Habaringiz bor, Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi qaroriga asosan 4 sentyabr', juma kunidan boshlab diniy tashkilotlarda jamoaviy ibodatlarni (juma va shanba-yakshanbalik diniy xizmatlar) amalga oshirishga ruxsat berildi.
Ushbu qarorga muvofiq, yurtimizdagi jome masjidlarda juma namozlari 4 sentyabr', juma kunidan boshlab ado etilishiga ruxsat etildi.
Respublikamizdagi jome masjidlarda 4 sentyabr' kuniga qadar juma namozini o'qishga tayyorgarlik ishlari olib boriladi. Juma namozlari vaqtida qat'iy karantin talablariga hamda ijtimoiy masofa saqlash qoidalariga rioya etilishi talab etiladi. Jumladan:
– juma namozini o'tkazish uchun tashrif buyuruvchilar o'rtasida ijtimoiy masofani ta'minlash;
– masjidlar xodimlari va tashrif buyuruvchilarning tibbiy niqobda bo'lishi;
– sanitariya-gigiyena va dezinfektsiya talablariga qat'iy rioya etish, bino xonalarini doimiy ravishda dezinfektsiya qilish, ularga kirish-chiqish joylarini pirometrlar,–
– antiseptik vositalar va dezinfektsion “to'shak”lar bilan jihozlash;
– juma namozidan keyin bino (xona) va undagi jihozlarning yuza qismini dezinfektsion vositalar bilan tozalash;
– bino va xonalarga, shuningdek, havo aylantirish tizimiga zararsizlantirish anjomlarini (ul'trabinafsha lampalar va b.) o'rnatish;
– tana harorati 37 S va undan yuqori bo'lgan yoki infektsiya alomatlari mavjud bo'lgan tashrif buyuruvchilarni kiritmaslik;
– masjidlarga kirish va chiqish joylarida aholining to'planishiga qat'iy yo'l qo'ymaslik kabi karantin talablari joriy etiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati