وَقَالُواْ ٱتَّخَذَ ٱللَّهُ وَلَدٗاۗ سُبۡحَٰنَهُۥۖ بَل لَّهُۥ مَا فِي ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِۖ كُلّٞ لَّهُۥ قَٰنِتُونَ١١٦
116. "Allohning farzandi bor", deyishadi. Alloh bundan pokdir! Osmonlaru Yerdagi hamma narsa Uning mulkidir, hamma Unga bo'ysunuvchidir.
Yahudiylar "Uzayr – Allohning o'g'li", deyishdi. Nasroniylar esa: "Iso Masih – Allohning o'g'li", deyishdi. Arab mushriklari: "Farishtalar Allohning qizlaridir", deyishdi. Alloh taolo ana shunday adashganlar haqida yuqoridagi oyatni nozil qildi. Alloh taolo tug'magan, tug'dirmagan va tug'ilmagandir, U bunday aybu nuqsonlardan pokdir! Osmonlaru Yerdagi, ular orasidagi hamma narsani O'zi yaratgan, hamma narsa Uning O'ziniki, borliq va koinotdagi hamma narsa Unga bo'ysunadi. Shunday bo'lgach, Uning hech qanday farzandga ehtiyoji yo'q! Alloh taologa farzand nisbat beruvchilar faqat qattiq adashishadi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Alloh taolo bunday deydi: "Odam bolasi Menga tuhmat qildi, u bunday qilmasligi lozim edi. (Odam bolasi) Meni haqorat qildi, u bunday qilmasligi lozim edi. Ammo Menga tuhmat qilgani xususiga kelsak, u ilgarigi holimga qaytara olmaydi, deb ta'kidlaydi. Ammo Meni haqorat qilgani xususiga kelsak, "Alloh taoloning bolasi bor, U O'ziga juft va bola qila oladi", deydi" (Buxoriy rivoyati).
بَدِيعُ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِۖ وَإِذَا قَضَىٰٓ أَمۡرٗا فَإِنَّمَا يَقُولُ لَهُۥ كُن فَيَكُونُ١١٧
117. U osmonlaru Yerning yaratuvchisidir, biror ishni qilmoqchi bo'lsa, faqat "Bo'l!" deydi, shunda bo'ladi.
Alloh taolo shunchalar qudratli, buyuk, ilmi va hikmati oliy Zotki, U osmonlarni, undagi Quyosh, Oy, sayyora va yulduzlarni ham, Yer va uning ustidagi hamma narsani – tog'laru ummonlarni ham, vodiylaru shahar-qishloqlarni ham, hamma narsani yaratgan. Bunda Unga hech kim sheriklik qilolmaydi. Uning qudrati va irodasi shunchalar ulug'ki, bunday behisob mavjudotlarni yaratish Unga hech qanday qiyinchilik-mashaqqat tug'dirmaydi, birgina "Kun!" (Bo'l!) degan so'zni aytishi bilan hamma narsa bo'ladi.
Ushbu oyatdan shu narsa anglanadiki, faqat al‑Holiq (yaratuvchi) sifatli Zotgagina ibodat qilish lozim, Holiqdan boshqaga ibodat qilinmaydi. Agar inson Holiqdan boshqa Zotga yuzlansa, unda to'g'ri yo'ldan og'ib ketadi. Faqat Holiqqa ibodat qilsang, ibodat sababli baxtiyor bo'lasan. Agar ibodat qilsang, Uning azobidan najot topasan. Agar ibodat qilsang hayotingda va o'limingdan keyin yutuqqa erishib, jannatga kirasan va abadiy baxt‑saodatni qo'lga kiritasan. Demak, koinotda birdan‑bir tomon bor, o'sha tomonga qarab ibodat qilib, itoat qilishing darkor. O'sha tomon al‑Holiq sifatiga ega bo'lgan Allohdir. Al‑Holiq degani barcha narsani, oldin bo'lmagani holda, yo'qlikdan paydo qilib, yaratgan Zotga aytiladi. Vaholanki bu narsa insonga nisbatan majoziy ishlatiladi. Ya'ni inson, oldin bor bo'lgan barcha narsadan bir narsani yasaydi. Bu bilan oldin bo'lmagani holda Yeru‑osmonlarni yaratish bilan, bor narsadan bitta narsa yasashning orasida katta farq bor. Demak Alloh yo'q joydan, oldin bo'lmagani holda yaratuvchidir. Inson esa bor narsalardan bitta narsa yasovchidir, yaratuvchi emas.
وَقَالَ ٱلَّذِينَ لَا يَعۡلَمُونَ لَوۡلَا يُكَلِّمُنَا ٱللَّهُ أَوۡ تَأۡتِينَآ ءَايَةٞۗ كَذَٰلِكَ قَالَ ٱلَّذِينَ مِن قَبۡلِهِم مِّثۡلَ قَوۡلِهِمۡۘ تَشَٰبَهَتۡ قُلُوبُهُمۡۗ قَدۡ بَيَّنَّا ٱلۡأٓيَٰتِ لِقَوۡمٖ يُوقِنُونَ١١٨
118. Johil kimsalar: "Alloh biz bilan so'zlashsa edi yo Undan bir dalil kelsa edi", deyishadi. Bulardan oldingilar ham ularnikiday gap aytishgan edi, dillari bir-da! Biz oyatlarni chindan ishonuvchilarga bayon qilganmiz.
Johillarning tabiati shunday: haqiqatni ko'rib-bilib turib ham isbot-dalil talab etishaveradi. "Bu oyatlar Alloh taolo huzuridan kelgan" desang, bunga ishonmaydi, isbotlab berishni talab etib turaveradi. "Bu kishi Allohning elchisi, Uning risolatini biz, bandalarga keltirgan" desang, bunga ham ishonmaydi, oxirgi Payg'ambarning arablaridan chiqqaniga toqat qilolmay, kufrga ketaveradi. "Imonga kelinglar, hidoyat yo'lidan yuringlar" desang, Allohning O'zi bizlarga buyursin yoki O'z huzuridan biror dalil keltirsin", deb gumrohlikka borishadi. Oldingi ajdodlari ham xuddi shunga o'xshash gaplarni aytishgandi. Muso alayhissalomning qavmiga Allohdan bir sigir so'yish amri kelganida uning qanaqa rangdaligi, necha yoshdaligi, qay ko'rinishda ekani haqida payg'ambarga savol qilaverib, oxiri Allohning g'azabiga uchragani zikri ushbu surada batafsil keltirilgan.
إِنَّآ أَرۡسَلۡنَٰكَ بِٱلۡحَقِّ بَشِيرٗا وَنَذِيرٗاۖ وَلَا تُسَۡٔلُ عَنۡ أَصۡحَٰبِ ٱلۡجَحِيمِ١١٩
119. (Ey Muhammad), Biz sizni Haq bilan xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi qilib yuborganmiz. Do'zaxiylar xususida sizdan so'ralmaydi.
Oyatdagi "Haq"dan murod, Qur'on, tavhid va Islomdir. Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom Qur'on, tavhid va Islom vositasida mo'minlarga oxiratdagi ulkan mukofotlarning xushxabarini, kofir va mushrik kimsalarga esa abadiy jazo-azoblardan ogohlantirishni etkazish uchun yuborilganlar. Qur'oni karimda shunday marhamat etiladi: "Zotan, Haq Podshoh – Alloh yuksakdir!" (Mu'minun, 116). Alloh taolo bunday deydi: "Ey odamlar, sizlarga Parvardigoringizdan haq keldi" (Yunus, 108); "Alloh O'z Payg'ambarini hidoyat va haq din (Islom) bilan, uni barchaga g'olib-ustun qilish uchun yuborgan Zotdir!" (Fath, 28). Alloh taologa yaqinlashish, Uning mehribonligi, rahm-shafqati, ajr-mukofotlaridan umidvor bo'lishning eng ishonchli va to'g'ri yo'li Islomdir! Do'zaxiylar xususidagi ishlarni Allohning O'ziga havola qiling, ey Payg'ambarim, ular haqida sizdan so'ralmaydi, Ularning jazosini Parvardigoringizga havola eting. Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: "Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qaniydi ota-onamga nima bo'lganini bilsaydim" deganlarida ushbu oyat nozil bo'lgan. Ba'zi mufassirlar bu oyatni "do'zax ahli haqida so'ramang" degan ma'no bilan o'qishadi. Muqotil esa bunday degan: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Alloh yahudlarga azob tushirsa edi" deganlarida mazkur oyat nozil bo'lgan".
Ibn Javziy rahimahulloh aytadi: “Bir ajoyib holat haqida fikr yuritdim: ba’zida mo‘minning boshiga bir ish tushsa, u astoydil duo qiladi, ammo duolarining ijobati ko‘rinmaydi. Umidsizlikka tushay deganda, uning qalbiga qaraladi. Agarda u Allohning fazlidan umidini uzmagani holda taqdiriga rozi bo‘lsa, duoning ijobati tezlashadi. Bu ma’nolar Alloh taolo nozil qilgan oyati karimada o‘z ifodasini topgan: «...Hatto Payg‘ambar va iymonli kishilar: “Allohning yordami qachon (kelar ekan)?» degan edilar. Ogoh bo‘lingki, Allohning yordami (hamisha) yaqindir”»[1].
Shunday holat Ya’qub alayhissalom bilan ham bo‘lgan. U zotning o‘g‘illari Yusuf alayhissalom dom-daraksiz yo‘qolib qolganida, kushoyish kelishidan noumid bo‘lmaganlar. Keyingi o‘g‘illari ham tortib olinganida, u zot Allohning fazlidan umidlarini uzmaganlari holda: «...Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyamin va Misrda qolgan o‘g‘limning) barchalarini (bag‘rimga) qaytarsa...»[2], deganlar.
“Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi”, deb qayg‘urmang. Alloh taolo sizning tazarruingiz, yalinib-yolvorishlaringizni ko‘rishni iroda qilmoqda. Sizni qilgan sabringizga ajr ila mukofotlamoqchi. Siz shayton bilan jang qilishingiz uchun ham duoyingizning ijobatini kechiktirish ila sizni sinayapti.
Gohida Alloh taolo sizning aziymat, qat’iyatingiz naqadar quvvatli ekani va baloga qanchalik sabrli ekaningizni ko‘rish uchun ham dard berib imtihon qiladi. Agar sabr qila olsangiz, demak, siz itoatkor bandalar safidasiz. Bordi-yu, irodasizlik qilsangiz, ziyonkorlardan bo‘lasiz. Sabrdan keyin faqat va faqat yechim, yorug‘ kunlar bor.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Sabr qilsang, ajrga ega bo‘lasan, baribir yozilgani bo‘ladi. Sabrsizlik qilsang, gunohkor bo‘lib qolasan, baribir yozilgani bo‘ladi”, deganlar.
Shoir aytadi:
Baloyu imtihon kelsa, alarga har on rizo ko‘rsat,
Sinov bergan sihatni ham O‘zi bergay aniq, albat.
Bandasiga ne hukm etsa, hikmati bor, itoat qil,
Bitganidan qutulmoqlik chorasizdir, bil, ey g‘ofil!
Noumidlik xanjarini ko‘kragingga urma ammo,
Ki Allohning qudratila yechilgaydir har muammo.
Allohdan umidingizni uzmang. Sinovlarga sabr qiling, shundagina ulkan ajrlarni qo‘lga kiritasiz. Fazl ibn Sahl aytadi: “Kasalliklarda ne’matlar bor”. Bu borada quyidagilarga e’tiborli bo‘ling:
– gunohlardan tozalash;
– savobni qo‘lga kiritish;
– g‘aflatdan uyg‘onish;
– sog‘lik ne’matini eslab qo‘yish;
– tavbaga shoshilish.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 214-oyat.
[2] Yusuf surasi, 83-oyat.