frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

BAQARA SURASI, 109–110 OYaTLAR

05.09.2020   8604   4 min.
BAQARA SURASI, 109–110 OYaTLAR

وَدَّ كَثِيرٞ مِّنۡ أَهۡلِ ٱلۡكِتَٰبِ لَوۡ يَرُدُّونَكُم مِّنۢ بَعۡدِ إِيمَٰنِكُمۡ كُفَّارًا حَسَدٗا مِّنۡ عِندِ أَنفُسِهِم مِّنۢ بَعۡدِ مَا تَبَيَّنَ لَهُمُ ٱلۡحَقُّۖ فَٱعۡفُواْ وَٱصۡفَحُواْ حَتَّىٰ يَأۡتِيَ ٱللَّهُ بِأَمۡرِهِۦٓۗ إِنَّ ٱللَّهَ عَلَىٰ كُلِّ شَيۡءٖ قَدِيرٞ١٠٩

109. Ahli kitoblarning ko'plari hasadlari tufayli Haq aniq bilinganiga qaramay, imonli bo'lganingizdan keyin sizlarni yana kofir qilmoqchi bo'lishadi. Alloh hukmini yuborguncha ularni afv etinglar va kechiringlar. Alloh hamma narsaga qodirdir.

Ahli kitoblar musulmonlarga hasad qilishgani uchun Haqni aniq bilaturib ham ularni o'z dinlariga kufr keltirishga, o'zlarining buzuq e'tiqodlarini majburlashga urinaverishadi. Vaholanki, haq botildan ajrab bo'lgan, Allohning Kalomida ahli kitoblarning haq yo'ldan adashib, Parvardigor g'azabiga uchragani, hidoyat yo'lidan chetlashgani aniq bayon etib qo'yilgan. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: "Bu oyat bir guruh yahudiylar haqida nozil bo'lgan. Uhud jangidan keyin ular musulmonlarga: "Nima bo'lganini ko'ryapsizlarmi? Agar haq ustida bo'lganingizda engilmagan bo'lardingiz. Bizning dinimizga qaytinglar, u sizlar uchun yaxshiroq", deyishgan edi" ("Asbabun-nuzul", 27-bet). Abdulloh ibn Ka'b ibn Molik otasidan shunday rivoyat qiladi: "Ka'b ibn Ashrof yahudiylar shoiri edi. She'rlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hajv qilar, Quraysh kofirlarini u kishiga qarshi qo'zg'ar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida mushriklar va yahudiylar u kishiga va ashoblariga qattiq aziyat etkazdi. Shunda Alloh taolo O'z Payg'ambarini bu aziyatlarga sabr qilishga va kechirishga buyurib, mazkur oyatni nozil qildi.

وَأَقِيمُواْ ٱلصَّلَوٰةَ وَءَاتُواْ ٱلزَّكَوٰةَۚ وَمَا تُقَدِّمُواْ لِأَنفُسِكُم مِّنۡ خَيۡرٖ تَجِدُوهُ عِندَ ٱللَّهِۗ إِنَّ ٱللَّهَ بِمَا تَعۡمَلُونَ بَصِيرٞ١١٠

110. Namozni ado qilinglar va zakotni beringlar. O'zingizga nima yaxshilik qilgan bo'lsangiz, uni Alloh huzuridan topasizlar. Alloh qilayotgan amallaringni albatta ko'rib turuvchidir.

Namozni barcha arkonlariga rioya qilgan holda mukammal ado etish va zakot-sadaqalarni Alloh buyurgan toifadagi haqdorlariga berish Islom dini buyurgan farz amallardandir. Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomdan rivoyat qilingan hadislarda namozning nihoyatda muhimligi va fazilati haqida juda ko'p zikr qilingan: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Besh vaqt namoz namozlar orasidagi hamda juma namozi jumadan jumagacha o'rtalarida bo'lgan gunohlarga kafforatdir – agar ulkan (kabira) gunohlardan saqlanilgan bo'lsa", deganlar (Muslim rivoyati). Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Bir a'robiy Payg'ambar alayhissalomning yo'llarini to'sib chiqib: "Jannatga yaqinlashtiradigan va do'zaxdan uzoqlashtiradigan amalning xabarini bering", dedi. U zot: "Allohga ibodat qilasan, Unga hech narsani shirk keltirmaysan, namozni ado qilasan, zakotni berasan, silai rahm qilasan", dedilar" (Buxoriy rivoyati). Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Men: "Ey Allohning Rasuli, menga bir amalni aytingki, u jannatga kiritsin va do'zaxdan uzoqlashtirsin", dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Darhaqiqat, katta ish haqida so'rading, aslida bu Alloh oson qilganga osondir. Bu – Allohga bandalik qilish, Unga biror narsani sherik etmaslik, namozni ado qilish, zakotni berish, Ramazon ro'zasini tutish va haj qilish", dedilar (Imom Ahmad, Termiziy, Ibn Moja rivoyati).

Namozni o'qish, zakotni berish va boshqa farzlarni bajarish orqali banda o'ziga yaxshilik qiladi, ya'ni Alloh taolo huzuridagi hisobi osonlashadi, Parvardigorning oxiratda tayyorlab qo'ygan ulug' mukofotlariga erishadi. Ayni paytda boshqalarga yaxshilik qilish ham dinimizda maqtalgan amallardandir. Bu haqda ham hadisi shariflar ko'p, ulardan birginasini keltiramiz: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim dunyoda bir mo'minning dunyo g'amlaridan birini engillatsa, Alloh taolo ham undan qiyomat g'amlarini engillashtiradi. Kim qiyinchilikda qolgan birodarini osonlikka chiqarsa, Alloh taolo uni dunyo va oxiratda osonlikka chiqaradi. Kim musulmonning aybini yopsa, Alloh taolo dunyo va oxiratda uning ayblarini berkitadi. Agar banda birodariga yordam bersa, Alloh taolo ham bandasining yordamida bo'ladi" (Muslim va Buxoriy rivoyati).

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ma’naviy-ma’rifiy soha fidoyilari taqdirlandi

27.08.2026   7255   1 min.
Ma’naviy-ma’rifiy soha fidoyilari taqdirlandi

Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida diniy-ma’rifiy sohada samarali faoliyat yuritayotgan, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash va yoshlarni yot g‘oyalardan asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh soha xodimlari taqdirlandi.
 

Tadbirda Qumqo‘rg‘on tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Z.Eshqobilov ishtirok etib, yig‘ilganlarni qutlug‘ bayram bilan samimiy muborakbod etdi hamda ularning el-yurt osoyishtaligi va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishdagi xizmatlarini yuqori baholadi.


Marosimda fidoyi soha xodimlariga tuman hokimligining tashakkurnomalari va bayram esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Ma’naviy-ma’rifiy soha fidoyilari taqdirlandi
O'zbekiston yangiliklari