يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لَا تَقُولُواْ رَٰعِنَا وَقُولُواْ ٱنظُرۡنَا وَٱسۡمَعُواْۗ وَلِلۡكَٰفِرِينَ عَذَابٌ أَلِيمٞ١٠٤
104. Ey imon keltirganlar, "roina" demanglar, "unzurna" denglar va yaxshilab tinglanglar, kofirlar uchun og'ir azoblar bordir.
Arab tilida "roina" va "unzurna" so'zlari ma'no jihatidan bir-biriga juda yaqin: ikkovi ham "bizlarga boq, qara" ma'nosini bildiradi. Lekin yahudiylar tilida "roina" so'zining qo'pol ma'nosi ham bor, ular mazkur so'zni qo'llashganida yomon niyatda uni o'sha ma'nosiga o'xshatib talaffuz qilishgan. Atoning rivoyat qilishicha, Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: "Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib: "Ey Muhammad, roina" deb kulishardi. Ansoriylardan Sa'd ibn Uboda yahudiylar tilini bilardi. U kishi yahudlarning bu nayrangini fahmlab qoldi va: "Ey Allohning dushmanlari, sizlarga Allohning la'nati bo'lsin. Allohga qasamki, agar shu so'zni birortangizdan eshitsam, o'ldiraman", dedi. Shunda Alloh shu oyatni nozil qildi". Shuning uchun Alloh taolo musulmonlarni Payg'ambar alayhissalom bilan suhbatlashayotganda "roina" deyishdan qaytarib, "unzurna" deyishga buyurgan.
مَّا يَوَدُّ ٱلَّذِينَ كَفَرُواْ مِنۡ أَهۡلِ ٱلۡكِتَٰبِ وَلَا ٱلۡمُشۡرِكِينَ أَن يُنَزَّلَ عَلَيۡكُم مِّنۡ خَيۡرٖ مِّن رَّبِّكُمۡۚ وَٱللَّهُ يَخۡتَصُّ بِرَحۡمَتِهِۦ مَن يَشَآءُۚ وَٱللَّهُ ذُو ٱلۡفَضۡلِ ٱلۡعَظِيمِ١٠٥
105. Ahli kitoblarning kofirlari va mushriklar Parvardigoringizdan sizlarga biror yaxshilik tushishini aslo istashmaydi. Alloh xohlagan bandasiga rahmatini xoslab beradi va Alloh buyuk fazl egasidir.
Butun Islom tarixi mobaynida Ahli kitoblarning kofirlari va mushriklar mo'min-musulmonlarga hamisha dushmanlik qilib, ularga yomonlik tilab kelishgan. Bu yo'lda ular har qanday buzg'unchilik va fitnadan, yovuzlik va xusumatdan qaytishmagan. Ular musulmonlarning dinlari va kitoblarini masxara qilishar, o'z e'tiqodlarini hamma narsadan ustun sanashar edi. Mufassirlar bunday yozishadi: "Musulmonlar yahudiy ittifoqchilariga: "Biz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga imon keltirdik" deyishsa, ular: "Sizlar da'vat qilayotgan narsa bizning dinimizdan yaxshiroq emas. Qaniydi, yaxshi bo'lganida, biz shuni xohlardik", deyishdi. Shunda Alloh taolo yahudiylarni yolg'onchiga chiqarib, ushbu oyatini nozil qildi".
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Insonlarning Allohga eng sevimlisi - ularga eng ko‘p foyda keltiruvchisidir”.
Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh aytdilar: “Haqiqiy inson o‘zgalarga shodlikda ham, qiyinchilikda ham vafo ila mudom yordam berganidir.
Insonlar orasida eng karamlisi – boshqalarning ehtiyojlarini qondirgan kishidir.
Ehson qo‘lini hojatmand kimsadan uzma. Zero, ma’lumdirki, kim insonlarning ehtiyojini qondirishda davom etsa, kunlar uning sharafini qayta-qayta tasdiqlaydi. Allohning senga bergan ushbu fazliga shukr qil. Zero, seni o‘zgalar uchun hojatbaror qildi, seni o‘zgalarga muhtoj etmadi.
Ko‘pchilik odamlar o‘tdilar, ammo ularning fazilatlari halizamon barhayot, yana kimlardir hayot, ammo ular odamlar orasida go‘yoki o‘lik kabi”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV