Shu yil 2 sentyabr' kuni Parij shahrida 2015 yilning 7 yanvarida “Sharli Ebdo” jurnali tahririyatiga uyushtirilgan hujumga aloqadorlikda ayblanayotgan 14 kishi ustidan sud ishi boshlandi. Shu munosabat bilan mazkur jurnal tahririyati Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomga oid karikaturani qaytadan bosib chiqardi.
Ushbu karikatura chop etilishi musulmon olamida turli e'tiroz va noroziliklarga sabab bo'lmoqda. Jumladan, Misrdagi Al-Azhar universiteti ushbu karikaturani chop etgani uchun “Sharli Ebdo” tahririyatini qoralab bayonot bilan chiqdi. Bayonotda bunday karikaturalarni atayin qaytadan chop etish mo'min-musulmonlarning hissiyotlarini qo'zg'ash, fitna chiqarish va musulmonlarning diniy qadriyatlari, timsollariga nisbatan tajovuz ekani aytiladi hamda bu holat musulmonlar tomonidan qattiq qoralanishi bildiriladi.
Shu o'rinda, O'zbekiston musulmonlari idorasi ushbu xatti-harakatni qoralab, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamni obro'sizlantirishga qaratilgan holatni xalqlar o'rtasidagi o'zaro totuvlikni buzishga qaratilgan fitna, o'z navbatida, odamlarning diniy e'tiqodi bilan bog'liq his-tuyg'ularini haqoratlash, diniy qadriyatlarni oyoq osti qilish, millatlararo va dinlararo adovat uyg'otish, deb baholaydi.
Shuni ta'kidlash zarurki, kim bo'lishidan qat'iy nazar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni har qancha kamsitishga urinmasin, bu ishi bilan muborak dinimizga yoki U zotning siyratlariga zarracha ham ziyon etkaza olmaydi. Islom tarixidan ko'rish mumkinki, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam o'zlariga hatto suiqasd qilishga intilgan Hakim ibn Hizomni bag'rikenglik ila kechirib yuborganlar. Suyukli amakilari bo'lgan Hamza ibn Abdulmuttalibni o'ldirgan Vahshiyni bir umr qalblarida qayg'uli xotira sifatida muhrlangan bo'lishiga qaramay, uni afv qilganlar. Bular shubhasiz, Qur'oni karimdagi: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring! Johillardan yuz o'giring!” (A'rof, 199) ko'rsatmasining amaldagi isbotidir.
Shunday ekan, bunday harakatlarga nisbatan tajovuzkorona emas, balki Nabiy alayhissalomga xos halimlik, bosiqlik va zukkolik bilan munosabat bildirish kerak. Shunda yomon niyatli kimsalar tomonidan xalqlar, millatlar, dinlar o'rtasiga nizo urug'ini sochish maqsadida uyushtirilayotgan har xil ko'rinishdagi fitnalar, turli nayranglarga Payg'ambarimiz alayhissalomga xos va mos yo'l tutgan bo'lamiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Inson gunohdan xoli bo‘lmaydi. Ba’zan bilib-bilmay gunoh ishga qo‘l urib qo‘yishi mumkin.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir odam bolasi xato qiluvchidir. Xatokorlarning eng yaxshisi tavba qiluvchilardir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo ko‘plab oyatlarda insonlarni tavba qilishga buyurgan. Jumladan, Tahrim surasida bunday marhamat qilinadi: “Ey iymon keltirganlar! Allohga chin tavba qilingiz, shoyadki, Robbingiz sizlarning gunohlaringizni o‘chirib, ostidan anhorlar oqib turadigan (jannatdagi) bog‘larga kiritsa” (8-oyat).
Boshqa oyati karimada «...Barchangiz Allohga tavba qilingiz, ey mo‘minlar! Shoyad, (shunda) najot topsangiz» (Nur surasi, 31-oyat), deyilgan.
Inson tavbani o‘ziga lozim tutishi kerak. Ammo uning tavbasi qabul bo‘lishi uchun e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar bor. Xususan, tavba qilishda chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, Alloh taolodan yolvorib so‘rashi kerak. So‘ngra istig‘for uchun ma’lum bir duolar, ijobat bo‘ladigan onlar fazilatidan foydalanish zarur.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim quyosh mag‘ribdan chiqishidan oldin tavba qilsa, Alloh (uning) tavbasini qabul qiladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Inson tavbaga shoshilishi lozim. Luqmoni Hakim o‘g‘illariga: “Ey o‘g‘lim, tavbani kechiktirma! Chunki o‘lim to‘satdan keladi. Kim tavbani kechiktirib, najotga shoshilmas ekan, ikkita katta xatar ichida qoladi: 1) gunohlar zulmati to‘planib, qalbni qoplaydi, so‘ngra uni muhrlab tashlaydi. Gunoh muhrlangan qalbdan o‘chmaydi; 2) kasallik yoki o‘lim tavbadan ilgari kelib, xatolarni o‘nglash uchun vaqt qolmaydi”, degan.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Albatta, Allohning tavba qabul qilishi faqat yomonlik (gunoh)ni bilmasdan qilib qo‘yib, so‘ngra tezlik bilan tavba qilganlar uchun (muqarrar)dir. Alloh aynan o‘shalarning tavbasini qabul qilur. Alloh ilm va hikmat Egasidir” (Niso surasi, 17-oyat).
Ushbu oyatda Alloh taolo bilmay qo‘l uringan gunohga zudlik bilan qilingan tavbani qabul etishini bayon qilyapti.
Inson Alloh va uning Rasuliga itoat qilmagani, shaytonning hiylasiga ergashib, shu gunohni sodir qilgani uchun qattiq nadomat chekishi lozim. Chunki gunoh ishga pushaymon bo‘lish xolis tavbaning shartlaridan biridir. Shu bilan birga, nadomatning o‘zi ham tavbaga dalolat qilishi mumkin.
Bu haqda hadisi sharifda bunday deyilgan: «Abdulloh ibn Ma’qildan rivoyat qilinadi. U: “Men otam bilan birga Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning huzuriga kirdim. Otam unga: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: “Nadomat chekish tavbadir”, deganlarini eshitganmisiz?” deb aytdi. Abdulloh ibn Mas’ud: “Ha, u zotning: “Nadomat chekish tavbadir”, deganlarini eshitganman”, dedi» (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Demak, inson qilgan gunohiga qattiq pushaymon bo‘lib, afsuslansa, tavbasi xolis bo‘lishi uchun bir necha shartlar bor:
– gunoh qilishdan darhol to‘xtash;
– qilgan gunohiga qattiq pushaymon bo‘lish;
– bu gunohga aslo qaytmaslikni niyat qilish;
– tavbasini Alloh taolo qabul qilishiga ishonish;
– istig‘for aytish;
– gunohga qaytmaslikni barcha a’zolari bilan amalga oshirish;
– gunoh odamlarning haqqi bo‘ladigan bo‘lsa, ulardan uzr so‘rab, rozi qilish.
Shokirjon MADAMINOV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi.