وَقَالَتِ ٱلۡيَهُودُ لَيۡسَتِ ٱلنَّصَٰرَىٰ عَلَىٰ شَيۡءٖ وَقَالَتِ ٱلنَّصَٰرَىٰ لَيۡسَتِ ٱلۡيَهُودُ عَلَىٰ شَيۡءٖ وَهُمۡ يَتۡلُونَ ٱلۡكِتَٰبَۗ كَذَٰلِكَ قَالَ ٱلَّذِينَ لَا يَعۡلَمُونَ مِثۡلَ قَوۡلِهِمۡۚ فَٱللَّهُ يَحۡكُمُ بَيۡنَهُمۡ يَوۡمَ ٱلۡقِيَٰمَةِ فِيمَا كَانُواْ فِيهِ يَخۡتَلِفُونَ١١٣
113. Yahudiylar: "Nasroniylar to'g'ri yo'lda emaslar", deyishadi. Nasroniylar esa: "Yahudiylar haq yo'lda emaslar", deyishadi. Holbuki ular Kitob o'qishadi. Shuningdek, ilmsizlar ham ularning gapini qaytarishadi. qiyomat kuni ular o'rtasidagi tortishuvni Alloh ajrim qiladi.
Islom dinining asosiy xususiyatlaridan biri o'rtalik, boshqacha ta'bir bilan aytganda, mo''tadillik, muvozanalikdir. Chunki yo'lning o'rtasida bo'lish, o'ngga ham, so'lga ham og'ishmay, Qur'on ta'biri bilan aytganda, "mustaqim yo'l"da bo'lish asl musulmonlikdir. Bu "mustaqim yo'l"ning ikki tomonida juda ko'p masalalarda ifrot (haddan oshish) va tafritga (sustkashlikka) yo'l qo'ygan yahudiy va nasroniylar turibdi. Demak, bularning o'rtasida bo'lish to'g'ri yo'lda bo'lishdir. "Ilmsizlar" Makka mushriklaridir, ular Ibrohim alayhissalom dinida bo'lganlari holda johillik tufayli yo'ldan ozib, butlarga cho'qinib ketishdi. Bu oyati karima Madina yahudiylari va Najron nasroniylari haqida tushgan. Najron elchilari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelganida yahudiy rohiblari ham kelishdi va ular o'zaro munozara qilib ketishdi, hatto ovozlari balandladi. Yahudiylar: "Sizlar hech qanday dinda emassizlar!" deya Iso alayhissalom va Injilga kufr keltirishdi. Nasroniylar esa: "Sizlar hech qanday dinda emassizlar!" deya Muso alayhissalom va Tavrotga kufr keltirishdi. Shunda Alloh yuqoridagi oyatni nozil qildi. Ular o'rtasidagi tortishuvni esa qiyomat kuni Alloh taoloning O'zi ajrim qilib beradi. Hakimlardan biri bunday degan: "Men ikki kishiga achinganimchalik boshqa hech kimga achinmaganman: ilmni tushunmasdan turib o'rgangan kishiga va ilmning muhimligini tushunib, uni o'rganmagan kishiga". Ilmsiz kishilar ham ana shu yahudiy va nasroniylar kabi to'g'ri yo'lni topa olmay, adashib ketaverishadi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida buyuk tarixiy va madaniy meroslarimizni o‘rganish, asrash va targ‘ib etish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlanmoqda. Dunyoda eng qadimgi nusxalaridan biri hisoblangan Usmon Mus'hafi tarixi haqida ilk bor ilmiy-ommabop kitob tayyorlanmoqda.
Mazkur kitobda Qur’oni Karimning eng qadimiy nusxalaridan biri sanalmish, 7 asrda ko‘chirilgan va hozirgi kunda O‘zbekistonda saqlanayotgan Usmon Mus'hafining kelib chiqishi, tarixiy yo‘li, paleografik xususiyatlari, diniy va madaniy ahamiyati keng yoritiladi. Kitob nashr etilgach Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi tarkibiga kiritiladi va tashrif buyuruvchilarga ushbu noyob Qur’on qo‘lyozmasi haqida batafsil ma’lumot berish imkonini yaratadi.
Loyihaning asosiy maqsadi – O‘zbekiston hududida saqlanayotgan bu nodir tarixiy manba orqali islom ilm-fanining yuksak saviyasini, musulmon dunyosining ilk davrlardagi yozuv madaniyati va Qur’onni ko‘chirish an’analarini keng jamoatchilikka tanitishdan iborat.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi