Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2024   |   23 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2024, 23 Jumadul soni, 1446

Fathulla Mas'udov: Imom Buxoriy obrazini ijro etish orzuyim

9.09.2020   2480   5 min.
Fathulla Mas'udov: Imom Buxoriy obrazini ijro etish orzuyim

Alloh taolo O'z kalomi Qur'oni karimning Ankabut surasi, 57 oyatida shunday marhamat qiladi:  

“Har bir jon o'lim (achchig'i)ni totuvchidir”.

O'lim har kimning boshida bor. Ammo, ulamolar yaxshi, solih insonlarning uzoq umr ko'rishi jamiyat uchun manfaatlidir deganlar.

O'zgalar g'ami uchun qayg'urib yashagan, husnixulq sohibi, ma'rifat va ma'naviyat targ'ibotchilaridan biri, madaniyat sohasida ko'p yillar samarali xizmat qilgan O'zbek Milliy akademik drama teatri rahbari, xalq e'tiboriga tushgan inson Fathulla Ma'sudov vafot etdi.

Alloh taolo marhumni O'z mag'firatiga olsin!

Yaqinlari Fathulla Ma'sudovni o'zgacha ta'sirot bilan yodga olmoqda. Bu inson Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga,  dinga, ulamolarga va ma'rifatga muhabbatli bo'lganligini e'tirof etadilar.

"Imom Buxoriy va Imom Termiziyga bo'lgan yuksak hurmati va o'zgacha g'oyibona mehri bor edi. Shundanmi, undagi odob, o'zgalarga bo'lgan iliq tabassum va go'zal munosabat, ayniqsa go'zal ahloqi juda ko'pchilikni havasini keltirardi. Odamlarga qo'ldan kelgancha xolis, samimiy yaxshiliklar qilardi, farz va sunnatlarga mustahkam bo'lishga intilardi", deydi do'stlaridan biri.

Shu yilning fevral' oyi boshida ajdodlar merosiga bag'ishlangan qisqa metrajli film suratga olishni boshladik. Tarixiy qahramonlar obrazlari uchun mos liboslar va rekvizitlar kerak bo'ldi. Bir nechta joylarga murojaat qildik... Afsuski natija bo'lmadi. Milliy teatr telefon raqamlarini topib qo'ng'iroq qildik va xodimlar direktor Fathulla akadan ruxsat olish kerakligini aytib uyali telefon nomerlarini berdi.

Qo'ng'iroq qildik, Fathulla aka esa odob va chiroyli muomala bilan “qo'limdan kelgancha xolis xizmat qilishga tayyorman, ertaga teatrga keling”, deb javob berdilar. Ochig'i mashhur inson muxlislari ko'p san'atkordan bunday chiroyli munosabat va muomalani kutmaganligim sabab biroz hayratga tushdim...

Ertasiga teatrga bordik, bizni darvozadanoq iliq kutib olishdi va Axror ismli Fathulla akaning yordamchisi nima lozim bo'lsa hammasini imkon qadar tayyor qilib berishini aytdi: “Fathulla aka menga qattiq tayinlaganlar, men xizmatingizdaman” dedi.

O'zimizga kerakli narsalar, liboslar va rekvizitlarning ro'yxatini berdik. Ishni grimyor (yuzni tarixiy shaxsga xos qilib bezaydigan shaxs) xonasidan boshladik. Pardozchi grim, salla-soqollar va xizmat haqqi qimmat turishini ta'kidladi. Shu payt Axror aka Fathulla akaga qo'ng'iroq qildi va Fathulla aka telefon orqali pardozchilarga biz uchun xizmatilar bepul ekanligini tushuntirib so'zi oxirida: Saidabrorjon din va ma'rifat uchun qo'limdan kelgancha xolis xizmatdaman, agar bizdan topilmasa boshqa joydan bo'lsa ham topib beraman, haqqimizga duoda bo'lsalaringiz bo'ldi. Alloh bizlarni yo'lidan adashtirmasin, mag'firat qilsin” – deya ta'kidlab o'tdi.

5 kun mobaynida har kuni teatrga borib grim qildirdik va liboslarni oldik, hamma biz uchun xolis xizmatda. Kunlarning birida Fathulla aka qo'ng'iroq qilib kamchiliklar yo'qmi deya so'rab qoldi. Men hammasi joyida rahmat dedim. Imom Buxoriy rolini kim o'ynayapti deb so'rab qoldilar, Institut talabalaridan biri dedim. “Agar imkoni bo'lsa shu obrazni men ijro etsam, bir umrlik orzularimdan biri edi” dedi. Biz rozi bo'ldik. Ammo, taqdir ekan Fathulla aka viloyatlarga safarga ketadigan bo'lib qoldi va qo'ng'iroq qilib uzr so'radi.

Tasvirga olish yakunlanganidan so'ng Fathulla akaga minnatdorlik bildirib yordamlari uchun Qur'oni karim va hadis kitobini sovg'a qildik. Juda ham xursand bo'lib ketdilar. O'sha onda ularning so'ngi marta menga aytgan gaplari hali ham qulog'imda chalinib turadi:

“Biz kim bo'lishimizdan, qaysi kasb egasi ekanligimizdan, mavqe va boy-kambag'alligimizdan qat'iy nazar Allohnikimiz va bir kun albatta Allohning O'ziga qaytamiz. Shu fikrni ongimiz va qalbimizga singdirib unga amal qilib yashashni va uni xalqimizga ham etkazib berishni o'zimga farz va qarz deb bilaman”.

Alloh taolo marhumning qilgan yaxshi amallarini o'ziga hamroh qilib, O'z jannatidan joy ato etsin! Farzandlari va ahliga sabru jamil bersin! 

 

Saidabror Umarov 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ko‘zni tiyish faqat erkaklarga buyurilgan emas!

23.12.2024   756   7 min.
Ko‘zni tiyish faqat erkaklarga buyurilgan emas!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Internet, telefon va shu kabi boshqa jihozlarda harom narsalarni tomosha qilish.

Alloh taolo aytadi: «Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini tiysinlar, iffatini saqlasinlar. Mana shu ular uchun poklikdir. Alloh bandalarning nima qilayotganidan xabardordir» (Nur surasi, 30-oyat).

Alloh taolo «Mana shu ular uchun poklikdir» deganida ko‘zni tiyish bilan mo‘minlarning hayoti yanada pokiza, yanada go‘zal bo‘lishini nazarda tutgan. Lekin banda ko‘zini tiymasa, buning aksi bo‘ladi.

Bu – qizlarda ko‘p uchraydigan holat. Kimki ko‘zini haromdan tiyib yashayotgan bo‘lsa, uning hayotda xotirjam, sokin, qanoatli ekanini ko‘rasiz. Lekin kim ko‘zining jilovini qo‘yib yuborgan bo‘lsa, tushkunlikda, hayotdan norozi bo‘lib yashayotganiga guvoh bo‘lasiz.

Demak, qiz bolaning xursand yoki tushkun kayfiyatda yashashi uning ko‘zlari nima bilan mashg‘ul ekaniga bog‘liq ekan. U ko‘zini tiymasdan, haromga nazar tashlagan paytda o‘zini ruhi singan, mahzun holda ko‘radi. Ko‘zini haromdan saqlagan paytlarda esa o‘zini baxtu saodat ichida topadi.

Bir qiz aytadi: «Internetda filmlar, qisqa videolar tomosha qilishni shunchaki ko‘ngilxushlik, xursandchilik deb hisoblardim. Ularni qiziqib tomosha qilardim, lekin ko‘rib bo‘lgach, sababi aniq bo‘lmagan mahzun holatga tushib qolardim. Nihoyat, bir kuni bu holatimning sababini topdim. Men ko‘nglimni yozish uchun ko‘rayotgan kinolarda behayo va ayanchli sahnalar ko‘p bo‘lardi. Mana shunday harom narsalarni tomosha qilish qayg‘uga botib qolishimga, mahzun holatga tushib qolishimga sabab bo‘lar ekan. Shundan keyin o‘zim bilan o‘zim kurasha boshladim. Yomon sahnalar ko‘rsatilgan paytda boshqa kanalga olib qo‘yadigan yoki kompyuterni o‘chirib qo‘yadigan bo‘ldim. Nafsimning xohishlariga qarshi turish ancha qiyin bo‘ldi, lekin Alloh harom qilgan narsalardan ko‘zimni saqlaganim uchun xursand bo‘lardim».

 

Ko‘zni tiyish faqat erkaklarga buyurilgan emas!

Ba’zi qizlar «Oyatdagi ko‘zni tiyish faqat erkaklarga xos buyruq, chunki ayolda erkakni fitnaga soladigan narsalar bor. Shuning uchun erkaklar ayollarga qaramay, ko‘zini tiyishi kerak. Erkak kishida esa ayolning his-tuyg‘ularini junbushga keltiradigan narsa yo‘q. Shuning uchun ayolning erkaklarga qarashida hech qanday muammo yo‘q», deyishadi.

Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Ayol kishida erkakning his-tuyg‘ulariga ta’sir qiladigan jihatlar bo‘lganidek, erkaklarda ham ayollarning aqli va his-tuyg‘ularini uyg‘otadigan omillar bor.

Erkak kishi ayolning nozik, kelishgan qomatiga, husniga qarab, unga qiziqadi. Ayol kishini esa erkakning ko‘rkam jismi, boyligi, atirining xushbo‘y hidi, qat’iyati, jur’ati va boshqa o‘ziga xos jihatlar o‘ziga rom qiladi.

Ayollar ham, erkaklar ham nafaqat qarama-qarshi jinsga nazar solish, balki o‘zi kabi jins vakillarining ham avratiga qarash ham haromdir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vassallam bunday deganlar: «Erkak erkakning, ayol ayolning avratiga qaramasin. Erkak erkak bilan bir matoga o‘ranib olmasin, ayol ayol bilan bir matoga o‘ranib olmasin» (Imom Muslim rivoyati).

 

Demak, shariatimizda ayol kishi boshqa bir ayolning avratiga qarashdan, biror joyini ushlashdan qaytarilgan. Faqatgina tibbiy muolaja va shu kabi zarurat bo‘lganda shariat bunga ruxsat beradi.

Alloh taoloning oyatlariga ahamiyat beradigan bo‘lsak, U Zot barcha mo‘minlarga – erkagu ayollarga murojaat qilganida «Ey iymon keltirganlar!» deb xitob qiladi. Bu xitob iymon keltirgan har qanday erkak va ayolga tegishli bo‘ladi.

Buning yorqin misoli ushbu oyatdir:

«Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyad taqvo qilsangiz» (Baqara surasi, 183-oyat.)

Bu oyatdagi xitob erkagu ayol mo‘minlarga qaratilgan, shuning uchun ro‘za tutish barchaga barobar farz qilingan. Buni quyidagi oyatda ham ko‘rishimiz mumkin:

«Ey iymon keltirganlar! Agar mo‘min bo‘lsangiz, Allohga taqvo qiling va riboning sarqitini ham tashlang» (Baqara surasi, 278-oyat).

Bu oyatda erkak ham, ayollar ham sudxo‘rlik qilmaslikka buyurilgan. Demak, Alloh taoloning Kitobidagi qoida shunday: «Ey iymon keltirganlar» degan xitob erkagu ayollarni ajratmaydi, barcha mo‘min va mo‘minalarga qaratilgan bo‘ladi. Alloh taolo mo‘minu mo‘minalarga biror narsani buyursa, ularga «Ey iymon keltirganlar», deb xitob qilgan. Lekin mo‘minlarga ko‘zni tiyishni buyurganida erkaklarni ham, ayollarni ham o‘z ichiga oladigan umumiy xitob bilan yuzlanmadi, balki erkaklarga alohida oyatda, mo‘minalarga keyingi oyatda buyurdi:

«Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini tiysinlar, iffatlarini saqlasinlar. Mana shu ular uchun poklikdir. Alloh ularning nima qilayotganidan xabardordir. Mo‘minalarga ayting, ko‘zlarini tiysinlar, iffatlarini saqlasinlar, zohir ziynatlaridan boshqasini ko‘rsatmasinlar, ro‘mollari bilan ko‘kslarini to‘sib yursinlar...» (Nur surasi, 30-31-oyatlar).

Nima uchun Alloh taolo ko‘zni haromdan tiyishga buyurish uchun mo‘minalarga alohida oyat nozil qilmadi? Nima uchun erkaklar bilan ayollarga bitta oyatda birgalikda buyurmadi? Ehtimol, bundan maqsad – muslima ayol ko‘zni tiyish qanchalik muhim ekanini anglab yetishidir? Toki ayollar bu buyruq faqat erkaklarga qaratilgan, deb o‘ylab qolmasin. Chunki ayol kishi (qiz bola ham) begonalarning avratiga qarasa, hayoti barbod bo‘ladi, qalbi mahzunlikka to‘ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir», deganlar.

Boshqa bir rivoyatda «Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir», deyilgan («Sahihul Buxoriy»).

Avratga qarash ham zinoning bir turidir. Erkakning, ayolning avratiga qaraydigan kimsalarga qanday jazo berilishi quyidagi oyatlarda aytilgan: «(Mo‘minlar) Allohdan boshqa hech qanday ilohga ibodat qilmaydilar; Alloh (o‘ldirishni) harom qilgan jonni nohaq o‘ldirmaydilar; zino qilmaydilar. Kim bu ishlarni qilsa, uqubatga duchor bo‘ladi. Qiyomat kuni ularning azobi bir necha barobar ko‘paytiriladi, ular u yerda xor bo‘lib, abadiy qoladi. Kim tavba qilsa, iymon keltirib, solih amal qilsa, Alloh o‘shalarning yomonliklarini yaxshiliklarga almashtiradi. Alloh mag‘firatli, rahmli Zotdir» (Furqon surasi, 68-70-oyatlar).

Mana shu oyatga ko‘ra, kim ko‘zi bilan zino qilsa-yu, tavba qilmasa, Qiyomatda uqubatga duchor bo‘ladi. Uqubat jahannamdagi bir vodiy bo‘lib, u yerda zinokorlar azoblanadi. Kimki zinokorlar vodiysiga tushadigan bo‘lsa, uning uchun azob ko‘proq bo‘ladi, u yerda xor bo‘lib, abadiy qolib ketadi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.

Maqolalar