Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Yanvar, 2025   |   19 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:39
Asr
15:42
Shom
17:26
Xufton
18:44
Bismillah
19 Yanvar, 2025, 19 Rajab, 1446

Vatanga xizmat beiz ketmas

29.08.2020   2251   8 min.
Vatanga xizmat beiz ketmas

Horijda safarda bo'lganimizda O'zbekiston bayrog'ini ko'rsak yo yurtdoshlarimizdan birortasini uchratsak, yurt sog'inchini qumsab ko'zimizdan yosh qalqadi. Bu bejiz emas, albatta. Negaki, inson yaralibdiki, uning jismu joniga Vatanga mehr-muhabbat, sog'inch tuyg'ulari jo bo'lgan.

Har yili yurtimiz istiqlolga erishgan kunni bir-biridan go'zal g'oya va shiorlar ostida nishonlaymiz. Ularning har biri qalbimizda mehr uyg'otib, shu Vatan farzandi bo'lgan keksayu yoshni el-yurt farovonligi yo'lida jipslashtirmoqda.

Shu nurafshon kunlarda olis moziy, buyuk ajdodlarimiz merosi, istiqlolimizning 29 yillik davri, jumladan, so'nggi uch yil davomida bosib o'tgan yo'limiz, qilingan xayrli ishlarni mushohada qilamiz. Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari dadil odimlayotgan Vatanimizda bu yilgi mustaqillik bayrami «Sen — qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O'zbekistonim!» shiori ostida tantana qilinadi.

Alloh taolo hazrati inson qalbiga Vatanni sevish tuyg'usini soldi. Imom G'azzoliy rahmatullohi alayh aytadilarOdam Vatanini, garchi u cho'l bo'lsa ham, boricha sevadi. Vatanga muhabbat tuyg'usi – savqi ilohiy. Inson vatanidan boshqa joyda xotirjam bo'la olmaydi.

Buyuk Rabbimizning ilohiy amriga muvofiq (Ahzob surasi, 21-oyat), mo'min kishi har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ibrat olishga intiladi. Chunonchi, Nabiy alayhissalom Makkadan Madina shahriga ko'chib ketayotib yig'ladilar. Mahzun holda ona shahri Makkaga qayta-qayta qarab: «Qasamki, albatta, sen Allohning eng yaxshi makonisan va Alohning eng mahbub shahrisan. Agar meni sendan chiqarmaganida aslo chiqmasdim», deganlar («Fathul boriy»).

U zot o'zlari tug'ilib-o'sgan Makka shahri sog'inchi bois qattiq qayg'uga cho'mdilar.

Alloh taolo marhamat qilib: (Ey Muhammad!) Albatta, Sizga (ushbu) Qur'onni farz qilgan zot, shak-shubhasiz, Sizni qaytish joyiga (Makkaga) qaytaruvchidir” (Qasas surasi, 85-oyat) oyatini nozil qilgach, taskin topdilar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam safardan qaytayotib, Madina ko'chalarini ko'rgach, tuyalarini niqtaganlar. Imom Humaydning rivoyatida: «Madinani sevganlaridan ulovni niqtardilar», deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati). Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh ushbu hadisni sharhlab: «Bu hadis Madina shahrining fazlini bildirish bilan birga, Vatanni sevish joiz ekanligiga ham ishora qiladi», deganlar.

Alisher Navoiy hazratlari bejiz:

Vatan tarkini bir nafas aylama,

Yana ranju g'urbat havas aylama, deya lutf etmagan.

O'zbekiston atalmish go'zal zaminda xalqimiz bir maqsad yo'lida birlashib, muhtaram Yurtboshimiz atrofida jipslashib yorqin kelajak, yuksak taraqqiyot sari yo'l tutmoqda. O'z navbatida, Vatan o'z xalqiga ham ahillikda hikmat ko'pligidan saboq berayotgandek. Buni so'nggi besh oy davomida yurtga yopirilgan ko'rinmas yov – koronavirus balosiga qarshi kurashda davlatimiz otadek g'amxo'r, onadek mehribon bo'lib, yurtdoshlarimizga ko'rsatilgan tibbiy, moddiy, ma'naviy ko'maklar misolida ko'rish mumkin.

E'tiboringizni yaqin o'tmishda orzu qilish ham mumkin bo'lmagan, istiqlol tufayli, ayniqsa, so'nggi uch yil mobaynida voqelikka aylangan taraqqiyot yo'limizning hammamizga oynadek ayon ko'rsatkichlariga emas, har birimizning ko'z o'ngimizda sodir bo'layotgan, bir qarashda oddiy tuyulgan haqiqatlarga qaratmoqchiman.

