Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Yanvar, 2025   |   19 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:39
Asr
15:42
Shom
17:26
Xufton
18:44
Bismillah
19 Yanvar, 2025, 19 Rajab, 1446

BAQARA SURASI, 109–110 OYaTLAR

5.09.2020   3008   4 min.
BAQARA SURASI, 109–110 OYaTLAR

وَدَّ كَثِيرٞ مِّنۡ أَهۡلِ ٱلۡكِتَٰبِ لَوۡ يَرُدُّونَكُم مِّنۢ بَعۡدِ إِيمَٰنِكُمۡ كُفَّارًا حَسَدٗا مِّنۡ عِندِ أَنفُسِهِم مِّنۢ بَعۡدِ مَا تَبَيَّنَ لَهُمُ ٱلۡحَقُّۖ فَٱعۡفُواْ وَٱصۡفَحُواْ حَتَّىٰ يَأۡتِيَ ٱللَّهُ بِأَمۡرِهِۦٓۗ إِنَّ ٱللَّهَ عَلَىٰ كُلِّ شَيۡءٖ قَدِيرٞ١٠٩

109. Ahli kitoblarning ko'plari hasadlari tufayli Haq aniq bilinganiga qaramay, imonli bo'lganingizdan keyin sizlarni yana kofir qilmoqchi bo'lishadi. Alloh hukmini yuborguncha ularni afv etinglar va kechiringlar. Alloh hamma narsaga qodirdir.

Ahli kitoblar musulmonlarga hasad qilishgani uchun Haqni aniq bilaturib ham ularni o'z dinlariga kufr keltirishga, o'zlarining buzuq e'tiqodlarini majburlashga urinaverishadi. Vaholanki, haq botildan ajrab bo'lgan, Allohning Kalomida ahli kitoblarning haq yo'ldan adashib, Parvardigor g'azabiga uchragani, hidoyat yo'lidan chetlashgani aniq bayon etib qo'yilgan. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: "Bu oyat bir guruh yahudiylar haqida nozil bo'lgan. Uhud jangidan keyin ular musulmonlarga: "Nima bo'lganini ko'ryapsizlarmi? Agar haq ustida bo'lganingizda engilmagan bo'lardingiz. Bizning dinimizga qaytinglar, u sizlar uchun yaxshiroq", deyishgan edi" ("Asbabun-nuzul", 27-bet). Abdulloh ibn Ka'b ibn Molik otasidan shunday rivoyat qiladi: "Ka'b ibn Ashrof yahudiylar shoiri edi. She'rlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hajv qilar, Quraysh kofirlarini u kishiga qarshi qo'zg'ar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida mushriklar va yahudiylar u kishiga va ashoblariga qattiq aziyat etkazdi. Shunda Alloh taolo O'z Payg'ambarini bu aziyatlarga sabr qilishga va kechirishga buyurib, mazkur oyatni nozil qildi.

وَأَقِيمُواْ ٱلصَّلَوٰةَ وَءَاتُواْ ٱلزَّكَوٰةَۚ وَمَا تُقَدِّمُواْ لِأَنفُسِكُم مِّنۡ خَيۡرٖ تَجِدُوهُ عِندَ ٱللَّهِۗ إِنَّ ٱللَّهَ بِمَا تَعۡمَلُونَ بَصِيرٞ١١٠

110. Namozni ado qilinglar va zakotni beringlar. O'zingizga nima yaxshilik qilgan bo'lsangiz, uni Alloh huzuridan topasizlar. Alloh qilayotgan amallaringni albatta ko'rib turuvchidir.

Namozni barcha arkonlariga rioya qilgan holda mukammal ado etish va zakot-sadaqalarni Alloh buyurgan toifadagi haqdorlariga berish Islom dini buyurgan farz amallardandir. Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomdan rivoyat qilingan hadislarda namozning nihoyatda muhimligi va fazilati haqida juda ko'p zikr qilingan: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Besh vaqt namoz namozlar orasidagi hamda juma namozi jumadan jumagacha o'rtalarida bo'lgan gunohlarga kafforatdir – agar ulkan (kabira) gunohlardan saqlanilgan bo'lsa", deganlar (Muslim rivoyati). Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Bir a'robiy Payg'ambar alayhissalomning yo'llarini to'sib chiqib: "Jannatga yaqinlashtiradigan va do'zaxdan uzoqlashtiradigan amalning xabarini bering", dedi. U zot: "Allohga ibodat qilasan, Unga hech narsani shirk keltirmaysan, namozni ado qilasan, zakotni berasan, silai rahm qilasan", dedilar" (Buxoriy rivoyati). Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Men: "Ey Allohning Rasuli, menga bir amalni aytingki, u jannatga kiritsin va do'zaxdan uzoqlashtirsin", dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Darhaqiqat, katta ish haqida so'rading, aslida bu Alloh oson qilganga osondir. Bu – Allohga bandalik qilish, Unga biror narsani sherik etmaslik, namozni ado qilish, zakotni berish, Ramazon ro'zasini tutish va haj qilish", dedilar (Imom Ahmad, Termiziy, Ibn Moja rivoyati).

Namozni o'qish, zakotni berish va boshqa farzlarni bajarish orqali banda o'ziga yaxshilik qiladi, ya'ni Alloh taolo huzuridagi hisobi osonlashadi, Parvardigorning oxiratda tayyorlab qo'ygan ulug' mukofotlariga erishadi. Ayni paytda boshqalarga yaxshilik qilish ham dinimizda maqtalgan amallardandir. Bu haqda ham hadisi shariflar ko'p, ulardan birginasini keltiramiz: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim dunyoda bir mo'minning dunyo g'amlaridan birini engillatsa, Alloh taolo ham undan qiyomat g'amlarini engillashtiradi. Kim qiyinchilikda qolgan birodarini osonlikka chiqarsa, Alloh taolo uni dunyo va oxiratda osonlikka chiqaradi. Kim musulmonning aybini yopsa, Alloh taolo dunyo va oxiratda uning ayblarini berkitadi. Agar banda birodariga yordam bersa, Alloh taolo ham bandasining yordamida bo'ladi" (Muslim va Buxoriy rivoyati).

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar

Talabalar Diniy idora faoliyati bilan yaqindan tanishdi

17.01.2025   3516   2 min.
Talabalar Diniy idora faoliyati bilan yaqindan tanishdi

Shu yil 16 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar.
 

Suhbat avvalida Homidjon domla keyingi yillarda yurtimizda yoshlarning ta’lim-tarbiyasini yuksaltirishga katta e’tibor berilayotgani ta’kidlash barobarida O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi va bugungi faoliyati haqida so‘zlab berdi. Xususan, ilk nomi “O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasi” bo‘lgan tashkilot 1943 yil 20 oktyabrda tashkil topgani, 1992 yili “Movarounnahr musulmonlari idorasi”, 1995 yili “O‘zbekiston musulmonlari idorasi” deb davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani, istiqlolgacha 80 ta masjid faoliyat yuritgani, O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan Mir Arab madrasasida jami 10 nafar talaba o‘qitilganini aytib o‘tdi.


Homidjon domla o‘z so‘zi davomida mustaqillik ne’mati nasib etgandan so‘ng diniy-ma’rifiy sohada ulkan o‘zgarishlar bo‘lgani, xususan, so‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan sohada amalga oshirilayotgan ko‘lamli islohotlar natijasi va muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari sa’y-harakatlari bilan yurtimiz masjidlari soni 2145 taga, diniy ta’lim muassasalari soni 14 taga yetgani, Fatvo va ilmiy-tadqiqot markazlari, diniy adabiyotlar nashri, “Vaqf” fondi jadal faoliyat olib borayotgani, umra bo‘yicha kvota olib tashlangani, hajga boruvchilar soni yildan-yilga ortib borayotgani, eng qadimiy va nodir qo‘lyozma sanalgan “Usmon mus'hafi”, “Langar Qur’oni” yuqori darajada ta’mirlangani, Diniy idora Kutubxona fondida 20 dan ziyod toshbosma va qo‘lyozma asarlar yaxshi holatda saqlab kelinayotgani va bu kabi amaliy ishlarning sanog‘i va salmog‘i ko‘pligini ta’kidlab, ana shu e’tibor va imkoniyatlarning qadriga yetish va har kim o‘z yo‘nalishida yetuk mutaxassis bo‘lib yurt rivoji va xalq farovonligiga hissa qo‘shishi lozimligiga urg‘u qaratdi.  


Muloqot yakunida har bir talabaga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Yoshlarga nasihatim”, “Fitna ko‘z ilg‘amas xatar” kitoblari taqdim etildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Talabalar Diniy idora faoliyati bilan yaqindan tanishdi Talabalar Diniy idora faoliyati bilan yaqindan tanishdi Talabalar Diniy idora faoliyati bilan yaqindan tanishdi Talabalar Diniy idora faoliyati bilan yaqindan tanishdi Talabalar Diniy idora faoliyati bilan yaqindan tanishdi Talabalar Diniy idora faoliyati bilan yaqindan tanishdi
O'zbekiston yangiliklari