Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak vujudlari tuproqqa qo'yilganiga besh oy bo'lganida hazrati Fotimaning ko'zi yoridi.[1] Muhsin deb nom qo'yilgan bola ko'p yashamadi. Bu tug'ilish hazrati Fotima uchun juda qimmatga tushdi. Tug'ruq vaqtida ko'p qiynalgani, bolasi ham olamdan o'tgani onaning ahvolini og'irlashtirdi. Bir necha kun yotib dam olganiga qaramay yotog'idan tura olmadi. Sha'bon oyi oxirlarkan, hayoti ham poyoniga etib borayotganini his qildi. Zero, bu oiladan birinchi bo'lib otasining yoniga o'zi borishini bilardi.[2] Buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o'zlaridan eshitgandi. Ammo qachon, qaysi kun, qaysi soatda, qayerdaligini bilmasdi.
Hazrati Fotimani o'lim qo'rqita olmadi. Chunki o'limdan so'nggi mangu hayotda jannat ayollarining saidasi, ularning ko'ngillari malikasi sifatida bitmas-tuganmas ne'matlarga ega bo'lishi mujdasi berilgandi.[3] Otasiga vafo qilmagan, o'zi ham umri davomida rohat ko'rmay yashagan bu olam unga ham vafo qilmasligi aniq edi. Sevikli opalari singari u ham yoshligiga, bolalariga to'ya olmasdan, ularni onasiz qoldirib ketayotgandi. Bezovtaligi bolalarining keyingi hollari nima kechishini o'ylaganidan edi, xolos.
Hastalik davom etayotgan kunlarning birida hazrati Abu Bakr ziyoratiga kelib, maqsadini hazrati Aliga aytdi. Hazrati Ali zavjasi yoniga kirib:
— Abu Bakr ko'rgani kelibdi, kirishga izn so'rayapti, kirsinmi? — deb so'radi.
— Bunga siz nima deysiz?
— Hastaning holini so'ragani kelgan kishiga “keling” deyman.
— Unday bo'lsa kiraversin...
Hazrati Abu Bakr salom berib ichkari kirdi. Ahvol so'radi, shifo tiladi. O'rtalarida bo'lib o'tgan ko'ngilsizlikdan hanuz mahzunligini aytdi. Biroz o'tirgach, izn so'rab qaytib ketdi.[4]
Hazrati Fotimaning hayoti sevikli otasi keltirgan dinning ahloqi va amali bilan bezangandi. Qalbi Qur'onga uyg'un edi. Oxirgi kunlarida otasi o'rgatganiday istig'forni ko'paytirdi. Ramazonning uchinchi kuni oqshom chog'ida shahodat kalimasini so'nggi bor aytgan dudoqlar qaytib ochilmadi. Ruhi farishtalar hamrohligida Rabbisi huzuriga ko'tarildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan jannat yoshlarining sardorlari bo'lishi aytilgan[5] hazrati Hasan va Husayn, Zaynab va Ummu Gulsum onalari ortidan yig'lab qolarkan, hazrati Ali Asmo binti Umaysga xabar yubordi. Ular birgalikda hazrati Fotimani yuvib kafanladi.[6] So'ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sevikli qizi Fotimaning janozasi hazrati Ali (yo amakisi Abbos) tomonidan o'qilib, Baqiy qabristoniga olib borildi.[7]
Bugungi kunda qabriston eshigining ro'parasida joylashgan opalari qabrlarining o'ng tomonida, ulardan yigirma besh metrcha ichkarida joylashgan qabriga qorong'uda dafn etildi.[8]
Ibn Abdulbarr hazrati Fotimaning kechasi dafn etilishi o'z vasiyatiga ko'ra bo'lganini qayd etgan.[9] Chunki hazrati Fotima avvalroq Asmo binti Umays bilan gaplashganida ayollarning janozalarida jasadiga yopilgan yopinchiqdan vujudlarining ba'zi joylari bilinib qolayotganini aytib, o'zining tobuti bu holda ko'tarilishini istamasligini bildirgan. (E'tibor qiling: uning o'lim to'shagida yotib ham hayo qilgani dillarni titratadi, ko'zlarni yoshlantiradi. Bugun tanasini yashirinu oshkora ko'z-ko'z qiladigan ayrim ayollarni tavbaga chorlaydi...)Asmo esa bunga javoban Habash o'lkalarida tobutlar chetiga xurmo shoxlaridan yarim doira shaklida pana qilinishini, shunda mayit odamlarga ko'rinmasligini aytib, agar hazrati Fotima vafot etsa tobutini shunday urashini va'da beradi[10]. Ammo hazrati Fotimaning muborak vujudi kechasi ko'milgani uchun bunga ehtiyoj ham qolmagan edi.
O'shandan to bugungi kunga qadar Baqiy qabristoni eshigi ochilishi bilanoq hazrati Fotimaning qabrini ziyorat qiluvchilar juda ko'p bo'lishi kuzatiladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollari, yonlaridan joy olgan boshqa qizlari Zaynab, Ruqiya, Ummu Gulsumning qabrlarini ziyorat qiluvchilardan ko'ra hazrati Fotimaning qabrini ziyorat qiluvchilar ko'proq bo'lishi balki vafot etayotib ham hayo taqvosida namuna bo'lgulik yuqoridagi so'zlari boisdir. Zero, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Banda Alloh rozi bo'ladigan gapni arzimas sanab gapirsa-da, Alloh uni darajalarga ko'taradi...” deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qadrli omonatini qabristondagi jannat bog'chasiga qo'ygan hazrati Ali ko'zyoshlarini tiya olmay ortiga qaytganida hali tong otishiga ancha bor edi.
Hazrati Fotimaning vafoti xabari Madinani yana bir bor motamga soldi. Ko'ngillar “oh, Fotima...” deya faryod qilib, ko'zlardan rahmat yoshlari oqdi. Biroq, bu foniy olamdan o'tganni ortga qaytarib bo'lmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning dilbandi tuproqqa qo'yilganda otasining vafotiga endigina olti oycha bo'lgandi. Hazrati Fotima yigirma etti yoshni to'ldirmagan, ortida qolgan to'rt farzandning eng kattasi bo'lmish hazrati Hasan etti yoshda edi.[11]
Bir kuni hazrati Ali Rasuli muhtaram sollallohu alayhi vasallamga:
— Qaysi birimiz sizga sevikliroqmiz? Menmi, Fotimami? — deb savol bergandi.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
— Albatta Fotima sendan ko'ra sevikliroq. Sen esa undan qadrliroqsan[12], — deb javob berdilar.
Bu javobdan ikkalasi ham mamnun bo'lishgan edi.
A. Abdullayev tayyorladi
[1] Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) bilan qizlari Fotimaning vafotlari orasidagi vaqt aniq emas. Besh oydan sakkiz oygacha bo'lgani haqida aytiladi (Manbalar qo'yida keladi).
[2] Unga bu haqida Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) o'zlari aytgandilar (Ibn Sa'd. 8/27; Ibn Abdulbarr. “al-Istoib”, 4/375; Ibn asir. “Usdul G'abo”, 7/211).
[3] Ibn Abdulbarr. “al-Istoib”, 4/375-376.
[4] Ibn Sa'd. 3/27.
[5] Imom Termiziy. “Manoqib”, 30 (5/656).
[6] Ibn Abdulbarr, 4/379; Ibn Asir. “Usdul G'abo”, 7/214; Ibn Kasir. “al-Bidoya”, 6/333.
[7] Ibn Sa'd. 8/29.
[8] Ibn Sa'd. 3/29.
[9] Ibn Abdulbarr. 4/379.
[10] Ibn Abdulbarr. 4/378; Ibn Asir. “Usdul G'abo”, 7/214.
[11] Hazrati Fotimaning yoshini aniq ayta olmaymiz. Ammo yigirma besh va o'ttiz yosh orasida bo'lgani rivoyatlarda keladi (Ibn Sa'd. 3/28; Ibn Abdulbarr. “al-Istoib”, 4/380).
[12] Ibn Asir. “Usdul G'abo”, 7/212.
Bugunning gapi
“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
“Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.
Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.
Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!
Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.
Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.
Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.
Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.
Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.
Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.
Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.
Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.
Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.
Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:
O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.
Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.
Tolibjon NIZOM