2020 yilning o'tgan davri mobaynida yurtimizda ko'plab yangi jome masjidlari ochildi. Bunday xayrli ishlar karantin davrida to'xtab qolmadi. Balki nafaqat poytaxtda, olis hududlarda ham amalga oshirilmoqda. Kuni kecha yurtimizning janubiy sarhadlarida yashovchi mo'min-musulmonlarimiz uchun quvonchli voqea sodir bo'ldi: Surxondaryo viloyati Termiz tumanida «Varroq Termiziy» masjidi ochildi. Shu bilan mamlakatimizda masjidlar soni 2072 taga etdi. Bir necha kun oldin esa Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi «Hilol» masjidi ish boshlagani haqidagi xabarni eshitib, mamnun bo'lgan edik.

Toshkent shahrida ulug' allomalar nomidagi «Suzuk ota», «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf», «Fayzulla xo'ja o'g'li Murod hoji», Surxondaryo viloyatida «Hakim Termiziy», «Shayx Shamsiddin», «Imom Nizomiddin Sangardakiy», Namanganda «Muhammad al-Amin», Farg'onada «Chiligijiyda», Navoiyda «Abu Bakr Siddiq» va Toshkent viloyatida «Abu Hurayra» masjidlari hamda Buxoroda «Abdulloh ibn Muborak» nomli yangi jome masjid ish boshlagani mo'min-musulmonlarni bag'oyat xursand qildi.

Bu islohotlar, xushxabarlarni hammamiz ko'rib, eshitib, bevosita guvohi bo'lib turibmiz. Bu xayrli ishlar o'z-o'zidan amalga oshmayapti. Bularning zamirida bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihatlikda kunni tunga, tunni tongga ulab mehnat qilayotgan azizlarning sa'y-harakatlari mujassam.

Bu islohotlar nafaqat mamlakatimizda, ayni paytda butun dunyoda e'tirof etilmoqda. So'z isboti bilan go'zal, deganlaridek, yaqinda AQShning J.Hopkins universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti prezidenti Frederik Starr hamda Institut direktori Svante Kornellning «O'zbekiston: musulmon dunyosidagi islohotlar uchun yangi model'» nomli maqolasi e'lon qilindi.

Ekspertlarning ta'kidlashicha, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev davrida O'zbekistonning boy diniy-ma'naviy tarixga da'vogarligi amaliy harakatlarda namoyon bo'lmoqda. Mualliflarning e'tirof etishicha: «Mintaqa, islomning e'tiqodiy markazi sifatida qaraladigan Yaqin Sharqdan qolishmagan holda, tarixiy, diniy va intellektual asoslariga ko'ra, musulmon dunyosining markazi bo'lishga haqli».

Darvoqe, yurtimizda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning shaffofligini ta'minlashning amaldagi in'ikosi sifatida ayni paytda xalq muhokamasiga qo'yilgan O'zbekiston Respublikasining «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida»gi qonunini keltirish mumkin.

Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz ravnaqi yo'lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning savobi juda ulug'.

Payg'ambarimiz alayhissalom: “Bir kecha kunduz «ribot», (ya'ni dushmandan qo'riqlab chiqish) bir oy tutilgan nafl ro'za va o'qilgan tungi namozdan yaxshidir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Hulosa shuki, zamonlar o'tishi, asrlar almashishi bilan hamma narsa unutilishi mumkin. Lekin dinga va Vatanga qilingan xizmat aslo unutilmaydi. Tarixda yaxshi va yomon nom qoldirgan ikki Mahmudni bilamiz. Biri Mahmud Yalavoch, ikkinchisi Mahmud Tarobiy. Yalavoch Chingizxon lashkariga qo'shilib, o'z Vataniga xoinlik qilgan bo'lsa, Tarobiy o'sha yovga qarshi ayovsiz kurashgan.

Chingizxon istilosidan buyon qancha zamonlar o'tdi, qancha davr, tuzumlar o'zgardi, ammo asrlar davomida, hatto haliyam xalqimiz Mahmud Yalavochning qilmishidan uyaladi. Eng dahshatlisi, hech kim farzandiga «Yalavoch» deb ism qo'ymaydi, bu nomdagi birorta joy yo'q. Ammo yurtimizda Mahmud Tarobiy nomi bilan ataladigan ko'chalar, mavzelar ko'p.

Nuriddin HOLIQNAZAROV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

100 dan ziyod oilaning holidan xabar olindi

17.01.2025   21401   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati