O'zbekistonning Misrdagi elchisi Oybek Usmonov Misr – O'zbekiston do'stlik jamiyatining faol a'zolari, Qohiradagi taniqli olim va yozuvchilar – professor Magdi Zaabal, Ahmad Ragab Rizk, doktor Al-Said Hani va Misr Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Abdurahmon al-Hamisi bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Elchi uchrashuv avvalida Qohira universitetining Arxeologiya fakul'teti professori, misrlik olim Ahmad Ragab Rizkanini O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligi arafasida muhim dasturlarni targ'ib qilishda amaliy yordam bergani uchun O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan topshirilgan O'zbekistonning yuksak davlat mukofoti – "Do'stlik" ordeni bilan tabrikladi.
Ahmad Ragab Rizk uzoq yillardan buyon Movarounnahr olimlari, ilohiyotshunoslarining boy ma'naviy-ilmiy merosi bo'yicha batafsil, shu bilan birga, chuqur tadqiqot ishlarini olib bormoqda. U O'zbekiston fan va madaniyatining noyob yodgorliklariga bag'ishlangan qator kitob hamda monografiyalar muallifi. Ikki jildli «Buxoro. Islom tsivilizatsiyasi yodgorliklari" kitobi ham uning qalamiga mansub. Misrlik olim Toshkent, Samarqand, Hiva, Farg'ona, Qo'qon, Termiz kabi dunyoda tan olingan tamaddun markazlarida joylashgan tarixiy yodgorliklarga bag'ishlangan qator ilmiy maqolalarni nashrga tayyorlamoqda.
Uchrashuvda professor Ahmad Ragab Rizk O'zbekiston Prezidentiga mehnati va sa'y-harakatlarini1 yuqori baholagani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi va Sharq mamlakatlarida O'zbekiston xalqining boy tarixi va madaniyatini ommalashtirishga o'z hissasini qo'shishda davom etishini qayd etdi.
Tadbir doirasida Misr – O'zbekiston do'stlik jamiyati faollari bilan 2020-2021 yillarda savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qo'shma taqdimot, ko'rgazma, veb-seminar va boshqa tadbirlarni tayyorlash hamda o'tkazish bo'yicha kelishuvga erishildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Abdurrazzoq San’oniy aytadi: Ali ibn Husayn roziyallohu anhum namoz uchun tahorat qilayotgan edi. Shu payt suv quyib turgan joriya qo‘lidan obdasta tushib ketib, uning yuziga ozgina shikast yetkazdi. Ali ibn Husayn boshini ko‘tarib, joriyaga qaradi. Joriya vaziyatni yumshatish maqsadida Qur’oni karim oyatlaridan o‘qidi: “... G‘azablarini yutadigan...” (Oli Imron surasi, 134-oyat). Ali ibn Husayn roziyallohu anhum jimgina javob berdi: “G‘azabimni bosdim”.
Joriya oyatning davomini o‘qidi: “...odamlar-ni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir...”.
U kishi dedi: “Men seni afv etdim”.
Joriya oyatning oxirini o‘qidi: “Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”.
Ali ibn Husayn roziyallohu anhum dedi: “Bor, sen Allox yo‘lida ozodsan”.
Abdulloh ibn Ato aytadi: “Ali ibn Husaynning bir g‘ulomi (quli) xatoga yo‘l qo‘ydi va jazoga loyiq bo‘ldi. Ali ibn Husayn qamchini oldi. So‘ng u zot bunday oyatni o‘qidi: “(Ey Muhammad!) Imon keltirgan kishilarga ayting, ular Alloh kunlari (qiyomat)dan umid qilmaydigan kimsalarni kechirib yuboraversinlar! Shunda (u sabrli) kishilarni qilgan ishlari (kechirishlari) sababli mukofotlagay!” (Josiya surasi, 14-oyat).
Qul esa dedi: “Men bunday emasman, men Allohning rahmatidan umidvorman va uning azobidan qo‘rqaman”.
Ali ibn Husayn roziyallohu anhum qamchini tashlab yubordi va dedi: “Sen Alloh yo‘lida ozodsan”.
Muso ibn Dovud aytadi: Ali ibn Husayn xizmatkorini ikki marta chakirdi, u javob bermadi. Uchinchi marta chaqirgach javob qildi. Ali ibn Husayn unga dedi: “Ey o‘g‘lim, ovozimni eshitmadingmi?”.
Xizmatkor: “Eshitdim”, dedi.
Ali ibn Husayn so‘radi: “Nega javob bermading?”.
Xizmatkor: “Sizning shafqatingizga ishondim”, dedi.
Abdulg‘ofir ibn Qosim aytadi: Ali ibn Husayn masjiddan chiqib ketayotgan edi. Bir odam kelib uni haqorat qildi. Shunda Alining xizmatkor va qullari unga tashlanishdi.
Ali ibn Husayn ularni to‘xtatdi va bunday dedi: “Bas qilinglar, uning holatiga qaranglar”.
So‘ngra o‘sha odamga dedi: “Bizda siz bilmagan yana ko‘p narsalar bor. Agar sizga yordam kerak bo‘lsa, ayting, yordam beraylik”. O‘sha odam xatosini anglab, uyaldi va ortiga qaytdi.
Ali ibn Husayn uni yoniga chaqirib, o‘zi kiyib turgan chakmonini yelkasiga tashladi va ming dirham pul berdirdi.
Abu Ya’qub Muzaniy deydi: Hasan ibn Hasan bilan Ali ibn Husayn o‘rtasida bir oz noxushlik bo‘lib qoldi. Hasan bir kuni masjidda Ali ibn Husaynning yoniga keldi, uni turli so‘zlar bilan haqorat qildi. Ali ibn Husayn esa unga bir og‘iz ham javob qaytarmadi.
So‘ngra Hasan chiqib ketdi. Kechasi u alining uyiga bordi va eshigini qoqdi. Ali ibn Husayn eshikni ochib chiqdi. Hasan unga:
- Ey aka, agar siz haqiqatan ham men aytganlarimdek bo‘lsangiz, Alloh meni mag‘firat qilsin. Agar men yolg‘onchi bo‘lsam, Allox sizni mag‘firat qilsin, dedi va ketdi.
Ali ibn Husayn ortidan borib, yetib oldi va uni og‘ushiga oldi. Ikkovi yig‘lab yuborishdi. Shunda Hasan:
- Qasamki, endi siz xafa bo‘ladigan biron ish qilmayman, - dedi.
Ali esa unga: - Sen ham menga aytgan so‘zla ring uchun halollikdasan,- dedi.
Ibn Abi Dunyo rivoyat qiladi: Ali ibn Husaynning xizmatkori shoshgan holda oshxonadan temir pechni olib kelayotgan edi. Kutilmaganda temir pech tushib ketdi ketdi va narigi tomondan pastga tushib kelayotgan Ali ibn Husayn o‘g‘lining boshiga tegib, jarohat yetkazdi. Oqibatda u halok bo‘ldi. Mehmonlar bilan suhbatlashib o‘tirgan Ali ibn Husayn o‘rnidan sakrab turib, xizmatkorga dedi: “Sen ozodsan. Bu ishni qasddan qilmaganingni bilaman”. So‘ngra Ali ibn Husayn mayyitni dafn etish tadorigini ko‘rdi.
Shayx Mahmud MISRIYning “Solih va solihalar hayotlaridan qissalar”
nomli asaridan Ilyosxon AHMЕDOV tarjimasi.