Yurtimizdan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi jahonga dong'i ketgan buyuk allomalar etishib chiqqan. Ushbu kitobda ulug' muhaddis Imom Buxoriy haqida so'z boradi.
Imom Buxoriy tarjimai holini to'liq yoritish ko'p vaqtni, ko'p manbalarni o'rganib, chiqishni talab qiladi. Buxoriyning tarjimai holini batafsil yozishga katta jildlik kitob ham kamlik qiladi. Lekin hechdan ko'ra kech deganlaridek, ushbu kitobda ulug' allomaning tarjimai holidan muhim nuqtalari qalamga olingan.
“Muhsinxon To'ra Eshon” jome masjidi imom noibi Hasan Rasulov tarjima qilgan ushbu kitob XIX asrning ikkinchi yarmi HH asrning birinchi yarmida faoliyat olib borgan olimlardan biri Muhammad Jamoliddin Qosimiy qalamiga mansub. U muhaddis, mufassir sifatida islom ulamolari orasida qalamga olingan.
Olimning ushbu “Imom Buxoriy hayoti” asarida Imom Buxoriy hayotlariga daxldor ma'lumotlar qisqa satrlarda, ortiqcha tafsilot va talqinlarsiz berilishi bu kitobning asosiy uslubidir. Unda Imom Buxoriy haqida o'zbek tilidagi boshqa manbalarda uchramaydigan ma'lumotlarning ham keltirilishi e'tiborlidir.
Risolada buyuk vatandoshimiz – “Hadis ilmining sultoni” Imom Buxoriy bobomizning hayoti va ilmiy-ma'naviy merosi yoritilgan. Allomaning ustoz va shogirdlari, asarlari haqida ma'lumotlar, asarlaridan namunalar keltirilgan.
Risola soha mutaxassislariga, talabalarga va keng kitobxonlar ommasiga mo'ljallangan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matuot xizmati
Turkiyaning “CNN-Türk” telekanalida efirga uzatilgan “Tafakkur doirasi” dasturida so‘zga chiqqan taniqli olim, Milliy mudofaa universiteti rektori, professor Erhan Afyonju O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va sayyohlik salohiyati haqida fikr yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ko‘rsatuvda qatnashgan turk tarixchisi Erhan Afyonju O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan alohida geografik hudud sifatida ta’riflagan.
Olimning fikricha, juda ko‘pchilik sayyohlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istaydi. Chunki dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlar ana shu zaminda joylashgan.
Turk tarixchisi yoshlarga murojaat qilib, xorijga sayohat qilishni, avvalo, Turkiy dunyo mamlakatlarini kashf etish, ajdodlar yurti bilan yaqindan tanishishdan boshlash lozim ekanini ta’kidladi.
“Yoshlarga tavsiyam shuki, hozir xorijga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo Turkiy zaminni aylaning. Masalan, O‘zbekistonga borib, tarixiy shaharlarni ko‘rib keling, ajdodlaringiz yurti bilan tanishing. So‘ng Saljuqiylar davlati barpo etilgan zaminlarni ko‘ring”, – dedi professor.
Erhan Afyonjuning ta’kidlashicha, bunday sayohatlar yoshlar uchun har tomonlama foydali va qiziqarli bo‘lib, ularning tarixiy xotirasi va dunyoqarashini boyitadi.
“Masalan, Samarqandning go‘zalligini dunyoning ko‘p joylarida topa olmaysiz. Ayniqsa, turk yoshlari o‘z ajdodlari yashagan zaminni borib ko‘rishlari lozim”, – dedi olim.
Professor O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning asosiy beshiklaridan biri, ilm-fan markazi sifatida ham alohida e’tirof etgan.
Shuningdek, turk tarixchisi O‘zbekistonning nafaqat tarixiy va madaniy, balki geografik jihatdan ham yashash uchun qulay hudud ekanini ta’kidlagan.
Dastur davomida professor bildirgan fikr-mulohazalar Turkiya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati