Birinchi maqola: Muhammad alayhissalomning ilk payg'ambarlik davrlarida arablarning holati
Mana shu davrdan boshlab Islom shariati ikkinchi maqsad sari odimlay boshladi. Musulmonlar uchun ularning barcha ishlariga daxldor bo'lgan, har bir kishi va har bir jamiyat hayotiga taalluqli bo'lgan ahkomlarni joriy qildi. Jumladan, ibodat, muomalot, jihod, jinoyat, me'ros, vasiyat, nikoh, taloq, qasam, qozilik va fiqh ilmiga doir turli qonun va qoidalarni hayotga tatbiq qildi.
Payg'ambar alayhissalomning davrlaridagi qonunchilik tartibi keyingi asrlardagi kabi voqea hodisalarni farazan tasavvurga keltirish, biror hukm chiqarish uchun oyat yoki hadisning vorid bo'lish sababini o'rganib chiqishga asoslanmaydi, balki qonunchilik voqelik bilan birga harakatlanar edi. Musulmonlar hayotlarida birorta masalaga duch kelib qolsalar shu masalaning hukmini bilish uchun to'g'ridan-to'g'ri Payg'ambar alayhissalomga murojaat qilar edilar. O'z navbatida Payg'ambar alayhissalom ularga gohida oyat bilan, gohida hadis bilan fatvo berar edilar. Ba'zida o'zlari amallari bilan, ba'zida esa biror sahobiyning amalini iqror qilish bilan masalaning hukmini bayon qilar edilar.
Rasulullohning javoblari qaysi shaklda bo'lmasin, u Qur'on oyati bo'ladimi yoki qavliy, amaliy, taqririy sunnat bo'ladimi, barchasi ham Alloh tomonidan yuborilgan vahiy orqali sodir bo'lar edi. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:
وَمَا يَنْطِقُ عَنِ الْهَوَى إِنْ هُوَ إِلَّا وَحْيٌ يُوحَى
ya'ni: “U xomxayoldan olib so'zlayotgani ham yo'q! U faqat nozil qilinayotgan bir vahiydir” (Najm surasi, 3-4-oyatlar).
وَلَوْ تَقَوَّلَ عَلَيْنَا بَعْضَ الْأَقَاوِيلِ لَأَخَذْنَا مِنْهُ بِالْيَمِينِ ثُمَّ لَقَطَعْنَا مِنْهُ الْوَتِينَ
ya'ni: “Agar (payg'ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ba'zi so'zlarni to'qib aytganda edi, albatta, Biz uning o'ng qo'lidan tutgan, so'ngra uning shohtomirini uzib tashlagan bo'lur edik (Al-Haqqa surasi, 44-46-oyatlar).
Yuqorida o'tgan so'zlardan biz uch narsani xulosa qilishimiz mumkin:
Birinchi: Ushbu davrlarda qonun chiqarish huquqi faqat payg'ambar alayhissalomgagina xos bo'lib, boshqa hech kimsaning bunga daxli yo'q edi. O'z navbatida Payg'ambar alayhissalomning qonun chiqarishda murojaat qiladigan manbalari vahiy bo'lib, u tilovat qilinadigan – Qur'on va tilovat qilinmaydigan – Sunnatdan iborat edi. Shuning uchun ham hech bir hukmda ixtilof paydo bo'lishga o'rin yo'q edi.
Ikkinchi: Islom fiqhi birdaniga yuzaga kelgani yo'q. Balki, sekin asta, bo'lak-bo'lak bo'lib, oyat va hadis orqali sobit bo'ldi.
Fuqaholar qonunchilikka daxldor bo'lgan oyatlarni hukm oyatlari, hadislarni esa hukm hadislari deb atashni joriy qildilar. Mazkur taqsimotdan keyin savol tug'iladi, qanday qilib payg'ambarlik davridagi qonunchilikning asosi faqat Qur'on va hadis bo'lishi mumkin, axir Payg'ambar alayhissalom ba'zi hukmlar ustida ijtihod qilganlarku, sahobalarning ba'zi masalalardagi ijtihodlarini tasdiqlaganlarku? Masalan, Rasululloh s.a.v. Tabuk g'azotida jihotdan bosh tortmoqchi bo'lgan ba'zi munofiqlarga g'azotda ishtirok etmaslikka izn berganlar. Shuningdek, Badr jangida qo'lga tushgan asirlardan fidya olib o'zlarini ozod qilib yuborishda Abu Bakr r.a.ning fikriga qo'shilganlar. Demak, shunga binoan islomning boshidagi ijtihodlarni Qur'on va Hadisdan tashqari qonunchilikning qo'shimcha manbai deyish mumkinku?
Bu savolga javob quyidagicha bo'ladi: Payg'ambar alayhissalom ehtiyoj tug'ilgandagina va vahiy kelishi kechikkan vaqtdagina ijtihod qilar edilar. Shundan so'ng vahiy nozil bo'lib, u zotning ijtihodlarini agar to'g'ri bo'lsa tasdiqlar, agar xato bo'lsa xatosini bayon qilib berar edi. Demak, vahiy Rasululloh s.a.v.ning ijtihodlarining manbai bo'lgan. Sahobalarning ijtihodlari ham huddi shunga o'xshash, Rasululloh s.a.v. bilan aloqa bog'lash mumkin bo'lmagan o'rinlarda yoki biror fursatni qo'ldan ketishi xavfi bo'lgan vaqtlarda sodir bo'lar edi. Rasulullohga murojaat qilganlarida esa, u kishi ijtihod qilgan hukmlarining to'g'ri yoki noto'g'riligini bayon qilib berar edilar. Demak, sahobalarning ijtihodlarining manbasi sunnat bo'lgan. Shundan kelib chiqib aytganda, ijtihod ushbu asrdagi qonunchilikning manbalaridan bo'lmagan. Ushbu mavzuda ijtihod haqida so'z yuritganimizda yanada kengroq bayon qilamiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining
birinchi o'rinbosari Homidjon Ishmatbekov.
- 54دُخُولُ النَّاسِ فِي الْجَنَّاتِ فَضْلٌ مِنَ الرَّحْمَنِ يَا أَهْلَ الأَمَالِ
Ma’nolar tarjimasi: Ey umidvor bandalar, insonlarning jannatlarga kirishlari Ar-Rohmanning fazlidir.
Nazmiy bayoni:
Jannatga erishmoq Ar-Rohman fazli,
Bu muhim e’tiqod, ey umid ahli.
Lug‘atlar izohi:
دُخُولُ – mubtado.
النَّاسِ – muzofun ilayh.
فِي – jor harfi اِلَى ma’nosida kelgan.
الْجَنَّاتِ – lug‘atda “darxtzor bog‘” ma’nosini anglatadi. Jor majrur دُخُولُ ga mutaalliq.
فَضْلٌ – xabar. Lug‘atda “marhamat” va “muruvvat” kabi ma’nolarni anglatadi.
مِنَ – “tabyiniya” (uqtirish) ma’nosida kelgan jor harfi.
الرَّحْمَنِ – jor majrur فَضْلٌ ga mutaalliq.
يَا – yaqinga ham, uzoqqa ham ishlatiladigan nido harfi.
أَهْلَ الأَمَالِ – muzof munodo. Lug‘atda “umidvorlar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
Matn sharhi:
Qaysi bir inson jannatga kiradigan bo‘lsa, albatta, Alloh taoloning lutfu marhamati bilan kirgan bo‘ladi. Shuning uchun U mehribon zotning fazlu marhamatidan umidvor bo‘lib harakat qilish lozim.
Jannatdagi darajalar qilingan amallar e’tiboriga ko‘ra egallansa-da, unga kirish faqat va faqat Alloh taoloning fazlu marhamatiga bog‘liq bo‘ladi. Bu haqiqatni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari alohida ta’kidlaganlar:
عَنْ عَائِشَةَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ سَدِّدُوا وَقَارِبُوا وَاعْلَمُوا أَنْ لَنْ يُدْخِلَ أَحَدَكُمْ عَمَلُهُ الْجَنَّةَ وَأَنَّ أَحَبَّ الْأَعْمَالِ إِلَى اللَّهِ أَدْوَمُهَا وَإِنْ قَلَّ. رَوَاهُ البُخَارِيُّ
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “To‘g‘ri bo‘linglar, g‘uluga ketmanglar, bilinglarki sizlardan birortangizni amali jannatga kiritmaydi, albatta amallarning Allohga sevimlirog‘i oz bo‘lsa-da, davomlirog‘idir”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Ya’ni biror inson ham yaxshi amallari ko‘pligi sababli o‘zining jannatga kirishini naqd qilib qo‘ya olmaydi, balki jannat faqatgina Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘lgan baxtli insonlargagina nasib etadi.
Shuning uchun har bir banda Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lib yashashi lozim. Qur’oni karimda taqvodor bandalarning jonlari olinayotganda farishtalar ularga salom berib, jannat bashoratini berishlari bayon qilingan:
Ushbu oyati karimadagi ب harfi “sababiya” ma’nosida bo‘lsa ham, “badaliya” ma’nosida bo‘lsa ham, hadisda bayon qilingan ma’noga zid bo‘lib qolmaydi. Agar “sababiya” ma’nosi beriladigan bo‘lsa, “qilib yurgan yaxshi ishlaringiz sababli Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ldingiz, jannatga kiring” degan ma’no tushuniladi. Agar “badaliya” ma’nosi beriladigan bo‘lsa, “qilib yurgan yaxshi ishlaringiz badaliga Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ldingiz, jannatga kiring” bo‘ladi.
Modomiki, barcha Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘lish bilangina jannatga kirar ekan, doimo U zotning rahmatidan umid uzmay amal qilib borish lozim. Ammo umidvor bo‘lish bilan xom xayol surishning orasini ajratib olish kerak. Xom xayol surish – biron ish qilmasdan faqatgina “shirin xayol” surishning o‘zi bo‘lsa, umidvor bo‘lishning o‘ziga yarasha bir qancha shartlari bor.
Umidvor bo‘lish va xom xayol surish orasidagi farqlar
Umidvor bo‘lish va xom xayol surish orasidagi farqlar haqida “Talxisu sharhi aqidatit Tahoviya” kitobida quyidagilar aytilgan:
“Kimki bir narsadan umidvor bo‘lsa, uning umidvorligi bir qancha ishlarning bo‘lishi zarurligini keltirib chiqaradi:
1. Umid qilgan narsasiga muhabbatli bo‘lishi;
2. Umid qilgan narsasiga erisholmay qolishdan qo‘rqishi;
3. Umid qilgan narsasiga erishish uchun imkoni boricha harakat qilishi.
Ushbularning birortasiga ham bog‘lanmasdan, umid qilish xom xayol surish bo‘ladi. Umidvorlik va xom xayol surish boshqa-boshqa narsalardir”[2].
Demak, kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga muhabbatli bo‘lishi, uni doimo yodida saqlashi va unga olib boradigan yo‘llardan yurishi lozim.
Kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga erisholmay qolishidan qo‘rqishi, undan ajratib qo‘yadigan narsalardan saqlanib yurishi lozim.
Kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga erishishi uchun unga erishtiradigan barcha omillarni ishga solib imkoni boricha harakat qilishi lozim. Alloh muvaffaq qilsin.
Keyingi mavzular:
Ulug‘ hisob-kitob bo‘lishi bayoni.