asrab-avaylash qattiq targ'ib qilingan amaldir. Chunki ular – onalarimiz, juftlarimiz va singillarimizdir. Qadimdan Islom diniga amal qilib kelgan xalqimizning milliy qadriyatlarida ayol zoti e'zozlanadi.
Davlatimiz tomonidan ham ayollarga alohida hurmat-e'tibor ko'rsatilib, ularni har jihatdan himoya qilib kelinmoqda. Yurtimizda ayollarning o'zlariga yarasha, jismoniy salohiyatiga mos ravishda mehnat va kasb hunarlar bilan shug'ullanishlari uchun barcha sharoitlar mavjud.
Muhtaram jamoa! Ma'ruzamizning davomida ayollarning namoz o'qishidagi erkaklardan ba'zi farqlari haqida suhbatlashamiz.
Hanafiy mazhabimizning mo''tabar kitoblarida erkak va ayollarning namozlari o'rtasida farq borligi bayon qilingan. Quyida ayollarga xos bo'lgan namozdagi holatlarni sanab o'tamiz:
Alloh taolo barchamizga shariatimiz ko'rsatganidek, ayollarimizga hurmat-ehtirom ko'rsatish va chiroyli muomala qilish baxtini nasib qilsin! Omin!
(Muhtaram imom-xatib! Ma'ruza so'ngida jamoaviy ibodatlarni ado etishda karantin qoidalariga amal qilish, xususan ijtimoiy masofalani saqlash, tibbiyot niqoblarini taqish masalasini jamoatga eslatib qo'ying!)
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati