Joriy yilning 8 sentyabr' kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari S.Umurzakovning Malayziya Bosh vazirining birinchi o'rinbosari - xalqaro savdo va sanoat vaziri Moxamed Azmin Ali bilan videokonferentsiya shaklida muzokaralari bo'lib o'tdi.
O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabariga ko'ra, suhbat chog'ida ikki mamlakat Hukumatlari tomonidan koronavirus pandemiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va iqtisodiyotga ta'sirini kamaytirish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan birga qo'shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirish, shuningdek, investitsiya, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, madaniy-gumanitar va turizm sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar ikki mamlakat mahsulotlar etkazib beruvchilari va buyurtmachilari o'rtasida mustahkam aloqalar o'rnatish orqali o'zaro savdo hajmini yanada oshirishga bo'lgan qiziqishlarini qayd etdilar. Savdo bo'yicha Qo'shma savdo qo'mitasinining yig'ilishini o'tkazish maqsadida Malayziya Halqaro savdo va sanoat vazirligi bilan O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi sa'y-harakatlarini birlashtirish bo'yicha kelishuvga erishildi. Qo'mita yig'ilishi doirasida ikki mamlakatning kimyo, qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat, to'qimachilik va elektrotexnika tarmoqlarining etakchi kompaniyalari ishtirokida O'zbekiston-Malayziya biznes-forumi o'tkaziladi.
Savdoni raqamlashtirish sohasida Malayziyaning tajribasini jalb qilish istiqbollari ta'kidlandi - shu nuqtai nazardan, “Consumption Union” kompaniyasining “CU Rewards” elektron savdo maydonchasi mahalliy eksportchilarga o'z mahsulotlarini Janubiy - Sharqiy Osiyodagi iste'molchilarga sotish imkonini beradigan samarali mexanizm bo'lib xizmat qilishi mumkin.
Shuningdek, Malayziya islom taraqqiyoti departamenti (JAKIM) va “O'zstandart” agentligi hamkorligida O'zbekistonda halol mahsulotlar ishlab chiqarish bo'yicha ilg'or tajriba Markazini tashkil etish rejalari muhokama qilindi. Markazning tashkil etilishi Respublikada Malayziyaning ilg'or tajribasi asosida halol mahsulotlar ishlab chiqarishni joriy etishga, shuningdek, o'zbek eksport qiluvchilariga Janubiy – Sharqiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga hamda ishlab chiqaruvchilar mazkur sertifikatga ega bo'lishlari majburiy bo'lgan boshqa mamlakatlarning bozorlariga chiqish imkonini beradi.
Mamlakatlar o'rtasida kimyo sanoati, ta'lim, axborot texnologiyalari va oziq-ovqat sanoati sohalariga investitsiyalar kiritish bo'yicha hamkorlikning ulkan istiqbollari belgilab olindi. O'zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan bog'liq masalalar ham muhokama qilindi - masalan, Horazm viloyatidagi “Hazorasp” EIZ da 250 mln dollarga yaqin Malayziyaning “Serba Dinamik Group Berhad” kompaniyasining to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalarini jalb qilgan holda kaustik soda va suyuq xlor ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi faol ravishda amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, O'zbekistonda bir nechta Malayziya banklarining filiallarini ochish va Respublikada eksportga yo'naltirilgan loyihalarni moliyalashtirish hamda kichik va o'rta biznesni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan banklararo hamkorlikni yo'lga qo'yish orqali bank-moliya sohasida hamkorlik qilishning yuqori salohiyati qayd etildi.
Islom bankchiligi sohasida Malayziyaning tajribasini joriy etish mexanizmlari va shu vaqtning o'zida O'zbekiston bank sohasidagi xodimlari uchun ushbu sohada malaka oshirish kurslarini tashkil etish masalalari alohida ko'rib chiqiladi.
Ma'lumot uchun: Malayziya Islom moliyasining xalqaro markazi deb tan olingan, mamlakatda an'anaviy tizim bilan bir qatorda faoliyat ko'rsatayotgan islom bank tizimi joriy etilgan. Mamlakat hududida 27 ta mahalliy va xorijiy islomiy banklar mavjud. Islom moliyasi Malayziya bank sohasining 30 foiziga to'g'ri keladi.
Transport, logistika va turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlik uchun katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, xalqaro havo transporti orqali yuk tashishlarni tashkil etish, logistika havo xabini yaratish, shuningdek, O'zbekistonda Aviation Academy xalqaro standartlariga muvofiq uchuvchilarni tayyorlash Markazini ochish bo'yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Madaniy-gumanitar sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish doirasida “MARA” texnologiyalar universiteti hamda Samarqand shahridagi “Ipak Yo'li” xalqaro turizm universiteti bilan amaliy hamkorlikni yo'lga qo'yish, shuningdek Horazm viloyatida “Binary” menedjment va tadbirkorlik universiteti filialining faoliyatini tashkil etish bilan bog'liq barcha masalalarni hal etish bo'yicha birgalikda amalga oshiriladigan harakatlar muhokama qilindi.
Videokonferentsiya yakunida muhokama qilingan va kelishilgan tashabbuslarni ilgari surish va amalga oshirish bo'yicha qo'shma ishchi guruhini tuzish to'g'risida kelishuvga erishildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Kishilik tarixini kuzatsak, kishi har bir zamon va jamiyatning salohiyati, ravnaqi uning ilmga bo‘lgan munosabati bilan o‘lchanishini bilib olamiz. Musulmonlar ham Allohning buyruqlari va Uning Rasuli ko‘rsatmalariga amal qilib, ilmu irfonni o‘rgangan, ma’rifatga talpingan davrlarida qo‘llari uzun, tillari o‘tkir, martaba-maqomlari baland bo‘lgan. Aksincha, ilm-fandan yuz o‘girib, loqaydlik va tanballik tufayli jaholatga yuz burishganida qo‘llaridan nusrat, saltanat, sarvat ketgan, o‘zlari xo‘rlanishgan.
Ilm insonga nima foyda-yu, nima zarar ekanini bildiradi, kishi orzu-maqsadlariga faqat ilm orqali yetishadi. Ilmu irfondan yuz o‘girgan yoki ilm olishga layoqati past bo‘lgan jamiyat esa hamisha kimgadir yukunib yashashga mahkum bo‘ldi. Zero, Alloh taolo ham Qur’oni Karimda: «...Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘larmidi?!» (Zumar surasi, 9-oyat) deb bu borada aniq mezonni belgilab berdi.
Azal-azaldan bu yurtning nuri butun dunyoga taralib, porlab turgani sir emas. Masalan, Imom Buxoriyni kim bilmaydi? Imom Termiziyni, imom Dorimiyni-chi? Yoki Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mu’iyn Nasafiy kabi ulug‘ zotlarni kim e’tirof etmaydi? Bu ulug‘ imomlarning ilmiy meroslari asrlar davomida ushbu zaminning buyuk tarixidan dalolat berib kelmoqda. Butun Islom olami Buxoro so‘zini eshitganda cheksiz hurmat bajo keltirishi hammamizga ma’lum. Bunday ehtirom, avvalo buyuk vatandoshimiz – Imom Buxoriy hazratlari, qolaversa, yurtimizda yetishib chiqqan ulamolar sharofatidan.
Movarounnahr diyori har bir asrda Islom olamiga buyuk allomalarni, dunyo tan olgan olimlarni yetkazib bergani tarixiy haqiqat. Masalan, hijriy II asrda atoqli fiqh olimi Abu Hafs Kabir Buxoriy va ulug‘ muhaddis Abdulloh ibn Muborak yashab o‘tishgan bo‘lsa, keyingi asr Muhammad ibn Ismoil Buxoriy va Abu Iyso Termiziylarning davri bo‘ldi. To‘rtinchi asrda Abu Mansur Moturidiy, beshinchi yuzyillikda Abul Mu’in Nasafiy, oltinchi asrda Abul Qosim Zamaxshariy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Alouddin Kosoniy, yettinchi asrda Abul Barakot Nasafiy kabi ulug‘ Islom olimlari yetishib chiqdi.
Ilm-fanning boshqa sohalarini olib ko‘rsak, bu boradagi yutuqlar ham ilg‘or bo‘lgan. Masalan, Kosinuslar teoremasini birinchi bo‘lib Abu Rayhon Beruniy kashf qilgan bo‘lsa-da, olti yuz yildan keyin Ovrupada fransuz olimi Veitga nisbat berildi. Paleontologiya va sedimentologiya sohasida ilk marta tajriba o‘tkazib, bu bo‘yicha kitob ham yozgan Abu Ali ibn Sino bo‘lsa-da, Albertga «Buyuk Albert» unvoni berildi.
Birgina tibbiyot sohasida yurtimizdan chiqqan ulug‘ olim va hakim Abu Ali ibn Sinoni butun dunyo zamonaviy meditsinaning otasi deb tan olgani, uning tibbiyotga oid «Al-Qonun» kabi shoh asari XVI asrgacha G‘arbdagi barcha tibbiyot dorilfununlarida darslik qilib o‘qitilgani, zamonaviy tibbiyot juda ko‘p jabhada Ibn Sinodan o‘rganganini gapirib o‘tirmaymiz. Chunki bu dalillarni Sharqu G‘arbda hamma juda yaxshi biladi.
Ulug‘ vatandoshimiz Muso Muhammad Xorazmiy birinchi bo‘lib algebra faniga asos solgan, «algebra» istilohi uning «Al-jabr val-muqobala» risolasidan olingan, olimning nomi esa «algoritm» shaklida fanga kirgan, uning arifmetikaga oid risolasi XII asrdayoq Ispaniyada tarjima qilinib, shu asosda darslik yozilgan. Yana bir ulug‘ olimimiz Ahmad Farg‘oniy falakshunoslikning (astronomiya) otasi sanaladi, uning «Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum» kitobi XII asrda Ovrupa tillariga tarjima qilinib, «Alfraganus» degan lotincha nom bilan bir necha asr mobaynida G‘arb universitetlarida astronomiyadan asosiy darslik sifatida o‘qitilgan. Dunyoda birinchi hisoblash markazi Samarqand shahrida Mirzo Ulug‘bek rahbarligida qurilgan. XV asrda Mirzo Ulug‘bekning mashhur rasadxonasida ishlagan G‘iyosiddin Jamshid Koshiy birinchi bo‘lib o‘nli kasrlarni kashf etgan. Ovrupada esa undan 175 yil keyin Simon Stevin bunday sonlar haqida ilk fikrlarini ommaga taqdim etdi.
Yana bir atoqli qomusiy olimimiz Abu Rayhon Beruniy Xristofor Kolumbdan ancha oldin ummon ortida noma’lum qit’a borligini aytgan, Galileydan 600 yil avval Yerning aylanishini isbotlab va izohlab bergan, birinchi globusni yasagan, Yer bilan Oy o‘rtasidagi masofani o‘lchagan, konuslar teoremasini fransuz olimi Ventdan 500 yil oldin kashf etgan.
IX asrning 1-yarmida xalifa Ma’mun tomonidan Bag‘dodda tashkil etilgan «Bayt-ul hikma» («Bilim uyi») deb atalgan akademiyaga ham marvlik Abu Ali Yahyo ibn Mansurdan keyin Muhammad Xorazmiy rahbarlik kilgan edi. Bu davrda Xorazmiy nasabi shu darajada mashhur bo‘lib ketdiki, kimning Xorazmiy nasablik shogirdi bo‘lsa, obro‘ hisoblanar edi.
Endi shu joyda ozgina bugungi kunimizga nazar tashlaylik. Bugungi kunda ilm olish uchun hech qanday monelik yo‘q, aksincha, chorlov bor, imkoniyat bor. Ammo bizda rag‘bat yo‘q, ixlos sust, g‘ayrat-harakat yetishmayapti. Qanchalab vaqtimizni behuda amallarga, nomaqbul o‘tirishlarga, noshar’iy marosimlarga sarflab yuboryapmiz. Ilm olishga, hech bo‘lmasa, dunyo hayajon bilan voqif bo‘layotgan xabar-ma’lumotlar bilan tanishib qo‘yishga esa vaqt-imkon «topa olmayapmiz». Yaqin o‘tmishimizdagi oila dasturxoni ustida xonadon kattasining ertalab va kechqurunlari ilmiy-axloqiy mavzularda ixchamgina ma’rifiy suhbat qilgani, tojir, hunarmand va ziroatchilar uzoq qish oqshomlarida bir ustoz etagini tutib, ilm majlislari tashkil etishgani, yoshlarning ilm talabida hatto qo‘shni yurtlardagi ustozlarnikiga qatnashgani kabi holatlar bugun erish tuyuladigan bo‘lib qoldi.
Kundalik tashvishlarni bir chekkaga surib turib, o‘tmish va bugunimizni qiyoslab ko‘raylik. Kecha kim edik, kimlarning vorislarimiz degan savolni berish bilan birga unga yechimni izlaylik. Ajab emaski, shunda insoniyat tamaddunida o‘z so‘zi va o‘rniga ega bo‘lgan ajdodlarimizga munosib farzand bo‘lish bilan bir qatorda dunyo peshqadamlariga aylansak.
Mahmud Mahkam