Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Fevral, 2025   |   13 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:02
Quyosh
07:22
Peshin
12:42
Asr
16:11
Shom
17:56
Xufton
19:10
Bismillah
12 Fevral, 2025, 13 Sha`bon, 1446

Marhum Mustafoqul domlaga yuksak ehtirom – o'ttiz besh yil mehnat qilgan masjid qayta bunyod etiladi

3.09.2020   2945   4 min.
Marhum Mustafoqul domlaga yuksak ehtirom – o'ttiz besh yil mehnat qilgan masjid qayta bunyod etiladi

Kuni kecha O'zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi a'zosi, ko'p yillar diniy sohada mehnat qilgan, fazilatli ulamo Hoji Mustafoqul domla Melikov vafot etganlari haqida xabar bergan edik.
Bugun, 3 sentyabr' kuni muhtaram Prezidentimizning marhum ulamo farzandlari va yaqinlariga chuqur hamdardliklarini etkazish uchun O'zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Rustam Qosimov va O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiliklaridagi bir guruh mutasaddilar, ulamolar va imom-domlalar hoji Mustafoqul domla xonadoniga tashrif buyurdilar. Dastlab, Qur'oni karim oyatlari tilovat qilinib, marhum ulamoning ruhi pokiga baxshida etildi.
Tashrif asnosida mahzun ko'ngillarni juda ham keng yorishtirgan eng asosiy ish shu bo'ldiki, Davlatimiz Rahbari tomonlaridan hoji Mustafoqul domlaning eng og'ir va sinovli damlardagi fidokorona mehnatlarini yuksak qadrlab, rahmatli ulamo 35 yil mehnat qilgan Samarqand viloyatidagi jome masjidni eng zamonaviy shakl va milliy me'morchiligimiz an'analariga mos holda bunyod etish topshirig'i berildi. Shuningdek, yangidan barpo etiladigan muhtasham jome masjidga Hoji Mustafoqul domla nomini qo'yilishi alohida ma'lum qilindi.
Ushbu qalblarga yorug'lik baxsh etuvchi xabarlarni eshitgan hoji Mustafoqul domlaning ahli ayoli Fotima hoji ona, farzandlari Abdulloh, Ubaydulloh, yoru do'stlari va shogirdlari ko'zlarida yosh ila muhtaram Prezidentimizdan juda ham cheksiz-cheksiz minnatdor ekanlarini izhor etib, qalblaridagi eng ezgu duolarini qildilar.
Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan bir imom domlaning sharafiga katta bir masjid barpo etilishi Samarqand viloyati tarixida ilk marta yuz bermoqda.
Ta'kidlash joizki, ushbu fazilatli ulamoni qadrlash Yangi O'zbekistonda din sohasi va imom-domlalarga berilayotgan yuksak e'tiborning yana bir bor yaqqol namunasi bo'ldi. Tan olish kerakki, yurtimizning yaqin o'tmishida bir imom-domlaga bu darajada e'tibor qilinmagan edi.
Taraqqiyotimizning yangi davrida muhtaram Prezidentimiz boshchiliklarida Islom dini ma'rifatini keng tarannum etish, masjid-madrasalarni obod etish va ulamolarni, imom-domlalarni munosib qadrlash yo'lida juda ham katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi tarixiy o'zgarishlar va voqealarni hammamiz ko'rib, eshitib, bevosita guvohi bo'lib turibmiz. Bularning zamirida Yaratgan Parvardigorning irodasi ila bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilishimiz hamda Davlatimiz Rahbari atrofida jipslashib yorqin kelajak va yuksak taraqqiyot sari dadil sa'y-harakatlarimiz mujassamdir.
Darhaqiqat, Islom dinining ezgu ta'limotlarini keng tarannum etish va Haq taoloning diniga xizmat qilish savobi ulug' amallardan hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda O'z diniga xizmat qiluvchilarni shunday madh etadi: “Ey, imon keltirganlar! Agar sizlar Allohga yordam bersangiz (dinining rivoji uchun harakat qilsangiz), U ham sizlarga yordam berur va qadamlaringizni sobit (barqaror) qilur” (“Muhammad” surasi, 7-oyat).
Oyati karimada ta'kidlanganidek, rahmatli Hoji Mustafaqul domla ana shunday yaxshi va ezgu xislatlar egasi edilar.
Alloh taolo oxirat safariga kuzatilgan bu fazilatli olimni mag'firatiga olsin, yaqinlariga sabru jamil berib, qazoi qadarlarini imon ila, rozilik ila qarshi olganlar qatorida ajru mukofotlar ato etsin.
Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so'raymizki, marhum olimni nomiga bunyod etiladigan ulkan jome masjid Qiyomatga qadar mo'min-musulmonlarimiz xizmatida bo'lib, Qur'oni karim tilovatlari va duoyu iltijolar bardavom bo'lsin.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Bu gapingiz javob bo‘lmaydi!

10.02.2025   4717   3 min.
Bu gapingiz javob bo‘lmaydi!

Umri ilm yo‘lida o‘tgan olimning oldiga bir yosh yigit kelib: Sizlar to‘g‘ri yo‘lda emassizlar, dedi.

Olim esa nimtabassum bilan: Nega unday deyapsan, bolam? dedi.

Shunda bolakay: “Sizlar Alloh taoloning sifatlarini inkor qilasizlar. Masalan, Alloh Arshning ustidaligini, tunning uchinchi qismida dunyo osmoniga tushishini va hokazolarni... Holbuki bular oyat va hadislar bilan sobit bo‘lgan” deb aqllilik qildi.

Keksa yoshli olim uning yuziga termuldida xayolidan: “Johil bo‘lishiga qaramasdan nodonligidan bexabar bu avlodni kim tarbiyalayapti? Essiz yoshlik va yoshlar” degan gaplar o‘tdi.

Keyin esa: “Bolam, hammamiz ham Allohni yaxshi ko‘ramiz. Aqida borasida chuqur ilm olmasdan gapirib bo‘lmaydi. Sen yaxshisi ilm o‘rgan, odob o‘rgan dedi.

Bu gapni eshitgan bolakay: Javobdan qochib har xil gaplar gapirmang. Dangal javob beringdeb istehzo qildi.

Aslida yuqoridagi gap unga yaxshigina javob bo‘lgandi. Ammo u buni tushunmadi. Shunda olim kishi bolaga qarab: Mayli, sen aytgancha bo‘laqolsin. Alloh taolo Arshning ustida deyapsan a? Shundaymi? dedi.

Bola Ha, bu oyatda kelgan deb javob berdi. Xo‘p, yaxshi. Har kecha dunyo osmoniga tushadi, shundaymi? deb so‘radi olim.

Bolakay yana “Shunday, bu sahih hadisda kelgan” dedi.

Olim kishi: “Har kechaning uchinchi qismida dunyo osmoniga tushsa, Arshning ustiga qachon o‘tiradi?” dedi.

Nima deganingiz bu? deb so‘radi hatto savolning ham mazmuniga tushunmagan nodon bola.

Shunda olim: Qara, bizda kech kirganda qayerdadir tong otadi, qayerdadir peshin bo‘ladi, yana qayerlardadir asr vaqti bo‘ladi va hokazo. Tunning uchinchi qismi ham doimo aylanib turadi. Dunyoning qayeridadir doimo tunning uchinchi qismi bo‘lib tursa, Alloh qachon Arshni ustiga borib joylashadi? dedi.

Savolni zo‘rg‘a tushungan bolakay “Sizlar to‘g‘ri javobdan qochib faqat falsafa qilasizlar. Bu gapingiz javob bo‘lmaydi. Oyatu hadis... deyotganda, olim: “Sening bema’ni savolingga javob berish uchun shu saviyaga tushyapman. Agar ilmni to‘g‘ri tartibda, to‘g‘ri ilm ahlidan o‘qiganingda miyangga bunaqa savol kelmasdi aslida” dedi.

Ha azizlar, oyatu hadisni hamma ham o‘zicha tushunib ketavermaydi. Ayniqsa e’tiqodga tegishli bo‘lsa, o‘ta ehtiyot bo‘lish kerak.

Alloh taoloning sifatlari haqida kelgan oyat va hadislarni faqat va faqat olimlar to‘g‘ri tushuna oladi. Bu borada internetdan yoki johillardan o‘rganganlarning hammasi adashgandir. Ahli sunna val jamoa ya’ni Moturidiy va Ash’ariylarning yo‘lidan ayrilmangki, halok bo‘lasiz!


Ulug‘bek domla JIYANOV,
Mir Arab Oliy madrasasi o‘qituvchisi.