frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Moturidiya mazhabining mashhur ulamolari

28.08.2020   8245   13 min.
Moturidiya mazhabining mashhur ulamolari

Moturidiya mazhabi rivojiga salmoqli hissa qo'shgan ulamolar juda ko'p bo'lib, ularning eng mashhurlaridan ayrimlari quyidagi ulamolardir:

  • Abulqosim Ishoq ibn Muhammad Hakim Samarqandiy. Imom Moturidiyning mashhur shogirdlaridan biri. Mav'iza va hikmatli gaplarni ko'p gapirgani uchun Hakim (hikmat bilan so'zlovchi) nomi bilan mashhur bo'lgan. Samarqandda qozilik lavozimida ishlagan. “Sohaiful ilahiya” (Ilohiy sahifalar), “Savodul a'zam” (Ulkan jamoat), “Roddu ala ashabil hava” (Nafsu havoga ergashganlarga raddiya) kabi ko'plab asarlar yozib qoldirgan. Hakim Samarqandiy rahmatullohi alayh hijriy 345 (milodiy 957) yilda vafot etgan;  
  • Imom Abulhasan Ali ibn Sa'iyd Rustug'faniy. “Irshadul mubtadiy” (Yo'l boshidagi kishini maqsadga yo'llash), “Zavaid va favaid fi anvail ulum” (Turli ilmlardagi qo'shimchalar va foydalar) kabi ko'plab asarlar yozgan. Hijriy 350 (milodiy 961) yilda vafot etgan;
  • Abu Lays Nasr ibn Muhammad Samarqandiy. Bu zot tafsir, aqoid, fiqh, va tasavvufga oid o'ndan ortiq kitoblar yozgan. Hijriy 373 (milodiy 983) yilda vafot etgan;
  • Imom Abu Muhammad Abdulkarim Pazdaviy. Pazda Nasaf shahri yaqinidagi qishloq bo'lib, shu qishloqqa nisbatan bu zotga Pazdaviy deb nisbat berilgan. Pazdaviy fiqh ilmida peshqadam bo'lgan. Zotan, bu zot mashhur faqihlar sulolasining vakili hisoblanadi. Hijriy 390 (milodiy 1000) yilda vafot etgan. Bu zotning zurriyotlaridan Abulyusr Pazdaviy kabi moturidiya mazhabining etuk namoyondalari etishib chiqqan.

Ushbu shogirdlari Abu Mansur Moturidiyning qarashlarini ommaga tushuntirib va asarlarini sharhlab moturidiya ta'limotini rivojlantirish yo'lida xizmat qilganlar. 

Abu Mansur Moturidiyning ushbu shogirdlaridan keyin yashagan ko'plab olimlar ham ularning ishlarini davom etkazganlar va Moturidiya ta'limotini Movarounnahrda keng yoyilishiga salmoqli hissa qo'shganlar. Ularning ayrimlari quyidagi mashhur olimlardir:

–  Muhammad ibn Muhammad Abulyusr Pazdaviy. Hijriy 421 (milodiy 1030) yilda tug'ilgan. Samarqandda qozi bo'lgan. Martabasi yuqori bo'lganidan Qozi Sodr nomi bilan atalgan. Abulyusr Pazdaviyning mashhur asarlari:

  • “Usulud din” (Dinning asoslari). Bu kitob Imom Moturidiyning “Tavhid” kitobini engil uslubda tushuntirish uchun yozilgan;
  • “Murattob” (Yangilangan). Bu kitob Imom Muhammadning “Jomius sog'ir” kitobiga hoshiya qilib yozilgan;
  • “Voqeot” (Voqealar);
  • “Mabsut” (Batafsil bayon). Ushbu oxirgi ikki kitob ham fiqh ilmiga taalluqli bo'lgan.

Abulyusr Pazdaviy rahmatullohi alayh hijriy 493 (1100) yilda Buxoroda vafot etgan.

–  Maymun ibn Muhammad ibn Muhammad Abul Muin Nasafiy. Abul Muin kunyasi bilan mashur bo'lgan. Hijriy 438 (milodiy 1046) yilda tug'ilgan. Abul Muin Nasafiy moturidiya mazhabining taraqqiy etishiga eng ko'p hissa qo'shgan olimlardan hisoblanadi. Abul Muin Nasafiyning mashhur asarlari:

  • “Tabsirotul adillatu fi usulid din” (“Usulud din”dagi dalillarni tushuntirish);
  • “Bahrul kalom” (Kalom dengizi);
  • Tamhid liqovaidit tavhid (Tavhid qoidalarini engillashtirish);

Abul Muin Nasafiy rahmatullohi alayh hijriy 508 (milodiy 1114) yilda vafot etgan.

–  Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiy. Hijriy 461 (milodiy 1069) yilda Nasaf shahrida tug'ilgan. Bu zot tafsir, hadis, fiqh, usul, tarix, nahv kabi ko'plab ilmlar bo'yicha etuk olim bo'lib, “Imomus saqolayn” (insu jin imomi) nomi bilan mashhur bo'lgan. Imom Nasafiyning mashhur asarlari:

  • “Nazmu jome'is sag'ir fi fiqhil hanafiy” (Hanafiy fiqhi haqidagi “Jomi'us sag'ir”ning nazmiy bayoni);
  • “Qand fi ulamai Samarqand” (Samarqand ulamolari haqida “qand”) ya'ni qanddek shirin kitob;
  • “Tarixu Buxoro” (Buxoro tarixi);
  • “Tilbatut talaba” (Talabalar izlagan ma'lumotlar);
  • “Hosoisul lug'at” (Lug'at xususiyatlari);
  • “Manzumatul xilofiyot” (Munozaralar haqidagi manzuma). Sirojiddin O'shiy shu kitobga sharh yozgan.

Umar Nasafiy yuzga yaqin asarlar yozib qoldirgan. Umar Nasafiy rahmatullohi alayh hijriy 537 (milodiy 1143) yilda Samarqandda vafot etgan va Chokardiza qabristoniga imom Abu Mansur Moturidiy yoniga dafn etilgan.

  • Nuriddin Ahmad ibn Abu Bakr Sobuniy Buxoriy.  Tug'ilgan yili aniq ma'lum emas. Sovun tayorlash yoki uni sotish bilan shug'ullangani uchun Sobuniy nisbati berilgan. Nuriddin Sobuniyning mashhur asarlari:
  • “Bidaya fi usulid din” (“Usulid din”ga kirishish);
  • “Hidoya fi ilmil kalom” (Kalom ilmidagi to'g'ri yo'lga boshlash);
  • “Kifoya fil hidoya” (To'g'ri yo'l topish haqida etarli “kalom”).

 Nuriddin Sobuniy rahmatullohi alayh hijriy 580 (milodiy 1184) yilda Buxoroda vafot etgan.

Ushbu olimlar moturidiya ta'limotining rivoj topishi va Movarounnahrda keng yoyilishiga xizmat qilgan eng mashhur olimlar hisoblanadi.

Moturidiya ta'limotining Movarounnahrdan tashqarida ham keng yoyilishiga ko'plab olimlar xizmat qilganlar. Ularning ayrimlari quyidagi mashhur ulamolardir:

Jamoliddin Ahmad G'aznaviy. Tug'ilgan yili aniq ma'lum emas. Bu zot Huroson[1] o'lkasida yashab faoliyat olib borgan. “Usulud din” (din asoslari), “Aqoidul G'aznaviy” (G'aznaviy aqidalari) kabi asarlari bor. Jamoliddin G'aznaviy hijriy 593 (milodiy 1197) yilda vafot etgan.   

  • Kamoliddin Ahmad ibn Hasan Bayoziyzoda Rumiy. Hijriy 1044 (milodiy 1634) yilda tug'ilgan. “Isharotul marom min ibarotil imom” (Imom A'zamning gaplaridagi ko'zlangan maqsadlarning ishoralari) “Usulul munifa lilimom Abu Hanifa” (Imom Abu Hanifaning yuksak asoslari) kabi asarlari bor. Hijriy 1097 (milodiy 1686) yilda vafot etgan.

– Muhammad ibn Abdulvohid ibn Abdulham Kamol ibn Humom. Hijriy 788 (milodiy 1386) yilda Rumning Sivas shahrida tug'ilgan. Shuning uchun bu zotga Sivasiy nisbasi ham berilgan. Kamol ibn Humom ko'plab asarlar yozib qoldirgan:

  • “Fathul qadir lilojizil faqir” (Ojiz faqirga Al-Qodir zotning fazlu marhamati) kabi asarlari bor. “Fathul qadir lilojizil faqir” (Ojiz faqirga Al-Qodir zotning fazlu marhamati). Ushbu kitob Burhoniddin Marg'inoniyning “Hidoya” asariga yozilgan eng mashhur sharhlardan biri hisoblanadi. Ammo muallif bu sharhni oxiriga etkazishga ulgurmagan. Chunki “Vakolat kitobi”ga etganda vafot etgan. Keyinchalik Alloma Qozizoda[2] bu sharhni nihoyasiga etkazib qo'ygan va “Nataijul afkor fi kashfir rumuz val asror” (Ishoralar va ichki ma'nolarni ochishdagi xulosaviy fikrlar) deb nomlagan.
  • “Musayaro fi aqoidi munjiya fi oxira” (Oxiratda najot topishga sabab bo'ladigan aqidalarga muvofiq bo'lish). Bu kitobga Zayniddin Qosim ibn Qutlubug'o hanafiy[3] “Hoshiyatu ala “Musayaro” (“Musayaro”ga hoshiya) va Kamoliddin Muhammad ibn Muhammad ibn Abi Sharif shofe'iy[4] “Musamaro fi sharhi Musayaro” (“Musayaro” sharhidagi suhbatlar) sharhini yozgan.
  • “Zadul faqir fil furu'” (Ehtiyojmand kishining fiqhiy masalalardagi ozuqasi); 
  • “Risala fil e'robi “Subhanallohi va bihamdihi va subhanallohil azim” (“Subhanallohi va bihamdihi va subhanallohil azim”ning e'robi haqida risola).

Kamol ibn Humom rahmatullohi alayh hijriy 861 (milodiy 1457) yilda Qohirada vafot etgan.

  • Mulla Ali Qori. Bu zotning ismi sharifi Ali ibn Sulton Muhammad bo'lib, Hirot shahrida tug'ilgan. Tug'ilgan yili aniq ma'lum emas. Makka shahriga safar qilib borib umrlarining oxirigacha o'sha erda yashab qolgan. Shuning uchun tug'ilgan joyi e'tiboridan Hiraviy va asosiy yashagan joyi e'tiboridan Makkiy nisbalari berilgan. Eng mashhur qorilardan bo'lgani uchun Mulla Ali Qori nomi bilan mashhur bo'lgan. Mulla Ali Qori tafsir, hadis, aqoid, fiqh va siyrat kabi turli ilm sohalariga oid yuz ellikdan ortiq asarlar ta'lif etgan bo'lib, ularning eng mashhurlari quyidagilardir:
  • “Mirqotul mafotih sharhu mishkatil masobih” (“Mishkatul masobih” sharhi kalitlariga olib boruvchi zinalar). Bu asar Hatib Tabriziyning hadis ilmiga oid “Mishkatul masobih” (Chiroqlar tokchasi) kitobiga yozilgan sharh bo'lib, hadislar hanafiya mazhabiga ko'ra sharhlangan;
  • “Fathu babil inaya fi sharhi Nuqoya” (Nuqoya sharhi to'g'risida inoyat eshigini ochish). Bu asar Sodrush sharia Ubaydulloh ibn Mas'udning “Nuqoya” asariga yozilgan sharhdir;
  • “Sharhu Shamoil” (“Shamoil”ning sharhi). Bu asar imom Termiziyning “Shamoili Muhammadiya” (Muhammad alayhissalomga xos xususiyatlar) asariga yozilgan sharhdir;
  • “Sharhu Aynil ilm (“Aynul ilm” sharhi). Bu asar Muhammad ibn Usmon Balxiyning “Aynul ilm va zaynul hilm” (Ilm bulog'i va aql ziynati) asariga yozilgan sharh bo'lib, odob-axloqqa taalluqli mo''tabar asar hisoblanadi;
  • “Zov'ul maoliy libad'il amoliy” (“Bad'ul amoliy”ning ulug'vorlik yog'dusi). Bu asar Sirojiddin Ali ibn Usmon O'shiyning “Bad'ul amoliy” asariga yozilgan sharhdir.
  • “Minahul fikriya sharhu muqaddimatil Jazariya” (“Muqaddimatul Jazariya”ning sharhi bo'lgan fikriy hadyalar). Bu asar tajvid ilmi bo'yicha eng mashhur va mo''tabar asarlardan biri sanaladigan imom Jazariyning “Muqaddimatul Jazariya” asariga yozilgan sharhdir.
  • “Minahu rovzil azhar sharhu fiqhil akbar” (“Fiqhul akbar”ning sharhi haqida chamanzor hadyalari). Bu asar imomi A'zam rohmatullohi alayhning “Fiqhul akbar” asariga yozilgan eng salomoqli sharhlaridan biri hisoblanadi.   

Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh hijriy 1014 yilda Makkada vafot etgan va Masjidul haromdan uncha uzoq bo'lmagan “Muallo” qabristoniga dafn etilgan.

Ushbu mashhur olimlar o'zlarining qimmatli asarlari bilan Movarounnahrdan tashqaridagi diyorlarda ham Moturidiya ta'limotining keng yoyilishiga sababchi bo'lganlar. Albatta, bunda Usmonli turk sultonlarining Moturidiya ta'limoti rivoji yo'lida qilgan xizmatlari ham muhim omillardan bo'lgan.

 

Abdulqodir Abdur Rahim,

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom

instituti o'qituvchisi

 

[1] Huroson janubiy Osiyodagi qadimiy mintaqa bo'lib, Naysobur, Hirot, Balx va Marv kabi shaharlari bo'lgan. Hozirgi kunda Eron, Afg'oniston va Turkmaniston hududlariga bo'linib ketgan.

[2] Alloma Qozizoda hijriy 988 (milodiy 1580) yilda vafot etgan.

[3] Zayniddin Qosim ibn Qutlubug'o hanafiy hijriy 879 (milodiy 1474) yilda vafot etgan. 

[4] Kamoliddin Muhammad ibn Muhammad ibn Abi Sharif shofe'iy hijriy 905 (milodiy 1500) yilda vafot etgan.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

19.08.2026   27342   4 min.
Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.

Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.

Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.

Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.

Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.

Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.

Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.

Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.

Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar