Shvetsiya Skandinaviya yarim orolining sharqiy qismida joylashgan. G'arbda Norvegiya, shimol va shimoli-sharqda Finlyandiya, sharqda Botnik bo'g'ozi va Baltika dengizi, janubi-g'arbda Kattegat suvi quyiladigan joy bilan chegaradosh. 2009 yil Shvetsiya aholisining soni 9.3 million kishiga etdi. Ushbu mamlakat maydoni jihatidan g'arbiy Yevropada uchinchi o'rinni egallaydi[1]. Shvetsiya parlamentar demokratik ko'rinishdagi konstitutsional monarxiya davlati. U eng rivojlangan va taraqqiy etgan Yevropa davlatlaridan hisoblanadi. Halqaro ko'rsatkichlarda mamlakat yuqori o'rinlarni zabt etib kelmoqda. Jumladan, aholining turmush darajasi, ularning uzoq umr ko'rishi, fuqarolar teng xuquqligi, tinchlik-totuvlik darajasi bo'yicha bir qator demokratik institutlar tomonidan yuqori baholangan.
Shvetsiya Yevropa mamlakatlari ichida aholisi kamligi bilan e'tiborga olinadi. Shimoliy qismida Lab jamoasi yashaydi, bu qism aholisi kam. U Shvetsiya territoriyasining yarmidan ko'pini o'z ichiga olgani bilan, aholisi Shvetsiya aholisining umumiy sonidan 20 foizini tashkil qiladi. Janubiy qismi esa ancha zich bo'lib, aholining 80 foizi shu tarafda yashaydi. Lab aholisining soni 13 mingga etadi. Shuningdek, asli finlyandiyalik yarim mln. kishi, ozchilikni tashkil etuvchi musulmonlar: turk, arab, yugoslav, pokistonlik muhojirlar bor.
Bugungi kunga qadar Shvetsiya aholisi etnik, til va din jihatidan bir xildagi fuqarolardan iborat bo'lib kelgan bo'lsa, so'nggi 6 yil mobaynida ko'plab mamlakatlardan etnik-madaniy va diniy xilma-xil bo'lgan aholining ko'chib kelishi kuzatilmoqda. Hozirda, Shvetsiyada muqim yashayotgan 2 milliondan ortiq fuqaro chet el mamlakatlarining aholisi sanaladi. Ilgari mamlakatda faqatgina Shved tilida muloqat qilingan bo'lsa, bugun 200dan ortiq til muomala vositasi sifatida qo'llanilmoqda. Shuningdek, Shvetsiya turli konfessiyali jamiyatga aylanib bormoqda. Shvetsiyaga ko'chib boruvchilarning davom etishi sababli Shvetsiya jamiyatida din ham yangi ko'rinishlarga ega bo'lib bormoqda. Bu yangi masjidlarning qurilishi, Ramazon bayramining nishonlanishi, maktablarda diniy o'quv kurslarining tashkil etilishida yaqqol namoyon bo'lmoqda. Shvetsiyada dinga nisbatan munosabatlarning o'zgarib borishi, dinning jamiyatdagi o'rnini to'g'ri tushunishga hamda boshqa din vakillariga nisbatan xolis munosabatda bo'lishga sabab bo'lmoqda.
Aholining aksariyat qismi (73% 2008 y) Shvetsiya cherkovining a'zosi sanaladi. Yevangeliya Lyuteran cherkovi mamlakatning sobiq davlat cherkovi hisoblanadi. 2008 yilda oila qurganlarning 40%idan ortig'i Shvetsiya ibodatxonasida o'z nikohlarini nishonladilar. Tahminan, barcha yangi tug'ilgan farzandlarning 60%i cho'qintirildi hamda vafot etganlarning 83%i Shvetsiya ibodatxonasi an'analariga munosib tarzda dafn etildi[2].
Biroq, Shvetsiya dunyoviy davlat hisoblanadi, diniy an'analarning amalga oshirilishi esa har bir shahsning “shahsiy ishi” sanaladi. Shuni alohida ta'kidlab o'tish joizki, Shvetsiya dunyoviylashgan mamlakatlardan biri sifatida dunyoga mashhur. Aholi asosan o'zining hayotining muhim vaqtlaridagina cherkovga murojaat qilish holatlari kuchaygan[3]. Shvetsiya ibodatxonasining ma'lumotlariga ko'ra, ibodatxona a'zolarning bor yo'g'i 2 %i muntazam ravishda ibodat marosimlarini ado etadilar. Yevropaning so'nngi tadqiqot ma'lumotlariga ko'ra, Shvetsiya aholisining 23% dinga e'tiqod qiladi. Aholining 85%ini esa biror-bir dinga e'tiqod qilmaydiganlarni tashkil etadi. Aholi kelib chiqishiga ko'ra 90.1% protestant, 1.8% katolik, 8.2% boshqa dinga e'tiqod qiluvchilardan iborat. Boshqa dinga e'tiqod qiluvchilar guruhini asosan musulmonlar (Islom din) tashkil etadi. Bugungi kunda, Shvetsiyada Islom diniga e'tiqod qiluvchilarning soni taxminan 250,000 va 300,000 atrofida.
Shvetsiyaga ko'chib borgan birinchi musulmon rus tatarlari u erda ikkinchi jahon urushi oxirigacha qoldilar. Shuning ta'sirida Shvetsiya mahalliy aholisi islomni qabul qila boshladi. Keyingi yillarda musulmonlar soni sanoatda ishlash uchun ko'chib borgan musulmon ishchilari hisobiga ko'paydi.
Ikkinchi jahon urushidan keyin Shvetsiyada musulmonlar soni ming kishi atrofida edi, 1972 yilga kelib ularning soni turli millatlarga mansub 18 ming musulmonga etdi. Ulardan 300 musulmon asli shvedlar, 9 ming musulmon turk va tatar, 3 ming arab, taxminan 2 ming yugoslav va qolgan 4 ming musulmon boshqa millatlarga mansub. Shvetsiyadagi musulmonlarning aksarini yugoslavlar, undan keyin turklar tashkil qiladi.
Musulmonlar Stokgol'm, Gyoteborg va Mal'myo shaharlarida yashaydilar. Yaqinda Shvetsiya hukumati shved musulmonlarini e'tirof etdi, ya'ni Islom Shvetsiyada e'tirof etilgan din bo'ldi.
Davron NURMUHAMMAD
[1] Qarang: www.sweden.se/facts
[2]www.svenskakyrkan.se/default.aspx?di=37017
[3] Backstrom et al., Religious Change in Northern Europe, The Case of Sweden, 87-88. “What in normal everyday life is religiously abnormal in Sweden, is considered religiously normal in abnormal situations.” 139
"Li iylafi quraysh" surasi, Quraysh qabilasiga berilgan ne’matlarga urg‘u beradi.
Bu suraning nozil bo‘lishi sababini o‘rganganda, Allohdan yanada qo‘rqish hissi paydo bo‘ladi. Bu sura hayotdagi muhim muammolardan biri - ne’matga odatlanib, uni qadrsizlantirish haqidadir.
Alloh qurayshliklarni ikki mavsum - qish va yozdagi savdo safarlari orqali tirikchiliklarining yaxshi ketishiga odatlanib qolganliklari, lekin ular bu ne’matlarning haqiqiy Egasini tan olib, shukr qilmaganlarini aytadi.
Johiliyat davrida Quraysh qabilasi faqirlik va ocharchilikda yashagan, hayotlari juda nochor va qiyin bo‘lgan. Hattoki, qashshoqlik kuchayganida, ba’zilar o‘z oilasini olib, “xubo” deb atalgan joyga borishar va o‘sha yerda ochlikdan hammasi halok bo‘lguniga qadar qolishardi. Bu odat johiliyat davrida “i’tifar” deb nomlanar edi.
Makkaning katta tojirlaridan bo‘lgan Hoshim ibn Abdumanofga bir kuni Bani Mahzum qabilasining barcha a’zolari juda qattiq ochlikda qolib, halok bo‘lish arafasida ekani haqidagi xabar yetadi. U Allohning bayti Ka’baning xizmatida turgan odamlarning shunday qashshoqlik va o‘ta johilona ahvolda ekanliklaridan o‘kindi va qattiq g‘azablandi.
Shu sababdan Hoshim ibn Abdumanof bu yomon odatni o‘zgartirishga qaror qildi va quyidagilarni amalga oshirdi:
– Sizlar Allohning baytini xizmatida bo‘laturib butun arablarga o‘zingizni sharmanda qiladigan yomon odatlarni joriy qilgansizlar, dedi va bir qabilani bir nechta urug‘larga bo‘lib tashladi. Har bir urug‘dagi boy kishilardan o‘z qarindoshlari bilan mol-mulkini teng bo‘lishishni talab qildi. Shunday qilib, kambag‘al ham boy bilan teng bo‘ldi.
Shundan keyin u Quraysh qabilasiga tijorat usullarini o‘rgatdi va ularni yilda ikki marta tijorat safariga chiqish yo‘llarini belgilab berdi. Yozda meva-sabzavotlar savdosi uchun Shomga, qishda esa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun Yamanga safarlarini tashkil qildi.
Shunday qilib, Shom va Yamanning barakasi Makkaga olib kelindi va qurayshliklarning iqtisodiy holati yaxshilandi. Shu bilan birga, “i’tifar” odati ham yo‘q bo‘ldi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan Quraysh qabilasi Allohning bu ne’matlariga shukr qilish o‘rniga, ularga odatlanib qoldi va ne’matni qadrlamay qo‘ydi. Ne’matga noshukurlik qilish – bu unga odatlanib, uni ne’mat deb bilmaslikdir.
Quraysh qabilasi Alloh tomonidan tushirilgan ne’matlarga odatlanib, uni qadrsizlantirgani uchun Alloh ularga bu surani tushirdi: "Mana shu Bayt (Ka’ba)ning Parvardigoriga (shukrona uchun) ibodat qilsinlar. Zero, U ularni ochlikdan (qutqarib) to‘ydirdi va xavfu xatardan omon qildi".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV