Hakimlardan birini do'sti ziyorat qildi. Uning oldida ayrim birodarlari to'g'risida u-bu deb gapirib qo'ydi. Hakim aytdi: “Ziyofatni bekor qilding. Bu bilan uchta jinoyat qilding, birinchi, birodarimni yomonlading; ikkinchi, bo'sh qalbimni mashg'ul etding; uchinchi, o'zingni chaqimchiga chiqarding” dedi.
Ka'bul Ahbordan (Alloh undan rozi bulsin) rivoyat qilindi. «Bani Isroil qabilasiga qahatchilik keldi. Muso alayhissalom qabila ahli bilan uch marta suv so'rab chiqdilar. Ularga suv berilmadi. Shundan sung Muso alayhissalom: “Ey Rabbim, bandalaring suvsizlik va ochlikdan Senga uch marta zorlanib, iltijo qilib, najot berishingni so'radilar. Sen ularning iltimoslarini, duolarini ijobat qilmading!” dedilar. Alloh taolo unga dedi: “Ey Muso! Men sening va sen bilan bo'lgan qavmlaringning duolarini ijobat qilmayman. Chunki sizlarning orangizda chaqimchi bor. U chaqimchilikni uzluksiz davom ettirib kelyapti”. Muso alayhissalom so'radilar: “Kim u? Bizlar uni oramizdan chiqaraylik”. Alloh: “Ey Muso! Sizlarni chaqimchilikdan qaytarmadimi? Hammalaringiz tavba qilinglar!” dedi. Hammalari tavba qilishdi. Shundan sung, Alloh ularga suv berdi».
Faqihlardan biri aytadi: “Sizning oldingizga bir kishi kelib, falonchi sizni bu unday, bu bunday, deb gapirdi”, deb ketib qolsa, sizga olti narsa vojib bo'ladi.
Birinchi, uni to'g'ri deya topmang. Alloh taolo aytadi: “Ey mo'minlar, agar sizlarga bir fosiq kimsa biron xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biron qavmga musibat etkazib kuyib, qilgan ishlaringizda afsus-nadomat chekib qolmasliklaringiz uchun (u fosiq kimsa olib kelgan xabarni) aniklab - tekshirib ko'ringlar”.
Ikkinchi, siz uni bu ishdan qaytaring, chunki bunday qilish vojibdir. Alloh taolo marhamat qiladi:
“Odamlar chiqarilgan (ma'lum bo'lgan) ummatning eng yaxshisi bo'ldingiz, (ey, musulmonlar!) zero, siz amri ma'ruf, nahiy munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz”(Oli Imron surasi, 110-oyat)
Uchinchi, Alloh yo'lida uni yomon ko'ring, chunki osiyni yomon kurish vojibdir.
Turtinchi, birodarlaringizga yomon gumonda bo'lmang. Chunki gumon qilish haromdir. Alloh taolo marhamat qiladi: “Albatta ayrim gumonlar gunohdir!”(Hujurot surasi, 12-oyat).
Beshinchi, josuslik qilmaslik. Chunki Alloh taolo Kalomullohda josuslikdan qaytardi.
Oltinchi, chaqimchilikka rozi bo'lmang va o'zingiz ham uni qilmang. Chaqimchi olib kelgan habarni boshqaga aytmang. Zero, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Chaqimchilar jannatga kirmaydilar” deganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo barchalarimizni ofiyatda saqlasin, chaqimchilik ofatidan o'z panoxida asrasin.
Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiyning
«Tanbehul g'ofiliyn» kitobi asosida
Imom Termiziy bilim yurti 2-bosqich talabasi
Murodullo Choriyev tayyorladi.
Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi:
– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...
Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.
Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:
– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.
Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.
Imom unga dedi:
– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?
Yigit javob berdi:
– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.
Imom dedi:
– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...
Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi.
Akbarshoh RASULOV