2020 yil avvalida yosh avlodlarning ta'limga bo'lgan qiziqishini oshirish maqsadida, “Yoshlar ilm-fan uchun” kreativ videoroliklar tanlovi Yoshlar ittifoqi va Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e'lon qilingan edi.
Ushbu tanlov yoshlarni muvaffaqiyatlar sari undovchi buyuk ajdodlar merosi, zamonaviy texnogiyalar va eng yaxshi animatsion roliklar yo'nalishlari bo'yicha videoroliklar mualliflarini qo'llab-quvvatlash va keng jamoatchilikka tanishtirish maqsadida o'tkazildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati mutaxassislari ishtirokida “Buyuk ajdodlar merosi” mavzusida tayyorlangan va Shavkat Abduxalilov tomonidan tasvirga olingan videorolik tanlovga yuborilgan mingdan ziyod ijodiy ishlar orasida munosib baholandi va Sertifikat bilan taqdirlandi.
Ushbu e'tirofni Alloh taolo muborak aylasin, bundan-da ziyodalariga erishtirsin.
Mazkur kreativ videorolikni e'tiboringizga havola etamiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Kecha «Hilol Nashr» nashriyotining majlislar zalida yangi chop etilgan taroveh mus'hafining (https://hilolnashr.uz/taroveh-musxafi-27-29) taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirda kitobni nashrga tayyorlagan ustoz Hasanxon Yahyo Abdulmajid qori, Abdulhakim qori Matqulov va bir qancha qorilar mehmon bo‘ldilar.
Suhbat avvalida ustoz Erkin Malik Hasanxon Yahyo Abdulmajidni yangi kitob bilan tabriklab, tadbirni ochib berdilar. Keyin esa Hasanxon qori Qur’oni Karimning mus'haf holiga keltirilishi, juz, hizb kabi qismlarga bo‘linishi, taroveh mus'hafining tayyorlanish jarayoni va unda ishlatilgan belgilar haqida so‘zlab berdilar.
So‘ng an’anaga ko‘ra, kitobxonlar bilan savol-javob o‘tkazilib, to‘g‘ri javob topganlarga taqdimoti bo‘layotgan kitob − taroveh mus'hafi hadya qilindi.
Keyin Hasanxon Yahyo Abdulmajid navbatdagi xushxabar − quran.uz sahifasidagi o‘n qiroat bo‘yicha yangilik bilan o‘rtoqlashdilar. Endilikda ushbu sahifa orqali Qur’oni karimni 10 xil qiroat va 20 xil rivoyatda o‘qish va tinglash mumkinligini taqdimot yordamida tushuntirib berdilar.
So‘ng ustoz qorilardan Abdulhakim Matqulov Hasanxon Yahyo Abdulmajidni mus'hafning yangi nashri bilan qutlab, kelgusi ilmiy faoliyatlariga baraka tiladilar.
Kelgan mehmonlarga nashriyotning esdalik sovg‘alari ulashildi.
Ahmad Rizo qori va Abdulbosit qori Qobilovning tilovatlari hamda Abdulhakim qori Matqulovning xayrli duolari bilan tadbir nihoyasiga yetdi.
@hilolnashr