Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

11.09.2020 y. Yetimlarga g'amxo'rlik – ulkan savob

8.09.2020   4178   11 min.
11.09.2020 y.  Yetimlarga g'amxo'rlik – ulkan savob

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ للهِ أَوصَى بِالإِحْسانِ إِلى الأَيْتامِ، وأَمَرَ لَهُمْ بِجَمِيلِ الرِّعايَةِ وحُسْنِ القِيامِ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمَ عَلَى سَيِّدِنَا ونبينا مُحَمَّدٍ رُعاةِ حُقُوقِ المِسكِينِ واليَتِيمِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ

YeTIMLARGA G'AMHO'RLIK – ULKAN SAVOB

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, dinimizda jamiyatning har bir a'zosiga alohida e'tibor bilan qaraladi. Katta yoki kichik bo'lsin, erkak yoki ayol bo'lsin har bir inson hurmat-ehtiromga loyiqdir.

Alloh taoloning xohish irodasi bilan gohida bolalar yoshligidanoq ota-onasidan ajraladilar. Ular uchun ota-onani o'rnini bosuvchi kishilarga ehtiyoj tug'iladi. Yetim bolalar aynan yordam va e'tiborga loyiq jamiyat a'zolaridir. Alloh taolo jamiyatdagi boshqa shaxslarning etimlarga bo'ladigan munosabati, ularning mol-mulklariga oid hukmlarni ham Qur'oni karimda va O'z payg'ambari Muhammad sallallohu alayhi vasallamning hadisi shariflari orqali bayon qilib bergan.

Musulmon jamiyatining etimlarga ko'rsatadigan birinchi e'tibori, etimlarning dilini og'ritmaslik, ularning haqqini emaslik va ular balog'at yoshiga etgandan keyin, ularning mol-mulklarini o'zlariga qaytarib berishdir. Bu haqida Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

 وَابْتَلُوا الْيَتَامَى حَتَّى إِذَا بَلَغُوا النِّكَاحَ فَإِنْ آَنَسْتُمْ مِنْهُمْ رُشْدًا فَادْفَعُوا إِلَيْهِمْ أَمْوَالَهُمْ وَلَا تَأْكُلُوهَا إِسْرَافًا وَبِدَارًا أَنْ يَكْبَرُوا وَمَنْ كَانَ غَنِيًّا فَلْيَسْتَعْفِفْ وَمَنْ كَانَ فَقِيرًا فَلْيَأْكُلْ بِالْمَعْرُوفِ فَإِذَا دَفَعْتُمْ إِلَيْهِمْ أَمْوَالَهُمْ فَأَشْهِدُوا عَلَيْهِمْ وَكَفَى بِاللَّهِ حَسِيبًا

ya'ni: “Yetimlarni, to balog'at yoshiga etgunlariga qadar  nazorat qilib (voyaga etish vaqtini kuzatib) turingiz: voyaga etganlarini sezsangiz, (qo'lingizdagi omonat) mol-mulklarini o'zlariga topshiringiz! Ularni isrof qilib va (ulg'ayib qolmasinlar deb) shoshqaloqlik bilan eb yubormangiz! Kim boy bo'lsa, (etimning mulkidan eyishdan) saqlansin. Agar kambag'al bo'lsa, yaxshilikcha (me'yorida olib) esin. Mol-mulklarini o'zlariga qaytarganingizda, ularga guvoh chaqiringiz. Alloh hisob-kitobda kifoya qiluvchi zotdir” (Niso surasi, 6-oyat).

Fiqhiy qonun-qoidalarga ko'ra, shariatimizda etim deb balog'atga etmasidan oldin otasi vafot etgan bolaga aytiladi. Balog'at yoshiga etganidan so'ng etim hisoblanmaydi. Bu xususda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"لَا يُتْمَ بَعْدَ احْتِلَامٍ، وَلَا صُمَاتَ يَوْمٍ إلَى اللَّيْلِ"

(رَوَاهُ الامام أَبُو دَاوُد عَنْ عَلِيِّ رضي الله عنه)

ya'ni: Ehtilom (balog'atga etgan)dan so'ng etimlik yo'qdir. Kunduzi to kechgacha sukut qilib, (boshqa dindagilarda bo'lgani kabi) jim turish ham yo'qdir”, (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Demakki, yuqoridagi oyat va ushbu hadisning dalolatiga ko'ra etimlarning voyaga etishlari, ularning mustaqil hayotga qadam qo'yishlari bilan shart-sharoitlar o'zgaradi.

Muhtaram jamoat! Bizning diyorlarda etim-esirlarga alohida g'amxo'rlik qilish, ularning boshini silash ulkan savob ekani, etimning haqqini eyish og'ir gunoh ekanligi kabi tushunchalar xalqimizning qon-qoniga singib ketgandir. Bizning ota-bobolarimiz oliyjanob islom dinimizning ta'limotiga amal qilib, etimlar, moddiy-ma'naviy ko'mak va himoyaga muhtoj bo'lganlarga mehr-muruvvat ulashib, kerak bo'lsa uylaridan joy berganlari faxrlansa arzigulik ishdir.

Yetimni kafolatiga olishning fazilati, unga beriladigan savoblarning ulug'ligi haqida Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"أَنَا وَكَافِلُ الْيَتِيمِ فيِ الْجَنَّةِ هَكَذَا" وَأَشَارَ بِالسَّبَّابَةِ وَالْوُسَطَى وَفَرَّجَ بَيْنَهُمَا

(رواه البخاري عن سهل بن سعد رضي الله عنه)

ya'ni:Yetimni o'z qaramog'iga olgan kishi jannatda men bilan mana shunday yonma-yon turamiz”, - deb ko'rsatkich va o'rta barmoqlari orasini ochib ko'rsatdilar(Imom Buxoriy rivoyatlari).

Keyingi paytlarda “tirik etimlar” degan iboraning ko'p eshitilishiga ham asoslar bor. “Tirik etim” deganda otasi tirik bo'la turib, farzandlarini tashlab ketgan, ularni nafaqasiz, tarbiyasiz, qiyin sharoitda yashashga majbur qilgan insofsiz, vijdonsiz, otalarning farzandlari tushuniladi. Axir o'zining rohatini ko'zlab, oilasini va go'dak farzandlarini qarovsiz qoldirib ketayotgan insonlarni komil musulmon deb bo'ladimi!?

Yetimni kafolatga olishning fazilatli bo'lishi muqobilida, Qur'oni karimda etimga qahr qilmaslik, unga meros qolgan molga ko'z olaytirmaslik ta'kidlanadi:

فَأَمَّا الْيَتِيمَ فَلا تَقْهَرْ

ya'ni: “Bas, endi Siz (ham) etimga qahr qilmang!” (Zuho surasi, 9-oyat).

 Vaholanki, etimlarga g'amxo'rlik qilish borasida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

"خَيْرُ بَيْتٍ فِي الْمُسْلِمِينَ بَيْتٌ فِيهِ يَتِيمٌ يُحْسَنُ إِلَيْهِ، وَشَرُّ بَيْتٍ فِي الْمُسْلِمِينَ

بَيْتٌ فِيهِ يَتِيمٌ يُسَاءُ إِلَيْهِ"

(رواه البخاري عن عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya'ni:Musulmonlarning uyi ichida eng yaxshisi etimga yaxshi munosabatda bo'lgan uydir. Musulmonlarning uyi ichida eng yomoni etimga yomonlik qilinadigan uydir, - deganlar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Yetimni o'z qaramog'iga olishga haqliroq kishi avvalo, uning eng yaqin qarindoshlaridir. Chunki, boshqalarga qaraganda qarindoshlari, yaqin kishilari etimga nisbatan mushfiq va mehribonroq bo'ladi.

Shariatimiz etimlarning ta'minotini, agar unga mol meros qolgan bo'lsa, o'shandan, mol qolmagan bo'lsa, yaqin qarindoshlarining mablag'idan ta'minlanishi belgilab qo'yilgan. Masalan, etimni bobosi yoki balog'atga etgan akasi, yoki amakisi etimni moddiy jihatdan ta'minlash vojib bo'ladi.

Yaqin qarindoshlardan tashqari etimlarni qaramog'iga olmoqchi bo'lganlar, ularni o'z qarindoshlari davrasida (masalan, bobo va buvilari) qoldirib, homiylik qilsalar yana ham yaxshiroq bo'ladi.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, pandemiya davrida aholining daromadi kam bo'lgan qismi birmuncha qiyinchilikka duch keldi. Jumladan, otasini yo'qotgan etimlarning ham vaziyati og'ir bo'ldi, lekin xalqimizning saxovatli farzandlari ayni mana shu mashaqqatli davrda etimlarga o'zlarining xususiy mol-mulklari yoki turli fond va jamg'armalar orqali yordam berishmoqda. Albatta, Alloh taolo ular sarflagan mablag'larning o'rnini bir necha barobar qilib to'ldiradi va va'da qilgan katta ajrlarini beradi. 

Ma'lumki, dinimiz qoidalariga ko'ra hech kimi bo'lmagan etimlarning homiysi davlatdir. Hozirgi kunda davlatimiz tomonidan ham etimlar uchun “Mehribonlik uylari” tashkil qilinib, u erda tarbiya topayotgan bolalarga g'amxo'rlik qilib kelinmoqda. Balki, ularga moddiy tomondan hamma sharoitlar yaratib berilmoqda. Biroq, har qancha bo'lsa-da, ota-onasining mehrini hech kim berolmaydi. Shuning uchun, farzandlarini tirik etim qilayotgan otalar, o'z jigarlaridan voz kechib ketayotgan onalar naqadar og'ir gunoh qilayotganlarini anglamoqlari lozim.

Pandemiya sababli bir qancha oilalar boquvchisini yo'qotdi. Ular qatorida etim qolgan bolalar ham bor. Barchamiz atrofimizdagilarga e'tiborli bo'lib, qiyin ahvolda qolgan etimlar va beva-bechoralardan xabardor bo'lib turishimiz, ularga ozmi-ko'pmi qo'limizdan kelgancha yordam berib turishimiz dinimiz targ'iboti va odamiylik talabidir. Alloh taolo bizni baxillikdan saqlab, saxovatli kishilardan qilsin!

Azizlar! Ma'ruzamizning davomida namozning farzlaridan bo'lmish takbiri tahrimaga oid ba'zi masalalar haqida suhbatlashamiz.

  • Namozga kirishda qo'llar quloq barobarigacha ko'tarilib, qo'lning bosh barmog'i quloqning yumshog'iga etkaziladi va takbiri tahrima – “Allohu akbar” lafzini aytib namozga kiriladi.
  • Qo'llar ko'tarilganda kaftning ichki tomoni Qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo'ladi.
  • “Allohu akbar”, deb takbir aytganda “Alloh” lafzidagi “a” tovushini cho'zib “Aaalloh” desa, yoki “Akbar” so'zidagi “a” tovushini cho'zib “Aaakbar” desa, yoki “ba” tovushini cho'zib “Akbaaar” desa, namozga kirgan bo'lmaydi, ya'ni namozi buziladi.
  • Imomga iqtido qiluvchi kishi namozga kirishda imomdan oldin “Allohu akbar”ni aytib qo'ysa, namozga kirishgan bo'lmaydi. Shuning uchun imom “Allohu akbar” ni “ro” siga kelganda, iqtido qiluvchi kishi “Allohu akbar” ni boshlashi kerak.
  • Namozga kechikib kelgan kishi imomni ruku qilib turganini ko'rsa va birinchi rukuga ketib, keyin takbiri tahrima aytsa, namozga kirishgan bo'lmaydi. Chunki takbiri tahrimani tik turgan holda aytish kerak (Manba: “Fatovoi hindiyya” kitobi).

Alloh taolo barchamizni muhtojlarga yordam qo'lini cho'zishga tavfiq bersin va buning evaziga va'da qilingan ulug' ajru savoblarni olishni nasib qilsin! Omin!

 

Hurmatli imom-domla! Kelasi yil uchun “Hidoyat” va “Mo'minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasiga obuna bo'lish boshlandi! “Hidoyat” 84 000 (sakson to'rt ming so'm), “Mo'minalar” 48 000 (qirq sakkiz ming so'm) va “Islom nuri” 62 400 (otmish iiki ming to'rt yuz so'm). Shuni jamoatga e'lon qilib qo'yishingizni so'raymiz.

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

10.01.2025   3232   2 min.
Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.